13.04.2024 | 12:11
982
ENDI INSON QADRI HAM AVVALGILARGA O‘XSHAMAS

Prezidentimiz joriy yilning 15-16-fevral kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida o‘tkazgan yig‘ilishda o‘zbek qo‘shiqchilik san’ati rivojida o‘chmas iz qoldirgan mashhur hofiz Sherali Jo‘rayev nomini barchamiz hurmat bilan esga olishimiz lozimligini ta’kidladi. Andijon shahridagi San’at maktabiga O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti, Navoiy nomidagi davlat mukofoti sovrindori Sherali Jo‘rayev nomini berishni taklif qildi. “Mazkur maktab Musiqa va san’at kollejiga aylantiriladi, grant asosida zamonaviy kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Yangi o‘quv binosi, turar-joy barpo etiladi, zarur infratuzilma yaratiladi. U yerda Sherali Jo‘rayev byusti o‘rnatiladi”, dedi Prezidentimiz.

Ushbu xayrli ish nafaqat Andijon viloyati yoshlari, balki butun mamlakatimiz yoshlari qalbida san’atga qiziqishni, Vatanga mehr-muhabbat tuyg‘ularini kuchaytiradi, halol, fidokorona mehnat, albatta, qadrlanishiga ishonchlarini mustahkamlaydi.
Sherali Jo‘rayev ashulalarini qachon eshita boshlaganim esimda yo‘q. Shunisi aniqki, uning dastlabki ashulalarini tinglaganman. Chunki hofiz bilan tengdosh edik. Ochig‘i, avvaliga u qadar ahamiyat bermaganman. U paytlarda ko‘pchilik, asosan, Faxriddin Umarov, Tavakkal Qodirov, Komiljon Otaniyozov kabi xonandalar muxlisi edi. Keyinchalik Sherali ommalasha boshladi. Ayniqsa, Abdulla Oripovning “Birinchi muhabbatim” she’rini ashula qilganidan keyin uning muxlislari ko‘payib ketdi. Tabiiyki, o‘sha ko‘p sonli muxlislar qatorida kamina ham bor edi.
Inson yoshi o‘tgan sari bosib o‘tgan hayot yo‘liga bot-bot nazar tashlar, qilgan ishlarini xayolan tahlil qilar ekan. Kunlarning birida xorijiy mamlakatlarga safarlarim haqida o‘yga toldim. Qaysi davlatga, dunyoning qaysi mashhur shahriga bormayin, uch-to‘rt kundan so‘ng Vatanimizni, oilamni sog‘ina boshlayman. Dastlabki yillarda xizmat safarim tugashini kutishdan o‘zga chora yo‘q edi. Zamonaviy mobil telefonlar chiqqanidan keyin o‘zimga o‘zim taskin o‘ylab topdim. Telefonimga o‘zim yoqtirgan xonandalarning ashulalarini yozib olib, ularni eshitaman. Shular orasida eng ko‘p eshitganim Sherali Jo‘rayevning Oybek domla she’ri bilan aytgan “O‘zbekiston” ashulasi bo‘lsa kerak. Ko‘ngilda yurt sog‘inchi paydo bo‘lishi hamono imkon topib shu ashulani tinglayman:
Bir o‘lkaki, sal ko‘rmasa quyosh sog‘inar,
Bir o‘lkaki, qishlarida shivirlar bahor.
Naqadar go‘zal, teran ma’no-mazmunli satrlar! Oddiy so‘zlar bilan jonajon yurtimizga berilgan betakror ta’rif va tavsif! Hofiz shunga mos ohang topganki, eshitgan sari kishi yuragini zirqiratadi, butun badani jimirlab ketadi odamning. Ashulaning menga eng yoqqan joylari quyidagi misralar:
Quyosh, nuring sochaver mo‘l-mo‘l,
Bahor, ketma bizning boshlardan.
Yurtimizda qolmasin dasht-cho‘l,
Chaman unsin hatto toshlardan.
Hofiz ushbu satrlarni to‘rt-besh marta takrorlaydi. Eng hayratlanarlisi, har safar boshqacha ohangda, boshqacha jiloda, boshqacha tempda kuylaydi. Ularning har birida o‘ziga xos faxr-iftixor bor, dard bor, sog‘inch bor, qo‘msash, iztirob bor. Baland ovozda kuylaganda quyoshga iltijoni sezaman, bosiq ovozda yalinish-yolvorish mujassam, boshqasida shu yurtdan faxrlanish, uning har qarich yeri gullab-yashnashini orzu qilish, hatto toshlaridan ham chaman unishini istash kabi ezgu niyat bo‘rtib turadi. Eshitganing sari shu zaminda dunyoga kelganingdan, shu Vatan farzandi ekaningdan faxrlanish, g‘ururlanish tuyg‘usi jo‘sh uradi. Vatandan uzoq-uzoqlarda yurganda bu ashulani tinglash zavqini so‘z bilan ta’riflash qiyin…
Sherali Jo‘rayevning har bir ashulasidan olam-olam mazmun topasiz. Biror ashula eshitsam, uni qaysidir rassomning kartinasiga yoki biron adibning she’r yoxud hikoyasiga qiyoslash, ularda o‘xshashlik bor-yo‘qligiga e’tibor qaratish odatim bor. Mashhur musavvir Akmal Nurning “Nigoh” nomli asari bor. Unda qiz yuzining yarmi ko‘rinadi. Ammo tomoshabin bunga e’tibor bermaydi, qizni to‘la ko‘radi. Yuzining yarmi ko‘ringan o‘sha qizga razm solib qarasangiz, ibosini, hayosini sezasiz.
Shu suratga termilib turibman-u qaydandir Sheralining “Qarashlarga” degan ashulasi qulog‘imga chalinyapti: “Shirin jonim fido bo‘lsin o‘shal bo‘ylab qarashlarga…” Vo ajabo, ikki buyuk ijodkor asarlari bir-birini to‘ldirmoqda go‘yo. Bu san’atkorlar mahoratining mevasi emasmi?! Tasanno!
* * *
Boshqalarni bilmadim, menda ba’zan shunday holat bo‘ladi: hech bir sababsiz kayfiyatim tushib ketadi. Shunday paytda mumtoz ashulalar jonimga oro kiradi. Xususan, “Cho‘li iroq” kuyi, uning xalq cholg‘ulari orkestri ijro etgan varianti juda xush yoqadi. Kuyni tinglab o‘tirar ekanman, xayol ko‘zlarim bilan ko‘p narsalarni, turli-tuman voqealarni ko‘raman. Bepoyon sahro, jaziramada holdan toygan tuyaning og‘ir-vazmin yurishi, tuya ustidagi sohibjamol va uni kuzatib borayotgan yigitning ko‘z yoshlarini aniq-tiniq tasavvur qilaman. Avvaliga ularga achinaman, battar ezilaman, hatto ko‘zimga yosh keladi. Sekin-asta ularning ahvoli bilan o‘zimni taqqoslayman. Va Yaratganga shukronalar aytib, o‘zimga kela boshlayman.
Shunday holat bir gal Samarqandda ro‘y berdi. Bunga ancha yillar bo‘ldi. Shahardan o‘zim tug‘ilib o‘sgan qishloqqa – Urgut tumanidagi Mingbuloq qishlog‘iga ketayotgan edik. Shom payti edi. Aslida kun botish arafasi menga yoqmaydi, ko‘pincha shunday paytda dilim g‘ash bo‘ladi. Hayot shomi ro‘y berayotganday tuyuladi. Shundanmi, erta tong, quyosh chiqishini kuzatish dilimni ravshan qiladi. Haydovchi magnitofon yoqdimi yoki kasseta qo‘ydimi – esimda yo‘q – ashula yangradi: “Qaro ko‘zim”. Ashula boshlanishi bilan haydovchi boshqa ashulaga o‘tkazdi. “Qaytar, – dedim. – Boyagi ashulani qo‘y!” “E, zerikarli”, dedi haydovchi. “Qo‘y, shuni”, dedim qat’iy. Qo‘ydi. E’tibor qilsam, Sherali. Ochig‘i, ungacha “Qaro ko‘zim”ni Sherali Jo‘rayev ijrosida eshitmagandim. Uning asosan zamonaviy ashulalarini bilardim. Haydovchi bilan uning yonida o‘tirgan yigit o‘zaro gapga tushdi. Sezib turibman, ular ashulani eshitishni istamayapti (yosh yigitlar-da, ularga mumtoz ashula yoqarmidi). “Jim, – dedim keskin. – Sizlardan iltimos, shu ashula tugaguncha miq etmanglar!”
Sherali mumtoz ashulani ham maromiga yetkazib kuylashiga o‘shanda birinchi marta guvoh bo‘ldim va qoyil qoldim. Ushbu mashhur ashulani bir necha xonandalar ijrosida eshitganman. Shulardan eng ma’qul bo‘lgani Yunus Rajabiy ijrosi edi. Esimda, Muqimiy nomidagi teatrda qandaydir tadbir bo‘ldi. Shunda Yunus Rajabiy “Qaro ko‘zim”ni aytdi. O‘shandan keyin “Qaro ko‘zim”ni hech kim bu qadar ta’sirli ijro etolmasa kerak, degan fikrda yurardim. Sherali Jo‘rayevning “Qaro ko‘zim”ini tinglab, fikrim o‘zgardi. Har qanday mashhur ashulani har qaysi hofiz maromiga yetkazib kuylashi mumkin ekan, degan fikrga keldim. Albatta, har birining o‘z uslubi, o‘z yo‘li bor, birini biridan ustun yoki past qo‘yish kerak emas. Yunus Rajabiy ijrosi o‘ziga xos uslub bilan eng baland cho‘qqini zabt etgan. Bu – Yunus Rajabiy cho‘qqisi. Sherali Jo‘rayev mumtoz ashulalar, jumladan, “Qaro ko‘zim” ijrosida ham o‘zining cho‘qqisini kashf etdi. Bu hech kimnikiga o‘xshamagan, faqat uning o‘ziga, o‘zining ijro uslubiga xos cho‘qqi, ya’ni Sherali Jo‘rayev cho‘qqisi!
Sherali hofizning mumtoz shoirlarimiz g‘azallariga bastalagan kuylari va ijrosi naqadar ta’sirli, yurak-yuraklarga yetib borishini, hatto o‘zga millat vakillarini ham maftun etishini ko‘rsatuvchi bir misol keltirmoqchiman. Shoir Sa’dulla Hakim (Olloh rahmat qilsin) bilan 2007-yilda Xitoyda o‘tgan xalqaro konferensiyada qatnashdik. Anjuman Urumchi shahrida bo‘ldi. Keyin mamlakat poytaxti Pekinga olib borishdi. Pekinning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildik. Bir necha rasmiy idoralarda, maktabda uchrashuvlar o‘tkazdik. Bir safar mikroavtobusda ketayotib, telefonimni yoqib, Sherali Jo‘rayevning Bobur g‘azali bilan aytiladigan “Bahor ayyomi” ashulasini qo‘ydim. Shoir ikkalamiz o‘zimizcha hofizga jo‘r bo‘lib, ashula ayta boshladik. Ashulaga berilib ketib, ovozimiz balandlab ketganini sezmay qolibmiz. Birdan avtobusda ketayotganimiz, yonimizda turli davlatlar vakillari o‘tirgani, ular bu ashulani tushunmasligi yodimizga tushib qoldi. Ularga xalaqit berayotganimizdan xijolat bo‘lib, telefonni o‘chirdim. Orqamizda o‘tirgan ayol, adashmasam, polshalik yoki ukrainalik edi, “Nega o‘chirdilaring, nimaga ashula aytmayapsizlar”, dedi. Biz ajablandik. “Boshqalarga xalaqit berdik”, dedik. “Hech kimga xalaqit berganingiz yo‘q, sizlar sezmadingiz, hamma miriqib eshitdi, agar malol kelganda, aytardi-da”, dedi. Bu gap bizni yanada hayratga soldi. “Bizdan boshqa hech kim tushunmaydi-ku bu ashula so‘zlarini”, dedik. “Musiqaga, ayniqsa, yaxshi musiqaga tarjimonning keragi yo‘q, hamma millat tushunaveradi. So‘zini tushunish shart emas. Qanday ajoyib ashula ekan, rohat qilib eshitayotgan edik. Bu sizlarning klassik ashulalaringizdan bo‘lsa kerak, shundaymi?” Biz ma’qulladik. “Qo‘ying, iltimos, oxirigacha eshitaylik”, dedi ayol. Ashulani boshidan qo‘ydik. Tugagach, Bobur haqida, Sherali Jo‘rayev to‘g‘risida muxtasar so‘zlab berdik. Bu Sherali Jo‘rayev hofizlik borasida zabt etgan ko‘z ilg‘amas cho‘qqining yana bir dalolati edi.
Hofiz haqida ko‘p ta’riflarni keltirish mumkin. Uning iste’dodi, kuylash mahorati, she’r tanlash qobiliyati va hokazo jihatlari xususida xo‘b aytilgan va yozilgan. Men uning bir jihatini alohida ta’kidlamoqchiman. Sherali jasoratli hofiz edi. Xususan, sobiq sovet tuzumi davridagi faoliyati, aytgan qo‘shiqlari buni tasdiqlaydi. Jumladan, Erkin Vohidovning “O‘zbegim” she’riga kuy bastalab, chiroyli kuyladi. El orasida mashhur bo‘lib ketdi. U zamonlarda “o‘zbegim” deb chiqish, baralla kuylash oson emasdi. Bugungi yoshlar buni tasavvur ham qilolmaydi. Sheralining repertuarida millatimizni, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lovchi ashulalar ko‘p. Bu ezgu niyatni amalga oshirishda u mumtoz adabiyotimizdan, xususan, Navoiy, Bobur g‘azallaridan unumli foydalandi. Hazrat Navoiy g‘azaliga Omon Matjon muxammas bog‘lagan “Avvalgilarga o‘xshamas” ashulasidagi “Ko‘nglim ichra dard-u g‘am avvalgilarga o‘xshamas” yoki “Endi inson qadri ham avvalgilarga o‘xshamas” satrlarini kuylaganida hofiz dilidan nelar kechdi ekan. Bunday misollar Sherali Jo‘rayev g‘oyat bilimdon, ko‘p o‘qigan, eng muhimi, millat taqdiri, kelajagi uchun jon kuydirgan san’atkor, fidoyi inson ekanini ko‘rsatadi.
Sherali Jo‘rayevni turli holatlarda, turli vaziyatlarda ko‘rganman: eng yuqori darajadagi tadbirlarda, katta konsertlarda, shaxsiy konsertida, katta-kichik davralarda… U xonanda sifatida tanilganidan umrining oxirigacha deyarli o‘zgarmadi, yaxshi-yomon kunlarida ham. O‘ziga xos g‘urur, ayni chog‘da kamtarlik, saxovatpeshalik… Xullas, mashhur insonlarda bo‘ladigan barcha xislat-u fazilatlar mujassam edi unda. Doimo elning ko‘zida yuradiganlarga oson emas. Mashhurlikning yukini ko‘tarishning o‘zi bo‘lmaydi. Gapning lo‘ndasini aytganda, Sheralining fazilatlari ham, ayrim qusurlari ham o‘ziga yarashardi. Yurish-turishi-yu kiyinishi, so‘zlash ohangi-yu odamlar bilan muloqoti ham o‘ziga xos edi. Shunday xislatlari bilan Sherali edi-da.
Mamatqul HAZRATQULOV
“Jadid” gazetasi 2024-yil 23-fevral 9-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



