24.06.2025 | 12:31
510
TORNING CHO‘MICHDAN FARQI
(Oradan yigirma yil o‘tdi…)
Hurmatli tahririyat! Mening ushbu achchiq-chuchuk bitiklarim bundan rosa yigirma yil avval qog‘ozga tushgan, kitob holida chop etilgan ham edi. O‘shanda ushbu maqola san’at ixlosmandlari, konsert tashkilotchilari orasida jiddiy muhokama bo‘lgan, qo‘shiq shinavandalaridan ko‘plab maktublar olganman.
Oradan shuncha yil o‘tdi. Milliy qo‘shiqchilik san’atimiz yanada rivoj topdi, sahnalarimizda yangi “yulduz”lar paydo bo‘ldi. Ko‘p qo‘shiqlar xalqimizning ma’naviy merosiga aylandi. Ammo men maqola va xatlarimda tilga olgan ko‘p qusurlar so‘lim gulzordagi bangidevonadek bugun ham yashab kelayotgani bag‘oyat ajablanarlidir. Ba’zi qusurlar nainki tuzatilmadi, aksincha, kuchayib, rivojlanib ketdi. Beparvo turaversak, ahvol bundan ham yomon bo‘lishi aniq. Shu ma’noda bu mavzuga yana bir bor qaytishni, ko‘ngilni g‘ashlayotgan muammolardan gazetamizning bugungi o‘quvchilarini ham xabardor qilishni lozim topdim.
Muallif

San’atda yulduz bo‘lish kimga yoqmaydi deysiz. Ammo chinakam yulduz bo‘lish boshqa, yulduzlik kasaliga chalinib, uni qanday davolashni bilmay yurish boshqa. Hayotlik chog‘larida Komiljon Otaniyozov, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Mukarramaxonim Turg‘unboyevani hech kim “San’atimizning porloq yulduzi”, demagan. Bunga ehtiyoj ham bo‘lmagan. Chunki ular hayotda ham, sahnada ham o‘ta oddiy bo‘lishgan, yulduzlik kasaliga chalinishmagan. Odamlar orasida el qatori umrguzaronlik qilishgan. Yurish-turishda, kiyinishda, muomala madaniyatida zarracha bo‘lsin alohidalikka, kibr-u havoga berilganlarini eslay olmaymiz.
Ulug‘ san’atkorlar katta-yu kichikka, boyvachcha-yu o‘rtaholga teng munosabatlari, oddiy odamlarga ko‘proq e’tibor berishlari bilan ham nom qozonishgan. El xizmatida bo‘lganlarida, nomunosib xatti-harakatlar qilishmagan, izzattalab bo‘lishmagan. Aytilgan joyga vaqtida o‘zlari, tan qo‘riqchilarsiz “Assalomu alaykum”, deb kirib boraverishgan, to‘y egalarini, qarindoshlarni o‘rtaga to‘plab, “operatsiya” qilib, pul yig‘ishmagan. Ko‘zlari to‘q bo‘lgan. Pul degan sabil qolgur kimga yoqmaydi deysiz, ammo ular bu ajdahoning makkor jozibasiga uchishmagan.
Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonovlar paytida sahnada hech kim soxtakorlik qilmagan. Ovozi, iste’dodi bor odam o‘rtaga chiqqan, tumonat tinglovchini sel qilib qo‘shiq kuylagan. Ovozi yo‘q, umrida qo‘liga cholg‘u ushlamagan odamlar esa boshqa, qo‘llaridan keladigan ish bilan shug‘ullanishgan. Ya’nikim, oshpaz oshpazligini, novvoy novvoyligini qilgan. Hofizlar esa ularga qo‘shiq kuylashgan.
O‘sha paytlari ham bog‘larimizda anvoyi gullar barq ochilib turgan, kerak bo‘lsa, quchoq-quchoq olib kelish mumkin edi. Ammo konsert zallarida bugungiday soxta gulbozlik urf bo‘lmagan. Qarindosh-urug‘, tog‘a-jiyan, quda-anda, endigina yo‘lga kirgan nabira-jujuqchalar sahnaga chiqib, qo‘shiq kuylab turgan hofizning bo‘yniga gulchambar ilishmagan, cho‘lpillatib o‘pishmagan, egniga kimo‘zarga zarchopon yopishmagan.
Bu ham mayli, avvallari hofiz deganingiz sahnadan bemalol pastga tushib, oldingi qatorda savlat to‘kib o‘tirgan hesh-u aqrabolariga, mahalla choyxonasidagi ulfatlariga egilib-bukilib salom bermagan, volidayi muhtaramasining yoniga kelib, xuddiki onasi bilan tasodifan shu joyda uchrashib qolganday, bir-birlarini bag‘rilariga bosishmagan. Ona ham o‘g‘li san’atkor bo‘lganini, uncha-muncha xirgoyi qilib turishini xuddiki bugun, shu yerda tasodifan bilib qolganday, bolaizorini yalab-yulqamagan. U paytlarning onalari ancha vazmin bo‘lishgan shekilli-da.
Avvallari qo‘shiq kuylanayotganida birov ovoz chiqarmagan, sahnada turgan hofiz bolaning oldiga ko‘tarilib, belidan mahkam ushlab suratga tushmagan. Qulog‘iga bir nimalarni shivirlamagan. Tomoshabinlarning qiy-chuvidan ilhomlangan san’atkor birodarini dast ko‘tarib, bir-ikki aylantirib qo‘ymagan. Negaligini taxmin qilish mumkin. Ular, nazarimda, konsert bilan sirkdagi masxarabozlikning farqiga borishgan. Zavqlari kelib ketsa “do‘st” devorishgan-u shu bilan hovurlari bosilgan.
U paytlari hofizlar sahnada qo‘shiq kuylashgan. Og‘izlarini shunchaki qimirlatib turishmagan. Odob-axloq haqida ma’ruza o‘qishmagan. Ashula qolib ketib, hamkasb do‘stlarining bog‘iga tosh, kesak otishmagan.
Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov kabi ulug‘ ustozlar, eh esiz, “klip” nimaligini bilmay o‘tib ketishdi-ya…
Komiljon hofiz, Ma’murjon hofizlar paytida televideniye, radio bu qadar rivojlanmagan edi. FM kanallari va ulardagi so‘zbozlik birovning xayoliga ham kelmagandi. Bitta qo‘shiq bugungidek bir kunda yigirma-o‘ttiz marta emas, hafta-o‘n kunda bir marta efirga qo‘yilgan va sog‘inch bilan tinglangan.
U paytlari xususiy radiokanallar qayoqda deysiz. Shu kamchilik tufayli Ma’murjon-u Jo‘raxon akalar o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, uncha-muncha xarajatini ko‘tarib bo‘lsa-da, radio orqali jonli muloqotlar o‘tkazishmagan. Shunday bo‘lgandan keyin, avvaldan tayinlab qo‘yilgan “muxlis”lar, aniqrog‘i, hofizbolaning tanish-bilishlari radioga qo‘ng‘iroq qilib, iltimos qilingan savollarni hijjalab o‘qib berishmagan, “Nega ekranda ko‘rinmay qoldingiz, nega sizga e’tibor kam, falon konsertda nega qatnashmadingiz, nega shu chog‘gacha unvon olmagansiz, nega sizni ulug‘lashmayapti, qadringizga yetishmayapti…” deb masalani ko‘ndalang qo‘yishmagan. Negaki, bunday qilish uyat hisoblangan.
Avvallari televideniye hofizlarning hashamdor uy-joyini, oshxona-yu yotoqxonasini, kiyim-kechagi, vannadan chiqqanida yelkasiga yengilgina tashlab oladigan xalatini, divanda mudrab yotgan mushukcha-yu kuchukchasini, moyi artilmagan qo‘sha-qo‘sha mashinalarini takror-takror namoyish qilmagan, boshlovchilar “Mana bu qandilni qayerdan sotib olgansiz, huv anavi chinni ko‘zani sizga kim sovg‘a qilgan, mana bu ko‘ylak, oh, oh, qani endi menda ham bo‘lsa”, deb “bechora”larni so‘roqqa tutishmagan. Ustoz hofizlar, agarki shundoq qilsak, el ustimizdan kuladi, nima degan odam bo‘lamiz, deb bunday sharmandalikka aslo yo‘l berishmagan.
San’atkorlar televideniyeda oshpazlik qilishmagan. Tor bilan cho‘michning farqiga borishgan. Shu bois hofizlar hofizligini, aktyorlar aktyorligini, voizlar voizligini qilib, mahorati-yu iste’dodiga yarasha olqish olib yurishavergan.
O‘ylanib qolasan, tasavvur qilingki, o‘shanda bitta qitmir Ma’murjon aka yoki Jo‘raxon akani bir chetga tortib, “Aka, lotereya o‘yini tashkil qilganmiz, shunga o‘zingiz bosh bo‘lasiz, quruqqa emas, albatta. Sizdan lozimi – katta ashula ohangida “Otingni sot xaloyiq, molingni sot xaloyiq, a’lo o‘yinlar keldi, yutug‘i senga loyiq, voy-ey”, deb tursangiz bas” desa, bu soddasi tushmagurlar nima deyishardi ekan-a? Taxmin qilish mumkin, hoynahoy “Nimalar deyapsan hoy, tirrancha, meni kim deb o‘ylayapsan, es-hushim joyida, miyam aynib qolgani yo‘q, endi bir qilmaganim bola-chaqa, mahalla-ko‘y oldida sharmandam chiqib, kulgi bo‘lishmi, bor toshingni ter”, deb hafsalasini pir qilisharmidi…
Avvallari ham el-yurtda to‘y-tomoshalar bo‘lgan, hofiz-u hofizalar xizmatda bo‘lishgan. Ammo qo‘shiqchilar navbat talashib muxlislar ko‘z o‘ngida qirpichoq bo‘lishmagan, “Men turganda senga kim qo‘yibdi, falonchi! O‘zing falonchi!” deb dahanaki taekvondoga tushishmagan. Aksincha, bir-birlariga yo‘l berishgan.
Bu gaplar nechog‘li achchiq bo‘lmasin, hayotda bor va ko‘z o‘ngimizda har kuni, kunora sodir bo‘lib turgan voqealardir. Tabarruk san’atimiz, muqaddas sahnamiz haqqi, ular to‘g‘risida ham gapirib turishimizga to‘g‘ri keladi. Zero, san’at – guldek nozik narsa, uni har jihatdan ehtiyotlamoq, asrab-avaylamoq zarur.
QIZIM, SENGA AYTAMAN…
(Jo‘natilmagan maktublar)
San’atkor singlim!
Bugun siz ayni avj pardasidasiz, omad tulporida, ilhom qanotida yeldek uchmoqdasiz. Anvoyi gullar, hamd-u sanolarning oxiri yo‘q. Muxlis-u muxlisalar bir og‘iz lutfingizga intizor. Shunday ekan, mendan lozimmidi, sizni birozgina tergab qo‘yish, deyman o‘zimga o‘zim.
Ijodingizni anchadan beri kuzatib kelaman. Sahnaga ilk bor chiqqan kezlaringiz, ustozlarning duolari yodimda. O‘shanda ko‘pchilik sizni qo‘shiqchilik san’atimizning yangi yulduziga qiyoslagan edi. Shunday bo‘ldi ham. Qisqa vaqt ichida el-yurtga tanildingiz. Ustozlar nazaridan o‘tgan dastlabki qo‘shiqlaringiz hamon maroq bilan tinglanadi. Ammo… keyin-keyin sizda ko‘pchilik xonandalarimizga xos bir kamchilik paydo bo‘ldi. Bilasizmi, nima?
Siz sahna bezaklariga, liboslarga jiddiy e’tibor berasiz. So‘zga e’tiboringiz sust. Eng dilbar, latofatli so‘zlarimiz sizning ijrongizda bor tarovatidan ayriladi, qorishiq bir lahja domida yarador ohuday tipirchilaydi. To‘g‘ri talaffuz etilgan, to‘g‘ri urg‘ulangan So‘zgina inson qalbining nozik, ta’sirchan joylariga borib uriladi. Bu dunyoda qo‘shiqqa aylangan So‘zdan kuchli, qudratli narsaning o‘zi yo‘q. Chala-chuchuk ifodalangan, ma’no qatlari o‘rinsiz titib tashlangan, talaffuzning soxta libosi majburan kiydirilgan so‘zlar yurakka emas, paxsa devorga borib urilganday bo‘ladi. Ko‘ksini changallab nola qiladi, najot kutadi. Afsuski, siz buni his etmaysiz. Muxlislaringiz nigohiga qalqib chiqayotgan taajjub ishoralariga diqqatingiz yo‘q.
Bu mulohazalarga e’tiroz bildirishingiz mumkin. Negaki, hali shu chog‘gacha hech bir kishi ijodingizga tanqidiy yondashmagan. Ammo so‘zlarni to‘g‘ri ifodalash imkoniyatingiz bo‘la turib, masalan “ko‘z”ni “koz”, “hayot”ni “xay-yot”, “hazrati”ni “hasrati”, “yuragim”ni “yura-kim” tarzida kuylayotganingizga toqat qilib bo‘lmaydi. Qo‘shiq so‘zlari shu qadar nozikki, uning birorta harfi o‘zgacharoq yangrasa, ma’no butunlay buzilib ketadi. Birgina “Marhabo” so‘zini olib ko‘raylik. Bu so‘zdagi eng nozik, eng nafis harf “h”. Taniqli hofizlarimizdan biri shu so‘zni uzoq yillar naq ikkiga bo‘lib, “Mar-xabo” shaklida kuylab keldi. Bu qusur sizga ham o‘tgan. Qo‘shiq millatning ovozi ekanligini unutmang.
* * *
Hofiz do‘stim. Qo‘shiqlaringizni ming azob bilan tinglayman. Bilsangiz, tinglayotib… qiynalib ketaman. Negaki, pardani balanddan olasiz, bo‘riqib, zo‘riqib kuylaysiz. Kuylayotgan siz, ammo azob chekayotgan – men. “Ishqilib, omon-eson tugatib olsin-da”, deya yuragimni hovuchlab o‘tiraman. Avjiga kelganingizda ko‘zimni chirt yumib olaman.
Tinglovchiga rahmingiz kelsin, ukajon!
Qo‘shiq kuylaganda avvalo hofizning o‘zi rohat qilishi kerak. Yayrab, butun vujudi orom olib, dildan kuylasa, qandoq yaxshi. Buning aksi bo‘lsa, tinglovchi azobga qoladi.
O‘z ovozingizda, o‘z yo‘lingizda, imkoniyatingizga qarab kuylang. So‘zlar zamiridagi ma’nolarni, shoirning maqsad-muddaosini tushunib, anglab kuylang. Shunday qilsangiz, sizga ham, bizga ham oson bo‘ladi.
Bugun katta-kichik sahnalarda, bazm oqshomlarida zo‘riqib-bo‘riqib kuylayotgan qo‘shiqchilar asosan kimgadir taqlid qilish, uning ovoziga, ijro usuliga o‘xshatish yo‘lini tanlaganlar. Kimdir uzoq izlanib, ne-ne mashaqqat bilan ijro etgan qo‘shiqlarni xuddi shu yo‘sinda takrorlayotganlar oz emas. Bu – san’at ham, ijod ham emas. Bu – barg yozmaydigan, nish urmaydigan, meva tugmaydigan ko‘chat!
Siz shu yo‘lning, shu ko‘chaning boshida turibsiz. Qayting, o‘z yo‘lingizni axtaring, birodar!
* * *
Qo‘shiqchi singlim!
Qo‘shiqlaringizda pand-nasihat ko‘p. Nasihat yaxshi narsa, ammo uning ham me’yori bo‘lishi kerak. Tarbiyachining o‘zi tarbiyali bo‘lsin, deymiz, nasihat qiluvchi shu nasihatlariga avvalo o‘zi amal qilsa durust. Sahnaga yarim-yalang‘och chiqib, behayo qiliqlar qilib, so‘ng sadoqat va vafo to‘g‘risida ashula aytsa, bu – san’at emas, iqtidorning kushandasi.
Hamma zamonlarda ham sahna odobi bo‘lgan, unga hamisha amal qilishgan. Sahnada odobsizlik qilish – xalqqa, el-yurtga, san’atkorlik kasbiga nisbatan hurmatsizlik hisoblangan. Bugun bu muqaddas tushunchalarni ayovsiz ravishda oyoqosti qilmoqdalar. Qo‘shiq kuylashdan ko‘ra qaddi-qomatni, yalang‘och yelkalarni ko‘z-ko‘z qilish oshib bormoqda. Bordi-yu maqsad shu bo‘lsa, bu ishni qo‘shiqsiz ham qilsa bo‘ladi-ku! El oldiga chiqib kuylashning go‘zallar tanlovidan nahotki farqi bo‘lmasa?!
* * *
Qiziqchi birodarim!
Ochig‘i, sizga maktub yozish niyatim yo‘q edi. Ammo katta sahnalarimizdan birida bo‘lib o‘tgan kulgi kechangizni tomosha qilib, qiziqchilik san’atimizning bu qadar tubanlashib ketganidan qattiq afsuslandim. Nahotki, qiziqchiligimiz bu qadar behayo, qo‘pol, ochiq-oshkora bo‘lib ketgan bo‘lsa? Odamlarni kuldirish uchun og‘izga nima kelsa aytib, qo‘l bilan ko‘rsatib, yalang‘och so‘zlarni yanada yechintirish san’at emasligini nahotki tushunmasangiz?
Meni qiynayotgan narsa, o‘sha kechangizda siz aytib, zalda o‘tirganlarni kuldirgan yalang‘och hangomalar, latifalar. Ularning birontasini ham qog‘ozga tushirib bo‘lmaydi. Uyatdan qog‘oz qizarib ketadi, ko‘ngil xijil tortadi. Siz esa, odamlar kulishyapti-ku, deya battar avjiga chiqasiz. Tomoshabinlar orasida nuroniy otaxonlar, onaxonlar, bo‘yga yetib qolgan bokira qizlar borligi xayolingizga kelmaydi. Bir-ikki joyda deyarli aljish darajasiga yetib borganingizda bir guruh tomoshabinlar bu behayolikdan tezroq qutulish maqsadida zaldan chiqib ketishganini nahotki sezmadingiz?
Kulgi deganlari siz o‘ylaganchalik jo‘n narsa emas, u millatning qiyofasi, hayo libosi, ma’naviy-axloqiy darajasini belgilovchi o‘ziga xos ko‘zgu. Kulgi darg‘alari – keksa ustozlar buni chuqur anglashgan, tilning suyaksizligini unutishmagan. Qayerda qanday gapirish kerak, askiyada qaysi payrovni tanlash kerak, nimadan tiyilish lozimligini unutishmagan.
Bugun-chi? Ba’zi qiziqchilarimizning “ijodi” oldida ochiq erotika filmlari ham hech gap bo‘lmay qoldi. Bachkanalik ustiga bachkanalik, millat sha’niga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan holatlar.
Bu yo‘ldan qaytish kerak. O‘zingiz qayta olmasangiz, hech bo‘lmasa, shogirdlaringizni qaytaring, shuning o‘ziga ham xursand bo‘lamiz.
Ahmadjon MELIBOYEV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 20-iyundagi 25-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



