Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.09.2025 | 09:11

img856

FAN MILLAT TANLAMAYDI

Akademik Jaloliddin AZIMOV bilan suhbat

– Omma parazitlarni zararkunanda mavjudot bilib, tabiat va inson uchun mutlaqo keraksiz deb hisoblaydi. Ammo biologiyada aynan ularni o‘rganuvchi alohida tarmoq mavjud va Siz bu tarmoqning dunyoga tanilgan vakilisiz. Bu sohani tanlashingizga nima turtki bo‘lgan?

– Parazitologiya – odamlarda, hayvonlar va o‘simliklarda parazitlik qiluvchi, ya’ni tekinxo‘rlik bilan kun kechiruvchi organizmlarni o‘rganadigan fan. Parazitlar keng tarqalganligi bois, unga qiziqish va o‘rganish dunyo bo‘ylab rivojlangan. Ammo ilmiy faoliyatim avvalida bu sohani tanlash masalasi bo‘lmagan.

1959-yili Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini bitirib, O‘zbekiston Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutida ish boshladim. 1961-yili Moskvadagi Butunittifoq gelmintologiya instituti aspiranturasiga o‘qishga kirdim. Yetti o‘ringa mo‘ljallangan tanlovda qatnashib, 37 kishi orasidan qabul qilinganman. Bu sohani tanlashimga shunday voqea sabab bo‘lgan: o‘qishni bitirish arafasidaman, davlat imtihonlaridan birida og‘zaki javob berayotgan vaqtim professor Nikolay Vasilyev: “Siz ilm bilan shug‘ullanishingiz kerak, sizni kafedrada qoldirmoqchiman”, deya taklif bildirdi. Oilam bilan maslahatlashgan holda, amaliy tajriba orttirishga qaror qildim. Tez orada Janubiy O‘zbekiston qo‘ylarida mavjud bo‘lgan parazitlarga bag‘ishlangan nomzodlik ishimni tugatdim va 25 yoshimda dissertatsiya yoqlab, Samarqandga qaytdim. 1969-yili O‘zFA Zoologiya va parazitologiya institutiga katta ilmiy xodim bo‘lib ishga kelganman va hozirgacha shu yerdaman.

Bir kitobda o‘qigandim, ilon-chayonlarni o‘rganayotgan odam oxir-oqibat shu gazandalarga ham mehr qo‘yib qolar ekan. Bu nimadan? Sirtdan qaraganda g‘ayritabiiy yoki keraksiz bo‘lib ko‘ringan parazitologiya sohasi ichida doim ish qaynaydi, buning inson salomatligi, oziq-ovqat zanjiri uzviyligida o‘z o‘rni bor. Parazitar kasalliklar juda ko‘p va ular hayvonlarning mahsuldorligini pasaytiradi, hatto o‘limga olib keladi. Shuning uchun birinchi navbatda tashxis masalasini hal qilishimiz kerak.

Odamlar va hayvonlarning deyarli barcha organlarida parazitlar mavjud: nerv sistemasidan qon tomirlariga qadar. Ishimizning asosiy mohiyati ana shu parazitlarni o‘rganishdan iborat. O‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekistondagi xonaki va yovvoyi hayvonlarda uchrashi mumkin bo‘lgan ikki mingdan ortiq parazit turi aniqlangan. Ular keltirib chiqaradigan kasalliklar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hamda Butunjahon hayvonlar salomatligi tashkiloti dasturlari asosida o‘rganiladi.

Tadqiqotlarimiz natijalari bugungi kunda butun jahonga ma’lum. Demak, biz faqat O‘zbekiston uchun emas, jahon fani rivoji uchun xizmat qilyapmiz. Fan millat tanlamaydi.

– Domla, endi bevosita kundalik turmushda ko‘p duch keladigan masalaga to‘xtalmoqchiman. Bugun gelmintoz kasalliklarining keng tarqalishi nimalarga bog‘liq va ularning organizmga zararli ta’siri qanday?

– JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda parazitar infektsiyalardan aziyat chekkanlar soni 4,5 milliardga yetgan. Kasallik ko‘payishining asosiy omillari: issiq iqlim, gigiyena darajasining pastligi, ichimlik suvi tanqisligi.

Bugungi kunda bolalar organizmida xalq tilida “gijja”, ilmiy nomi esa gelmint bo‘lgan chuvalchanglar orqali yuqadigan kasalliklar tobora ko‘payib bormoqda. Parazitlarning yuqish usullari ularning turiga qarab farqlanadi. Masalan, askaridalar ko‘pincha qo‘lini yaxshi yuvmaydigan bolalarda uchraydi. Ostritsalar esa sanitariya qoidalariga rioya etilmay tayyorlangan, tashilgan, saqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, og‘iz va burunga tushadigan chang orqali ham odam organizmida o‘rnashishi mumkin.

Gijjalarning turi, soni va qaysi organda parazitlik qilishiga qarab kasallik turlicha kechadi. Parazitlar bilan zararlangan bemorda vazn kamayishi, qorinda og‘riq, ko‘ngil aynishi, ich ketishi, bosh aylanishi yoki jizzakilik kuzatiladi. Ayrim hollarda ichakdagi gijjalar ich qotishi yoki qayt qilishga sabab bo‘ladi, jigarda joylashsa – badan va ko‘z oqi sarg‘ayadi, shishlar paydo bo‘ladi, terida dog‘lar ko‘rinishi mumkin. Bundan tashqari, umumiy oqibatlar ham sezilarli: odamning mehnat qobiliyati pasayadi, bolalarda rivojlanish orqada qoladi, yaxshi o‘smaydi, xotira susayadi, uyqu notinch kechadi.

Parazit ko‘p hujayrali organizm bo‘lib, bir millimetrdan 8 metrgacha yoki undan ham kattaroq bo‘lishi mumkin. Ayrim bemorlarda 10 metrgacha bo‘lgan parazitlar aniqlangan.

Masalan, Qoraqalpog‘istonda “Shistosomoz” kasalligi bor, hayvonlarda uchraydi. Bu kasallik oqibatida juda ko‘p qoramol va otlar nobud bo‘lgan. Shu turni boshidan oxirigacha, ya’ni tuxumdan chiqishidan o‘zi tuxum qo‘yishigacha bo‘lgan jarayonni o‘rganganman. Shu mavzuda doktorlik ishini yoqlaganman. Izlanishlarimiz samarasi o‘laroq, Qoraqalpog‘iston va Xorazm atrofida keng tarqalgan kasallik bartaraf etildi, milliardlab pullar tejaldi. Shu bilan birga, hayvonlar sog‘lig‘ini saqlab, iste’mol uchun toza mahsulot olishga ham erishildi.

Shunday kasalliklar borki, aslida hayvonlarda uchraydi, lekin odamlar ham bundan zararlanadi. Masalan, exinokokkoz kasalligi ikkita “xo‘jayin” o‘rtasida rivojlanadi. Asosiy “xo‘jayin”lar: itlar va itsimonlardir. Hayvon va odamlarda uning lichinkali fazasi rivojlanadi. Hayvonlardagi exinokokkozni diagnostika qilishmaydi, uy hayvonlari qushxonada so‘yilganda ko‘rishadi va ro‘yxatga olib qo‘yishadi. U no‘xatdek kichkina pufakchalar shaklida bo‘ladi. Bu pufakchalar kun sayin kattarib boradi. Jigar yoki buyrak to‘qimalarini yemiradi va o‘zi o‘sa boshlaydi.

Odamlarda uchrovchi turi jiddiy kasallik keltirib chiqaradi. Unga chalingan odamni faqat jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkin. Uni davolash jarrohning mahoratiga bog‘liq. Bu kasallikka qarshi dori-darmon dunyo bo‘yicha hali ishlab chiqarilgani yo‘q.

– Ilmning maqsadi, albatta, davlat va xalqqa foyda keltirishdan iborat. Bu borada yurtimizda zoologiya sohasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– O‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, shogirdlarim bilan birgalikda 50 dan ziyod monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanma yozganmiz. Bular respublikamizning oliy, o‘rta ta’lim yo‘nalishlarida va fan sohasida o‘z o‘rniga ega. Fan bo‘yicha yozgan monografiyalarimiz parazitologiya ilmining barcha tarmoqlarini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtayi nazardan bir narsani aytib o‘tmoqchiman. “Hayvonlar shistosomozi” nomli kitobimiz hozirgi kunda Angliyada ingliz tiliga tarjima qilinib, yaqin orada darslik sifatida qo‘llaniladi.

Bugunga qadar 1200 dan ortiq ilmiy maqolalarimiz chop etilgan, shundan 40 foizi xorijiy jurnallarda bosilgan. Tadqiqotlarimiz natijasida, biz yaratgan tizim xorijda “Azimov sistemasi” nomi bilan tanilgan.

Bugungi kunda laboratoriyamizdagi ishlarning samarasi o‘laroq, yigirmadan ortiq grantga ega bo‘ldik. Mana shu grantlar evaziga laboratoriya zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Bu boradagi natijalarimiz kutganimizdan yuqori.

Bu ishlar o‘z-o‘zidan amalga oshmaydi. Fanlar akademiyasi tizimida botanika, zoologiya, mikrobiologiya institutlari va shunga o‘xshash bir nechta institutlar mavjud. Ularning vazifasi, birinchi navbatda bioxilma-xillikni o‘rganish, qolaversa, hozirgacha yetib kelgan turlarini saqlab qolish, sonini ko‘paytirish, mahsuldorligini oshirish va xalqimizni toza ekologik mahsulot bilan ta’minlashdir. Bu borada men yuqorida sanab o‘tgan institutlarning har biri o‘z yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Bu institut va universitet kafedralarining aksariyatida shogirdlarim faoliyat yuritayotganidan faxrlanaman.

Bugun yurtimizda zoologiya sohasida katta maktab yaratilgan. Yuzga yaqin yuqori malakali fan nomzodlari, falsafa doktorlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Sohada fan doktorlari 40 dan ortiq va bu natija boshqa yo‘nalishlarda kuzatilmagan. Hayvonlarni parazitar kasalliklardan saqlash maqsadida ham fundamental, ham amaliy va innovatsion tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon yildan yilga rivojlanib boraveradi. O‘zbekistonda buning uchun jahon andozalariga mos sharoit yaratilmoqda.

– Parazitlarni o‘rganishning ekologik barqarorlikka qanday foydasi bor? Kelgusida O‘zbekistonda parazitologiya fanining rivojini qanday tasavvur qilasiz?

– Parazitologiyani nafaqat veterinariya yoki tibbiyot, balki ekologik xavfsizlik kontekstida ham o‘rganish muhim. Chunki ayrim parazitlar ekinlarni nobud qilib, hosildorlikni keskin kamaytirishi mumkin. Bu boradagi ilmiy izlanishlarimiz ekologik monitoring va biologik resurslarni asrash siyosatiga xizmat qiladi.

Asosiy maqsadimiz ilmiy tafakkurni yuksaltirish, fundamental tadqiqotlarni kengaytirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Hamkorlik bo‘lsa, fan tez rivojlanadi. Shuningdek, ekologik savodxonlikni oshirish, biologik tafakkurni o‘stirish orqali aholining ham sog‘lig‘i, ham turmush sifati yaxshilanadi.

Suhbatdosh: Vasila HABIBULLAYEVA

“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-sentyabrdagi 38-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599