09.09.2024 | 18:06
414
“HAR NE ISTARSEN…”
Kunlarimiz xushxabarlar bilan boshlanadi. Ne-ne mamlakatlar vakillari qay bir yo‘nalishda O‘zbekiston tajribasini o‘rganish uchun poytaxtimizda o‘tadigan nufuzli anjumanlarga yig‘iladi. Albatta, o‘zimizni o‘zimizga chiroyli ko‘rsatib, qalbimizda ajib bir g‘urur uyg‘otayotgan o‘zgarishlar zamonamizning adolatli siyosati, inson omilini kuchaytirish, qadrini yuksaltirish uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan bog‘liqligini yaxshi bilamiz. Lekin shu imkoniyatlardan hamma ham o‘zini tiklash, jamiyatda o‘rnini topish uchun foydalanyaptimi? Afsuski, bu savol bilan yuzma-yuz kelganimizda har doim ham ko‘nglimiz to‘ladigan javob topilavermaydi.

BIR SHANBADA
Odatim bo‘yicha, quyosh ko‘tarilmasdan eshik-ellarni saranjomlashga chiqdim. Kiraverishdagi o‘rindiqda urinib qolgan chakmonining qalpog‘ini ko‘zigacha bostirib, bukchayib o‘tirgan yigit diqqatimni tortdi. Bir necha bor kirib-chiqar ekanman, uning shu holatda o‘tiraverganiga ajablandim. “Kimsiz, nega bunday o‘tiribsiz?” deya so‘rashga og‘iz juftlagandim, yigitning o‘zi:
– Xola, bir narsa so‘rasam noto‘g‘ri tushunmaysizmi? – deb qoldi.
– To‘g‘ri gap bo‘lsa, nega noto‘g‘ri tushunaman, so‘rang, – dedim.
– Yeyishga… ozgina… non bera olasizmi?
Boshimdan oyog‘imgacha titroq turdi.
– Hozir… hozir, – degancha uyga yugurdim. Ko‘zimga nima yegulik ko‘rinib, qo‘limga nima ilinsa, patnisga qo‘yib olib chiqdim. Ichiga issiq kirgach, ko‘zlariga nur qo‘ngandek bo‘ldi.
– Uch oydan buyon Toshkentda tirikchilik qilyapman. Ota-onam yoshligimda vafot etishgan. Har kimning eshigida yurib, biror kasbning boshini tutolmadim. Hozir uyma-uy, kishilarning tomorqasi xizmatini qilaman. Ikki-uch kundan buyon ish yo‘q, bekorchi bo‘lib qoldim… Bir so‘m ham topolmayapman…
Yigitcha xuddi aybdordek boshini egdi.
– Hozir hamma yoqda qurilish-ku. Har qayoqdan kelishyapti ishlashga. O‘shanday joylarga borib ko‘rmadingizmi?
– Bordim. Hammasi kompaniya, firmalar… Tavsiyanoma, shartnoma deydi… Ko‘chadan borganni qabul qilavermaskan-da.
– Unda siz ham o‘z joyingizga keting, mahallangizga boring. Kasb-hunar o‘rgatishyapti, o‘qitishyapti, ishonchli yo‘l bilan chiqing ishlagani. Qurilish ham o‘ta mas’uliyatli joy-da. Qarindoshlaringiz bordir, ota-onangizni ko‘rgan ko‘zlar, albatta, yordam berishar…
– O‘zim ham shu haqda o‘ylayapman… Lekin uyga yetib olishim uchun ham yetmish ming so‘m kerak-da…
Gapining oxiriga qarab tovushi pasaya bordi. Eshitilar-eshitilmas so‘zlar ichida ham pul summasini anglab qoldim. Yigitning xijolat bo‘lishiga qaramay, qo‘liga yo‘lkirasini berdim. “Albatta, mahallaga uchrang. Bu yer katta shahar: yaxshi bor, yomon bor, deganday… Aldanib, adashib qolmang”, deb qayta-qayta tayinladim. Ketdi.
Anchagacha vujudimni bir o‘t kuydirib turdi. “Ehtimol, yetim bo‘lmaganida…” yoki “Mahallasi, qo‘ni-qo‘shnilari e’tiborliroq bo‘lganida… Bu xilda notanish bir ayoldan ming xijolat bilan bir burda non so‘rab yurmasmidi”, deb yonganim bilan ich-ichimdan qismatining bosh aybdori uning o‘zi ekanini bilib turardim. Ichimdagi isyonim o‘z taqdiriga befarq bo‘lgan yosh yigitning o‘ziga edi. Axir el qatori maktab ko‘rgandir. Unga ham ustozlar savod o‘rgatgandir. Agar vaqtida yaxshi o‘qiganida, diliga biror kasbning havasi tushib, harakat qilganida bugun tirikchilik uchun bunday sarg‘ayib yurmasdi-ku. “Hozir ko‘pchilik harakat odami, bunaqa tinib qolganlar dengizdan tomchi, nega kuyunasiz?” demang. Axir bitta shunday nochor bo‘lsayam, u – o‘zbek-da. Omon-omon zamonlarga yetganimizda biror millatdoshim tilanchilik uchun kaft ochib, qo‘l cho‘zmasin.
MUHIMI, SHIJOATIGA SHIKAST YETMAGAN
Yo‘lda ko‘p yuraman. U menga goh hasrat, goh quvonch, goh umid baxsh etadi. Odatda mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tiraman. Lekin bu gal orqa o‘rindiq bog‘lam-bog‘lam daraxt ko‘chatlari, nihollar bilan to‘la bo‘lgani uchun, noiloj, old o‘rindiqdan joy oldim. Biroz yurgach, qorachadan kelgan, chayirgina haydovchining sportcha uslubdagi shimining pochasi hilvillab turganiga ko‘zim tushdi. Demak, yigit nogiron, tizzadan pasti yo‘q… Buning ustiga, haydovchining oyoq ostida odatiy mashinalarda bo‘ladigan qismlar ham ko‘rinmadi… U ulovni besaranjomroq boshqarardi. Bunday paytda odamning ko‘ziga jon ko‘rinadi. Bezovtalanayotganimni sezdi-yu, menga qarab:
– Opa, qo‘rqmang, manzilingizga omon-eson yetkazib qo‘yaman, – dedi.
– Bu… – deb oyog‘iga ishora qildim-u, gapimni qanday davom ettirishni bilmay jim qoldim.
– Ha… O‘smirlikda tog‘amning mashinasini so‘roqsiz minib ketib, avariya qilib qo‘yganman. Ikkala oyog‘im ham tizzamdan uzilib, suyaklarim sochilib ketgan… Tiriklikdan nasibam bor ekan, haftalab o‘sal yotib, olti oy deganda shifoxonadan uyga chiqdim. Yomon tushkunlikka tushgandim, o‘lgim kelardi. Bir yog‘i og‘riq, bir yog‘i yigit yoshimda tiriktovonlik… Ayb esa o‘zimda… O‘z yog‘imga o‘zim qovrilib yashayotgan kunlarimda opam matonat bilan hayotga qaytgan nogironlar haqidagi asarlarni olib kelib bera boshladi. Ko‘pchiligi chet elliklar… Taskin topganday bo‘ldim. Ichimda bir kuch uyg‘ondi. Azaldan mashina minishga qiziqardim. Yoshim yetgach, o‘qib, haydovchilik guvohnomasini oldim. Nogironlik aravachasiga ilk bor o‘tirganimda juda uyalganman. Hamma menga qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatayotgandek tuyulgan. Asta-sekin hammasiga ko‘nikdim. Mana, ko‘rib turganingizday, mashinamni qo‘l bilan boshqarishga moslashtirib ham oldim.
– Hech qanday qiyinchilik sezmaysizmi? Protez degan gaplar ham bor-ku…
– Protezniyam sinab ko‘rdim. Oyog‘imning tirik qismiga moslashishi qiyin bo‘ldi. Ko‘proq harakat qilsam qonab ketaverib, jonimga tegdi. Voz kechib qo‘ya qoldim. Qimmatgina edi. Mashinam boshqalarga g‘ayritabiiy ko‘rinadi, xolos. Boshqarishda hech qiyinchilik yo‘q. Aravam yukxonamda turadi. Yig‘ib, qayta o‘ziga keltirsa bo‘ladigan qilib olganman o‘zim…
Osongina aytyapti u, lekin to‘shakdan mashina ruligacha bora olish insondan hazilakam ruhiy va jismoniy kuch talab qiladimi? Axir, uzzukun mashinada o‘tirmaydi-ku. Har tushib-chiqqanida kimdir uning aravasini o‘ng‘ay qilib berishi kerak. Har kuni bir necha bor kimlargadir sarg‘ayishi bor… Undan “Oilangiz bormi, farzandlaringiz-chi?” deb so‘ragim keldi. Bitta o‘zining qora boshi uchun kirakashlik qilib yurmagandir. Lekin yo‘q bo‘lsa-chi… “Farzandingiz nogiron ekan”, deb qizi bor oilalar shuningsiz ham har gal birovning eshigini ming hadikda qoqayotgan onani noumid qaytarayotgan bo‘lishsa-chi… Og‘iz ocholmadim. Biroq chin dildan shunday yigitning rafiqasi, o‘g‘il-qizlari bo‘lishini xohladim.
– Qibrayda turamiz. Onam ko‘chat, gul ekishga qiziqadilar. Hovlimizni bog‘, gulzor qilib yuborgan. Endi ko‘chamizdagi ariqcha yoqalab daraxtlar o‘stirishni xohlab qolibdilar. Vodiylik bir og‘aynim ko‘chat va’da qilgan edi, Farg‘ona pitakka borib olib kelyapman-da…
Yigitning har bitta gapini jon qulog‘im bilan eshitar edim. Manzilga yetgach, kelishganimizdan ko‘proq haq bergim keldi.
– Meni xafa qilyapsiz. Halol topganim o‘zimga bemalol yetadi. Odamlar menga rahm qilishini xohlamayman.
Ovozidan ranjiganligini his qilib qayta-qayta uzr so‘radim. Biroq bo‘g‘zimga nimadir tiqilgandek bo‘ldi. Tirikchilik ilinjida shaharga kelib nochor qolgan yigit bilan bog‘liq hikoyadan so‘ng nimaga ikkinchi voqeani keltirganimni izohlamoqchi emasman.
XOR QILGANNI ZOR QILISHI BOR
Abdulhamid (navbatdagi hikoyam qahramonining ismi shunday ekan. Agar men ijodiga-yu shaxsiga pir darajasida e’tiqod qiladiganim Cho‘lpon hazratlari bilan otdosh bo‘lmaganida, balki uning aytganlaridan qalbim bu qadar ozorlanmasdi) bilan ham yo‘lda bir necha soat yo‘ldosh bo‘ldim. Aslida uni talablar asosida joylarga yuk eltib beruvchi odam deb o‘yladim. Chunki orqa o‘rindiqning bir chekkasida qaysidir restoranning manzili-yu telefonlari tushirilgan yozuvga ko‘zim tushgandi. Ammo gap-so‘zlaridan ma’lum bo‘ldiki, u o‘qituvchi, hatto maktab direktorining o‘rinbosari ekan.
– Maktabdayam, institutdayam yaxshi o‘qiganman. Talabaligimizda bir o‘rtog‘im bilan ixtiro ham qilganmiz hatto. Patent olgani mutasaddi tashkilotga borsak, mas’ullardan biri “Mayli, pulini beramiz, faqat ixtiro biz aytgan odam nomiga rasmiylashtiriladi”, dedi. “Sengayam yo‘q, mengayam”, dedim. Barini qishloqdagi buvimning tandirida yoqdim. Endi maktabdayam haqsizlikka uchrab turibman…
– Qo‘ysangiz-chi, maktab eng toza maskanlarimizdan biri, ayniqsa, hozir…
– Maktabda ishlamaysiz-da, bilmaysiz. Bor bilimimni bolalarga beraman. Mayli, bitta sinfdan o‘nta emas, bitta yaxshi fizik chiqsin. Chiqaryapman ham. Lekin olqishlar maktabning mash’al muallimiga. Nima emish, u til bilarmish, sertifikati bormish…
– Axir, maktabdan bolalar kamida ikki tilni o‘rganib chiqishiga harakat bo‘lyapti-ku, til bilsa, siz aytgan hamkasbingiz shunga harakat qilsa kerak-da, – e’tiroz qilishdan to‘xtamayman.
– Ey, hammasini o‘qishga kirish uchun bo‘layotgan harakat, deb o‘ylayapsizmi? Yanglishasiz. Til o‘rganayotgan aksariyat bolalarning orzusi chetga borib ishlash, lak-lak pul topish…
– Nimadandir alam o‘tib qolibdi-da sizga. O‘zingizni yengib olishingiz kerak.
– Bir qarorga kelib bo‘ldim. Ketaman. Kirakashlik qilib bo‘lsa-da, hozirgi oyligimni topaman. Kirakashlik qilmasam, eshigimning oldiga quti qo‘yib, sigaret sotaman…
– Hay- hay, shu yerdan qayting. Qizingiz bormi?
– Alhamdulilloh, ikkita…
– Ah-ha, sovchi kelsa-yu, surishtira boshlashsa, “Otasi eshigi oldiga quti qo‘yib, sigareta sotib o‘tirar ekan”, degan javobni eshitishsa nima-yu “Maktabda direktor o‘rinbosari ekan”, deyishsa, qanday bo‘ladi? Shu taraflarini ham o‘ylang-da…
Hamrohim qizarindi… To manzilimizga yetgunimizcha boshqa gap gapirmadi. Ismini ham kimdir qo‘ng‘iroq qilganida:
– Ha, men Abdulhamidman, – degan javobidan bildim. Anchagacha ichim tuzday achishib turdi…
Men ismida qarigur Abdulhamidga alamzadalik orqasidan iste’dodini ham, o‘zini ham xor qilgan bir taqdir haqida gapirib bergim keldi:
– Yettinchi sinfda bizga sinfdan sinfga qolgan Qodir ismli bola qo‘shildi. Odatda yomon o‘zlashtirganlarni sinfdan qoldirishardi. Ammo Qodir bilimli edi. Ayniqsa, fizika, matematika kabi fanlarda hech kim uning oldiga tusholmasdi. Hatto o‘sha fan o‘qituvchilari tishi o‘tmayroq turgan masalalarni ham birpasda yecha olardi. O‘zidan nega bunday bo‘lganini so‘rashga yurak kerak edi. Chunki juda serzarda, jahldorligidan yonoqlari pir-pir uchib turadigan bola edi. Uzunquloq gaplarga ko‘ra, sinf rahbari bilan janjallashib:
– Agar shu o‘qituvchi menga sinf rahbari bo‘lsa, o‘qimaganim bo‘lsin, – deb uch oylab darsga kelmagani sabab bo‘lgan ekan. Qodir qizlarga juda nopisand edi. Bir aybini topib sharmanda qilardi. Shu holat boshimga tushmasligi uchun undan uzoqroq yurardim. Ammo nedirki, u mendan kitob so‘raydigan, ayniqsa, adabiyotdan insho yozadigan bo‘lsak, fikrlashadigan bo‘ldi. Men ham aniq fanlardan yozma ishlarda undan so‘ray boshladim. Ammo masofa saqlab gaplashardik. Xolalarimning qizlaridan biri Qodirning akasiga tushgach, u haqida ko‘p gaplarni bilib oldim. Uni bolaligida farzand ko‘rmagan tog‘asiga o‘g‘illikka berishgan ekan. U “meni asrandi qilishgan”, degan alam bilan yasharkan doim.
Men uning qalbida qatlanib yotgan alamlarning zalvorini tasavvur qilardim. Unga nimalardir degim, dunyoga nafrat bilan qaraydigan ko‘zlaridagi yovvoyi o‘tni o‘chirgim kelardi. Ammo meni o‘ziga haqiqat bo‘lib ko‘ringuvchi olamiga yaqinlashtirmasdi. Shu tarzda maktabni bitirib ketdik. Boshqa-boshqa shaharlarda o‘qidik. Ammo taqdir g‘ildiragi aylanib, necha yillardan so‘ng Toshkentda ko‘rishib qoldim. Qaysidir qurilish tashkilotida muhandis bo‘lib ishlayotgan ekan. Juda qisqa gaplashdik. Xayrlashayotib ishxonamning manzilini aytib, kelib turishini so‘radim.
– Vaqt yo‘q, – dedi odatdagi qo‘rsligi bilan. Izzat-nafsimga tegdimi:
– Ha-a, shunchaki aytdim-qo‘ydim-da, – dedim.
Shu-shu boshqa ko‘rishmadik. Ro‘zg‘or yuki og‘irlashib, o‘zim bilan o‘zim bo‘lib ketdim. Oradan ancha yillar o‘tib, xolamning qizi Qodir haqida gap topib keldi:
– Sinfdoshingiz ichkilikka berilib ketibdi. Bir xonali uyda turar ekan. Uyiyam, o‘ziyam bir ahvolda. “Nega bunday yashayapsiz, oila ham qurmabsiz”, desam “Hech kim mening qadrimni bilmaydi. Atrof to‘la hasadgo‘y, ichiqoralar”, dedi…
Shu yil qishda Qodir vafot etibdi… Birov bilan bordi-keldi qilmagani uchun mahalla kechroq xabar topibdi. Atrofiga nafrat bilan qaraydigan, achinib gapirganni ham masxara o‘rnida qabul qilib qopadigan kimsa qanday dafn qilinardi… Agar bolaligidan boshlangan alamzadalik maraz kasallikka aylanib, jism-u jonini kemirib bormaganida bu yigitning iste’dodida el-u yurtimizga ham, o‘ziga ham shon-shuhrat keltiradigan imkoniyatlar bor edi. Afsus, ming afsus…
MEN UNGA ISHONDIM
Ba’zan ish kunlarimiz ancha og‘ir kechadi. Qaytishda mashinaga chiqib olaman-u ko‘zlarimni yumib bir og‘iz gapirmayman. Kimningdir gapirishini ham istamayman. Ammo kimgadir dilini to‘kishni xohlagan odamga duch kelib qolsammi… Bu gal ham shunday bo‘ldi. Yo‘l tirband. Uzoq-uzoq to‘xtab qolamiz. Haydovchi esa har to‘xtaganda telefoniga yopishadi, nimalarnidir pichirlaydi. “Tavba, yoshi qirqqa yaqinlashib qolgan bo‘lsa kerak, telefon o‘ynashiga balo bormi?” deb o‘ylayman.
– Nemis tilini o‘rganyapman, – dedi haydovchi ko‘nglimdan kechganlarini sezganday. – Ancha tilim kelib qoldi. Yana ozgina shug‘ullanay. Keyin Germaniyaga ketaman…
– Tirikchilikkami? – Boshqa nimayam kelardi tilimga.
– Yo‘q. Tirikchilik o‘zimizda ham yomonmas. Bolaligimdan texnikaga qiziqaman… Serfarzand oilada o‘sganman, o‘qishga sharoit bo‘lmagandi. To‘g‘rirog‘i, o‘qish bunchalik kerak bo‘lishiga avvallari aqlimam yetmabdi. Lekin o‘tgan asrning texnikalarini ham, zamonaviy texnika vositalarini ham bemalol tuzata olaman. Avvallari ustalar yonida o‘ralashib yurib o‘rganardim. Hozir internet beminnat ustoz. Har kuni ish bor.
– Shunday bo‘lsa Germaniyada nima qilasiz? Musofirlikning noni qattiq bo‘lishini bilarsiz…
– Bir kompaniyaga bordim. O‘zimning qanday ustaligimni aytdim, soha bilimdonlari bir soatdan oshiqroq savol-javob qilishdi. “Nahot shuncha narsani mustaqil o‘rgangan bo‘lsangiz…”, deb hayron ham bo‘lishdi. Keyin “uch million oylikka rozi bo‘lsangiz, sizni ishga olamiz”, deyishdi. Sekin surishtirsam, mendek mutaxassislar sakkiz million maosh olishar ekan. Mayli, menga uncha berishmasin, “hech bo‘lmasa, besh million bering”, desam, “Uch”gayam jon deng, o‘qimagan bo‘lsangiz, bir kaftcha keladigan qattiq qog‘ozingiz yo‘q”, deb yubordi. Eshigini sekin yopib chiqdim.
– Chakki qilibsiz, ishingizni ko‘rishgach, oshirishardi balki, sabr qilish kerakmidi?
– Men shu holimda ham diplomlilar bilan teng haq olishga haqliman. “Hap sanimi, bir joydan yorib chiqmasammi”, dedim. Astoydil qiziqib ko‘rdim, eng zamonaviy texnikalarning ehtiyot qismlari Xitoy, Germaniya kabi davlatlardan kelar ekan. Avval xitoy tilini o‘rganmoqchi bo‘ldim, qiyin ekan. O‘rgansa bo‘ladi-yu ko‘p vaqt talab qilarkan. Shuning uchun nemis tilini o‘rganishni boshladim. Hujjatlarimni migratsiya xizmatiga topshirib qo‘yganman. Ham o‘qiyman, ham ishlayman, texnika ta’mirining eng nozik tomonlarigacha o‘rganib kelib, o‘zim zo‘r firma ochib, o‘sha iqtidorimni qadrlamaganlarga kuchli raqobatchi bo‘laman…
Hamrohim o‘zining gaplaridan o‘zi zavqlanib yurakdan kuladi…
– Niyatingizga yeting. Mengayam motivatsiya berdingiz. O‘g‘lim “Haydovchilikka o‘qing, mashina olib beraman”, desa “Qirqimda surnay chalishni o‘rgansam, o‘lganimda chalamanmi”, deb unamasdim. Sizning shashtingizni ko‘rib, oyoqda yuribman-ku, o‘qisam bo‘lar ekan, deb o‘ylayapman. Mashinam buzilib qolsa, sozlab beradigan ustayam tayyor ekan, – hazil aralash gap qotaman.
“O‘ZINGDIN ISTAG‘IL…”
Shitob evrilayotgan zamonlar, zamonlar nafasi akslangan tuzuklar, qonunlar ishlayotgan mamlakat imkonlari ham odamlarning o‘zini anglashida katta o‘rin tutadi. Ammo yuqoridagi voqealardan ham ko‘rib turganingizdek, har kimning o‘zi o‘z taqdirining qahramonidir. Yuksalish ham, cho‘kish ham odamning o‘ziga bog‘liq. Hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek:
O‘z vujudingg‘a tafakkur aylag‘il,
Har ne istarsen, o‘zingdin istag‘il…
Qutlibeka RAHIMBOYEVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



