09.01.2026 | 16:26
1578
NURDAN YARALSA BOYLIK…
Filologiya fanlari doktori, professor, “Do‘stlik” ordeni sohibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Nurboy Jabborov oltmish yoshga to‘ldi. G‘alvirni, yo‘q, balki to‘rni suvdan ko‘taradigan yosh. To‘g‘rimi? To‘rga kam baliq ilingan bo‘lsa, u yengilgina tortiladi. Ko‘p baliq tushgan bo‘lsa-chi?

Tomir. Bir gal taniqli adabiyotshunos va san’atshunos Shuhrat Rizayev Nurboy domlaning Dehqonobod tumanidagi Otkamar qishlog‘ida yashovchi 100 yoshga yetgan otasi Abdulhakim bobo ziyoratiga borganini: “Ana nuroniylik, mana donishmandlik! Ana ilm-ma’rifat, mana fahm-farosat! Ana iymon, mana e’tiqod!” deya hayajon bilan so‘zlab bergan edi.
Eshitib quvondim-u, ajablanmadim. Har holda, qariyb qirq yillik ijod davomida 815 nomda ilmiy, ilmiy-ommabop va ilmiy-publitsistik material e’lon qilish shunchaki oddiy odamning ishi emas. Kamiga shundan o‘nga yaqini – monografiya yoki risola bo‘lsa. Tomiri baquvvat bo‘lmagan daraxtdan mo‘l hosil olinmaydi-da.
Yo‘l. Hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining O‘zbek filologiyasi fakultetida talaba, orada ikki yil armiya xizmati, O‘zFA Hamid Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar institutida katta laborant, aspirant, ilmiy xodim, hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida doktorant, O‘zMUda dotsent, kafedra mudiri, O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani va 2017-yildan hozirga qadar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik” kafedrasi mudiri… Bular – olimning asosiy mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotlar.
Muvozana. Katta yo‘llarning ikki biqinida muvozana – parallel ravishda kichik yo‘llar ham bo‘ladi. Olimlarning o‘rindoshlik asosidagi ishlarini o‘shalarga mengzash o‘rinli. Jamiyat faol olimdan haddi a’losida foydalanishga harakat qilaveradi.
Noshirlik savobi. U nashrga tayyorlagan mumtoz adabiyot namunalari, uning to‘plovchiligi, muharrirligi yoki taqrizchiligida chop etilgan ilmiy to‘plamlar ham salmoqli. Rosti gap, hatto o‘zing yozgan narsalarni to‘plab, tartibga solib, bir kitob holiga keltirish – ancha mashaqqatli ish. Ko‘plar eringanidan o‘z bitiklarini to‘plamlar qilib ulgurmaydi ham. Shunday ekan, olimning Abu Homid G‘azzoliy, Abdurahmon Jomiy, So‘fi Olloyor, Ogahiy, Furqat, Muqimiy, Ibrat, Abdulloh ibn Mas’ud, Mullo Olim Maxdum Hoji, Sharif Yusupov, Begali Qosimov va boshqalar asarlarini, “Bobo Ravshan” xalq dostonini nashrga tayyorlaganidagi mehnatning miqyosini ko‘z oldingizga keltiring. Yana qancha-qancha kitobga muharrir, taqrizchi, so‘zboshi muallifi bo‘lgan.
Shogirdparvarlik. Olimlarning hammasi ham shogirdparvar bo‘lavermaydi. Bir dissertatsiya ishiga ilmiy rahbarlik qilish uchun ham xayrixohlik, bag‘rikenglik, sabr-bardosh, eng muhimi, vaqt ajratish kerak.
Yaqinda rektorlar ishtirokidagi bir jiddiy yig‘ilishda professor Baxtiyor Mengliyevning 78 nafar shogirdga ilmiy ish yoqlattirgani, shuning 21 nafari fan doktori ekani aytilganda, butun zal qarsak chalib yubordi. Axir, u mamlakatga shuncha kadr tayyorlab bergan-da.
Bu borada Nurboy domla ham peshqadam ustozlardan. Shu paytgacha uning ilmiy rahbarligida 8 fan doktori, 6 fan nomzodi, 23 falsafa doktori va 75 magistrlik ishlari yoqlandi. Dissertatsiyaga rasmiy opponent bo‘lish ham jiddiy, mas’uliyatli ish. U 9 doktorlik, 6 nomzodlik va 29 falsafa doktorligi dissertatsiyasiga rasmiy opponent bo‘ldi.
Navoiyshunoslar tasnifi. Kamina olimlarga ikki nuqtayi nazardan qarayman: akademiya tizimidan chiqqan olimlar va akademiya tizimini ko‘rmagan olimlar. Navoiyshunoslarimizni ham shartli ravishda uch toifaga ajratamiz. Birinchi toifaga Navoiy ijodi bo‘yicha ham nomzodlik, ham doktorlik dissertatsiyalari yoki ulardan birini yozib yoqlaganlar (A.Hayitmetov, H.Sulaymonov, A.Abdug‘afurov, S.G‘aniyeva, Y.Is’hoqov, M.Muhiddinov, Q.Ergashev, Sh.Sirojiddinov, O.Davlatov, M.Asadov, H.Eshonqulov va boshqalar) kiradi. Ikkinchi toifaga nomzodlik yoki doktorlik dissertatsiyasida, jumladan, Navoiy ijodini ham o‘rganganlar (R.Orzibekov, I.Haqqulov, A.Bagirov va boshqalar)ni kiritamiz.
Nurboy domla uchinchi toifaga kiradi. Bular – nomzodlik yoki doktorlik dissertatsiyasi boshqa davr adabiyotini o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘lsa ham, keyinchalik qiziqib, Navoiy ijodini o‘rganish bilan ham shug‘ullanganlar (A.Qayumov, N.Komilov, B.Qosimov va boshqalar).
Nurboy Jabborovning “Maoniy ahlining sohibqironi” monografiyasi ham navoiyshunoslikka bag‘ishlangan. O‘zbek tilida ikki karra chop etildi, keyinchalik fors tiliga o‘girilib, Eronda ham bosilib chiqdi.
Tahririyat maktabi. Ilm va jurnalistika. Bu ikkalasi bir narsa emas, albatta. Ba’zilar jurnalistika bilan ilmni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishni ko‘p yaxshi ko‘radi. To‘g‘ri, fanda jurnalistik ommaboplik, batafsillik yoki mafkuraviylik ketmaydi. Biroq fikrni puxta-pishiq, tushunarli, ravon ifodalash borasida ilm ahli jurnalistikadan ko‘p-ko‘p narsa o‘rganishi kerak va zarur. Chunki ommaviy axborot vositalarida fakt yo fikrni qanday tarzda taqdim etishning ahamiyati juda katta. Keyin tahririyatlarda tahrir san’atini egallaysiz. Ilmiy ishlarda ko‘pincha aynan shu ikki narsa yetishmaydi.
Nurboy domlaning o‘rindoshlik asosida “Fidokor” gazetasida bo‘lim mudiri, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, “Tafakkur” jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagani uning qalamini toza charxladi.
Din ilmi. Bir gal ustoz Abdug‘afur Rasulov domla bilan Samarqand davlat universitetiga ilmiy-amaliy anjumanga borib keldik. Yo‘lda: “Sizga bir nozik savolim bor. Mana, ustozingiz Najmiddin Komilov ham, siz ham, falonchi ham Navoiy ijodini tahlil qilib, maqolalar yozasizlar. Orada farq, boringki, qarama-qarshilik yo‘qmi?” deb so‘radi. Bu savol bekorga berilmagan edi. Birinchidan, bu uch tadqiqotchi matbuotda bir-biriga qarshi hech narsa yozmaydi. Ikkinchidan, o‘sha kezlari domlani o‘z kafedradoshlari matbuotda ko‘p urib chiqqan edi.
Albatta, o‘zing bilan bevosita bog‘liq savolga ochiq-sochiq javob berib bo‘lmaydi. Har xil talqin etilishi mumkin-da. Ikkinchidan, mumtoz adabiyot tadqiqotchilari sirini zamonaviy adabiyot tadqiqotchisiga oshkor etishdan ne naf bor? Oradagi farqlarning hammasini aytgim kelmadi. Biroz o‘ylab olib: “Navoiyga munosabatda ustoz Najmiddin Komilov bilan kamina qarashlari o‘rtasida g‘oyaviy-mafkuraviy qarama-qarshilik yo‘q. Biz u kishining maktabidan chiqqan shogirdmiz. Lekin uchinchi tadqiqotchining Navoiyga munosabatlarida diniy-irfoniy bilim ozlik qiladi”, dedim. Kutilmagan bu javobdan keyin ustoz bir lahza ko‘zni yumib olib, o‘yladilar-da: “Tushundim. Zo‘r javob bo‘ldi. Qolgan hamma jihatlari shuning ichida ekan”, dedi rahmatli.
Nurboy domla raisligida o‘tkazilgan bir muhokamada qatnashishga to‘g‘ri keldi. Bir olim ishga sal boshqacharoq yondashdi. Oylar o‘tib, bir izdihomda ikkalamiz ko‘rishib qolib, o‘sha yig‘ilishni eslashdik. “O‘shanda xato pozitsiyada turildi. Akaning diniy-irfoniy bilimi pastligi bilinib qoldi”, dedi. Bu shunchaki gap emas. Ming yillik o‘zbek yozma adabiyoti tadqiqotchisining diniy-tasavvufiy bilimga ega bo‘lmasligi adabiy asarning tub mohiyatini to‘g‘ri va to‘la anglab yetmaslikka olib keladi. Buning yoniga aruz ilmini puxta bilishni ham qo‘shamiz.
“Madaniyat va ma’rifat” telekanali bir debat o‘tkazdi. Nurboy domla bilan ikki qarama-qarshi tarafga tushib qoldik. Kamina maktablar va filologiya yo‘nalishida kadr tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalarida aruz yaxshi o‘qitilmasligini pesh qilaverdim. Kazo-kazo xonandalar, manaman degan suxandonlar ham aruzni buzib ijro etayotganiga misollar keltiraverdim. Nurboy domla dekan sifatida oliy ta’lim tizimida aruz yaxshi o‘rgatilayotganini ta’kidladi. Oxiri gap aylanib o‘tgan asrlarda bobo-momolarimiz aruzni biz kabi she’r tarzida emas, ashuladay qilib o‘qigani haqida ketdi. Shunda domla bir jo‘shdi-ku: aruziy g‘azallarni bir asr burungi qiroat usullariga solib, bir o‘qidi, bir o‘qidiki…
Diniy-tasavvufiy bilimlarga egaligi uchun u “Maoniy ahlining sohibqironi” monografiyasida “Alisher Navoiy va islom ma’rifati”, “Futuvvat g‘oyasi va fatiy obrazi”, “Arba’in”da ma’rifiy mazmun va badiiy shakl mutanosibligi”, “Siroj ul-muslimin”da fiqh masalalarining badiiy ifodasi” kabi fasllarni yozdi.
Rag‘bat. Nurboy Jabborov davlat mukofotlaridan tashqari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va boshqa nufuzli tashkilotlarning mukofotlari bilan taqdirlangan, respublika tanlovlari g‘olibi bo‘lgan. Albatta, bu e’tiroflar zamirida qanchadan qancha mehnat va mashaqqat yotganini tushungan tushunadi.
Kafolat. 60 yoshga kirgunga qadar erishilgan bu yutuqlar, qilingan shuncha katta ishlar olimning kelajakda bundan ham ko‘p va xo‘b tadqiqotlar yaratishi uchun kafolat beradi. Biz bunga ishonamiz.
Sultonmurod OLIM,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
“Jadid” gazetasining 2026-yil 1-yanvardagi 1-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



