Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.12.2024 | 09:43

img857

IJODNING QO‘SH QANOTI

Akademik Abdulla A’zamov haqida yozish oson emas. Bu ishga kirishmoqchi bo‘lgan kishi kamida ustoz Alibek Rustamiydan uzoq yillar saboq olgan bo‘lishi kerak. Va yana: bu olim haqida bir nima yozmoqchi bo‘lgan kishi niyatini oshkor qilmagani ma’qul. Boshqalarni bilmadim, ammo Abdulla aka eshitib qolsa, quyuq qoshlarini chimirib, taqa-taq to‘xtatadi. “E, qo‘ying, boshqa ish yo‘qmi?”, deydi.

Besh muchalga to‘lganida do‘st-qadrdonlariga dasturxon yozgani yodimizda. O‘shanda Abdulla aka har birimizning qo‘limizga bir varaqli yo‘riqnoma tutgan, unda dasturxonga o‘tirib, qorin to‘yganidan keyin bir nimalarni bahona qilib ketvormaslik, yaxshi kayfiyatda zarur-zarur gaplardan gapirib o‘tirish, ammo zinhor “yubilyar” degan so‘zni ishlatmaslik, ma’ruza qilmaslik, ortiqcha hamd-u sanoga berilmaslikni qattiq tayinlagan edi.

Bu ham mayli. Akademik unvoniga sazovor bo‘lgan do‘stimiz yetmish besh yoshga to‘lganida esa bu yorug‘ olam dunyo maqomini olganidan beri birorta “yubilyar”ning xayoliga kelmagan ishni qildi: Konservatoriyaning muhtasham zali taklif etilganlar bilan to‘ldi. Olim tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan rasmiy tadbir avvalida sahna pardalari asta ko‘tarilib, Abduhoshim Ismoilov boshchiligidagi san’atkorlar hazrat Navoiyning umr shomida Allohga iltijosini zikr-munojot yo‘lida favqulodda mahorat bilan ijro etdi.

Yo Rab, o‘lg‘on chog‘da jonim
jismi vayrondin judo,
Ul bo‘lub mundin judo,
Sen bo‘lmag‘in ondin judo…
Naqdi jon chiqqanda iymon
gavharin ko‘nglumga sol,
Aylag‘il jondin judo,
lek etma iymondin judo…

Yuraklarni sel qilib yuborgan ijrodan so‘ng sahnaga… Abdulla akaning o‘zi ko‘tarildi va kutilmaganda yetmish besh yilligi qolib, buyuk kompozitor Lyudvig Van Betxovenning hayoti, ijodiy merosi, dunyoga mashhur 5-simfoniyasining yaratilish tarixi, 35-38 yoshlarida eshitish qobiliyati yomonlashganiga qaramay, simfoniyani yozib tugatgani, asar ilk bor 1808-yil 22-dekabr kuni Venadagi mashhur “An der Viy” teatrida qulog‘i deyarli eshitmayotgan muallifning dirijyorligida (orkestr a’zolaridan biri unga ishora bilan takt berib turgan) ijro etilgani haqida maroq bilan so‘zlay boshladi. “Simfoniya inson qalbining favqulodda chuqur va sirli dunyosini ochib beradi. Goh yoqimli lirik, goh mahzun va g‘amnok, goh murakkab falsafiy, keyin esa kuchli dramatik holatlar asar kompozitsiyasining bag‘oyat mukammalligini ta’minlaydi…

Simfoniyaning boshlanishi bamisoli eshik qoqayotgan ajaldan darak beruvchi ogohlik qo‘ng‘iroqlariga o‘xshab ketadi”.

Abdulla aka og‘ir-bosiq, ammo ta’sirchan ohangda, biroz hayajon bilan so‘zlardi. Menga yonma-yon o‘tirgan taniqli san’atkorlardan biri: “Bu domla musiqashunos ekan-ku, menga matematik olim deyishgandi”, dedi men tomon biroz engashib.

Men ham yuzimni sherigim tomon burib “Musiqashunos, olim, yozuvchi. Yozganlarini o‘qisangiz, zo‘r fikrlari, achchiq-achchiq, jizillatadigan tanbehlari qulog‘ingizga kuy-qo‘shiqday eshitiladi, mazza qilasiz”, dedim. “Donishmandligi bor ekan”, dedi hamrohim mamnun ohangda.

Bu e’tirof matbuotda e’tibordan chetda qolayotgan ko‘plab muammolarni dadil ko‘tarib chiqadigan cho‘rtkesar olim Zuhriddin Isomiddinovning “Donishmandlardan biri…” sarlavhali tanqidiy-kesatiq maqolasini yodimga soldi. Zuhriddin unda ko‘pchilik bir nima yozsa, teleko‘rsatuvda qatnashsa, minbarga ko‘tarilsa, biror fikrining isboti sifatida “Donishmandlardan biri shunday degan ekan…” deyishini, o‘quvchi, tinglovchi bu gapni qaysi donishmand qachon, qayerda, nima maqsadda aytganini bilolmay, boshi qotishini xo‘b o‘xshatib kinoya qilgan edi.

O‘tmish allomalar, dunyoga mashhur donishmandlarni yodga olish, ularga suyanish, dono fikrlaridan iqtiboslar keltirish zarur, albatta. Ammo bugun xalqimiz orasidan ilm-ma’rifatda, tafakkurda o‘tmish allomalarga munosib izdosh desak to‘la ma’noda arziydigan, bir necha tilda, bir necha sohalarda barobar ijod qila oladigan yangi munavvarlar yetishib chiqayotgan ekan, istiqlol zamonining bu yangi donishmandlariga ham e’tibor berishimiz, zarur emasmi?! Ijodkor ustozlar Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Halima Xudoyberdiyeva, Tursunoy Sodiqova, Shavkat Rahmon, Erkin A’zamov, Xurshid Do‘stmuhammad, muhtaram olimlarimiz Aziz Qayumov, Suyima Gʻaniyeva, Gʻaybulla as-Salom, Botirxon Akramov, Najmiddin Komilov, Ibrohim Gʻafurov, Ne’matilla Ibrohimov, Ubaydulla Uvatov, Abdulla A’zamov, Abduraim Erkayevni buyuk bobolarning munosib izdoshlari ro‘yxatiga kiritsak va bu ro‘yxatni bugun ona tilida ham, xorijiy tillarda ham biyron so‘zlayotgan, noyob ilmiy salohiyatini namoyon etib, dunyo nigohini O‘zbekistonga burayotgan yoshlar bilan to‘ldirib borsak, xato emas, g‘oyat to‘g‘ri ish bo‘ladi. Vaqt o‘tganidan keyingi hamd-u sanodan naf yo‘q.

Abdulla akani men yoshlar gazetasida ishlab yurgan kezlarim taniganman. O‘sha yillari gazetada “MSM – matematiklarning sirtqi maktabi” rukni bo‘lib, u sohaga qiziqqan yoshlar uchun ayni muddao bo‘lgan. Abdulla akaning suhbatlaridan matematika u kishining qon-qoniga singib ketganini sezish qiyin emas edi. Mashg‘ulotlar chog‘i “Matematika mantiqiy fikrlashga o‘rgatadi”, derdi yosh ustoz.

Yillar o‘tib, Abdulla aka taniqli matematik olim sifatida shakllandi. Hozirgi Milliy universitetda differensial tenglamalar bilan shug‘ullandi. Birinchi o‘zbek ensiklopediyasi nashriga salmoqli hissa qo‘shdi. Hijriy va milodiy taqvimlarda sanalarni kunma-kun o‘girish jadvalini ishlab chiqdi. Nomzodlik ishini Toshkentda, doktorlik ishini Sankt-Peterburgda himoya qildi. Iqtidorli yoshlarga mantiqiy matematika xususiyatlarini o‘rgatdi. Keyin… Namangan safariga ketdi. Universitetga rektor bo‘ldi. O‘qishga qabul qilish va o‘quv jarayonini tashkil etishga doir xolis, adolatli tizimni yo‘lga qo‘ydi. Bu tizim ko‘p o‘tmay o‘zining ijobiy samarasini berdi. Ammo… o‘sha yillari oliy ta’limni chirmovuqdek o‘rab olgan tanish-bilishchilik “an’ana”si yangi rektorning bu shijoati yo‘lini, garchi u kutilgan samarani berayotgan bo‘lsa ham, to‘sdi. Toshkentga qaytishga to‘g‘ri keldi. “Tafakkur” jurnalida ish boshladi.

Keyinchalik Abdulla aka bilan Prezident Devonida bir muddat birga ishladik. Abdulla aka iqtidorli yoshlarga mo‘ljallangan Oliy adabiyot kursini tashkil etish uchun ko‘p mehnat qildi. Rasmiy matnlarni tayyorlashda jumlalar jilvasiga emas, fikr salmog‘i va mantiqiy mushohadaga e’tibor berdi. Bu orada “Alisher Navoiy g‘azallarida hazil-mutoyiba” degan risola yozib, do‘st-qadrdonlariga sovg‘a qildi. Turkiy davlatlar matematiklari jamiyatining vitse-prezidentligiga saylandi. Murakkab tenglama-yu teoremalar ustida ishlab charchamagan holda, hazrat Alisher Navoiy ijodining bugungacha tadqiq etilmagan jihati ustida ilmiy izlanish olib borayotgani ko‘plar uchun kutilmagan hol edi.

Abdulla A’zam Navoiyning falsafiy ta’limotini o‘rganar ekan, bu ilm nima uchun dunyoga yoyilmay qolgani sababini mutafakkir bobomizning vatanparvarligi bilan bog‘lab, taniqli olim B.Hasanovning quyidagi fikrini keltiradi: “Navoiy fors va arab tillarini mukammal bilgan. O‘sha davrda ko‘plab buyuk forsiynavislarning ijodiy merosi tufayli fors tili ulkan hududning adabiy tiliga aylangan. Bundan avval arab tili ilm-u fan, ayniqsa Qur’on va hadis ilmining tili sifatida maktab va madrasalarda chuqur o‘rganilgan, Navoiy davrida ham bu tendensiya davom etgan, albatta. Hazrat Hirotda maktabda va Mashhadda madrasada egallagan arab tili bo‘yicha bilimini Samarqandda, bu tilning Abullays Samarqandiydek bilimdoni qo‘l ostida haddi a’losiga yetkazgan. Bu shundan ham ko‘rinadiki, Navoiy qalamiga mansub “Sab’at-u abhur” nomli qo‘lyozma mavjud bo‘lib, u yuz mingdan ziyod (!) arabcha so‘z va iboralar lug‘atidan iborat”.

Abdulla A’zamov bu fikrni mantiqan davom ettiradi: “Navoiy arab tilida ham bemalol ijod qilishi mumkin edi va bunda uning shuhrati nafaqat Sharqqa, Gʻarbga ham tez yoyilardi… Navoiy fors tilida ijod qilganida ham XVIII asrdan Yevropada shuhrat qozonishi mumkin edi – (chunki) shu davrdan fors adabiyoti vakillarining she’rlaridan namunalar nemis tiliga tarjima qilina boshlangan. Nizomiydan to Jomiygacha. Ularni o‘qigan Gyote qattiq mutaassir bo‘lgan, havas bilan “Gʻarb-u Sharq devoni” degan she’rlar turkumi yaratgan. Afsuski, Navoiy nemis tiliga tarjima qilingan mualliflar safidan tushib qolgan. Sababi – u shoh asarlarini o‘zining ona tilida yozgan”.

Matematik A.A’zamovning ilmiy izlanishlari boshqa sohalarda ham ko‘zga tashlanadi. Uning qalamiga mansub tahliliy maqolalarning har birida o‘quvchi (olim, mutaxassis, talaba, qiziquvchi) o‘zi uchun muhim bir yangilik, zarur talqin yoki kutilmagan xulosa-topilmaga duch keladi.

“Odatda, aksariyat akademiklarning ilmiy faoliyatida bitta yo‘nalish ustuvor bo‘lishini bilamiz, – deb yozadi taniqli adib Xayriddin Sultonov. – Abdulla A’zam misolida esa matematik iqtidor va navoiyshunoslik salohiyati teng darajada quvvatga ega ekani, ya’ni, u kishi fizika-matematika bo‘yicha fan doktori, akademik bo‘lish barobarida navoiyshunoslik sohasida ham hech bir olimdan ustun bo‘lsa – ustunki, kam emasligini jamoatchiligimiz e’tirof etib keladi. Abdulla aka faktlarga, ma’lumotlarga ijobiy ma’noda o‘ta injiqligini, uncha-muncha haqiqatlarni to o‘zi tadqiq qilib ko‘rmaguncha qabul qilmasligini ko‘p bor kuzatganman. Shu o‘rinda domlaning “Bobur ensiklopediyasi”dek fundamental ilmiy tadqiqotni nashrga tayyorlash va chop etish jarayonida bosh muharrir sifatida fidoyilik va mas’uliyat bilan xizmat qilganini alohida eslab o‘tishni istardim. Muallifning ilmga, har bir tadqiqot ishiga, so‘z san’atiga nihoyatda jiddiy mas’uliyat va talabchanlik bilan yondashishini, bu yo‘lda “igna bilan quduq qazib, suv chiqarish”dek zahmatli yumushdan hech qachon qochmasligini, aksincha, shunday mashaqqatli mehnatdan ma’naviy qanoat hosil qilishini yaxshi bilganim sababli ham, u kishining “Abrorlar hayrati” deb nomlangan yangi asariga qiziqishim yanada ziyoda bo‘ldi”.

Abdulla akaning ko‘pqirrali ijodkorligiga “Tafakkur” jurnalida e’lon qilingan (1999, 1-son) “Fan va din: munosabat dialektikasi” maqolasi g‘oyat kuchli dalil bo‘la oladi: “Fan va din har doim o‘zaro yaqin munosabatda bo‘lib kelgan. Har ikki jabha ong va tafakkur ko‘priklari bilan tutashgan. Qadimgi Yunonistonda Suqrot, Aflotun, Arastu uchun fan va din deyarli ayni bir soha – falsafadan iborat bo‘lib, u “Fizika” va “Metafizika” qismlariga bo‘lingan. Keyinroq matematika, astronomiya va tibbiyot rivojlana boshlaganda ham fan va din o‘zaro uyg‘unligini saqlagan. Alisher Navoiy hayotida esa din, fan, adabiyot va siyosat yaxlit tizim hosil qilgan”.

Muallif o‘quvchini asta-sekin dunyoda mavjud, ammo ko‘plar tan olmayotgan bir haqiqatning o‘zgarmas o‘zaniga tortadi: “Islom Sharqida “ilm” tushunchasi ham diniy, ham dunyoviy mazmun kasb etgan. Ayni paytda ilmning bu ikki pallasi o‘ziga xos jihatlarga egaligi inkor etilmagan. XI asrdan (ya’ni tasavvuf ta’limoti ilm sifatida shakllanganidan) boshlab “ilmi qol” va “ilmi hol” tushunchalari muomalaga kiritiladi. Dastlab bu ikki tushuncha so‘fiyning zohiriy va botiniy dunyosiga oid, murshiddan muridga berilishi mumkin bo‘lgan yoki bo‘lmagan bilimga nisbatan istifoda qilingan. “Ilmi qol” so‘z bilan ifodalash, o‘rgatish yo‘li orqali berilishi mumkin bo‘lgan bilimni anglatsa, “ilmi hol” har bir so‘fiyning o‘z tafakkuri va e’tiqodiga xos, qalb ko‘zi bilan yetishgan, o‘zgalarga o‘rgatish imkoni bo‘lmagan bilimni bildirgan. Shu nuqtayi nazardan qaralsa, Abu Rayhon Beruniy “qol ilmi”, Bahouddin Naqshband esa “hol ilmi”ning yetuk vakili edi. Biri avlodlar uchun nodir asarlar yozib qoldirgan bo‘lsa, ikkinchisi yuzlab izdoshlariga ruhiyat sabog‘ini bergan”.

Maqolaning yakuniy xulosasi: “Sho‘ro mafkurasi diniy tarbiyani yo‘qqa chiqarishga harakat qilsa-da, uning o‘rnini to‘ldira olmadi. Albatta, dahriylar ichida ham yuksak axloq egalari bo‘lgan. Lekin bunday axloqni o‘zida tarbiyalashni mingdan bir odam uddalasa, Xudodan qo‘rqmagan 999 nafari esa hech narsadan toymasligi mumkin. Chunki yuksak axloqda sobit qolish, shaytoniy hirsga hay berish uchun kishiga ma’naviy tayanch darkor. Din ana shunday tayanchlarning eng ommabopi, tarix chig‘irig‘idan o‘tgani, demak, eng muhimidir. Axloqiy tarbiya – dinning birinchi galdagi vazifasi”.

“Ziddiyat va bog‘liqlik” deb nomlangan maqolada Abdulla A’zam boshqa bir yo‘nalishda o‘zini ko‘rsatadi: “So‘z – o‘ta tilsimli hodisa. U juda jo‘n bo‘lishi ham, nihoyatda murakkab, qatma-qat ma’noli bo‘lishi ham mumkin. Adabiyot so‘z san’ati sifatida nutqning bu xususiyatidan unumli foydalanadi, moʻjizalar yaratadi. Ayniqsa, Navoiy she’riyati. Uning ijodiy merosida muhim o‘rin tutuvchi so‘zlardan biri – “navo”. Bu so‘zning mumtoz adabiyotda navobaxsh, navogoh, navozanda, navosoz, navosiz, benavo kabi o‘ndan ziyod hosilalari muntazam qo‘llanilgan. “Navo” so‘zining o‘zi – ko‘p ma’noli. Ulardan biri Markaziy Osiyo arxitekturasida arka ma’nosiga ega, yana biri uy jihozlarini bildiradi. Bugungi o‘zbek tilida bu so‘z kuy, qo‘shiq ma’nosini anglatadi, xolos. Bu – taassufga loyiq hol. Zotan, kuy, qo‘shiq “navo” so‘zining eng tub ma’nosi ham, muhim ma’nosi ham emas. Navoiyning “Masnaviy” asaridagi mana bu baytni olaylik:

Ne bir ahli davlatdin oncha umid,
Ki, andin navo topsa bir noumid.

Baytda Abulqosim vafotidan so‘ng Xurosonda yuzaga kelgan ahvol tilga olingan. “Navo” deganda nima ko‘zda tutilgan? Ravshanki, aslo musiqa emas. Lug‘atlarga murojaat etaylik. Besh jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “navo” so‘zining beshta ma’nosi berilgan: birinchi o‘rinda kuy, ohang, qo‘shiq, so‘ng: zavq, maqom nomi, nola va me’morchilikda qo‘llanadigan bezak. Ko‘rinib turibdiki, bu ma’nolarning birortasi ham Navoiy bayti mazmuniga muvofiq emas. Eronning “Dehxudo” nashriyot uyi tomonidan nashr etilgan mashhur “Fors tili lug‘atnoma”sida “navo” so‘zining birinchi ma’nosi sifatida “tirikchilik, kun ko‘rish vositasi” (“vasoyili zindagi”) ma’nosi berilgan. Hech shubhasiz, yuqoridagi baytda xuddi shu ma’no o‘rinli: hayotdan noumid bo‘lgan odam uchun bir burda non tutadigan ahli davlat (boy-badavlat) topilishidan umid qolmadi”.

Abdulla A’zamov ushbu maqolaning yuqorida keltirilgan besh-olti jumlasini qog‘ozga tushirish uchun qancha vaqt sarfladi, qancha lug‘atlarni varaqlab chiqdi, qancha ma’nodosh so‘zlarni bir-biriga qiyoslab chiqdi ekan? Tasavvur qilasizmi?

Abdulla aka hamma qatori bir kecha-kunduz atigi 24 soat davom etadigan vaqt olamida yashaydi. Ammo ko‘p narsaga ulguradi. Yosh navoiyshunoslarning tadqiqotlariga, aruzda ijod qilayotgan katta-kichik shoirlarga, boshqalarga ham, dalda maktublar yozadi, qo‘llab-quvvatlaydi.

Abdulla akaning publitsistik maqolalarida chuqur ijtimoiy tahlil, mantiqiy mushohada va ulardan anglashiladigan zarur xulosalar, rad etish qiyin bo‘lgan aniq takliflar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ilmiy ijodkorlikka xos xususiyat bu.

Ahmadjon MELIBOYEV

“Jadid” gazetasining 2024-yil 6-dekabrdagi 50-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605