Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


04.02.2025 | 12:40

img1001

KELAJAK YOSHLAR QO‘LIDA. YOSHLAR-CHI?..

Ommaviy axborot vositalaridagi axborot oqimida tez-tez ko‘zga tashlanayotgan salbiy qarashlar, xudbin o‘y-fikrlar, ijtimoiy muhitda uchrayotgan ayrim muammolar xususidagi bo‘rttirishlar urchigandan urchib borayotgan bir pallada bu savol o‘ta keskin tuyular, ehtimol. Ammo xulosa chiqarishga shoshilmay, mavjud manzaraga xolis ko‘z bilan qarab, bir qancha savollarga javob izlab ko‘rish lozim. Aminmizki, shu yurt uchun befarq bo‘lmagan, o‘z xalqining taqdiri uchun eng avvalo, o‘zini mas’ul deb bilgan barcha ziyolilarimizning ham bu borada o‘z aytar so‘zi bor. Tiriklik tashvishidan bir muddat tin olib, shu mulohazalarga ham quloq tutish vaqti yetdi. Sabringizni sinash niyatimiz yo‘q, ammo gapni uzoqroqdan boshlaymiz.

Axborot tarqatishning bugungi manzarasi qay holda?

OAV nimalarni boy beryapti?

Gazetalar, jurnallar hatto teleradiokanallar ham axborot yetkazishda birinchi navbatda tezkorlikni, aniqlikni, undan so‘ngra xolislikni boy berib bo‘lganiga ancha bo‘ldi. Tahlil esa “tik-tok”chi avlodga ergashish kerak ekan” degan xulosaga kelayotganlar yoki dunyoning ishlariga beparvo, loqayd qo‘l siltab qo‘yayotganlar sababli achinarli ahvolga tushib qolgan.

Kimga boy beryapti?

Yengil-yelpi o‘ylaydigan, evolyutsiyadan ko‘ra revolyutsiyani afzal deb hisoblaydigan, “alifni kaltak deyolmaydigan”, adabiy tilni o‘zlashtirmagan, o‘zlarining ta’birlari bilan aytganda, “publikaga o‘ynaydigan”, moddiy manfaat yo‘lida na xalq, na millat, na davlatni yuzxotir qilmaydigan, kitob o‘qish haqida jimjimador so‘zlar aytishni qotirsa-da, amali bo‘lmagan, “nufuz” so‘zi bilan “nufus” so‘zining farqiga bormaydigan, biror-bir yomon xabarni tarqatish, masalan, o‘z joniga qasd qilish haqidagi xabar, ayni vaqtda uning targ‘ibiga xizmat qilishi mumkinligini hisobga olmaydigan bloger “hamkasblar”ga boy berilmoqda.

Bu borada ijobiy yechim bormi?

Avvalo, bir narsani tan olaylik: biror-bir voqea-hodisani tezlik bilan jamoatchilikka yetkazishda axborot texnologiyalarining ahamiyati chindan beqiyos. Internet aloqasi, ijtimoiy tarmoqlar, zamonaviy smartfonlar ommaviy axborot vositalari uchun yanada qulay imkoniyatlarni tug‘dirgan. Tezkor axborot tarqatish borasida juda qisqartirib aytganda birgina muxbir, bir teleoperator, bir montajchi, bir muharrirning ishini qo‘lida smartfon tutgan bir kishi bemalol bajarayotgani ham bor gap.

Bu esa asli kasbi boshqa bo‘lsa-da, daromadi yaxshi bo‘lgani bois biror-bir ijtimoiy tarmoqda o‘z sahifasini ochib olgan ayrim uddaburon kimsalarga qo‘l kelmoqda.

Axborot tarqatishdagi nazorat esa havas qilarli ahvolda emas. Shu bois bunday toifalar ma’lumotni tekshirish, unga aniqlik kiritish, sababini o‘rganish borasida o‘ylab ham o‘tirmayapti. Falon joyda yetti kishi tomonidan zo‘rlanganini aytgan, o‘zini tomdan tashlab joniga qasd qilgan kimsalar haqidagi “dod-voy”larni yozib olib, bemalol shov-shuv ko‘tarib yurishibdi. Yuzsizlik shu darajada-ki, zo‘rlanganlik haqidagi da’volar tuhmat bo‘lib chiqqanida ham shoshqaloqlik bilan tarqatilgan axborot uchun uzr so‘ralmaydi. Noto‘g‘ri axborot tarqatganlik uchun jazolanganiniyam eshitmaysiz. Ular avval begunoh yetti erkakni elga sharmanda qilib obunachilar sonini orttirgan bo‘lsa, keyin tuhmat qilgan kelinchakni sazoyi qilib yana axborot tarqataveradi. O‘z auditoriyasi sonini oshirish dardida bo‘lgan boshqa norasmiy axborot manbalari ham bunday xabarlarni hech paysalga solmay tarqatishga qo‘shilgani natijasida axborot maydonida shunday taloto‘p yuzaga keladiki, o‘zini rasmiy, professional, xolis axborot manbayi sifatida taqdim etuvchilarning o‘sha mavzuda tayyorlagan chinakam xolis axboroti ham bu shovqin-suron ichida quloqqa yetib bormay “jon beradi”.

Bunday hodisalarga har birimiz guvohmiz. O‘zimizga yarasha xulosamiz ham bor: ha, rasmiy axborot manbalarida tezkorlik yetishmayapti. Mutasaddilar bu borada, albatta, chora ko‘rishi shart. Yo‘qsa, “haqiqat kovushini kiyguncha, yolg‘on dunyoning yarmini aylanib chiqaveradi”.

Bahona izlovchilarga aytilar so‘z

Axborot yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistni jug‘rofiy maydonlar emas, axborot hududlari qiziqtirishi lozim. “Mavjud moddiy-texnika bazasi eskirgan”. “Mamlakatning har bir puchmog‘ida faoliyat yuritadigan xodimlar yo‘q”. “Buncha xodimlarni saqlashga mablag‘ yetishmaydi”, deb yozg‘irishni bas qilib, imkon izlagan ma’qul. Ular yetarli.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyunda e’lon qilingan “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng butun mamlakatdagi deyarli barcha tashkilot va muassasalar, hatto xususiy tarmoq yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan subyektlarda ham axborot xizmati tashkil etilib, matbuot kotibi lavozimi joriy etilgan.

Turli bahonalarni ro‘kach qilib, tezkor axborot tarqatishni paysalga solayotgan hamkasblar uchun eng avvalo, mana shu omil ulkan imkoniyat, aslida. Qolaversa, norasmiy axborot manbalari foydalanayotgan matoh – texnik jihatlari tasvirga olish uskunasi bilan barobar, hatto ziyoda bo‘lgan smartfonlar hammaning qo‘lida bor. Unutmaylik, smartfon ayni vaqtda tasvirga olishi, ovoz yozishi, montaj qilishi, hatto to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatishni ta’minlashi mumkin.

Gazeta-jurnallar-chi?

Fikri ojizimizcha, texnologik taraqqiyot tufayli bosma ommaviy axborot vositalarining tezkor xabar tarqatishdagi samaradorligi to‘liq yo‘qqa chiqdi. Shuning uchun bugungi gazetalarda “Falon maskanda falonchi bilan bo‘lib o‘tgan ijodiy uchrashuvdagi fikr-mulohazalar va kuy-qo‘shiqlar jamlanganlarda ulkan taassurot qoldirdi”, degan mazmundagi xabarlar vaqtni ham, pulni ham havoga sovurishday gap.

Shuning uchun o‘quvchilar gazetani ham, jurnalni ham tezkor xabar manbayi sifatida ko‘rmaydi. Axir, qo‘lidagi smartfonga bir nigoh tashlaganda nafaqat yurtimizda, balki dunyoda sodir bo‘lgan ko‘plab hodisalardan juda kam xarajat hisobiga xabardor bo‘lish imkoni mavjud.

Bosma OAV xabar tarqatmasin(mi)?

Shunday bo‘lgani ma’qul. Xabar tarqatishni elektron OAV davom ettirgani samaraliroq. Har qancha vaj keltirmaylik, buni hayot isbotlab bo‘ldi. Ammo bu – bosma ommaviy axborot vositalari jamiyat hayotida o‘z o‘rnini yo‘qotdi, degani emas. Negaki, xabar janridan tashqari tahliliy xabar janri ham bor. Qolaversa, tafsilotlar ham. Bosma ommaviy axborot vositalari tahliliy xabarlar, maqolalar, chizgilar, tanqid va suhbatlar yo‘nalishida hali ham peshqadam bo‘lishi mumkin.

Nimaga e’tibor qaratgan ma’qul?

“Maʼrifat”, “Ishonch”, “Milliy tiklanish”, “XXI asr”, “Adolat”, “Jadid” singari gazetalarda tahliliy materiallarga alohida e’tibor qaratilayotgani tahsinga sazovor. Ehtimol, biz kuzatib bormaydigan boshqa gazetalarda ham bu borada ishlar sustlashmagandir.

Bugungi gazetaning ham, jurnalning ham axborot oqimidagi eng katta vazifasi o‘quvchilarning tahliliy materiallarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish ekanini davrning o‘zi ko‘rsatyapti. Ayrim gazetalarning imkon qadar qisqa, to‘mtoq, maqsad oydinlashmagan maqolalar berishga harakat qilishi, ba’zi gazeta va jurnallarning internetdan olingan materiallar hisobiga to‘ldirilishi ham kulgili, ham ayanchli.

Kulgili jihati shundaki, internetda chiqqan zahoti minglab, ehtimol millionlab odamlar voqif bo‘lgan materialni gazetaga qo‘yish, yumshoqroq qilib aytganda, nodonlikdir.

Demak, bu tahririyatda xizmat qilayotgan, og‘zini to‘ldirib “jurnalistman” deb lof urayotgan kimsalarda loqaydlik paydo bo‘lgan. Salmoqligina pul to‘lab gazeta yo jurnaliga obuna bo‘lgan muxlisga buning evaziga qanday axborot berilayotgani uning uchun qiziq emas. Fojia ham shunda, aslida. Rahmatli ustozimiz Mahmud Sa’diy “Loqaydlikni kechirish mumkin emas, ayniqsa, qo‘liga qalam tutgan kishining loqaydligini”, derdi.

Bir safar ustoz olim Abdulla A’zam bilan ilmiy-metodik, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy mavzulardagi jurnallar xususida suhbatlashib qoldik. O‘sha vaqtlarda u kishiga “Fan va turmush” jurnalining mazmunini yanada yaxshilash borasida ko‘maklashish topshirilgan ekan.

– Internetda chiqqan materiallardan ham foydalanish kerak, – deb maslahat bergan bo‘ldi hamsuhbatlardan biri.

– Gʻalati-ku, – dedi bu gapga javoban ustoz. – Agar xorijiy internet saytlarini, telekanallarini yoki radiokanallarni eshitib, kuzatib borsangiz, “falon narsa ixtiro qilindi, mana bu ilmiy hodisa sababi aniqlandi, deb xabar bermoqda “Lancet” yo “Nature” jurnali”, deb gapirishadi. Bu nimani anglatishini bilasizmi? Gazetalar ham, jurnallar ham o‘z yo‘nalishida, ilmiy yoki tahliliy materiallarni “ovlash”da qat’iy harakat qilsa, axborot tarqatishda eng tezkor bo‘lgan internetdan “gap olib” o‘tirmasligini anglatadi.

Ustoz bu borada haq edi.

Bu gaplarning yoshlarga nima aloqasi bor?

Aniq javoblarga o‘tishdan avval sarlavhada qo‘yilgan savolga javob beraylik. Aslida, yoshlar o‘z oilasi, ota-onasi, ustozlari nazarida bo‘lishi lozim. Afsuski, minglab chaqirim masofalarni yaqinlashtirgan texnik taraqqiyot ustoz bilan shogirdning, ota-ona bilan farzandning orasidagi masofani kun sayin uzoqlashtirmoqda. Mubolag‘a bilan aytganda, bir dasturxon atrofida smartfon titkilab o‘tirgan ota-bolaning biri Gʻarbda bo‘lsa, ikkinchisi xayolan Sharqda kezadi. Dildan suhbat qurish, bolaning o‘qishi, o‘zlashtirishi, unga tarbiyaviy o‘git berish, o‘z hayotiy tajribasidan kelib chiqib unga nimanidir o‘rgatish otaning yo onaning xayolida yo‘q. Chunki ikki ko‘zi ham, butun xayoli ham qo‘lidagi axborot qutisi bilan band.

Farzandda ham shu ahvol…

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2021-yili ma’naviy-ma’rifiy ishlar ta’sirchanligini yanada oshirish borasida o‘tkazilgan yig‘ilishda: “Bugun bolalarimizni maktab, ota-ona yoki institut emas, aksariyat holda qo‘lidagi telefon tarbiyalamoqda. Mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, ko‘pincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda. Ma’naviyatimizga mutlaqo begona bo‘lgan zararli g‘oyalar chegarani buzmasdan, bildirmasdan xonadonimizga, jamiyatimizga kirib kelyapti. Soat sayin emas, daqiqa sayin kirib boryapti. Bularning barchasi biz uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangrashi zarur”, degan edi kuyinib.

Bugungi aksar oilalarning bundan-da aniqroq manzarasini tasvirlash mushkul.

Axborot oqimida…  oqib ketganlar

Bir ish qiling: na darsga, na davradagi suhbatga, na ko‘chadagi harakatga, na atrofida yordam so‘rab termilib turgan nigohlarga emas, qo‘lida tutgan smartfoniga tikilgan yigit yo qizga diqqat bilan qarang.

Bilasizmi, nimani ko‘rasiz? Oq-qoraning, yaxshi bilan yomonning, gunoh bilan savobning, ma’rifiy fikr bilan mutaassibona qarashning farqiga bormagan bir yoshning axborot makonida o‘z holiga tashlab qo‘yilganini… Adoqsiz axborot oqimida oqib ketayotgan, hatto g‘arq bo‘layotganlarni ko‘rasiz.

Agar bu gaplar lof bo‘lganida, virtual diniy voizlar ta’siriga tushib mazhabini tark etgan, tinch yurt turib, najotni notinch makondan qidirgan, virtual qimor o‘ynab ulkan ofatga yo‘liqqan, giyohvandlar yo o‘g‘rilar yoki fahsh botqog‘iga botganlar tuzog‘iga tushib qolayotgan yoshlar umuman bo‘lmasdi. Bugunning haqiqatiga ko‘ra, yoshlarga nisbatan olib borilayotgan axborot xurujiga qarshi kurashish ishlarini jadallashtirish shart.

Xo‘sh, nima qilmoq kerak?

“Butun dunyo kaftdek namoyon” degan so‘z bugun smartfon misolida chiroyli tashbehga emas, aniq voqelikka aylandi. Bu omilning ijobiy jihatlarini sanab o‘tirmaymiz. Salbiy jihatlariniyam nomma-nom aytish shart emas. U orqali yetishi mumkin bo‘lgan zararlardan qanday saqlanish borasidagi choralar haqida mulohaza yuritgan ma’qulroq.

Keskin choralarga ko‘nikib qolgan ayrim kishilar barchasini birdan o‘chirib qo‘ya qolishni tavsiya etishadi. Ammo bu noto‘g‘ri. Axborotni yashirgan emas, boshqargan yutadi. Demak, axborot iste’molini boshqarishni o‘rganish, axborot manbalarining xalq manfaatiga zid qadamlarini qat’iy nazorat qilishni faollashtirishimiz shart. Ana shunda yot g‘oyalar hujumiga uchrayotgan yoshlarga to‘g‘ri ma’noda ko‘mak bera olgan bo‘lamiz.

Salbiy axborot oqimidan qanday himoyalanish mumkin?

Salbiy axborot deganda sog‘lom ma’nodagi tanqid tushunilmaydi. Yozilganlarni o‘qib, yana senzura qilish targ‘ib etilayotgan ekan-da, degan fikrga borish ham xato. Bugungi ommaviy axborot vositalarida tanqidga yo‘l berilmayapti, degan qarashlarga ham qo‘shilmaymiz.

Bugungi jamiyatda yetarlicha, hatto keragidan ortiq tarzda tanqid mavjud. Aksariyat tanqidlar ortida manfaatlar to‘qnashuvi ham uchraydi. Demak, bu – noxolis tanqid.

Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, noxolis tanqid bobida asosan internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalar o‘ta faol. Jurnalistika sohasining asosiy mezoni bo‘lgan xolislik prinsipi ularga begona.

Bugun tanqidga nishon bo‘lmagan biror mansabdor shaxs, korxona yo muassasa qolmadi hisob. Xorijdan turib virtual olam imkoniyatlaridan foydalangan holda, davlat va jamiyat arboblariga, diniy ulamolarga, elning obro‘li shaxslariga qilinayotgan tuhmatlar adoqsiz. Eng ajablanarli jihati, bu virtual voizlarning muxlislari mamlakat ichida yashaydi. Xorijliklarga buning nima qizig‘i bor, aslida. Internet algoritmi shundayki, oddiygina bitta ma’qullash – layk bosish – o‘sha axborot manbasining yanada ommalashishiga xizmat qiladi.

Vatan haqidagi salbiy materiallar, xalqning obro‘sini to‘kadigan, olimlar va ulamolarni qoralovchi media mahsulotlarga layk bosish shunchaki xayrihoxlik emas, o‘sha yomonlikka qo‘shilish, uni kimlargadir ulashish esa, yomonlikka dalolat qilish ekanini yoshlarga tushuntirishni haligacha eplolmadik.

Bu borada eng avvalo, ziyolilar, o‘qituvchi-murabbiylar, ota-onalardagi loqaydlik hissi bartaraf etilmaguncha (bu omildan faqat shu yo‘l bilan xalos bo‘lish mumkin) ijobiy so‘z aytish amrimahol.

Eng muhim masalalardan biri – radikal axborot xurujidan himoyalanish

Demokratik tuzumni harom deb notinch mamlakatlarga borib, o‘zlarining “halol” davlatlarini tuzishni orzu qilgan ayrim radikal kayfiyatdagi yoshlarning bugungi qismati kishini o‘yga toldiradi.

Dunyoviy davlat tuzumidan “qochgan” yuzlab, ehtimol, minglab yoshlarning hayot shami taloto‘plarda so‘nayotgani esa  chinakam fojiadir. Buning oldini olishda ommaviy axborot vositalari jonbozlik ko‘rsatishi, qalamkashlar bu kurashni o‘zlarining xalq oldidagi burchi, deb tushunishlari lozim.

O‘zbekning buyuk allomalari qoldirgan nodir qo‘lyozmalar, ilm ahlini hamisha hayratga solgan ilmiy obidalar, haqni botildan, jaholatni ma’rifatdan ajratib bergan ta’limotlar, Imom Moturidiy, Abu Mu’in Nasafiy kabi allomalarning aqida borasidagi ta’limotining yuzaga kelishi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi hadis ilmi bilimdonlarining moʻtabar asarlarni bitishidan ko‘zlangan maqsad nima edi – islomning asl insonparvarlik mohiyatini anglatish emasmi?

Teran fikrli olimlarning bunday ilmiy merosni yaratishdan ko‘zlagan eng ulkan maqsadi: tarkidunyochilik, dinda g‘uluvga ketib haddan oshish, haq yo‘ldaman deb o‘ylab, aslida johilga aylanib qolish, ibodat mezonlarini unutish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik masalalarida islomning insonparvarlik ta’limotini suiiste’mol qilish, nohaq qon to‘kish, dinni tijorat vositasiga aylantirish, undan turli xalqlar va millatlarni sarson-sargardon etadigan omil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik emasmidi?

Yo‘qsa, bu ilmiy asarlarning bitilishiga ne hojat bor edi?

Ha, bu kitoblar, inson hayotini barbod etish uchunmas, uni jaholat yo‘lidan qaytarish uchun yozilgan.

Komil musulmon o‘z iymoni bilan, radikal – mutaassib musulmon esa, birovning iymoni bilan ovora bo‘lar ekan.

Nega ziyolilarimiz, jurnalistlar, jamoatchilik faollarining bu borada yodda qolarli, yoshlarga ta’sirli so‘zlarini kam uchratamiz? Tahliliy filmlar, ko‘rsatuv va eshittirishlar, maqola va suhbatlar salmog‘i nega kam?

Chorasi bor-u ijrosi yo‘q amallar sabab…

Yoshlar axborot ummonida qarovsiz qoldirilmoqda. Puxta tahlillarga, aniq dalillarga tayangan media mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi mavjud talabga javob bermayapti. Gʻoyaviy, mafkuraviy bo‘shliq o‘rniga kirib kelayotgan radikalizm balosiga eshiklar aynan axborot manbalari orqali ochilayotgani haqida tuzuk-quruq o‘ylab ko‘rmayapmiz.

Eng yomoni – kalta o‘ylab, kalta yozuvchi “tik-tok”chi avlodga ergashish kerak, degan fikrlarning uchrayotgani va tobora urchiyotgani. Aynan shu sababli diniy, ijtimoiy, huquqiy, siyosiy, iqtisodiy masalalar borasida umumiy vaqti bir daqiqaga ham yetmaydigan video roliklar yaratila boshlandi. Aynan shunday fikrlovchilar tufayli gazetadan, jurnallardan, radio va telekanallardan, internetdagi turli saytlardan kattaroq hajm talab qiluvchi tahliliy janrlar surib chiqarilmoqda. Na mazmun, na mantiq, na izchillik, na xulosa to‘liq bo‘lmagan bunday media mahsulotlarning esa foydasidan ko‘ra zarari ortiq.

Bu boradagi vaziyatni o‘nglash uchun, radikal diniy g‘oyalar, “ommaviy madaniyat” va yot odatlarning urfga kirib ketmasligi va milliylik omillarini mavh etmasligi uchun eng avvalo, axborot maydonini tartibga solish, axborot manbalarining aslida kimga yoki nimaga xizmat qilayotganini aniqlash, ular tarqatayotgan har qanday axborot zamirida Vatan manfaatiga zid bo‘lgan qarashlarning singdirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun aniq harakat qiladigan vaqt keldi.

Unutmaylik, yoshlarni radikal voizlar va buzg‘unchi toifalarning axborot xurujidan himoya qilishimiz shart! Yo‘qsa, kelajakni ishonib qo‘llariga topshirishni niyat qilgan yoshlarimiz begona qo‘llardagi o‘yinchoqqa aylanib qolishi hech gap emas.

Abdulhamid MUXTOROV,
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2025-yil 31-yanvardagi 5-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img107

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614