07.05.2026 | 09:33
1195
DADAMNING IKKINCHI OILASI…
Bolaligimda ko‘proq dadam yonimda bo‘lishini xohlardim. Chunki nima istasam muhayyo edi-da. Ayamdan sho‘xliklarim uchun dakki eshitgan paytlarda himoyachim – dadamning oldiga chopardim. Ayam dadamning oldida ovozini balandlatib gapirmasdi. Menga maza, ayamga g‘oyibona jilmayib qo‘yardim. Qanday yaxshi. Har qancha erkalik qilsam ham birov urishmaydi. Shuning uchun dadamning uzoqqa ketishlarini yoqtirmasdim. Ammo ne iloj, ro‘zg‘or tebratish oson emas.

Amakimning o‘g‘lini yomon ko‘rardim. U har safar uyimizga kelganda: “Dadang seni yomon ko‘radi, shuning uchun ham uyga kelmaydi”, “Dadangning boshqa qizi bor, unga qo‘g‘irchoqlar olib beradi. O‘zim ko‘rdim. Ishonmasang, sengayam ko‘rsataman”, “Nimaga hammaning dadasi ishdan uyga keladi, sening dadang kelmaydi”, deb rosa jahlimni chiqarardi. Keyin o‘tirvolib yig‘lardim. O‘ylab ko‘rsam, qo‘shnimiz Kumushning ham, Nozimaning ham dadasi ishdan uyiga keladi. Har kuni yonlarida bo‘lgani uchun ularga maza. Do‘kondan aytgan shirinliklarini olib bersa, shunaqangi maqtanishardi…
To‘g‘ri, uning dadasi mengayam qo‘shib shirinlik oladi, lekin o‘zimning dadam olib kelgani boshqa-da. Uff, dadam qachon kelar ekan. Sog‘inmadimikan bizni yoki dadamning rostdan ham boshqa oilasi bormikan? Amakimning o‘g‘li o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, dedi-ku, nega menga biror marta ko‘rsatmagan.
Bola bo‘lsam ham ich-ichimdan ezilganman. Dadam faqat mening dadam bo‘lishi kerak, degan o‘y tinchlik bermasdi. Amakimning o‘g‘li aytgan gaplar to‘g‘ri bo‘lsa, endi kelsa ko‘rishmayman. O‘sha qizining oldiga ketsin, deb o‘zimni rosa tayyorlardim. Qayoqda, dadamni ko‘rishim bilan yugurib quchoqlariga otilaman-u, hamma gaplarim unut bo‘ladi. Ammo bir kuni o‘zimda jur’at topib, eshitgan gaplarimning hammasini aytib berdim. Shunaqangi ezilib yig‘lashimni ko‘rgan dadam:
– Mening sizlardan boshqa bolalarim yo‘q, – dedi.
“Unda nega kelmaysiz? Hammaning dadasi ishdan keyin uyda bo‘ladi-ku. Keting, o‘sha qizingizning oldiga”, deb xafaligimni sezdirardim. Dadam esa harbiylik ulug‘ sharafligini, doimo chegarada sergak turishi zarurligini, hamma xizmatlari biz uchun ekanligini va katta bo‘lsam tushunib olishimni aytardi.
Ammo bu safar bir shart qo‘ydim. Agar men rostanam yaxshi ko‘rgan qizi bo‘lsam, tug‘ilgan kunimga katta tort olib, bog‘chamga borishini aytdim. Shu yo‘l bilan o‘rtoqlarimga maqtanib, go‘yo hammaning oldida dadam meni yaxshi ko‘rishlarini isbotlamoqchi bo‘ldim. Roziligini olgach, tug‘ilgan kunimni kuta boshladim. Besh kun, to‘rt kun, uch… va nihoyat men kutgan kun keldi. Dadamning kelishini hammaga aytib qo‘yganman. O‘rtoqlarim tort kutyapti, men esa tortdan ham ko‘proq dadamni.
Kech tushib, bog‘chadan ketish vaqti yaqinlashyaptiki, dadamdan darak yo‘q. Meni yaxshi ko‘rmas ekan, deb yig‘lay boshladim. Mudira opaning yupanchlari ham foyda bermadi. Tug‘ilgan kunimni yomon ko‘rib qoldim. O‘zimniyam yomon ko‘rdim. O‘rtoqlarimga maqtanolmadim. Endi bog‘chaga ham bormayman, deb uydagilarga injiqlik qilganim esimda. O‘shanda ilk bor dunyodagi eng keraksiz odamdek his qilgandim o‘zimni.
So‘ng oradan yillar o‘tdi, maktabga qadam qo‘ydik. Bir kuni ustozimiz bizga vazifa berdi. “Mana, yozishni ham o‘rganib oldinglar. Keyingi darsga hamma bolaligi, orzulari va hayotdagi qahramonlari haqida o‘ylab kelsin. Shu mavzuda insho yozamiz”, dedi. Yuragimni yana qo‘rquv egalladi. Men nima haqida yozaman. Dadamning yo‘liga intizor o‘tgan bolaligimning nimasi yaxshi, dedim bog‘chadagi voqea esimga tushib. Ammo ustozimiz boshqacha tushuntirdi. Masalan, men dadam haqida yozishim mumkin ekan. Vatan uchun, bizning tinchligimiz uchun umrini tikkan fidoyi ekanligini, bunday insonlar bilan faxrlansak arzishini aytib, biz osuda tunda uxlab yotganimizda, ular yurtimiz sarhadlarida sergak bo‘lib tun o‘tkazishlarini alohida ta’kidladi.
Dadam avval ham harbiy xizmatchi bo‘lishning mas’uliyati haqida gapirgan. Ayam esa ularning vazifalarini bizga tushuntirgan, lekin bola ko‘nglim bilan tan olishni istamasdim. Endi bunday bo‘lmaydi. Bugun ulg‘ayganimni his qildim. Ustozning gaplaridan so‘ng hayotga ishtiyoqim ortdi. O‘zi dadamning yaxshi odamligini bilardim, noo‘rin xafa bo‘lganimni bilib o‘zimni koyidim. Ertasi kuni eng yaxshi inshoni men yozib bordim. U dadamga bag‘ishlangan edi. Tabiiyki, yozish jarayonida amakimning o‘g‘li aytgan gaplar yodimga tushdi. Dadamning ikkinchi oilasi, ehtimol, birinchi oilasi – Vatan ekan.
Shohsanam NISHONOVA
“Jadid” gazetasining 2026-yil 1-maydagi 18-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



