13.08.2026 | 09:12
1408
ENG KATTA YUTUQ
Toshkent shahri “Katta Qorasuv” MFY raisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Naima JABBOROVA bilan suhbat

– Naima opa, ko‘p qavatli uylarda mahalla faoliyatini boshqarish qiyin, deyishadi. Ba’zi qo‘shnilar bir-birini tanimaydi, kelib-ketuvchi ko‘p, oqibat sust, degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Ayniqsa, bu masala poytaxt gavjumligida yanada bo‘rtib ko‘rinsa, ehtimol. Bu mulohazalarga qanday qaraysiz?
– Bunga o‘xshash gaplarni biz ham ko‘p eshitamiz. Noligan bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Shu mahallada ish boshlaganimga 25 yil to‘ldi. O‘sha paytda siz aytgan holat bor edi. Hatto, kimdir vafot etsa, to‘rt-besh kishidan boshqa odam ta’ziyaga chiqmasdi. Ba’zilarning qarindoshlari yetib kelguncha, mayit qarovsiz yotardi. Hozir vaziyat butkul o‘zgargan.
To‘y-ma’rakada butun mahalla faol ishtirok etadi. Bu nimadan? Oqibatdan!
Avvallari bitta zinadan tushib-chiqadiganlar ham bir-biriga yot edi. Bugun-chi? 17 ta ko‘p qavatli uyda istiqomat qiladigan hamma tanish-bilish, hesh-aqrabo – “o‘rtada begona yo‘q”. Nimaning evaziga? Bizda muntazam ommaviy bayramlar o‘tkaziladi. Konsertlar, sport musobaqalari, davra suhbatlari tashkil qilib, fuqarolarni taklif etamiz. Tanimasni siylamas, deydilar. Ko‘z ko‘zga tushsa, salom-alik bo‘lsa, keyin birdamlik paydo bo‘ladi.
Mahallaga begona odam yoki shubhali mashina oralasa, yosh-u qari birday mahalla idorasiga xabar beradi. Telegramda ham guruhlar, shaxsiy sahifalar ochganman. Xursand bo‘ladiganim, yosh bolalarda ham ogohlik tuyg‘usi shakllandi.
Masalan, o‘quvchilar yugurib keladi: “Naima opa, anavi o‘rindiqda bitta mast yotibdi” yoki “Ko‘cha boshidagi daraxt tagida notanish ayol turibdi”, deb aytadi. Vaziyatga qarab yo 102, yo 103 ni chaqiraman. Mahalla ahli bir-birini tanimasa, qayerdan biladi begona yo tanishni?
Jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha ham aholimizning birdamligi havas qilgulik. Bir kun ikki bola kelib, “Uyimizning orqasida to‘rtta bola nimanidir qidiryapti”, dedi. Yugurib bordim. Yerto‘laga tushib ketibdi ikkitasi, qolganining ko‘zi bejo. Darrov qo‘ni-qo‘shnini chaqirdim. Militsiyaga qo‘ng‘iroq qildim. Narkotik qidirishyapti-da.
Mahalla – xaloskorimiz, suyanchig‘imiz, posbonimiz. “O‘z mahallangni o‘zing asra!” degan tamoyil bor. Shu tamoyilga mahalladoshlarimizning hammasi rioya qiladi. Biz asramasak, begona kelib yordam berolmaydi-ku!
– Gap-so‘zlaringizdan 24/7 rejimda ishlashingiz ko‘rinib turibdi. Ayol kishi uchun rahbarlikning o‘ziga xos qiyinchilik tomonlari bor. Qayerdan kuch topasiz?
– Prezidentimiz butun respublika uchun jon kuydiryapti. Biz bitta mahallani eplolmasak, uyat bo‘lmaydimi? Davlatimiz rahbari kecha-yu kunduz ishlaydi. Nimaga boshqalar shunday ishlamaydi? Bizning charchashga, loqayd bo‘lishga haqqimiz yo‘q.
– Chorak asr mahallani boshqarish oson emas. Bu saylanadigan lavozim, demak, xalqqa ishlaringiz ma’qul. O‘tgan davr mobaynida yangi avlodlar ham shakllandi. Ular ham ish tutumingizdan rozi. Ammo jarayon doim bir tekis kechmagandir?
– Bir vaqtlar “Xotin kishi rahbar bo‘ladimi? Ana xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchiligini qilsin”, deydiganlar bo‘lardi. Men sizga bir narsani aytay. Yigirma yilcha oldin bir xonadonning oilaviy masalasiga aralashib jiddiy muammoga duch kelganman. Moʻjizaga o‘xshaydi hozir tirik yurganim. Ba’zilar qiyinchilikka uchrasa, ortga qaytadi. Men esa dovonlarni ko‘rsam, oshib o‘tgim, zabt etgim kelaveradi. Ishlayman, rivojlanaman degan rahbarga hech qachon oson bo‘lmagan. Bugun ishlamay bo‘ladimi? Uyaladi-ku odam, jim o‘tirishga. Atrofda to‘xtovsiz yangilanishlar ketyapti. Davlatimiz kamtarona xizmatlarimni “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotladi. Shaxsan Prezidentimizning qo‘lidan oldim. Qayerda ko‘rgansiz mahalla raisiga orden berilganini? Bu nima? Bu – avans. Yanada yaxshi ishlashimga, sadoqatli bo‘lishimga davlatning ishonchi belgisi. Endi bu e’tirofni oqlashim kerak.
Har bir lavozimdagi inson bir kun kelib o‘ziga o‘zi hisob berishiga to‘g‘ri keladi. Bir kun vijdon: “Ey, sen, Prezidentning qo‘lidan orden olganingdan keyin juda o‘zingni bosar-tusaringni bilmay qolmadingmi? Mahallangda kam ta’minlangan oila bo‘lib turib, sen bir kun sanatoriyga borib, bir kun toqqa chiqib, maza qilib yurmadingmi? Nechta muhtojga yordam berding? Murojaatlarning qanchasiga javob berding, qanchasini ijobiy hal qilding yo shunga harakat qilding?” – deb so‘roqqa tutsa, nima deb javob beraman? Odam o‘zidan qochib qutula olmaydi.
Odamlarning bitta og‘irini yengil qilsangiz, ular duo qiladi. Hurmatni sotib olib bo‘lmaydi, zo‘rlik bilan erishib bo‘lmaydi. Hozir yoshlarimizning tarbiyasiga ham qoyil qolaman. Bizda bitta o‘zbek tilida, bitta rus tilida dars beradigan maktab bor. Rus yigitlari ham “Assalomu alaykum!” deb o‘tadi. O‘zining fikrlarini aytadi. Muhimi, ular mahalla timsolida davlatga, davlat tiliga hurmatini bildiradi. Yoshlar bilan qancha ko‘p gaplashsam, shuncha ko‘p kuch olaman.
Yaqinda yana bir voqea bo‘ldi. Hokimiyatga chaqirishib, bir qog‘ozni imzolashim kerakligini aytishdi. O‘qib ko‘rsam, mahalla idorasini to‘liq hokimiyatga topshirishim kerakligi haqida dalolatnoma. Mahalla raisida huquqiy savodxonlik va madaniyat yuqori darajada bo‘lishi kerak. Men ham o‘z bilganlarimdan kelib chiqib, bu yerda anglashmovchilik borligini aytdim. Mas’ul shaxsga yo‘naltirishdi. Qabuliga kirib, aniqlashtirsam, rostdan ham ro‘yxatda xato ketgan ekan. Ko‘rdingizmi, aksar hamkasblarimiz hokimiyat nima desa, ko‘r-ko‘rona ergashib ketadi. Aslida, har bir masalaning huquqiy mohiyatini anglab yetish, rasmiy asoslarini topish kerak.
Mana shu o‘jarligim hammaga ham yoqavermaydi. Ammo shunday bo‘lmasam, mahallaga ham, odamlarga ham na yordam bera olaman, na qonuniy ulushini ajratib bera olaman. Joyidan qo‘rqqanlar egilib-bukilib yuraveradi. Meni xalq sayladi. Agar yoqmasam, bir kunda almashtiradi odamlar. Yo yaxshi ishlayman, yo ketaman – mujmallikka ko‘nmayman.
Mahallaga raislar kelib-ketaveradi, mahalla qoladi. Eng muhimi, ortingdan nimalar qoldiryapsan? Men masalaga mana shu rakursdan qarayman.
– Naima opa, yurtimizdagi islohotlar nimalarda yaqqol ko‘zga tashlanyapti, deb o‘ylaysiz?
– Odamlarning kayfiyatida. Bugun aholi bilan gaplashsangiz, yuz-ko‘zida halovat, gap-so‘zlarida rozilik bor. Asosiysi, intilish yuqori. Kattalar ham, yoshlar ham nimadir foydali ish qilsam, deydi. Yigit-qizlar katta-katta maqsadlar qo‘yishdan cho‘chimaydi. Ularning amalga oshishiga ishonch paydo bo‘ldi. Shuning o‘zi eng katta yutuq.
Bu o‘zgarishlarga munosib fuqarolik javobini ham bildirishimiz kerak. Mana, yaqinda mustaqilligimizning 35 yilligini nishonlaymiz. Allaqachon mahallalarda “Mustaqillik to‘yi” festivallari ko‘tarinki ruhda o‘tyapti. Ilohim, mana shu tinchlik va hurlik abadiy bo‘lsin. Tinchlik bo‘lsa, hamma narsa topiladi.
Yana bir gap. Odamlar sabrni unutib qo‘ymasin. Hayot so‘qmoqlari bir baland, bir past bo‘ladi. Xalqimiz uzoq-yaqin tarixda qanday og‘ir davrlarni sabr bilan yengib o‘tgan, endi yashaydigan zamon kelganda shoshqaloqlikka berilmaylik. Oilalarimiz mustahkam bo‘lsin. Aholiga befarqlik kasali yuqmasin. Mana shu jonajon Vatanimizning tinch bo‘lishida, rivojlanishida har bir inson o‘zining daxldorligini sezishi kerak.
Mahalla raislariga sabr-toqat, shijoat tilayman. Hech narsadan qo‘rqmaslik kerak. Agar yurtimizning, xalqimizning manfaati ko‘zlanadigan bo‘lsa, sobitqadamlik bilan ish ko‘rish lozim. Biz hammamiz mamlakatimizda bo‘layotgan ezgu islohotlarga yelkadosh bo‘lishimiz kerak.
– Ezgu tilaklaringizga yetib yuring! Samimiy suhbat uchun tashakkur!
Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 7-avgustdagi 32-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



