15.04.2025 | 12:38
794
E’TIQOD OSTONASIDAGI “TROYA OTI”
U yoshlar uchun muqarrar ofat, yurt uchun ulkan xatardir.
Diniy radikalizm. Bu ijtimoiy fenomenga bepisand qarash o‘ta xatarli. Hozirga qadar bu yo‘nalishdagi urinishlarning deyarli barchasi ayanchli fojialarga sabab bo‘lgan. Achinarlisi, keyingi vaqtlarda biror-bir yurtning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga raxna solish, uni itoatda tutish uchun diniy radikalizm omilidan foydalanishga urinishlar kuzatilmoqda.
Bugunga kelib diniy radikalizm – istilochilikning yangi turi sifatida “kashf etildi”. Bu illat jamiyat a’zolarining ruhiy holati va xulqida salbiy o‘zgarishlarga, tizginsiz ehtirosga, qo‘rquv, tahdid yoki axborot manipulyatsiyasi bilan qorishgan ommaviy psixozga ham sabab bo‘lmoqda.

Diniy radikalizm ilm-ma’rifatdan ortda qolgan, hunarga rag‘bat qilmay, jaholatga botgan xalqlar uchun “Troya oti” singari kulfat manbayidir. Chunki ushbu buzg‘unchi g‘oya harakatga evrilgach ekstremizm, prozelitizm va hatto diniy missionerlikning tegirmoniga suv quyib, terrorizmga keng yo‘l ochadi.
Iqtisodiy tanglik yoki korrupsiya mamlakat taraqqiyoti va mustaqilligi uchun qanchalik jiddiy xatar bo‘lsa, diniy radikalizm ulardan-da keskinroq xavf tug‘dirib, davlat kelajagini savol ostida qoldirishi mumkin. Buni ayrim mamlakatlar misolida ko‘rib turibmiz.
QOLAVERSA…
Har bir ijtimoiy hodisani ilmiy tadqiq etib, o‘z manfaati yo‘lida qo‘llovchilar bor. So‘z biror ne’matga zo‘ravonlik yoki o‘g‘irlik orqali ega chiqishni afzal ko‘radigan va bu yo‘lda har qanday razillikdan tap tortmaydigan kimsalar haqida bormoqda. “Ularning radikallashuv jarayoniga nima aloqasi bor?” degan savolga javob shunday: ular moddiy-ma’naviy ne’matlar va inson resurslariga bo‘lgan ehtiyojini to‘ldirish uchun shu yo‘lni tanlaydi.
Diniy radikalizmni dastaklash uchun boshqa obyektiv va subyektiv sabablar ham bor. Ilm-hunar rivojlanib, jamiyat taraqqiyotiga diniy qarashlar to‘siq bo‘lmagan, iqtisod va sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar gullab-yashnay boshlagan davlatlar iste’molchilik qismatidan qutulib, ishlab chiqaruvchiga aylanadi.
Bu esa dunyo bozorini egallab olgan, savdo urushida shafqatsiz, yerosti, yerusti va inson resurslari iste’molida ulkan ehtiyojga ega g‘irromlarga yoqmaydi. Ular tayyor boylikdan ayrilishga indamay rozi bo‘ladimi? Albatta, yo‘q. Bunday davlatni taraqqiyotdan to‘xtatish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi. Gumanitar inqirozni keltirib chiqarish, savdo urushi, oziq-ovqat embargosi, texnika yo xizmatlarga nisbatan sanksiyalar, harbiy cheklovlar qo‘llanilib, hatto jahon hamjamiyatini ishontiradigan biror-bir bahona bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bosqin uyushtirishgacha borishlari mumkin. Diniy radikal guruhlarni qo‘llab-quvvatlash shunday nayranglar biri bo‘lib, u ham bosqinga keng yo‘l ochadi.
DINIY RADIKALIZM ISTILO UCHUN BAHONAMI?
Ha, shunday. Negaki, globallashuv va ommaviy axborot vositalari, kino, musiqa va brendlar vositasida milliy g‘oya bilan milliy madaniyatni yo‘qqa chiqaradigan, mafkuraviy mustaqillikka tahdid soladigan, axloqni buzib, siyosiy beqarorlikni yuzaga keltiradigan, iste’molchilik ko‘nikmasini shakllantirib, iqtisodiy tanazzulga yetaklaydigan “ommaviy madaniyat” omilining “mevasi”ni uzoq kutish kerak.
Qolaversa, biror siyosiy harakat maqsadini belgilab, liderlar va tashkiliy guruh ishtirokida axborot kampaniyasini tashkil etib, kuchli va ta’sirli shiorlar, tamg‘alar va ramzlarni ishlab chiqish, puxta strategik reja bilan ish yuritib xalq xayrixohligini qozonish ulkan xarajatsiz bo‘lmaydi.
Biror-bir yurtni talon-toroj etish maqsadida milliy-madaniy birlikni tanazzulga yetaklaydigan, davlat manfaatlarini zaiflashtiradigan, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni kuchaytirib, vatanparvarlikni susaytiradigan kosmopolitizm singari g‘oyalar targ‘ibi uchun sarmoya tikib maqsadga yetish ham oson emas. Diniy radikalizm omili bilan esa bu maqsadga ancha oson erishiladi. Ongsiz mavjudotlar o‘rgatilib, ongli mavjudotlar ishontirib boshqarilishi inobatga olinsa, istilochilar uchun radikallashuv omilining juda ko‘p afzalliklari bor. Turli nayranglar bilan yoqilgan bu gulxan alangalanib olsa bas, keyin o‘tin tanlamaydi: ho‘l-u quruq baravar yonadi.
CHIRKIN LOYIHALAR SINOVI
Hozirgacha bir qancha davlatlar diniy radikalizmni qo‘llab-quvvatlash borasida qon to‘kilishi va xo‘rliklarga sabab bo‘lgan ko‘plab loyihalarni sinab ko‘rgan. Ularning aksari yo tasodifan, yoki atay ommaga ochiqlab ham qo‘yilgan. Misol tariqasida ayrimlarini aytib o‘tamiz.
Sobiq Sovet Ittifoqi Afg‘onistonga bostirib kirganidan so‘ng, 1979–1989-yillar mobaynida AQSh va Buyuk Britaniya maxsus xizmatlari amalga oshirgan “Siklon operatsiyasi” shunday loyihalarning biri bo‘lgan.
Afg‘on mujohidlarini qurol va mablag‘ bilan ta’minlab, diniy radikal guruhlarning shakllanishiga ko‘mak ko‘rsatgan bu loyiha oxir-oqibat “Al-Qoida” va “Tolibon” kabi ekstremistik, terroristik va diniy radikal guruhlarning paydo bo‘lishiga olib kelgan. Iqtisodiyot va tinchlik instituti ma’lumotlariga ko‘ra, IShID va uning bo‘linmalari 2024-yili 22 mamlakatda 1800 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan.
2011–2020-yillarda Suriya hukumatini qulatish maqsadida AQSh hamda Buyuk Britaniya tomonidan Iroq va Suriyadagi diniy radikal guruhlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri amaliy yordam ko‘rsatilgan. Natijada radikal islomiy tashkilot bo‘lgan IShID yanada kuchaygan. Ayni vaqtga kelib, 30 mamlakatda faoliyat yuritayotgan IShID va Pokiston toliblari terroristik guruhining kengayishi qayd etilmoqda. 2024-yili 4200 dan ortiq kishi bu guruhlarning qurboniga aylangan.
2011-yili Liviyada hukmron rejimiga qarshi bo‘lgan diniy radikal guruhlar qurol va mablag‘ bilan ta’minlangan. Loyiha ustidan nazoratning yo‘qotilishi esa bu guruhlarning Liviyada haligacha davom etayotgan beqarorlikka sabab bo‘lgan.
Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin.
1977–1981-yillarda AQSh prezidenti Jimmi Karterning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi vazifasida ishlagan taniqli siyosatchi, “Buyuk shaxmat taxtasi” va “Strategik nigoh” singari mashhur asarlar muallifi Zbignev Bjezinskiy o‘zining geosiyosiy strategiyasidan kelib chiqqan holda, diniy radikal guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni yoqlagan. U o‘z asarlarida Amerikaning global geosiyosiy maqsadlarini himoya qilish uchun radikal g‘oyalardan foydalanish tashabbusini ham ilgari surgan. Keyinchalik u sobiq Ittifoqning Afg‘onistonga bostirib kirishiga qarshi diniy radikal guruhlarni rivojlantirish loyihasi oqibatlarini ko‘rgach, radikallashtirish loyihalari bo‘yicha sinovlarning nazoratdan chiqib ketishi mumkinligini ham tan olgan.
Chunki bunday tajribalar mobaynida qo‘llab-quvvatlangan diniy-radikal guruhlar o‘z homiylariga qarshi chiqishi natijasida global terrorizm paydo bo‘ldi. “Al-Qoida” tashkiloti esa 2001-yil 11-sentyabrda AQShda mislsiz fojialarga sabab bo‘ldi.
Diniy radikal guruhlarning kuchayishi Afg‘oniston, Iroq, Suriya, Liviya, Yaman, Afrika va Osiyo qit’asi hamda Okeaniya mintaqasidagi ayrim davlatlarda beqarorlikka turtki berib, urushlarni keltirib chiqardi. Turli terror aktlarining sodir etilishiga, geosiyosiy keskinlik va harbiy mojarolarning boshlanib ketishiga olib keldi. Natijada ushbu hududlarda qochqinlar muammosi va gumanitar inqirozlar yuz berdi. Suriya, Iroq, Afg‘oniston va Afrikadan millionlab qochqinlar Yevropa va boshqa mintaqalardan boshpana izlashga majbur bo‘ldi. Yana millionlab kishilar ocharchilik, turli kasalliklar va zo‘ravonliklardan aziyat chekayotir.
XATARLI TARG‘IBOT USULLARI
Tahlillar dunyoda bir necha o‘n yillardan beri oilalar, millatlar va xalqlar, ayniqsa, yoshlar axborot yordamida radikallashtirilayotganidan dalolat qiladi. Negaki, axborot chindan ham bu borada samarali omil. U feyk – yolg‘on xabarlar, dezinformatsiya – qasddan tarqatiladigan noto‘g‘ri ma’lumotlar, ma’lum bir mafkura, masalan, soxta salafiylik g‘oyalari targ‘ibini ko‘zlaydigan axborot manipulyatsiyasi usullariga ega.
Qolaversa, ma’lum auditoriyaga moslashtirilgan radikal-ekstremistik materiallarning yaratilishi va tarqatilishini ta’minlaydigan diniy radikal kontentlarni ommalashtirish usuli ham bor.
Internet orqali radikallashtirish usuli esa turli bot hamda radikal qarashlarni ommalashtiruvchi “troll fabrikalari”, kiberjang va hakerlik harakatlaridan radikal g‘oyalarni muhokama qilish va tarqatish uchun hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan maxsus guruhlar va forumlarning platformalaridan samarali foydalanishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, hissiy va psixologik ta’sir usuli ham mavjud. Unda jamiyatda xavotir hissini kuchaytirish uchun tahdid omilidan foydalanish, “Biz va ular” konsepsiyasi vositasida yoshlarni radikallashtirish va radikal harakatlarni keng yoyish ko‘zda tutiladi.
Yana madaniyat va ta’lim, ijtimoiy fanlar, filmlar, musiqa hamda adabiyot vositasida mutaassib qarashlarni shakllantirish usuli ham uchraydi. Hozirga qadar tadqiqotchilar tomonidan aniqlangan bu usullar radikalistik, ekstremistik va terroristik targ‘ibot loyihalarini amalga oshirishda o‘z buyurtmachilariga sezilarli qulaylik bergan. IShIDning onlayn targ‘ibot loyihasi bunga yaqqol misoldir.
O‘z vaqtida IShID ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarni jalb qilish uchun maxsus media markaz tashkil qilib, forumlar va bir qancha mobil ilovalar orqali ish yuritgan. Bu harakat hanuz davom etmoqda.
“Al-Qoida” terroristik tashkilotining “As-Sahab” media markazi global radikallashuvni qo‘llab-quvvatlash uchun minglab targ‘ibot materiallarini ishlab chiqqan. “Al-Qoida”ning Somalidagi “Ash-Shabbob” yoki Yamandagi “Arab yarimoroli” qanotiga qarashli media markaz hanuz faol.
TANGANING ORQA TOMONI
Ichki ishlar vazirligi ekspertlari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, nashidaga o‘xshash qo‘shiqlar bilan radikallashtirish usuli ishlab chiqilgan va u bir necha bosqichdan iborat. Bunda dastlab marom va ohangi uyg‘un, kishi ruhini ko‘taruvchi musiqa yaratiladi. Mumtoz nashidalardan farq qilmasligi uchun ularga hamohang bastalanadi. Shu bois arab tilini tushunmaydiganlar uni oddiy nashida deb o‘ylab, yodlab olgisi keladi.
Bu jarayon tinglovchi bilan psixologik aloqa o‘rnatish deb ataladi.
Keyingi bosqichda nashida kirill yo lotin yozuvida tarjimasiz transkripsiya holida tarqatiladi. Natijada nashida matnini o‘qigan aksar kishi uni yodlab oladi. Nashida g‘oyasi ongi ostidan shu tariqa joy egallaydi.
Uchinchi bosqichda esa aqidadan yiroq, radikal diniy qarashlar bilan to‘yingan “nashida”ning arab tilidagi matni tarjimasi bilan tarqatiladi. Bu bosqichga yetib kelgan kishi manipulyatsiya natijasida radikalistik, terroristik va ekstremistik qarashlarga moyil bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston Respublikasining bunga qarshi kurashishni ko‘zda tutgan qonuniga ko‘ra, bunday “nashida”larni eshitgan va tarqatganlar bilan dastlab profilaktik suhbat o‘tkaziladi. Bu hol yana takrorlansa, ma’muriy javobgarlik, undan keyin esa jinoiy javobgarlik qo‘llaniladi.
Ayrimlar buni o‘ta qattiq choraday talqin etadi. Ammo unday emas. Aslida hozirga qadar o‘ta qattiq choralar faqat radikal g‘oyalar hukmron bo‘lgan hududlarda kuzatilgan. Bunday joylarda terroristik g‘oyalarga zid materiallarni tarqatgan, saqlagan, tinglagan va ko‘rganlar so‘zsiz qatl etilgan. Bunga inkor qilib bo‘lmas dalillar bor.
BUGUNGI “QADIMCHILAR”
Jaholat ildiz otgan ijtimoiy muhit diniy radikalizm uchun juda qulay. Diniy qarashlar bilan o‘ta uyg‘unlashgan milliy qadriyatlarga, an’analar va urf-odatlarga “patologik xasta” darajasida sadoqatli, biror-bir radikal oqimga qattiq bog‘langan, na diniy, na dunyoviy ilmi bo‘lmagan, dunyoqarashi “rahnamo”lar ta’sirida shakllangan, arabcha aytganda “Sami’na va ato’na”, ya’ni “eshitdik va iqror bo‘ldik”, degan tamoyilga amal qiluvchi kishilar radikal muhit gulxaniga moy sepuvchilardir (o‘xshatish hidoyatga boshlovchi dinga, sog‘lom aqidadagi kishilarga taalluqli emas).
Bunday kishilar mutaassib dindorlar tufayli XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Markaziy Osiyo, Qozog‘iston, Tatariston va Qofqozda faoliyat ko‘rsatgan “qadimchilar”ni esga soladi. Bu harakat a’zolari jadidcha islohotlarni diniy an’analarga zid deb bilgani uchun Turkistonda og‘ir oqibatlarga olib kelgan fitnalar sodir bo‘lgan edi.
Bugun o‘zini jamiyatdan ajratib, o‘lkada keng tarqagan mazhabga ergashmayotgan, kiyinish va xulq-atvorda “g‘alat”lik kasb etgan, davlat xizmatini nojoiz sanab, ayollarning ta’lim olishini va hunar egallashini istamayotgan, miyasi “Avgiy otxonasi”dan farq qilmay qolgan kishilarning o‘sha “qadimchilar”dan nima farqi bor?
SOXTA DA’VATCHILAR
Radikal da’vatchilarga ergashishdan naf undan istilochilikning bir usuli sifatida foydalanib turganlarga, yana dinni tijoratga aylantirgan soxta da’vatchilarga bor, xolos. Garchand ularning aksari xorijda bo‘lsa-da, internet yordamida yurt ichida ham radikal diniy g‘oyalarni targ‘ib etayotgani bois ichki va tashqi tahdid sanaladi.
Imom Shofiy rohimahullohning “Qirq olimni bir dalil bilan yengdim, bir johilni qirq dalil bilan yengolmadim”, degan gapi virtual olamda onlayn voizlik qilayotgan radikal da’vatchilarga nisbatan aytilganday, go‘yo. Ularga ishonib juvonmarg bo‘lganlar esa son-sanoqsiz.
ALOHIDA TA’KIDLASH LOZIM BO‘LGAN YANA BIR OMIL
Bugun mamlakat miqyosida olti yuzga yaqin nashriyot diniy adabiyotlarni nashrga tayyorlash bilan shug‘ullanmoqda. O‘ttizdan ortiq nashriyot diniy adabiyotlarni tayyorlash va tarjima qilish bilan faol shug‘ullanadi.
Bu nashriyotlarda kimlar xizmat qilayotgani, diniy bilimga ega muharrirlar, musahhihlar, dizaynerlar, sahifalovchilar bor yo yo‘qligi, chop etilayotgan diniy adabiyotlarda aqida, mazhab, tariqat masalalariga nechog‘li e’tibor qaratilishi, so‘z o‘yinlari yo ochiq-oydin xatoliklar bilan singdirilishi mumkin bo‘lgan diniy-mafkuraviy g‘oyalarga nisbatan muharrirlarning hammasida ham immunitet bor-yo‘qligiga ijobiy javob yo‘q. Shuning uchun diniy mavzudagi kitoblarni nashrga tayyorlash va tarqatish bilan shug‘ullanadiganlarning faoliyati muayyan talablar bilan alohida litsenziyalanadigan faoliyat turiga aylantirilsa el uchun xayrli bo‘lardi.
NIMA QILMOQ KERAK?
Biror bir axborot manbayini to‘sib qo‘yish muammoni hal qilmaydi. Radikal g‘oya targ‘ibotchilari bilan virtual poligonda yuzma-yuz turish lozim. Bu ularga basma-bas tayyorlanadigan media mahsulotlar bilan amalga oshiriladi. Shu bois virtual olamda faol axborot manbalarining bu kurashdagi o‘rni beqiyos. Afsuski, o‘zbek tilli kontentlarning ahvoli kishini mamnun etmaydi. Ushbu yo‘nalishda xizmat qilayotgan ayrim markazlarda internet yo‘nalishini nazarda tutgan shtat birliklari yetishmasligi sababli “hashar” bilan ish tutiladi. Qolaversa, tahlil, surishtiruv, teleocherk, radioocherk, televizion esselar, hujjatli filmlar, qahramonning psixologik kechinmalari va xulosalarini ochiqlaydigan film-portret janrlarida media mahsulotlar yaratish borasidagi ijodiy tashabbuslar byurokratik to‘siqlar tufayli amalga oshmay qolayotgan holatlar ham yo‘q emas.
Diniy radikalizm hodisasi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, geosiyosiy, diniy-ma’rifiy tahlillarda aks etgan davra suhbatlari, tok-shoular va podkastlarga internet nashrlari, teleradiokanallar, gazeta va jurnallardan o‘rin ajratilishi yoshlarning mohiyatni anglashida juda muhim.
Negaki, radikal g‘oyalar “25-kadr” nazariyasi, ong osti targ‘iboti, neyrolingvistik dasturlash, “Metafora va tarixiy analogiyalar”, “taqiqlangan meva effekti” singari yuzlab usullar bilan singdirilmoqda. Shu bois axborot-tahlil va media markazlar hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari tasarrufidagi ommaviy axborot vositalarining rolini inobatga olgan holda harakat qilish vaqti yetdi.
MUVAFFAQIYATLI QADAM
So‘nggi yillarda “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi ostida reabilitatsion xarakterdagi suhbatlar tez-tez tashkil etilmoqda. Bu holat diniy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirishda muvaffaqiyatli qadam sifatida e’tirof etilishi shart.
Nega?
Tasavvur qiling: ulkan to‘yxonadasiz. Hofizlar quloqni qomatga keltiradi. Birga o‘tirganlar bilan suhbatlashish nari tursin, hol so‘rash ham amrimahol. Axborot tarqatish va qabul qilishda bugungi jamiyatning ahvoli ham shunday.
Soni bir necha minglarni tashkil etayotgan axborot manbalari: veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilovalar, teleradiokanallar, gazetalar, jurnallar va kitoblar sabab zarur chaqiriqni, ogohlantirishni yo maqtovni o‘z vaqtida ilg‘ab olish imkoni kam.
Xo‘sh, shu holda kimgadir zarur gap qanday yetkaziladi?
Oldiga borib, qulog‘iga shivirlanadi, albatta. Targ‘ibot tadbirlari va reabilitatsion xarakterdagi suhbatlar ham shunga o‘xshaydi. Har qancha shovqinga qaramay, kerakli kishiga atalgan gap aniq yetkaziladi.
Voizning iqtisodiy, siyosiy, geosiyosiy, gumanitar, etnik, irqiy, diniy va g‘oyaviy-mafkuraviy jihatlarni puxta bilishi esa unga ustunlik beradi. Voiz vazifasi maxsus guruhlardan tashqari, gohida ziyolilarning va jamoatchilik hamda mahalla faollarining ham zimmasiga tushadi gohida. Demak, ularning, yana jamiyatning ma’lum bir qatlami bilan muloqotda bo‘lish imkoniga ega bo‘lgan boshqalarning, bloger va vlogerlarning diniy radikalizm borasidagi tushuncha va tasavvurlarini kengaytiradigan qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlariga e’tiborni yanada kuchaytirish, bunda asosiy urg‘uni huquqiy bilim berishga qaratish lozim. Chunki sodir etilayotgan diniy ekstremistik mazmundagi jinoyatlarning aksari (ayniqsa, layk bosish va tarqatish) huquqiy bilimning yetishmasligi natijasida sodir etilmoqda.
NEGA AYNAN KINOCHILAR?
Birinchidan, tomoshalarning eng katta qismi seriallarga to‘g‘ri keladi. Ikkinchidan, tomoshabinning aksari uy bekalari – ayollar. Uchinchidan, bola tarbiyasi, bilimi, axloqi, e’tiqodiga otadan ko‘ra ko‘proq ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan onalarni unutmaslik lozim. Chunki yoshlar ongini egallashga harakat qilayotgan radikal g‘oyalarga qarshi kurashda xolis axborot bilan qurollangan onalardan ko‘ra yaxshiroq kurashchi yo‘q.
Tadqiqotchilar seriallar, multfilmlar va badiiy filmlarning diniy e’tiqodga, psixologiya va dunyoqarashga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’sirini allaqachon isbotlashgan. Yillab davom etadigan seriallar sog‘lom yoki radikal yoxud axloqqa zid g‘oyalarni singdirishi mumkin. Katta hajmda tayyorlanib virtual olamga sizdirilayotgan salbiy media mahsulotlarning oqibatini bartaraf etish uchun kino sohasi vakillarining malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratish shart.
Diniy mavzudagi video va audioroliklarning kuzatuvchisi ko‘p. Bu e’tiqodni tijoratga aylantirgan kimsalarga qo‘l kelib, dunyoviy ilm-hunar va bank xizmatini boykot qilishga chaqiradigan, dunyoviy davlat tuzumini inkor etib, jinoyatga undaydigan roliklarning urchishiga sabab bo‘lmoqda. Shunday ekan, ularga nisbatan “g‘oyaga qarshi g‘oya” usulida javob qilish, milliy seriallarning e’tiqodga, axloqqa, ta’lim-tarbiya va dunyoqarashga ko‘rsatadigan ijobiy imkoniyatidan foydalanish lozim. Toki yaratilayotgan seriallar va yozilayotgan ssenariylar bu omilning jamiyat uchun qanchalik xatarli ekanini onalarga anglata olsin.
– Qo‘shnimning bittagina o‘g‘li bor, – deydi bir do‘stimiz, – hovlisida baqir-chaqir bo‘lganini yoki kim bilandir “sen-men”ga borganini ko‘rmaganmiz. Shu kishiga ko‘z tegib, internetdagi mutaassib bir voiz ta’siriga tushgan kelini “hunar” chiqardi. Eriga “ota-onangizga xizmat qilishga shar’an majbur emasman”, debdi. Uyidan janjal arimay qoldi.
U bo‘ldi, bu bo‘ldi, xullas, ish ajrimgacha bordi. O‘rtada ikki go‘dak bor. Oxiri ota-ona “go‘daklar bo‘zlaguncha biz o‘z kunimizni ko‘raylik”, dedi shekilli, o‘g‘ilni qoldirib ko‘chib ketishdi. Keyinroq kelin reabilitatsiya guruhi vakillaridan biriga yo‘liqibdi. Natijani qarang, qaynota-qaynonasidan kechirim so‘rab, qaytarib olib kelishdi.
Bu gap biroz bo‘rttirilgan, mubolag‘aga qorishganga o‘xshar, ehtimol. Ammo aksariyat oilalar bu kabi muammolar bilan yuzma-yuz kelayotgani bor gap. Ijodkorlar va ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuvda ana shunday jihatlarni nazarda tutgan Prezidentimiz “O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi shart”, deb ta’kidlagan edi.
MUNOZARALARNING OQILONA YECHIMI
“Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi – millat, xalq va davlat rivojiga keng yo‘l ochayotgan davlatimiz rahbarining jamiyatdagi turli hodisalarga nisbatan ma’rifiy yondashuvidan darakdir.
Bu yondashuv “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonunning imzolanishiga sabab bo‘ldi.
Ushbu qonun fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati, vazifalari, prinsiplari hamda ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi. Fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini kafolatlash, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmatni ta’minlash, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dunyoviylikni qaror toptirish bu qonunning asosiy maqsadlaridan biridir.
Konsepsiya qabul qilingungacha bo‘lgan jarayonda diniy radikal g‘oyalardan manfaatdor kimsalar, ekstremistik harakatlar va radikal oqim vakillari hamda teran tafakkurdan mahrum kimsalar fitna va ikkilanishlarga xizmat qiluvchi gap-so‘zlarni o‘rtaga tashladi. Hatto ba’zi ommaviy axborot vositalari bu holni e’tiqod erkinligini bo‘g‘ish yoki cheklash sifatida talqin etdi.
Bunday qarashlar biryoqlama, millat va davlat manfaatlariga xizmat qilmaydigan, fitnaga moyil fikrlardan iborat edi. Aslida, hech bir mustaqil davlatga alohida mavzular va yo‘nalishlar bo‘yicha konsepsiya yo doktrina qabul qilishni o‘z Konstitutsiyasi ham, xalqaro huquq me’yorlari ham man etmaydi. Zotan, shu me’yordan kelib chiqib, davlatning din borasidagi siyosati yuzasidan turli bahs-munozaralarga nuqta qo‘yadigan, turli ziddiyatlarga barham beradigan, e’tiqod erkinligini qat’iy kafolatlab, diniy-ma’rifiy muhitni mustahkamlaydigan qonuni qabul qilindi.
Unutmaylik, O‘zbekiston – ilm-hunar taraqqiysiga ulkan e’tibor qaratayotgan, g‘oyaviy va mafkuraviy tahdidlarga ma’rifiy yondashuv bilan javob beradigan, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Bu yurtda tushunchalar bilan emas, qonunlarga asosan ish yuritiladi. “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun esa shu tamoyil asosidagi davlat va din munosabatlarini belgilaydi.
Konsepsiya borasida so‘zni bunchalik olisdan boshlamay, kichikroq bir munosabat bilan ham kifoyalanish mumkin edi. Ammo Yangi O‘zbekiston Prezidentining “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan so‘zlari bunday qilishga izn bermadi. Shuning uchun diniy radikalizm muhiti olib kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar haqida, amalga oshirilayotgan ishlar va yechimini kutayotgan masalalar to‘g‘risida batafsil so‘z yuritgimiz, bu Konsepsiyaning xalqimizni ana shunday oqibatlardan himoya qiluvchi manbaga aylanishi mumkin ekanligiga dalolat qilgimiz keldi.
Negaki, radikallashuvning hech bir ko‘rinishi bashariyatga baxt olib kelmaydi. O‘z taraqqiyoti va farovonligini diniy radikalizmda deb o‘ylaganlar mutaassibona boshqaruvning qurboniga aylanayotganini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. E’tiqod erkinligi bilan diniy radikallashuv bir-biridan tubdan farq qilishini ulardan yaxshiroq anglagan kishi bormikan?!
ANGLAGANNING IQRORI
Uch-to‘rt yil muqaddam O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida diniy radikalizm muammosi sababli o‘z yurtidan majburiy chiqib ketib, bizdan vaqtincha qo‘nim topgan bir olimdan intervyu oldik. Iltimosiga ko‘ra, uning shaxsini ochiqlamaymiz.
– Mamlakatingiz ko‘p yillardan beri urush girdobida. Gohida bu yurtda hech tinchlik bo‘lganmi, deb o‘ylaymiz. Jamiyatingizning shu ahvolga kelib qolishiga nima sabab bo‘lgan? – deb savol berdik u kishiga.
Savoldan suhbatdoshimizning ko‘zlari yoshlandi.
– Bir vaqtlar mening yurtim ham sizniki kabi osoyishta edi, – dedi so‘ng iztirob bilan. – Ayol-qizlar maktablarda, kollejlar yoki universitetlarda o‘qirdilar, erkak-ayollar barobar mehnat qilardilar. Bolalarning ham, ayollarning ham huquqlarini qonun himoya etardi. Kimning ko‘zi tegdi, bilmayman. Bir zamonga kelib, qonunlar bilan emas, diniy tushunchalar bilan ish ko‘rish urf bo‘ldi.
Ikki-uch yilda vaziyat shu darajaga yetdiki, shariat sudlarining faoliyatiga rasman ruxsat berildi. Mardum (odam) davlat sudiga boradi, isboti yo‘q. Yutqazadi. Shariat sudiga uch kishini ergashtirib “mana shular guvoh” deb borsa, bas, foydasiga hukm chiqadi. Bora-bora shunchalikka yetdiki, shariat sudi oldida “guvohlar bozori” paydo bo‘ldi. Savdolashib, “guvoh” bilan sudga kiraverasiz. Natijada davlat sudiga ehtiyoj qolmadi.
Dunyoning ilmini nazar-pisand qilmay, diniy ta’limga zo‘r berdilar. Shunchalikki, bir qishloqda kamida o‘nta hujrachi. Ziyolilar ham, ahli ilm ham, ota-onaning aksari ham bu holatdan cho‘chish o‘rniga mamnun bo‘ldilar. Ana ahvol! Keyin yurtga yov kirganda u bilan savashishga na qurol topdik, na ilmga tayangan aqliy salohiyat.
Hozir esa kimnidir do‘pposlatib o‘ldirib yuborish uchun olomonga bir og‘iz yolg‘on kifoya. Qariyb ellik yildan buyon hali unisi, hali bunisi kirib vatanni payhon qiladi. Na ta’limni, na sanoatni, na iqtisodni tiklashga imkon beradilar. Asli bandalarga hidoyat bo‘lgan din mutaassiblar tufayli yurtimizni halokatli oqibatlarga tiqdi…
Qochqinlik qismatiga aylangan olimni tinglab, jaholat ta’limga, tarbiyaga, g‘oyalar va mafkuralarga singa boshlagan joyda inson uchun faqat fojiani kafolatlash mumkin ekan, degan xulosaga kelgan edik o‘shanda.
XULOSA
Imom Moturidiy zamonlaridagi buzg‘unchi oqimlar ham asl mohiyatiga ko‘ra bugungi radikal oqimlardan katta farq qilmagan. Ularning barchasi dindan jamiyat ichida fitna qo‘zg‘ash, xalqni parokanda qilish va davlatni zaiflashtirishda shunchaki bir omil sifatida foydalangan.
O‘z davrida Mo‘tazila, Jahmiya, Qadariya, Xavorijlar va kelib chiqishi shia mazhabiga bog‘lanuvchi G‘ulot firqalari ulkan fitnalarga sabab bo‘lgan. Bugun o‘sha fitnachilar o‘rnini soxta salafiylik, “Hizb ut-tahrir al-islomiy”, “Al-Qoida”, IShID, “Musulmon birodarlar”, “Boko Harom”, “Ash-Shabbob” singari harakat va oqimlar egallagan.
Shuning uchun diniy radikallashuv omiliga qarshi kurashga eng avvalo ota-onalar hushyor bo‘lishi, bolasi foydalanayotgan manbalarni kuzatib borishi, ularning qanday saytlarga, qaysi ijtimoiy tarmoqlarga, kimning shaxsiyatiga qiziqayotganini e’tiborsiz qoldirmasligi lozim.
Endi esa mulohazalarga yakun yasaymiz. Yangi O‘zbekistonning so‘z erkinligi borasidagi xalqchil siyosati bergan imkon tufayli ijtimoiy hodisa bo‘lgan diniy radikalizm haqida uzunroq so‘z aytdik. Bundan ko‘zlangan maqsad Vatanimizga, millatdoshlarimizga, xalqimizga ezgulik sog‘inishdir. Negaki, Prezident Shavkat Mirziyoyev aytganidek, “Barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulug‘ bir maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligidir”.
Abdulhamid MUXTOROV,
“Ziyo” media markazi direktori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-apreldagi 14-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600


