17.02.2025 | 09:13
1002
DUNYOVIYLIK MOHIYATI VA UNING AHAMIYATI XUSUSIDA AYRIM MULOHAZALAR
O‘zbekistonning qo‘llab-quvvatlangan tashabbusi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2017-yil sentyabrida o‘tkazilgan 72-sessiyasidagi nutqida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. BMT Bosh Assambleyasining 2018-yil 12-dekabrida o‘tkazilgan 73-sessiyasi 51-yig‘ilishida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi yakdillik bilan qabul qilindi. Unda, jumladan, madaniyatlar va dinlararo munosabatlardagi uyg‘unlikni rag‘batlantirish hamda shaxslarning din va e’tiqodlariga qarab kamsitilishiga qarshi kurashishga qaratilgan barcha xalqaro, mintaqaviy, milliy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanadi.

Muhim moddalar mohiyati. Konstitutsiyada din va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladigan sakkizta modda mavjud. Shartli ravishda, bu moddalarni ikki guruhga bo‘lish mumkin:
1. Dinga bilvosita aloqador (12-, 19-, 33- va 58-) moddalar.
2. Dinga bevosita bog‘liq (1-, 35-, 71- va 75-) moddalar.
Bu moddalarni birma-bir ko‘rib chiqishdan oldin ba’zi masalalarga oydinlik kiritib o‘tishga to‘g‘ri keladi.
Din ham mafkura. Muayyan guruh (xalq, millat, ijtimoiy qatlam)ning orzu-maqsadlari, ehtiyojlari, muddaolari, manfaatlari, intilishlari, irodasini ifodalab, ularni himoya qilish va amalga oshirishga qaratilgan g‘oyalar tizimi yoki majmuasiga “mafkura” deyiladi.
Inson emas, qandaydir g‘ayritabiiy (ilohiy) kuch-qudrat tarafidan yaratilgan, deb talqin etiladigan, olam va odamning ibtidosi va intihosi haqida ma’lumot beradigan, bandalarni nimalarnidir qilishga da’vat qilib, ulardan nimalardandir tiyilishni qat’iy talab etadigan, yaxshilik va yomonlikni obdon tushuntirib beradigan, savoblarga mukofot va gunohlarga jazo muqarrarligidan ogoh qiladigan g‘oyalar majmuasi “din” deyiladi.
Har qanday din insonning hayot yo‘lini tartibga solishga qaratilgan va aholining muayyan qatlami manfaatlarini himoya qilar ekanmi, demak, u ham – mafkura. Shu ma’noda, har qanday din odamlarning muayyan guruhi uchun hayot tarzi, yashash yo‘li, ya’ni e’tiqodi hisoblanadi.
Davlat va mafkura munosabatlari. Konstitutsiyaning davlat va mafkura munosabatlari bilan bog‘liq moddalari, bilvosita bo‘lsa-da, dinga ham taalluqli hisoblanadi. Davlat va mafkura munosabatlari Konstitutsiyamizning 12-moddasida mana bunday hal etilgan:
“O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi.
Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas”.
Bu modda jamiyatda ko‘pmafkuraviylikka imkon beradi, biroq davlat mafkurasi bo‘lishining yo‘lini to‘sadi. Din ham mafkura ekanmi, demak, jamiyatimizda ko‘p din faoliyat olib boraveradi, lekin hech bir din davlat dini bo‘la olmaydi.
Mafkuraning ikki turi. Ammo ko‘p mafkuraviylik imkoniyati, jamiyatda har qanday mafkura targ‘ib va tashviq qilinaverishi mumkin, degani emas. Chunki bunyodkor (yaratuvchi, progressiv, qonuniy) g‘oyalar asosidagi mafkuralar bor, vayronkor (buzg‘unchi, regressiv, reaksion, noqonuniy) g‘oyalar asosidagi mafkuralar ham mavjud. Konstitutsiya birinchi guruh mafkuralarga yo‘l beradi, ikkinchi guruh mafkuralarni esa man etadi.
O‘zbekiston jamiyatidagi bunyodkor mafkuralarning o‘zi ham uchga bo‘linadi:
1) davlat hokimiyatini qonuniy asosda egallashga qaratilgan, ya’ni partiyaviy mafkuralar; 2) davlat hokimiyatini egallashga qaratilmagan, ya’ni diniy mafkuralar; 3) milliy mafkura, u “milliy mafkura”, “jamiyat mafkurasi”, “umumxalq mafkurasi”, “milliy g‘oya” degan atamalar bilan ham tilga olinadi, 2000-yili chop etilgan milliy mafkura konsepsiyasi rasman “Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha tamoyillar” deb nomlandi, ana shu nomlarning bari amalda bir mafkurani bildiradi.
Dinlar tengligi. Konstitutsiyaning 19-moddasi 2-bandida shunday so‘zlarni o‘qiymiz: “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini (ta’kid bizniki – S.O.), e’tiqodi (ta’kid bizniki – S.O.), ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”. Demak, fuqaroning qaysi dinga mansubligi, e’tiqodi qandayligi uning huquqlariga mutlaqo daxl qila olmaydi. Bu yerda “din” va “e’tiqod” atamalari aynan teng tushunchalar emas. Chunki e’tiqod nodiniy bo‘lishi ham mumkin.
E’tiqod erkinligi. 33-moddaning 1-bandida “e’tiqod” tushunchasi xuddi shunday – ham diniy, ham nodiniy ma’nodagi dunyoqarashni anglatib kelgan: “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod (ta’kid bizniki – S.O.) erkinligi huquqiga ega”.
Din va dunyoviy davlat. Konstitutsiyamizning dinga bevosita aloqador to‘rt moddasida, boshqa masalalar qatori, bevosita davlat va din munosabatlariga daxldor to‘rt pozitsiya ilgari surilgan.
1-modda 1-bandidayoq davlatning ijtimoiy-siyosiy tuzumi turi e’lon qilingan: “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy (ta’kid bizniki – S.O.) davlat”.
Konstitutsiyaning oldingi variantida bu band: “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika”, tarzida edi. Yangilangan variantda unga “huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” sifatlari qo‘shildi. Mavzumiz “dunyoviy” sifatini alohida sharhlashni talab etadi.
19-moddada ko‘rganimizdek, barcha fuqarolar uchun bir xil huquq va erkinliklar berilishi kafolatlangan. Modomiki, shunday ekan, mamlakatda bir din vakillari uchun – boshqa, boshqa din vakillari uchun – boshqa qonun qabul qilib ham bo‘lmaydi.
Dunyodagi musulmon mamlakatlar turlari. Davlat va din munosabatlari qanday hal etilganiga qarab musulmon mamlakatlari uchga bo‘linadi: 1) islom davlatlari (Saudiya Arabistoni, Eron Islom Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi va boshqalar); 2) islom davlat dini deb e’lon qilingan mamlakatlar (Misr Arab Respublikasi, Livan, Marokash va boshqalar); 3) davlat dindan, din davlatdan ajratilgan mamlakatlar, ya’ni demokratik davlatlar (O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va boshqalar).
Mamlakatimizda davlat va din o‘rtasidagi munosabatlarni O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi muvofiqlashtiradi. Davlat din ishlariga xalaqit qilmaydi, din ham, o‘z navbatida, davlat ishlariga aralashmaydi.
Dunyoviylik mohiyati. Ma’naviy-ma’rifiy, g‘oyaviy-mafkuraviy jihatdan jamiyatimiz bugun shunday murakkab bir jarayonga kirdiki, ehtimol, istiqlolga erishganimizdan buyon hech qachon fikrlar qarama-qarshiligi darajasiga ko‘ra bunaqa holat yuz bermagandir ham. Chunki hozirgi paytda ijtimoiy tarmoqlar kuchayib ketdi. Ochig‘i, og‘ziga kuchi yetgan ham, yetmagan ham… gapiryapti. Mayli, gapirsin. Bu ularning huquqi. Demokratiya. Biroq demokratiya, fikr erkinligi, qarama-qarshi mafkuralar kurashi degani boshboshdoqlik, provakatsiya, konstitutsion tuzumga ochiqchasiga zarba berishni anglatmaydi. Xullas, odamlar o‘rtasida qaltis savollar ko‘tarilyapti, ba’zan xato pozitsiyalar ilgari surilyapti.
Lekin, afsuski, bu savollarga doim ham xolis javoblar berilayotgani, xato pozitsiyalar o‘z vaqtida va yetarlicha inkor etilayotgani yo‘q.
“Dunyoviy davlat” degani ‒ “din davlatdan, davlat dindan ajratilgan, din davlatning, davlat dinning ichki ishlariga aralashmaydi, davlat qonun chiqarayotganda biror dindan so‘rab o‘tirmaydi” degani. Bu “ikki karra ikki ‒ to‘rt” deganday hammamizga ma’lum bir pozitsiya hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining 2023-yil 22-dekabrda bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida: “Mana, biz Asosiy qonunimizdagi fundamental prinsiplardan kelib chiqib, Dunyoviy davlat konsepsiyasini ishlab chiqyapmiz”, dedi. So‘ng esa buning zaruratini ham bayon etdi: “O‘zingiz ko‘ryapsiz, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan chetdan, ba’zan, hatto, mamlakatimizning o‘zida ham Konstitutsiya va qonunlarimizga zid pozitsiyalar ilgari surilmoqda”. Bunday pozitsiyalarga qarshi xolis javoblar qaytarilishi, bunda davlat va xalqning manfaatlaridan kelib chiqib, ya’ni qonunlar va milliy g‘oyaga tayangan holda hukmron pozitsiyani har kuni, har yerda aytib turishimiz mamlakat tinchligi va xalq osoyishtaligi uchun zarurdan zarur vazifa hisoblanadi.
Dunyoviylik “dahriylik” degani emas. Shu bois bizda insonning haq-huquqlari va erkinliklari, jumladan, vijdon erkinligi ham qonun yo‘li bilan kafolatlanadi.
Davlat o‘z vakolatini hech bir dinga berib qo‘ymaydi. Islom shariati islom davlatlari uchun asosiy qonun vazifasini o‘taydi. Yoki bunday davlatlar konstitutsiyasi aynan shariat asosida yoziladi. Ammo dunyoviy davlat hech ham dinga suyanish majburiyatini bo‘yniga olmaydi.
Jamiyatning ayrim masalalari yechimida dinimizda boshqa, Konstitutsiyamiz va uning asosidagi qonunlarimizda boshqa pozitsiyalar belgilangan. Bunday holatlarda davlat hech bir din oldida hisobdor emas. Bunda, albatta, davlatning qonuni asosida ish ko‘riladi. Davlat o‘z vakolatiga kiradigan hech bir masalaning yechimini u yoki bu dinga berib qo‘ymaydi.
35-modda quyidagicha jaranglaydi: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”.
Buning hayotdagi in’ikosini ko‘rish uchun uzoqqa borish shart emas. Ishga, o‘qishga, nikohga kirayotganda hech kim dinga munosabatingizni so‘ramaydi, anketa to‘ldirilayotganda ham bu savol yo‘q, mamlakatimizda Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tgan 16 ta diniy konfessiya faoliyat olib boryapti va hokazo. Davlat uchun barcha dinlarga teng huquq va erkinliklar berilgan.
35-moddaga ko‘ra, din – har bir fuqaro uchun shaxsiy masala. Shunday ekan, qanday qilib aholining muayyan toifasi e’tiqodi bo‘lgan din qoidalarini hamma uchun majburlab joriy etamiz? Axir, har qanday qonun majburiy ijroni talab etadi.
Ko‘rganimizdek, 71-moddaga binoan, jumladan, bizda diniy ruhdagi partiya tuzish qat’iyan taqiqlanadi: “Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy (ta’kid bizniki – S.O.) adovatni targ‘ib qiluvchi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga, aholining sog‘lig‘iga, ijtimoiy axloqqa tajovuz qiluvchi siyosiy partiyalarning, boshqa nodavlat-notijorat tashkilotlarining, shuningdek milliy va diniy belgilariga ko‘ra siyosiy partiyalarning, harbiylashtirilgan birlashmalarning tashkil etilishi va faoliyati taqiqlanadi.
Maxfiy jamiyatlar va birlashmalar tashkil etish taqiqlanadi”. Shuning uchun ham diniy-ekstremistik maqsadlarni ko‘zlagan siyosiy kuchlar va harakatlar konstitutsiyaviy jihatdan taqiqlangan, ya’ni noqonuniy harakatlar hisoblanadi va ularga qarshi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar kuchi bilan qonuniy ravishda kurash olib boriladi.
75-modda davlat va din munosabatlarining tub mohiyatini anglatadi:
“Diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatiga aralashmaydi.
Davlat qonunda belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligini kafolatlaydi”.
Davlat va din munosabatlarini tartibga soluvchi qonunlar.
Konstitutsiya davlat va din munosabatlarining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi. Biroq bu yo‘nalishlarni hayotga tatbiq etish uchun qabul qilingan kodeks va qonunlarning umumiy soni 30 ga yaqinlashadi.
O‘zbekistonimizda amalda ko‘p mafkuraviy jamiyatga o‘tildi. Ammo o‘tish jarayoni tugagani ham yoki to‘xtab qolgani ham yo‘q. Mafkura bor ekan, manfaatlar to‘qnasha boshlar ekanmi, bu jarayon, umuman, to‘xtamaydi. Chunki har qanday yangilik – bugun uchun yangi. Ertaga esa … eskirib qolishi hech gap emas.
16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni. Bu sana bizda ham nishonlanadi.
Konstitutsiya bilan kafolatlangan e’tiqod erkinligi va dinlararo bag‘rikenglik O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan va bundan buyon ham shunday bo‘ladi.
Ogohlikka da’vat. O‘zbekistonimizning dunyoviy davlat ekanini unutishga ham, u bilan hisoblashmaslikka ham hech kimning haqqi yo‘q.
Masalani shunday jiddiy va keskin tarzda qo‘yish vaqti allaqachon kelgan.
Aks holda, keyin ko‘p-ko‘p fuqarolarimiz ongida o‘rnashib qolgan yot qarashlarni siqib chiqarishning imkoni bo‘lmasligi mumkin.
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti “Gʻoya-inkubator” loyihasi eksperti
“Jadid” gazetasining 2025-yil 7-fevraldagi 6-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
117
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
628
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
622



