02.02.2026 | 15:00
1154
FASLLARNING FARQI QOLMADI
Yarim asr ilgari bir “kuf-suf” bilan “ochil dasturxon”da qish oylarida yangi uzilgan meva-sabzavotlar paydo bo‘lishini ertaklarda o‘qirdik. Hatto chorak asr ilgari ham qish oylarida bozor peshtaxtalarida meva-chevalar narxi osmonga sapchir – bir kilo olmaning puliga shu miqdor go‘sht xarid qilish mumkin edi. Eslaymiz, o‘sha yillari qaysidir Sharq mamlakatidan keltirilgan, har biriga alohida tamg‘a taqilgan olmalar ko‘zlarimizni quvontirgan, beixtiyor cho‘ntagimizni kovlab… so‘ng bosh chayqagancha boshqa peshtaxta yoniga ketishga majbur bo‘lganmiz.

1994-yil apreli adog‘ida Fransiya Prezidenti Fransua Mitteran qadim Xivani ziyorat qilish uchun rasmiy tashrif bilan kelganida, viloyatdagi mas’ullar mehmon oldiga vohaning o‘ziga xos mevalari, poliz mahsulotlarini topish, topganda ham go‘yo yangi uzilgandek tasavvur uyg‘otishi bo‘yicha berilgan topshiriqni qanday bajarish ustida rosa bosh qotirganlari ham haqiqat…
Qish oylari keskin iqlim o‘zgarishiga ega Xorazmda yirik issiqxonalar tashkil qilishga kirishilganiga hali o‘n yil bo‘lgani yo‘q. Davlat qo‘llab-quvvatlovi, banklardan imtiyozli kreditlar ajratilgani, barcha infratuzilmalar yaratilgani ortidan o‘tgan davrda vohada ming gektardan ortiq yirik issiqxonalar qurildi va mahsulotlarini aholi dasturxoniga yetkazib berish, ortiqchasini chetga eksport qilish oddiy voqeaga aylandi. Bundan tashqari, paxta yakkahokimligiga chek qo‘yilishi natijasida, vohada bog‘dorchilik, poliz-sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari soni deyarli uch baravar oshdi. Hali biz aholi tomorqalaridagi kichik hajmli issiqxonalar haqida aytmayapmiz. Bugun viloyatda qishloq aholisining qo‘lida o‘n besh mingdan ortiq kichik issiqxonalar mavjud, ayrim issiqxona egalari yil davomida ikki-uch sotix hajmdagi issiqxonasidan mavsumda 60-80 million so‘m atrofida daromad topmoqda.
Tarmoqni isloh qilishda meva-sabzavot yetishtirishgina emas, ularni aholi dasturxoniga yil davomida uzluksiz va sifatli yetkazib berish tizimini yaratishga katta ahamiyat qaratildi. Shu maqsadda barcha tumanlarda katta-kichik sig‘imli sovutgichli omborlar qisqa fursatlarda barpo etilgani sababli, bugun qahraton qish oylarida ham bozor peshtaxtalari turli mahsulotlarga to‘la. Shu bilan birga, mahsulot ko‘pligidan uning narxi qish oylarida ham mo‘tadil saqlanmoqda. Pishiqchilik davrida yangi uzilgan mevani qanday narxda xarid qilgan bo‘lsangiz, bugun ham shu narx deyarli o‘zgarishsiz turibdi.
“Oziq-ovqat xavfsizligi” atamasi turmushimizga kirib kelganiga unchalik ko‘p vaqt bo‘lmadi, ammo qisqa fursatda bu borada davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar to‘liq amaliyotga aylanib ulgurdi. Ayni paytda, sohada islohotlar poyoniga yetgani yo‘q – erishilgan marralar joyida to‘xtab qolmagan, yangi yutuqlar sari ilgarilash davom etmoqda.
Prezidentimizning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida quyidagi raqamlar keltirildi: “Yangi yilda qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash uchun 52 trillion so‘m ajratamiz. Oziq-ovqat mahsulotlarini xalqimizga barqaror narxda yetkazib berish ham to‘liq isloh qilinadi. Bozorlarimizni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan yil – o‘n ikki oy barqaror narxda ta’minlash uchun 2026-yilda doimiy intervensiya tizimiga o‘tamiz. Hududlardagi “Oziq-ovqat jamg‘armalari”ga ajratiladigan resursni 2,5 barobar ko‘paytirib, 500 milliard so‘mga yetkazamiz. Shuningdek, meva-sabzavotga ixtisoslashgan 1 mingta mahallada sig‘imi 100 tonnagacha bo‘lgan kichik sovutgichli omborlar barpo etiladi. Bu ishlarimiz kelgusi yil inflyatsiya darajasini 6–6,5 foizga tushirishga xizmat qiladi”.
Yaqin-yaqinlargacha meva-sabzavotni qishga asrash qadimgi usullarda amalga oshirilardi. Xonadonlar sabzi, turpni o‘raga ko‘mib, mevalarni yog‘och qutilarda har donasini alohida qog‘ozga o‘rab, piyoz yoki kartoshkani bir xil haroratli xonalarda saqlardi. Bu usulda saqlangan meva va sabzavotlar oilaning o‘zidan ortmas, ortig‘i bozorga chiqarilganda, narxi osmonda bo‘lardi. Buning ustiga voha sharoitida yerosti suvlari yuqori joylashganidan, sabzi yoki turp martning boshidayoq qazib olinar va u yog‘iga yangi sabzi pishib yetilguncha, palov eng tansiq taomga aylanardi. Bahorda shamollash xastaliklari ko‘p tarqalgan kezlarda shifokorlar meva-sabzavotni ko‘proq iste’mol qilishni tavsiya qilishar, bemorning yaqinlari topganini cho‘ntagiga solib, bozorma-bozor “yaxshiroq saqlangan, ta’mi og‘izga yoqadigan” meva izlab sarson yurardi.
Kichik va katta hajmli sovutgichli omborlar barpo qilinishi ortidan ushbu muammoga yechim topildi-qo‘ydi. Bunday omborlarda mahsulotlar yoz oylarigacha sifatli, go‘yo bandidan kecha uzilganday saqlanmoqda. Bu esa nafaqat ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, balki oddiy fuqarolar ham o‘z bog‘lari, tomorqalarida yetishtirgan hosilning ortiqchasini ushbu omborlarga kelishilgan shartnoma asosida topshirish amaliyotini boshlab berdi. Aytaylik, tomorqasi yoki qo‘shimcha tomorqasida bir necha tonna sabzi yoki piyoz yetishtirgan dehqon uni omborxonaga topshiradi va istagan vaqti olib bozorga chiqaradi, yaxshi daromad topadi.
Bozor peshtaxtalari deyapmiz. Aslida, hozir yilning istalgan faslida mahsulot xarid qilish uchun vaqt ketkazib bozorga borish ham shart bo‘lmay qoldi. Sababi, omborlarda saqlanayotgan meva-sabzavotlar “yetkazib berish” xizmati orqali qishloqlardagi do‘konlarga peshma-pesh eltib berilyapti. Yaqingacha qish yoki bahorda tansiq meva izlab bozorga borgan bo‘lsangiz, bugun o‘sha meva-yu sabzavot “o‘z oyog‘i bilan” uyingizga kirib kelyapti.
Bizga qo‘shni Dehqonobod qishlog‘idagi beshta mahalla ahli uzum yetishtirishga ixtisoslashgan. Har yili mavsumda o‘rtacha yigirma ming tonnadan ziyod uzum hosili olinadi. Uning bir qismi eksport qilinsa, bir qismi omborlarga topshiriladi.
Tanishim auksion orqali o‘ttiz sotix yer sotib olib, dehqonchilikka kirishdi. Birinchi hosil sifatida bug‘doy, bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga kechki sabzi ekdi. Uch oyda topgan daromadi haqida u quvonib hikoya qiladi: “Tuprog‘i unumdor, navi yaxshi ekan, o‘ttiz sotix yerdan o‘n ikki tonna sabzi oldim. Buncha hosilni eskichasiga o‘ra qazib saqlab bo‘lmaydi, shuning uchun omborga topshirdim. Har kilosiga ming so‘mdan ijara haqi to‘ladim. Axir, omborning xarajatlari ham oz emas – muntazam elektr energiyasi iste’moli bor, soliq va boshqa chiqimlari… Mart-aprel oylarida har bozor kuni yarim tonnacha sabzini bozorga chiqardim. Har kilosi to‘rt yarim-besh ming so‘mdan ketdi. Xarajatlarimni chiqarib tashlaganimda ham, shu ikkinchi hosil 40 million so‘mdan ko‘proq daromad keltirdi. Bu yoqda xaridorlarning xursand bo‘lganini ayting. To‘y-tantana qilayotgan odamlar kecha qazib olingandek saqlangan sabzini jon deb xarid qiladi-da”.
Qishloq xo‘jaligi sohasida qisqa fursatlarda amalga oshirilgan islohotlar samarasi shu bo‘ldiki, bugun yurtimizda fasllarning farqi qolmadi – yilning istagan davrida ko‘nglingiz tusagan mevani, xohlagan sabzavotni cho‘ntakbop narxlarda xarid qilishingiz mumkin. Endi “olma pishganda galing” degan ko‘hna laparlarimiz ham eskirdi. Tusagan paytingiz olma tayyor! Bu islohotlar bolalik tasavvurlarimizda qolgan “ochil dasturxon”ni haqiqatga aylantirib, hayotimizni farovon qilmoqda.
Prezidentimizning Murojaatnomasida o‘tgan yili qo‘lga kiritilgan yutuqlar va kelgusida rejalashtirilayotgan loyihalar tilga olinganida, ishtirokchilar dil izhorlarini olqishlar bilan ifodalashdi. Ayniqsa, kelgusida ilk yurtdoshimiz koinotga chiqishi haqidagi xabar hammani oyoqqa qalqitdi – gulduros qarsaklar uzoq davom etdi. Shu bilan birga, ba’zi raqam va faktlar tilga olinganida, tinglovchilar nigohlarida hayrat sezilmadi – yuqorida keltirilgan iqtibos ham shu jumladan. Sababi, bugun bu kabi fakt va raqamlar odamlarni hayratga solmay qo‘ygan, bular oddiy holatga aylanib ulgurdi. Islohotlar mo‘jizasi degani ana shu.
Ming shukur!
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2026-yil 23-yanvardagi 4-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596

