Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.10.2024 | 10:20

img416

“IKKI DIYOR FARZANDIMAN”

O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti To‘lqin TOJIBOYEV bilan suhbat

– Joriy yil hayotingizda quvonchli voqealar yuz berganidan xabarimiz bor. Ularning eng quvonarlisi, “O‘zbekiston xalq artisti” degan sharafli unvonga erishganingizdir. Tojikistonda yashab ijod qilayotgan o‘zbek san’atkorining O‘zbekiston Prezidenti, O‘zbekiston xalqi tomonidan ­e’tirof etilishini qanday kutib oldingiz?

– Men O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat ­Miromonovich ­Mirziyoyev janobi oliy­lari­ning shaxsan o‘z qo‘l­lari bilan unvonni topshirgan damni bir umr unutmayman. Ikki Prezident – Shavkat ­Mirziyoyev va Emomali Rahmonning o‘rtasida suratga tushib, bu san’atsevar insonlar­ning tabrigini eshi­tar ekan­man, o‘zimda yo‘q xur­sand edim, go‘yo oyoqlarim yerda-yu, osmonda uchardim. Faqat bir men emas, “O‘zbekiston xalq artis­ti” faxriy unvoniga ega bo‘lgan bosh­qa tojikistonlik san’atkorlar va “Tojikiston xalq artisti” hamda “Tojikiston xalq hofizi” faxriy unvonlariga sazovor bo‘lgan o‘zbekis­tonlik san’atkorlar ham shunday hayajonli holatga tushishdi, deb o‘ylayman.

Men bu e’tiborni O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlikning amaliy natijasi, deya hisoblayman.

Ikki xalq orasidagi abadiy do‘stlik yangi bosqichga chiqdi. Ikki qardosh, ikki qo‘shni respublika bu yil ittifoqdosh mamlakatga aylandi.

Unvon berilgan kunda, bundan sakkiz-to‘qqiz yillar oldingi bevosita o‘zim boshimdan kechirgan kunlarni esladim. Mening amakilarim, ­ammam Farg‘ona viloyatining O‘zbe­kis­ton tumanidagi O‘qchi qishlog‘ida yashashar­di. Taqdir ekan, ikki ­amakim va ammam bandalikni bajo keltirishdi. Lekin men ham, Xo‘janddagi qarindoshlarimiz ham armonda qoldik, birontasining ta’ziya­sida qatnasha olmadik. Chegaralar yopiq edi. Otam vafot etganlarida esa, o‘qchilik qarindoshlarimiz kelishol­madi. Qarindosh­larimizning quvonchli kun­larida – to‘y-hashamlarida ishtirok eta olmaganimizni unutsa bo‘lar, lekin og‘ir kunlarda ko‘ngil so‘ramaslikni unutib bo‘lmaydi.

Baxtimizga, Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha qo‘shni davlatlar, jumladan, Tojikiston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini tikladi. Ikki yil oldin, noyabr oyida ayam ko‘zlarimizni yoshlab ketdilar. Janozaga O‘qchidan, Farg‘onadan juda ko‘plab kishilar kelishdi. Hozir bordi-keldimiz sira uzilmayapti. Olt­mishinchi yillarda “Mushtum” jurnalida tanqid qilib chiqilgan O‘qchi hozirda juda o‘zgarib ketgan. Ko‘p uylar shahardagidan ham ko‘rkamroq, qulayroq, zamonaviyroq. O‘qchilik qarindoshlarimiz bilan har oyda bir marta “yig‘in” tashkil qilgan­miz. Navbati bilan goh Xo‘jandda, goh O‘qchida bo‘lib o‘tadi. Har gal ikki dono Prezidentning nomlari e’zoz bilan tilga olinadi, ularning qadim-qadimdan do‘st bo‘lib kelgan ikki xalq uchun qilgan g‘amxo‘rliklari, xalqchil siyosatlari haqida misollar keltirib, so‘zlashiladi.

– Bu do‘stlikka ko‘z tegmasin. Keling, endi bugungi kundan ancha orqaga qaytaylik. An’anaviy savol – nega siz san’at sohasini, aynan hofizlikni tanlagansiz?

– Endi bu oiladagi muhitdanmi yo Xudo tomonidan menga berilgan ­had­yami… Siz otimning ikkita – To‘lqin va Shokirjon ekanligini bilasiz. Lekin ­buning tarixini bilmasangiz kerak. O‘tgan asrning 60-yilida xo‘jandlik xolam Xosiyatxon Andijonga boradi. U yerda konsertga kirib, mashhur hofiz Shokirjon Ergashevning san’atiga maf­tun bo‘lib qoladi. “Singlim o‘g‘il ko‘rsa, ismini Shokirjon qo‘yamiz”, deb niyat qiladi. Oradan vaqt o‘tib men dunyoga kelaman, o‘n ikki kunlik bo‘lganimda xolam Xo‘janddan ko‘rgani keladi. “Shokirjonim” deb erkalaydilar. Lekin menga “To‘lqin” deb ot qo‘yishganini eshitadi. Ota-­onam: “O‘qchida To‘lqin otli mashhur qo‘shiqchi bor, unga havas qilib o‘g‘limizga shunday ism tanladik”, deyishadi… Shunday qilib, har ikki ismim ham san’atkorning ismidan. Yaxshi niyat – yarim davlat, degan gap bor. Balki buni taqdir, deyishar. Yuqorida oilamizdagi muhit, dedim. Buvim dutor chalib, qo‘shiq kuylagan. Ayam – Bashoratxon ham ashula ayt­gan. Ashulalari ijtimoiy tarmoqlarda hozir ham yangrab turadi.

– Siz maktabda o‘qib yurgan paytingizdan boshlab qo‘shiq ayt­­gansiz. Lekin avvaliga mashhur hofiz Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini kuylagansiz. Hozirda o‘z yo‘lini topgan, o‘z ijro uslubiga ega, o‘zbek va tojik tilida birday mahorat bilan kuylayotgan san’atkorsiz. Bu yo‘lni topish ham mashaq­qatli bo‘lgandir?

– Men san’atga yetmishinchi yillarning oxirlari, saksoninchi yillar boshida kirib kelganman. O‘shanda faqat men emas, juda ko‘p yosh hofizlar Sherali akaga taqlid qilardik. Lekin menga besh yil musiqa maktabida ta’lim bergan ustozim Inom Alimatov va yana bir ustozim, dutorni sayratib yuboradigan Murodjon pochcham ham “Hamma avvaliga kimgadir taqlid qiladi, lekin baribir o‘z yo‘lingni topishing kerak”, deyishardi. Yuqori sinfda o‘qiyotganimda Tojikiston xalq artisti Mas­tona Ergasheva Xo‘jandga kelganida meni yo‘qlatib, to‘yga olib borardi. To‘ylardan birida u kishi ko‘nglimni og‘ritmasdan nasihat qildi: “Shokirjon, yaxshi ovozingiz bor, She­rali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini mahorat bilan ijro etasiz, lekin shu ketishda bir umr soya bo‘lib qolasiz. O‘z yo‘lingizni topganingiz yaxshi”. Oradan bir yil o‘tib, institutga o‘qishga kirganimda, radioda ovozim yozib olinadigan bo‘ldi. O‘shanda Tojikis­ton xalq artisti Jo‘rabek Nabiyev: “Afsuski, o‘zingizning mualliflik qo‘shiqlaringiz yo‘q ekan-da”, deb kelgusida she’rga, so‘zga juda talabchanlik bilan yondashish zarurligini aytgan edi.

Men hayot yo‘limda yaxshi ustoz­lar bilan uchrashish imkoniyatini bergani uchun Xudoga shukur qilaman. Masalan, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist O‘rinbek Hamdamov Toshkentdagi konservatoriyaga yo Dushan­bedagi san’at institutiga o‘qishga bormoqchi ekanligimni eshitib, bo‘ladigan san’at­kor shu Xo‘jandda o‘qisa ham bo‘lave­radi, degandi. O‘rinbek ustozning “Kon­ser­va­to­riyani, san’at institutini bitirib kelib, ikkita qo‘shiqni eplab aytolmay­diganlar qancha…”, deganlari ham esimdan chiqmaydi. Maqom san’ati­ning donishmandlari, Tojikiston xalq artistlari Boymuhammad Niyozov, Barno Is’hoqovadan ham ko‘p narsa o‘rgan­dim. Hozir Jo‘rabek Nabiyev va Mastona Ergashevadan tash­qari bosh­qa ustozlarim dunyodan o‘tib ketish­gan. Alloh ularni rahmatiga olgan bo‘lsin! Gʻoyibona ustozlarim ham ko‘p – Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov… Mendan oldin o‘tgan hofiz­lar­ning har birini o‘zimga ustoz deb bilaman.

– Siz Jo‘rabek Nabiyevning so‘z­ga jiddiy yondashish zarur­ligi haqidagi gaplarini esladingiz. U paytlarda men yosh edim. Jo‘rabek aka ham garchi taniqli ijrochi bo‘lsa-da, yosh edi. Bir uchrashuv­da “Mus­tahzod”ni aytdi. Gapning ochig‘i, men bir so‘zni tushunmadim – “biloshak”. Jo‘rabek akadan bu so‘zning ma’nosini so‘radim. U kishi “Afsus, men ham bilmas ekanman”, dedi. Ertasi ertalab ishga kelsam, mendan oldin Jo‘rabek aka kelib o‘tiribdi. U payt­lar internet qayda dey­siz, “bilo­shak”ning ma’nosi­ni qidirib topibdi. “Shak-­shubhasiz” degani ekan. Siz biron she’rni kuyga solayotga­ningizda tushunarsiz so‘z uchrab qolsa, nima qilasiz?

– Men Jo‘rabek akadan she’r tanlashni o‘rganganman. To‘g‘ri, she’r­lar ko‘p, lekin hammasi ham ashula, qo‘shiq bo‘lavermaydi. Ko‘p she’rlar o‘zi musiqa bilan yaraladi. Avval musiqa yozib, unga she’r tanlash oson ish emas. Endi so‘zni xato aytish haqi­da. Buning sabablari bitta emas. Ayrim hofizlar ustoz san’atkorlar­ning ashula­larini qayta jonlantiryapti. Lekin ayrim ustozlarda so‘zni xato aytish holatlari bor. Hozirgi yoshlar “ustoz shunday aytgan-ku”, deya xato aytish­da davom etyapti. Be­par­vo, ko‘r-ko‘rona yodlab olishadi. Axir bizdan oldin o‘tgan ayrim ustoz­lar boshqa kasb egalari bo‘lishgan. She’riyatdan yaxshi xabardor bo‘lmagandir, lekin tug‘ma ovozlari bo‘lgan. Demak, ustoz­lar shunday aytishgan-ku, deb ijro etmaslik, asl nusxani topib, qarab olish kerak.

Men yaqinda Chustiy she’ri bilan o‘z uslubimda bir ashula tayyorladim. Bu she’rni boshqa bir hofiz kuyga solgan edi. Ashulani qayta-qayta eshit­dim. Qo‘shiqdagi bir so‘zni tushunmadim. Biron ma’no topmadim. Asl nusxani qidirdim. Topilmadi. ­Nihoyat, bir tanishi­miz Chustga boradigan bo‘lib qoldi. Unga asl matnni surish­tirishni iltimos qildim. Chus­tiyning nevaralari she’rning asl nusxasini topib beribdi. Xullas, men tushunmagan va hofiz buzib ayt­gan so‘z – “mumtoz” ekan.

Men yosh hofizlarga O‘zbekiston xalq artisti, rahmatli Mahmud Tojiboyevdan o‘rganishni tavsiya etaman. Uni “so‘z zargari” deb atagan bo‘lardim. U kishi har bir so‘zga juda katta mas’uliyat bilan yondashardi.

– Yaqindagina o‘zingiz shogird edingiz, endi ustoz­ga aylandingiz. Tojikistondagi “Shashmaqom” an­sambl­laridan birini boshqaryapsiz. Ustozdan o‘rganish osonmi, shogird­larga o‘rgatishmi?

– Avvalo, shogird tanlashga e’ti­bor berish zarur. Hammada ham bir oktavali ovoz bor. To‘g‘ri, hozir texnika rivojlanib ketgan, shu bir oktavali ovozi borlar ham ashula aytib yurishib­di. Kompyuterda ovozini chiroyli qilib yasab berishadi, ana ke­yin fonogramma qo‘yib olib, kimsan falonchi ashulachi bo‘lib yurishaveradi. Ayrimlar hamma tinglovchini notani tushunmaydi, deb bilib, falsh aytishadi. Shu notani olaymi, olmaymi, deb arosatda qolishadi. Men shogirdla­rim­ga soz chalishni o‘rganish zarurligini ayta­man. Soz chalishni bilsangiz, ­o‘zi­ngiz pardani bosasiz. Notadan chiqib ketmaysiz, to‘g‘ri, hozir hofizga qarab turib, unga ergashadigan “ergashboy sozandalar” ham yo‘q emas. Ilgari bitta tor, doira va nari borsa, akkordeon qo‘shilib, ashula aytilaverardi. Endi cholg‘u ansambllari to‘liq bo‘lishi ­kerak. Ayniqsa, maqom ijro etilayotganda. Cholg‘u ansambli va hofizning uyg‘un bo‘lishi oson ish emas. Bu­ning uchun mashq, mashq va mashq zarur.

Men shogirdlarimni – cholg‘uchilarini jonli chalishga, hofizlarni jonli kuylash­ga o‘rgataman. So‘z, musiqa va ovoz bir­ligiga erishishga chaqira­man. Meh­na­ti­miz zoye ketma­yapti. Shogird­larim mamlakat miqyosida mukofotlarni qo‘l­ga kirityapti. Mana yaqinda aka-uka Gʻafforovlar Dushanbeda “Tojikis­ton – mening Vata­nim” tanlovida bosh mukofot – Shohjoizani olib ­qaytishdi.

– Yangi asar yaratish haqida gapirdingiz. Sizni elga tanitgan Vatan haqida qo‘shig‘ingiz bor. Tojikistonda qaysi bir muhim tadbir – mamlakat yo viloyat miqyosida bo‘lmasin, uni, albatta, eshitamiz.

– To‘g‘ri, menimcha, o‘zini hurmat qiladigan har bir qo‘shiqchining Vatan haqida o‘z qo‘shig‘i bo‘lishi shart! Ba’zan hatto to‘ylarda bu qo‘shiqni qayta-qayta ayttirishadi.

Bir kuni tunda Moskvadan jiyanim qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Xullas, u taksida ketayotgan ekan, haydov­chi – rus kishisi o‘sha Vatan haqidagi qo‘shig‘imni qo‘yibdi. Jiyanim “Bu­ning ijrochisi mening tog‘am”, debdi. Haydovchi ishonmabdi. Shunda jiya­nim menga qo‘ng‘iroq qildi. O‘sha haydovchi men bilan gaplashib, ilgari Dushanbeda yashaganligini, bu qo‘shiqni har kuni eshitishini, eshitganida har gal badani jimirlab ketishini gapirib berdi. Voronejda bo‘lganimda esa, sobiq tojikistonliklar to‘planib kelishdi. Ruslar, tatarlar, boshqa millat kishilari. Men o‘sha Vatan haqidagi qo‘shig‘imni aytganimda, o‘tirgan­lar­ning ko‘zida yosh ko‘rdim. Ba’zilar baralla yig‘lashardi.

– Hayotingizda bo‘lgan bir vo­qeaning guvohiman. O‘shanda mashhur bastakor, sozanda Shavkat Mirzayev va hozirda O‘z­be­kis­ton xalq artisti, O‘zbekiston Qahramoni Munojot Yo‘lchiyeva Xo‘jandga kelishgan edi. O‘shanda, adashmasam, o‘n to‘qqiz yashar yigit edingiz. Xo‘jandda o‘qir­dingiz, Shavkat Mirzayev ovozingizni eshi­tib ko‘rmoqchi bo‘ldimi, bitta mumtoz ashula, bitta zamonaviy qo‘shiq aytib beri­shingizni so‘radi. Kuzatdim, ijroingizni Munojot Yo‘lchiyeva ham berilib eshitib o‘tirdi. Qo‘shiq tuga­ganidan so‘ng Shavkat Mirzayev san’atga mu­no­­sa­batingiz, ustoz­la­ringiz haqida savol berdi…

– Ha, ustozning savollariga javob berganimdan so‘ng, picha o‘ylandilar-da, “Rozi bo‘lsangiz, Toshkentga olib ketsam, lekin u yerda bir yilgacha hech qayerda ashula aytmaysiz. Bir yildan so‘ng bu ovozingiz bilan O‘zbekistonning eng taniqli san’atkor­laridan biriga aylanasiz”, degan edi. Shundan so‘ng Shavkat aka uyimga ham bordi. Lekin… Taqdir ekan, men Toshkentga ketolmadim. Balki o‘shanda oilaga katta yordamim tegib turganini o‘ylagandirman. Oilamiz katta – akam o‘qirdi, ukalarim juda yosh edi. Faqat Xo‘jand va uning atrofida emas, O‘zbekistonga ham ko‘p to‘yga borardim. Masalan, lof emas, Zominning yarim aholisining to‘yida xizmat qilganman. Ustiga ayam Toshkentga ketishimga rozilik bermagan o‘shanda.

– Siz Tojikistonda qolib ham, har ikki mamlakatda shuhrat top­dingiz, e’tirof etildingiz. Har ikki mamlakatda davlat miqyosidagi konsertlarda qat­nash­yap­siz. O‘zbekistonda bo‘l­ga­ningizda jadidlar, ta’lim masa­lasi­ga katta e’tibor berilayotgani haqida eshitganlaringiz haqida hikoya qilib berdingiz. Sizningcha, san’atda ham jadidlik bormi?

– Bo‘lganda qandoq?! Mana, masalan, jadidlar teatr san’atiga juda katta e’tibor berishgan. Xalqning ko‘zini ochishda, ma’rifat tarqatishda teatrning o‘rni katta, deb bilishgan. Biz hofizlar ham o‘z ashulala­ri­miz, qo‘shiqlarimiz bilan xalqni olg‘a, yangi­liklar sari boshlaymiz, odamlarni ruhlantiramiz. Masalan, bittagina­si­ni ayta qolayin: Toshkentda Botir Zokirov nomli estrada instituti tashkil etildi. Uning bevosita tashabbuskori Prezident Shavkat Mirziyoyev bo‘ldi. Ayni paytda O‘zbekistonda an’anaviy san’atni rivojlantirish ham jadal davom etmoqda, “Shashmaqom”, Xalq baxshichiligi festivallari… Qay birini aytasiz.

– San’atsevar ikki xalq ko‘ngli­dan joy oladigan go‘zal ijrolar, ajib kuy-qo‘shiqlar yaratishdan to‘x­tamang. Vaqt ajratganingiz va mazmunli suh­batingiz uchun rahmat.

O‘rinboy USMON suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2024-yil 25-oktyabrdagi 44-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596