28.04.2026 | 09:53
888
“HAR KIMKI MASHRABGA YETIBDUR…”
Mashrabshunos olim, falsafa, filologiya va pedagogika fanlari doktori Mo‘min Hoshimxonov bilan suhbat

– Domla, bilamizki, Mashrab hazratlari Alisher Navoiydan keyin o‘zbek she’riyatida turli janrlarda eng ko‘p ijod qilgan sermahsul mutafakkir shoirdir. Siz o‘z ilmiy-ijodiy faoliyatingizni Mashrab hayoti va faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlab kelyapsiz. Sizning tasavvuringizdagi Mashrab kim o‘zi?
– Mashrab – otashnafas shoir. Uning Qashqardagi piri komili Ofoqxoja: “Mashrabga ozor bermanglar, u Farg‘ona dardini ko‘taradi”, degan ekan. Mashrab nafaqat Farg‘ona zamini, balki butun ahli ushshoq hasratini, dardini ko‘targan tariqat targ‘ibotchisi, avliyoyi Haq edi. Ofoqxoja yana lutf etadiki: “Har kimki Mashrabga yetibdur, bilsinki, Haqqa yetibdur”.
Mashrab darveshlikni shohlikdan ustun qo‘ygan shoir. Shuning uchun yozganki:
Bir martabada turmas emish shoh ila darvesh,
Bas, jandani kiydim-u o‘zimni darbadar ettim.
Mashrab sabr-toqatli, Haqqa yetishgan avliyo. O‘zini Haqqa bag‘ishlagan darvesh:
Bu olam ahli ichra dilparishon o‘lmasun hech kim!
Mana, uning falsafasi. Ibrohim Gʻafurov buni “Odamzodga yuborilgan Manifest” deb atagan.
Barchalar yondi gunohdin, men-chi, yonmasman hanuz!
Ayo, do‘zax meni kuydur, xaloyiq kuymasun hargiz!
Qaysi Manifestdan kam bu nidolar.
Mashrab – payg‘om rutbasidan nurlangan, poknasab, palagi toza, xalqparvar muborak zot.
– Shoir haqida haqiqat va afsonalar qorishib ketgan. Afsuski, bizda real tarjimayi hol bitish rasm bo‘lmagan. Borlarida ham manzara ta’rif va tavsif bo‘yog‘ida loyqalangandek ko‘rinadi. Mutaxassis sifatida uning biografik xarakterdagi she’rlari haqida nima deysiz?
– Adabiyotshunos olim Muhsin Zokirov fikriga ko‘ra, quyidagi misralar shoirning Namanganda yashagan davrining so‘nggi damlari g‘oyatda qiyinchilik va ta’qiblar bilan o‘tganini ochiq-ravshan isbotlaydi. Shuni aytish joizki, qissada keltirilgan bu qaydlar shoirning o‘z she’rlarida ham aks etgan va biografik xarakterga ega bo‘lgan iqroriy ta’kidlar bilan to‘la-to‘kis quvvatlanadi.
Namangandek tabarruk yurt menga tor o‘ldi,
Mullolar qutqusidan aziz boshim xor o‘ldi,
Onam, singlim mushtipar parcha nonga zor o‘ldi,
Bo‘ynim egib, tiz cho‘kmoq, naylay, menga or o‘ldi,
Ko‘ring emdi, yoronlar, ko‘ksim lolazor o‘ldi.
Kufring haddan oshdi deb, xonam yelg‘a berdilar,
Tilni kesmoq joiz deb a’lam fatvo qildilar,
Ko‘zni o‘ymoq joiz deb, jallod sari eltdilar,
Sangsar etib so‘filar qonim yerga to‘kdilar,
Ko‘ring emdi, yoronlar, ko‘ksim lolazor o‘ldi.
Asar mazmunidan anglashiladiki, shoir turli tazyiq va ta’qiblar tufayli o‘z yurtini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Shoirning Namangan hokimlari tomonidan quvilishi uning haqida xalq orasida keng tarqalgan manoqiblarda ham yozilgan.
Masalan, Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti folklor fondida saqlanayotgan rivoyatlarda shunday deyiladi: “Shoh Mashrab Namanganda yurganda hech kim uning gapini e’tiborga olmagan, she’rlariga quloq solmagan. Boz ustiga xurofot va jaholat botqog‘iga botgan chalamullalar shoirning ilohiy ishqi mohiyatiga yetib borolmay, shakkoklik va gumrohlikda ayblab, “iki dunyoni tor-u tang” aylagan”.
Shu taxlit Mashrabga o‘zi tug‘ilib o‘sgan shahri torlik qilib, bu tabarruk yurtdan bosh olib ketishga majbur bo‘lgan. Mutafakkir shoirning muqaddas Vatan, ona yurt, tug‘ilib o‘sgan maskan va uning qadr-qimmatini ulug‘lagan quyidagi g‘azali shunday vujudga kelgan:
Namangandin ketar bo‘lsam, meni yo‘qlar kishim bormu,
G‘ariblik shahrida o‘lsam, meni yo‘qlar kishim bormu?
Qani qavm-u qarindoshim, bu yo‘lda bo‘lsa yo‘ldoshim,
Ko‘zimdin oqizib yoshim, meni yo‘qlar kishim bormu?
Muhabbat sharbatin ichtim, qozondek qaynabon toshtim,
Bu foniy dunyodin kechtim, meni yo‘qlar kishim bormu?
Tushubdur boshima savdo, ramuzi ishqdin g‘avg‘o,
O‘ziga ayladi shaydo, meni yo‘qlar kishim bormu?
Turarga toqatim yo‘qtur, yurarga holatim yo‘qtur,
Yurakda ishq o‘ti cho‘qtur, meni yo‘qlar kishim bormu?
Qarorim yo‘q turay desam, Namangonda yuray desam,
Jahonni sayr etib kezsam, meni yo‘qlar kishim bormu?
Bu miskin zor Mashrabni kishi holini bilmaydur,
Bu yerdin bosh olib ketsam, meni yo‘qlar kishim bormu?
– Yana rivoyatlarga murojaat qilsak, Mashrab dastlab Qashqarga borib, Ofoqxojaga murid tushadi. Yigirma yil xizmatini qilib, turli savdolarni boshdan o‘tkarib, so‘ng Balxga borib, Mahmud Qatag‘onning qahriga uchrab, dorga tortiladi. Aslida-chi?
– Mashrab tug‘ilib o‘sgan ona shahri Namangandan chiqib, juda ko‘plab shahar va mamlakatlarga, Yaqin Sharq davlatlariga, Yevropa, Osiyo, Afrika qit’alarigacha sayohatda bo‘ladi. She’riyatidan ko‘plab mamlakatlar xalqlarini bahramand etdi. “Mashrabi devona” o‘z fe’l-atvoriga ko‘ra bir muhitda muqim turmog‘i dushvor edi. Shuningdek, uning tug‘yonli tabiatini oddiy afkor omma, o‘z ma’nosidagi fuqaro sig‘dirolmasdi. Taqdiri azal shoirni darbadar qilib yaratgandi.
Birma-bir sanaydigan bo‘lsak, u Qashqar, Yorkent, Xo‘tan, Urumchi, Turfon, Badaxshon, Balx, Qunduz, Mozori Sharif, Hirot, Andxo‘y, Buxoro, Toshkent, Chimkent, Samarqand, Ho‘qand, Nasaf, Bag‘dod, Damashq, Ko‘nyo, Quddus, Makka, Madina, Qohira, Halab, Karbalo, Kashmir, Isfaxon, Mashhad, Sheroz, Tabriz, Kobul, Shibirg‘on, Xo‘jand kabi jami 87 ta davlat va shaharlarga borgan, bu sayohatlari davomida o‘sha yerlardagi aziz-avliyolar qadamjolarini ziyorat qilgan.
Shu ma’noda, Mashrabni – dunyoni DARBADAR kezib, Haqni izlagan, uning ishqi bilan yongan shoir, deb atasak, o‘ylaymanki, xato bo‘lmaydi.
Darbadar bo‘ldum, jahonni ko‘p tamosho ayladim,
Hech gulni ko‘rmadim olamda bo‘lg‘ay xorsiz.
Mashrabo, vaqti nadomatdur, birodarlar qani?
Istiqomat qilma dunyoda pari ruxsorsiz.
– Mashrab ijodi tadqiqi bilan ko‘plab olimlarimiz, jumladan, jadid bobomiz Abdurauf Fitrat ham shug‘ullanganini bilamiz. Bu tadqiqotlarning sababi va maqsadi ayon. Lekin o‘ta milliy va islomiy bo‘lgan Mashrabning ijodi ne sababdan Yevropa ilm ahli diqqatini jalb etgani qiziq. Xususan, sayyoh Herman Vamberining bu zoti muborakka murojaat qilishi zamirida qanday muddao bor edi?
– Iqboljon, Vamberining yondashuvi ilmiy tahlilga asoslanmagan. U kishim Yevropa ziyolilariga Turkiston adabiy muhiti to‘g‘risida ma’lumot o‘rnida taqdim etgan shoirlarimiz – Navoiy va Bobur qatorida Mashrabni ham tilga olib, ijodidan namunalar keltirgan. Mutaxassislarga xos o‘rganish va izlanish dastlab ajnabiylardan Ditrel de Renn, Berner Grener, Yoxannes Avetarannanlar qo‘l urgan bo‘lsa, XIX asrning 2-yarmidan A.Xoroshxin, V.Nalivkin, N.Veselovskiy, N.Pantusov, N.Likoshin, V.Vyatkin, A.Kartsev, L.Dmitriyeva, G.Snesarev, N.Ostroumov, N.Petrovskiy, V.Belyayev, A.Kononov, N.Mikluxo-Maklay, A.Molchanov, M.Sale, A.Semyonov, O.Smirnova, A.Shmidt singari olimlar mashrabshunoslik-sharqshunoslik faniga ulkan hissa qo‘shgan. Mana bu haqiqiy ilm edi.
Ularning qiziqishi sababini bir so‘z bilan izohlab bo‘lmaydi. Ma’lumki, adabiyot faqatgina so‘z san’ati bo‘lmay, mansub xalqning fe’l-atvori, dunyoqarashi, hissiyoti, qadriyati haqida ham ma’lumotnomadir. Bu manbani har kim o‘z manfaati yuzasidan o‘rganadi. Qolaversa, XVIII asrga kelib, Ovrupo ilm-fanda yuksak taraqqiyga erishdi va bizda ko‘z o‘rganib, ko‘ngil ko‘nikib qolgan oddiy aqidalargacha ular uchun tadqiqot manbayiga aylandi. Deylik, Mashrabni yetuk naqshbandiya targ‘ibotchisi hamda vakili sifatida tariqat obyekti sifatida o‘rgangan olimlar ham bor.
– Fikri ojizimcha, shoh Mashrab yoki xalqona aytganda devona Mashrab shu qadar xalqimiz yuragidan joy olganki, har bir qishloq yo ovulda, shahru kentda ko‘plab mashrabshunoslarni topish mumkin. Nafaqat O‘zbekistonda, balki yondosh va qardosh ellarda ham mashrabsevar muxlislarni uchratasiz. Bolaligimda mahallamiz ayollari qissago‘ylikka yig‘ilib, shoir g‘azallarini, “Mashrabi devona” dostonini yig‘lab, ohangga solib o‘qiganlarini ko‘p eshitganman. Keling, biz professional milliy mashrabshunoslar haqida gaplashaylik.
– O‘lkamizda shoirning zamondoshlari Pirmat Setoriy va Is’hoq Bog‘istoniydan boshlangan mashrabshunoslik tobora rivoj topib borganini ko‘ramiz. Xususan, Siz tilga olgan Fitrat, Ayniy, G‘afur G‘ulom, Ibrohim Mo‘minov, Vohid Zohidov, Vohid Abdullayev, Aziz Qayumov, Najmiddin Komilov, Abduqodir Hayitmetov, Botir Valixo‘jayev singari atoqli olim va adiblarimiz, ulardan keyin yana o‘nlab tadqiqotchilarimiz Mashrab ijodini chuqur va batafsil o‘rgangani e’tiborlidir.
O‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, dastlab “Mashrabning ijtimoiy-falsafiy qarashlari” mavzusida nomzodlik, so‘ngra “Boborahim Mashrab va XVII-XVIII asrlarda ijtimoiy-axloqiy fikr rivoji” bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildim. Uzoq yillik mehnatlarim samarasi o‘laroq, ko‘p jildlik “Mashrabi mo‘tabar o‘zum”, shuningdek, mavzuga oid o‘nga yaqin monografiya va qo‘llanmalarim, respublika va xorijiy mamlakatlar jurnallarida 250 dan ko‘proq ilmiy-ma’rifiy maqolalarim e’lon qilindi.
– Qoyil! Hafsalangiz va ixlosingizga tasanno. Bugungi kunda “ko‘ngil quli – Mashrab” ijodiga e’tibor ko‘ngildagidek deya olasizmi?
– Mashrabning bebaho merosi uch yarim asrdan beri bizning zamonimizgacha yetib kelib, xalqimiz ma’naviyati yuksalishiga va Sharq falsafasi rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda. Shavq shoiri Mashrab hazratlari ijodiga oddiy xalqning hurmat va ehtiromi hamisha baland bo‘lgan, bugun ham bu ixlos darajoti oliydan quyi engan emas. Lekin Mashrabni yuzaki biladigan, faqat qo‘shiqlarini eshitgan, xalq og‘zaki ijodidagi to‘qimalarni asl haqiqat deb qablu qiladigan anoyi ziyolilar ham bor. Yevropa klassisizmi haqida doktorlik dissertatsiyasi yozayotgan bir dotsent hatto menga: “Qalandar, darvesh, devona shoirni buncha ko‘p e’zozlab yozgansiz”, deya e’tiroz ham bildirgan.
Nokamtarlikka yo‘ymang-u, men Jizzax viloyati yoshlarini Mashrabni eng ko‘p o‘qigan va g‘azallariga oshno bo‘lgan yoshlarimizdan deb bilaman va o‘zim ko‘p yillar Jizzax davlat pedagogika universitetida dars berib kelganim uchun talabalarimga Mashrabga oid kitoblarni muttasil tuhfa qilib kelaman.
– Domla, keling, bo‘lmasa Namangan davlat universiteti bilan Siznikilar o‘rtasida mashrabxonlik mushoirasi o‘tkazaylik. Bu bahsdan, o‘ylaymanki, hammamiz manfaatdor bo‘lamiz.
– Mayli, ma’qul. Bundan ancha yillar oldin mashrabxonlik tadbirida ishtirok etish uchun taklifga binoan Namangan viloyatiga bordim. U yerda viloyat televideniyesi va xalq oldida chiqishim odamlarga ma’qul tushgan, shekilli, shoir va yozuvchilar bilan shahar hokimiyati oldida turgan paytimizda bir yigit oldimga kelib, uyiga mehmonga taklif qildi. Yonimdagi sheriklarim oldida xijolat tortib turganimda, u yigit: “Uyimda ikkita katta qo‘chqorim bor, birini Siz va sheriklaringiz poyiga so‘yaman”, deb qat’iy turib oldi. “Nega?” degan savolimizga: “Namanganning ulug‘ farzandi Mashrab uchun har bir xonadon Sizni mehmon qilsa arziydi”, deya javob berdi. Ko‘zimga yosh keldi. Vaqt tig‘izligini aytib, uzr so‘radik. Mana, oddiy hunarmand yigitning Mashrabga hurmat-ehtiromi. Namangan ahli Mashrabni shunday e’zozlaydi.
Avvallari Mashrabning tavallud bayramlari Namangan shahrida yuqori saviyada o‘tkazilganini yaxshi eslaymiz. Nahorda elga osh tarqatilar, ulug‘ ajdodimiz ruhiga duo-yu fotihalar, so‘ng shoir g‘azallaridan namunalar o‘qilardi. Maydonda keng hajmda kitob ko‘rgazmalari bo‘lardi. Toshkentdan mashhur aktyor va xonandalar taklif etilardi. Mashrab ijodi chin dildan yodga olinib, chuqur va keng miqyosda o‘rganilar, targ‘ib etilardi. Bayram tadbiri bois she’riyat nashidasi, demak, insoniy ezgu tuyg‘ular qalblarga muhrlanardi. Korxona-tashkilotlar rahbarlari Mashrab haykali poyiga hashamdor gulchambarlar qo‘yib, hurmat bajo keltirishardi.
Bugun viloyat rahbariyati, mutasaddi shaxslarda Mashrab ijodiga nisbatan e’tibor susayib borayotganday nazarimda. So‘nggi yillarda Mashrabning tavallud sanalari bilan bog‘liq tadbirlar saviyasini kuzatgan kishi bunga o‘zi ham amin bo‘lishi mumkin.
– Domla, Mashrab nafaqat bir viloyat, balki butun turkiy dunyo shoiri. Men namanganliklarning shoir nomi bilan naqadar faxrlanishi, yodaki bilishini ko‘p bora kuzatganman. Ehtimol, hozirgi Siz aytgan holat katta tantana, keng qamrovli mashrabxonlik arafasidagi taradduddir.
Fanga qaytamiz. Siz bir yo‘la fanning uch yo‘nalishi – falsafa, filologiya va pedagogika fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagansiz. Bu shunchaki qiziqish yo statistika uchunmasdir?
– Ha, bolaligimdan ilm yo‘liga havas bilan qaraganman. Xudo xohlasa, yana ikkita himoyadan so‘ng Ginnesning rekordlar kitobiga ham kirsam kerak. Sportchi o‘z sohasida og‘ir vazifani bajargani kabi olim ham fanda o‘z og‘ir vazifasini bajaradi. Mening shiorim: qiyin ishni qiyin deb tashlab ketish emas, uni uddalashga erishmoq joiz. Bu mashaqqatli va riyozatli ishga, albatta, tinimsiz mehnat bilan erishiladi. Har bir ilmiy ishimda bugungi kunda mamlakatimizda ilm-fanga qaratilayotgan yuksak e’tibordan kuch-quvvat olaman.
Akademik Ne’matilla Ibrohimovning fikricha, birgina Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida to‘plangan ajdodlarimiz merosini o‘rganish uchun uch yuz oltmish yil zarur bo‘lar ekan. Qarang, biz qanday bebaho meros vorislarimiz!
Yaqinda muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan poytaxtimizda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazining mahobati va salobatini ko‘rib, biz qanchalar buyuk ishlarga, mo‘jizalarga qodir xalq ekanimizga yana bir bor imon keltirdim. Men mana shunday mustahkam tarixiy ildizlariga ega xalq jahonda ilm-fan sohasida, albatta, o‘z so‘zini aytishiga, yurtimizdan hali ko‘plab buyuk olimlar, Nobel mukofoti sohiblari yetishib chiqishiga ishonaman!
– Barchamiz mana shu ishonchda sobit ekanimizni ta’kidlagan holda, bugungi mazmunli suhbat uchun Sizga rahmat aytamiz, domla. Ilmiy-ijodiy ishlaringizga muvaffaqiyat tilaymiz!
I.MIRZAALIYEV suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 24-apreldagi 17-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



