04.03.2026 | 11:39
1292
YUZ YILLIK QURULTOY
Bundan rosa yuz yil muqaddam turkiy dunyo olimlari birinchi turkologiya qurultoyini o‘tkazish uchun Bokuda jam bo‘ldi.
Bu tarixiy anjuman Ozarbayjon poytaxtida 1926-yil 26-fevraldan 6-martgacha bo‘lib o‘tadi. 131 nafar delegat ishtirok etgan, to‘qqiz kun davom etgan anjumanda 17 ta majlis o‘tkazilib, 38 ta ma’ruza tinglanadi. Unda turkiy tillarning alifbo va til masalalariga oid yetti yirik muammo muhokama qilinadi.

Qurultoy munosabati bilan buyuk Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligini tantanali nishonlash uchun o‘n kishilik komissiya tuziladi. Bu tarixiy tadbirga ham keng miqyosda tayyorgarlik ishlari olib boriladi. Alisher Navoiyning “Vaqfiya”, “Munshaot” asarlari, “Mir Alisher Navoiy” nomli maqolalar to‘plami hamda Sulton Husayn Boyqaroning “Devon”i nashr etiladi. Tabiiyki, qurultoyga qadar ham Alisher Navoiy hayoti va ijodi xususida Ozarbayjonning vaqtli va ilmiy nashrlarida Ismoil Hikmat, Ali Nozim, Mirza Muhsin Ibrohim, Salmon Mumtoz, Bekir Cho‘banzoda kabi olimlarning maqolalari bosilgan edi.
Boku qurultoyi oldidan O‘zbekistonda ham bu anjumanga hozirlik ko‘rish va Alisher Navoiy yubileyini o‘tkazish masalalari muhokama qilinadi. Jumladan, jadid munaqqidi Vadud Mahmud “Yer yuzi” jurnalining 1925-yil 3-sonida bosilgan “Navoiy uchun” maqolasida yozadi: “Navoiyni tanimag‘on bir o‘zbek bo‘lmasa kerak. Eskilarimiz va eski maktablarimiz g‘azallari bilan, yangilarimiz va yangi maktablarimiz suratlari va shaxsiyati bilan tanishdirlar… Navoiy turk tilini tirgizgan va chig‘atoy adabiyoti degan bir adabiy maktabning bu kungacha yashamog‘ig‘a sabab bo‘lg‘on bir kishidir. Shuning uchun uni tanimoq, uni taqdir etmoq butun turklar uchun bir vazifadir. Mana shu holni nazarga olib, bu kun turk dunyosining har yerida – Turkiyada, Ozarbayjonda va bizda uni eslab yillik to‘yini o‘tkazmak istaydirlar”.
Muallif yubileyga tayyorgarlik haqida ham ma’lumot beradi: “Balki 1926-yil fevral oyida bo‘ladurg‘on qurultoy turk dunyosining buyuk shoiri va til mutaxassisi Navoiyning 500 yilligiga to‘g‘ri kelib qolg‘onidan Bakuda katta bir tantana berilsa kerak. Turk olimlaridan Ko‘pruluzoda Fuod va Cho‘banzoda o‘rtoqlar bu to‘g‘rida fikrlarini yozib o‘tdilar. O‘zbekistonda ham bu yubiley fevral so‘nglarida, mart boshlarida o‘tkazilsa kerak; buning uchun katta hozirlik ko‘rilmoqdadir”.
Turkiy jumhuriyatlar Boku qurultoyiga hozirlik ko‘rayotgan bir pallada o‘zbek matbuotida ham bu anjumanga tegishli xabarlar, rejalar bosilib turadi. Vadud Mahmud “Til va harf masalalari” (“Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnali, 1925-yil 5-6-son) maqolasida shunday fikrlarni yozadi: “Bu kun turk dunyosining eng muhim masalalaridan biri har yerda ko‘tarilmakda bo‘lg‘on til va harf masalalaridir”. Muallif turkiy tillarning umumiy yozuviga doir qarashlarni dastlab Ismoilbek G‘asprali o‘rtaga tashlagani va XX asrning 20-yillarida bu tashabbus bilan “Turk-totor ilmiy sarfi”, “Turk-totor lisoniyatina madhal” otli ilmiy narsalar egasi Qrim dorulfununi mudarrisi do‘qtur Cho‘bonzoda” mashg‘ul ekanini eslab o‘tadi.
Vadud Mahmud yana yozadi: “Mashhur pro‘fessur S.Samoylovich ham shu fikrdadir. Bu fikr tarafdorlari turk millatining madaniyatiga kirish uchun “til birligi”ni eng birinchi omil deb biladir. Pro‘fessur Samoylovich Leningrad sharq dorilfununida, Cho‘bonzoda Qrim va Qafqosda oliy maktab talabalariga shu fikrni talqin etmakdadirlar. Bu masalalar oliy, ilmiy ixtisos muassasalarida jiddiy suratda tekshirilmakga boshlang‘ondir”.
Til va harf masalalari tahlili va talqiniga munosabat bildirgan Vadud Mahmud masalani Boku qurultoyiga bog‘lab yozadi: “Ilova o‘laroq shuni-da bildiraylikki, Bokuda yig‘ilmoqchi bo‘lg‘on butun dunyo turkshunoslar qurultoyi shu masalalarning ko‘tarish natijasidir va bunda bizning shu yechilmagan tugunlarimiz hal qilinsa kerak. Agarda bu qurultoy bizning ehtiyojimizni tuzuk tushunib, amalga oshirishi mumkin bo‘lg‘on foydali yo‘llar ko‘rsatsa, bizning madaniy hayotimiz uchun birinchi “yordamchi” mohiyatini qozong‘on bo‘ladir”.
Keyinchalik Vadud Mahmud “Turkiyot qurultoyi” degan alohida maqola ham yozadi. Ma’naviy olamda millatning o‘z asliyatini saqlash ehtiyoji “g‘arbiyot”, “rusiyot”, “sharqiyot” singari tushunchalarni yuzaga chiqargan. Shularga o‘xshash Vadud Mahmudning yozishicha, turkiyot, turkologiya tushunchalari “turkni tanimoq ilmi” ma’nosini anglatadi.
“Turkiyot ilmi g‘arbda va bizda boshqa-boshqa ehtiyojlar orqali tug‘ildi. G‘arb millatlari ilmga xizmat uchun, balki bizdan istifoda etmak va bizni yaxshiroq-osonroq idora etmak uchun ish boshladilar. Biz esak o‘zimizning kimligimizni bilmak va boshqalar orasida mavqeyimizni bilmak uchun kirishdik; bizning bu ishimiz ikki jihatlidir: bir yoqdan bilimga xizmatdir, ikkinchi yoqdan o‘zimizni bilmakdir.
Har ilmni ilgari surish uchun mutaxassislarning bir-birovlari bilan munosabatda bo‘lishlari, xabarlashib turishlari ko‘b yordam beradir, bu kungi turkshunoslar bir-birovlarining ishlari bilan tanishmoq va kelgusi ishlarining planlarini chizmak istaganlaridan birinchi o‘laroq bir turkist qurultoyi chaqirishga qaror bergandir” (Vadud Mahmud. “Turkiyot qurultoyi” maqolasi, “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnali, 1925-yil, 11-son).
Turkiy dunyo olimlarining o‘zaro hamkorligi masalasi uchun Boku qurultoyi alohida qiymat kasb etishi tabiiy edi. Turk dunyosi olimlari va turkiyot bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar bu qurultoyda til va adabiyot tarixi, din va madaniyat tarixi to‘g‘risida ma’ruzalar qilishi rejalashtiriladi.
Qurultoyga vakillar yuborish masalasi ham mahalliy ziyolilarning yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladi. Qurultoyda O‘zbekiston Ilmiy Kengashi raisi Abdurashid Abduljabborov rahbarligida uning o‘rinbosari G‘ozi Olim Yunusov, samarqandlik jurnalist Rahim In’omov, Toshkentdan tilshunoslar Mashriq Yunus o‘g‘li Elbek va Shokirjon Rahimiy, Farg‘onadan tilshunos, jurnalist Ashurali Zohiriy, xorazmlik tilshunos Bekjon Rahmonov, Buxorodan tilshunos Ismoil Sadriy va boshqalar qatnashadi.
Shokirjon Rahimiyning anjumandan keyingi hisobot ma’ruzasida aytilishicha, qurultoyda Mojoriston, Olmoniya, Turkiya mamlakatlaridan olimlar qatnashgan, jumladan, akademik Bartold, professor Montal, akademik Oldinburg, professor Muhammad Fuod Ko‘pruluzoda, Samoylovich, Malov, Bekir Cho‘banzoda kabi turkologlar qiziqarli ma’ruzalari bilan bir necha martalab minbarga ko‘tariladi (Shokirjon Rahimiy. “Turkiyot qurultoyining yakunlari”. “Qizil O‘zbekiston”, 1926, 14-may). Rejaga muvofiq, lotin imlosiga o‘tishning tamal toshi ana shu anjumanda qo‘yiladi.
1926-yili Bokuda nashr qilingan “Mir Alisher Navoiy” nomli maqolalar to‘plami muqaddimasida shunday fikrlar bayon qilingan edi: “XV asrdagi turkiy tilli adabiyotning eng muhim siymolaridan biri Navoiy ekanini qayd etib, kitobchada chop etilgan ilmiy ishlarda uning shaxsiyati va adabiy faoliyati yuz sahifadan ortiq hajmda keng tarzda tadqiq etildi”.
Qurultoy arafasida Sulton Husayn Boyqaroning “Devon”i ham Bokuda nashrdan chiqadi. Kitobga Ismoil Hikmat va Bekir Cho‘banzodaning “Husayn Boyqaro: hayoti va ijodi” hamda “Husayn Boyqaro “Devon”i” nomli maqolalari kiritilgan edi.
Bekir Cho‘banzoda Husayn Boyqaroning “Devon”ini nashrga tayyorlar ekan, o‘zbek adabiyotining taniqli namoyandalaridan biri Abdurauf Fitratdan olingan manbadan foydalangani haqida “So‘zboshi”da qayd etib, shunday yozadi: “Bu nusxa o‘zbek shoir va adiblaridan bo‘lgan Fitratning kutubxonasidagi nusxadan bizning iltimosimizga ko‘ra ko‘chirilgan. Fitrat do‘stimizda ko‘rgan qo‘lyozma nusxa yozuv jihatidan juda ochiq va chiroyli bo‘lsa-da, undan tayyorlangan nusxa juda ibtidoiy yozuv bilan ko‘chirilgan. Bunga sabab bizning shoshilganimiz bo‘lsa kerak. Har holda, juda katta mehnat qilib biz uchun bu nusxani ko‘chirtirib bergan Fitrat do‘stga “Rahmat, sog‘ bo‘l!” deyish bizning burchimizdir”.
Qurultoy turkiy tillarga doir masalalar muhokamasi, adabiy-ilmiy aloqalar rivoji, muhimi, Alisher Navoiy hayoti va ijodini birgalikda o‘rganish hamda ommalashtirish uchun ham ulkan qiymatga ega edi.
Darvoqe, Boku qurultoyidan keyin lotin yozuviga o‘tish harakati tobora ommaviylasha bordi. Loyihalar e’lon qilindi, milliy jumhuriyatlarning har biri o‘zlarida bu yozuvga o‘tish masalasini muhokama qildi, anjumanlar uyushtirdi. Maxsus rasmiy qarorlar chiqarish, vaqtni belgilab, shart qo‘yish davri ham yaqinlashib qoldi. 1929-yili turkiy jumhuriyatlarning ko‘pchiligi, jumladan, O‘zbekiston lotin imlosiga o‘tdi.
Boku qurultoyi munosabati bilan turkiy dunyo olimlari tomonidan hazrat Alisher Navoiy hayoti va ijodini hamkorlikda atroflicha tadqiq etish an’anasi bugun ham davom etayotgani quvonarlidir.
Almaz Ulvi BINNATOVA, Bahodir KARIM
“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-fevraldagi 9-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



