Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


11.12.2025 | 12:32

img798

ILHOM MANBAYI – HAYOT

O‘zbekiston xalq rassomi Sarsenbay BAYBOSINOV bilan suhbat

– Asarlaringiz bilan yaqindan tanishish jarayonida ularda milliy ruh juda kuchli aks etganiga guvoh bo‘ldik. Bu holat, albatta, ijod mahsulini xalqqa yaqinlashtiradi. San’at asarida xalq ruhiyatini ifoda etish uchun qaysi jihatlarga e’tibor berish kerak, deb o‘ylaysiz?

– Chirog‘im, rassom atayin xalq ruhini beray, deb mo‘yqalam tutmaydi. Uning qalbida o‘zi o‘sib-ulg‘aygan zamini, nafas olgan muhiti, eshitgan kuyi, ko‘rgan ranglari abadiy muhrlanib qoladi. Shu sababli ham, ijodiy ishlarimda qoraqalpoq xalqining hayoti, urf-odatlari, liboslari, qadimiy naqshlari, xalq og‘zaki ijodini tasvirlab rohatlanaman. Bu mening tub ildizim, bolaligimdir. Menimcha, rassom uchun eng muhimi – ma’naviy boylik. Chunki ijodkorning kuchi uning ichki dunyosida, yurakning tozaligi va samimiyatdadir. Agar rassom o‘z ishi orqali odamlarning qalbiga bir nur, iliqlik bera olsa, u o‘z vazifasini ado etgan hisoblanadi. Har bir asar aslida tomoshabinga atalgan sovg‘a. Uni xalq ko‘rib, his qilmasa, o‘ylamasa, zavqlanmasa, demak, asar o‘z vazifasini bajarmagan.

Qoraqalpoq xalqining ruhida bir sokin kuch, shukuh bor. Ularning hayotga, tabiatga, mehnatga bo‘lgan munosabati, hayot falsafasi men uchun doimo ilhom manbayi bo‘lib keladi. Asarlarimda shu ruh, shu halollik va samimiyatni yetkazishga intilaman.

Menimcha, san’at orqali xalq ruhini ifoda­lash – bu faqat estetik masala emas, balki ma’naviy burchdir. Rassom Vatanini sevmasa, xalqning og‘rig‘ini, quvonchini his qilmasa, u hech qachon chinakam asar yarata olmaydi. Shu bois, suratlarda o‘tmish bilan bugunni, dard bilan orzuni, kechmish bilan kelajakni birlashtirish­ga harakat qilaman. Ijodkor uchun eng katta mukofot – xalq yuragiga yo‘l topish.

– Kartinalaringizda rang va faktura juda muhim rol o‘ynaydi…

– Men uchun rang – bu so‘z, faktura esa uning ohangi.

Rassom uchun ranglar – bu his-tuyg‘ularning tili, ruhning tovushi. Har bir rangda bir ma’no, bir ramz yashiringan. Bo‘yoqlar orqali faqat shakl emas, balki hisni, kayfiyatni, hayotning o‘zini ifodalashga intilaman. Faktura esa, asarga hayot baxsh etuvchi kuch. U bo‘yoqlarning chuqurligi, harakati, energiyasini beradi. Fakturasiz rasm jimjit bo‘ladi, tovushsiz qoladi. Men faktura orqali asarni “nafas oldiraman”, jonlantiraman. Demakki, faktura men uchun texnika emas, balki tuyg‘u ifodasi, bo‘yoqning o‘z ovozidir.

Bu uslubni o‘zim topganman, u menga erkinlik beradi. Chunki ijodda erkinlik bo‘lmasa, samimiyat ham bo‘lmaydi. Ba’zida ilhom uzoq kuttiradi. Ammo shunday lahzalar bo‘ladiki, hammasi bir paytda yurakdan otilib chiqadi, ranglar o‘z joyini topadi, shakllar bir-biriga ulanadi, bo‘yoqlar go‘yo qo‘lni emas, yurakni boshqaradi. Ana shunday onlarda haqiqiy san’at asari dunyoga keladi.

– Siz ko‘proq nimadan ilhomlanasiz?

– Hayotning o‘zidan. Rassom uchun eng muhimi – hayotni sevish, uni his etish va har lahzadan zavqlana bilishdir. Bolaligimda cho‘l manzaralarini, shamolning qumni qanday silashini, daryo to‘lqinlarining so‘zsiz musiqasini, quyoshning ufqqa singib borishini kuzatardim. Bu manzaralar qalbimda o‘chmas iz qoldirgan. Bugun esa o‘sha bolalik xotiralari, o‘sha rang va tovushlar asarlarimda qayta tiriladi. Chunki tabiat – abadiy darslik, unda rang, shakl va tuyg‘u uyg‘unligi mukammal aks etgan.

Shu o‘rinda Orol dengizi haqida ham to‘xta­lishni zarur deb bilaman. Sababi, u ham har bir ijodkorga turlicha ilhom baxsh etadi. Bugun uning suv hududi o‘rnida tuz qatlamlari, kanon­lar va qumloq vodiylar paydo bo‘lganini ko‘ra­miz. Rassom ko‘zi bilan qaraganda, bu manzara­lar tabiatning o‘zi yaratgan ulkan mo‘jizalar­dek tuyuladi. Koshki edi, bu go‘zalliklar haqiqa­tan ham tabiatning in’omi bo‘lganida…

Ilgari suv bilan to‘lgan bu maskanda hozir yerning tabiiy relyefi, dengiz tubining qoldiqlarini ko‘rib, kishi beixtiyor o‘yga toladi. Ayrim joylarda 15–20 metr balandlikdagi qoyalar va jarliklar ko‘zga tashlanadi. Quyiroqqa tushsangiz, o‘ta qiziqarli relyef shakllari, tabiiy daralar va tuz bilan qoplangan vodiylar namoyon bo‘ladi. Bu manzaralar inson ko‘zini quvnatish bilan birga, qalbda sog‘inch uyg‘otadi – avvalgi dengiz ko‘rinishiga, uning to‘lqinlariga bo‘lgan sog‘inch.

Odam jarohatiga qarab turgani bilan bitib qolmaydi, unga malham bosishi va tuzalishga harakat qilmog‘i kerak. Bugun Orolning qurigan tubi “Yashil makon” umummilliy harakati doira­sida yashil “dengiz”ga aylanayotgani kishiga taskin beradi. Ko‘chat shaklida ekilgan, urug‘i sepilayotgan o‘simliklar gurkirab, Orolning jarohatiga bog‘langan yashil tasmaga aylandi. Niyatimiz shuki, bir kuni dengiz to‘ladi, ana shunda bu butalar suv ostida sollanib turadi…

Men uchun tabiat va inson ruhi bir-biridan ajralmas. Chunki inson – tabiatning bir bo‘lagi, uning davomidir. Shu bois, asarlarimda inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni, ularning bir-biriga ta’sirini ifodalashga intilaman.

– Bugungi kunda Jollibay Izentayev nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisos­lashtirilgan san’at maktab-internati rang-tasvir fani o‘qituvchisi sifatida yosh avlodga mahorat sirlarini o‘rgatib kelmoq­dasiz. “O‘zi ustoz bo‘lar ustoz ko‘rgan­lar”, deb yozadi shoir. Ustozlaringiz haqida gapirib bersangiz?

– Ustozlar haqida gap ketganda, O‘rol Tansiqboyev, Qoraxon Qoriyev kabi san’at ustalarini ayricha ehtirom bilan tilga olaman. Ular o‘z davrida Turkiston avangard san’atining poydevorini qo‘ygan, o‘z uslubi, o‘z falsafasini yaratgan rassomlardan edi. Tansiqboyevning ishlarida tabiatning ovozini yurak urishidek his qilish mumkin. Qoriyev ijodida esa milliylik bilan zamonaviylikning betakror uyg‘unligi ko‘zga tashlanadi. Bu zotlar nafaqat san’atda, balki hayotda ham bizga o‘rnak bo‘lishgan. Bugun Joldasbek Quttimuratov, Islam Jaksibayev, Muzaffar Ishanov, Olga Joldasova, Vasiliy Logutov kabi san’atkorlar ustozlar yo‘lini munosib davom ettirmoqda, deb o‘ylayman.

Rassomlikda an’ana juda muhim. Bugun yangi avlod san’atkorlari ham ana shu ustozlar yo‘lini davom ettirmoqda. Ularning ijodida ham o‘tmish merosiga hurmat va zamonaviy ifoda uyg‘unlashganini ko‘rib, faxrlanaman.

– Gap o‘z-o‘zidan hozirgi yoshlarga ulandi. Yutuqlarimiz o‘zimizniki. Shu o‘rinda yosh rassomlarga nimalar yetishmayotganiga to‘x­ta­lib o‘tsangiz.

– Menimcha, eng avvalo, sabr, izchillik va mehnatsevarlik yetishmayapti. Bugungi avlod bizdan-da iste’dodli, zamonaviy fikr­laydi, texno­logiyalarni yaxshi biladi. Ammo shosh­qaloqligi bor, natijani tezroq ko‘rishni istaydi. San’atda shoshish yaramaydi, bu yo‘l pog‘onama-pog‘ona, asta-sekinlik bilan bosib o‘tiladigan yo‘ldir.

Yoshlarga maslahatim: ko‘proq o‘qisin, jahon san’ati tendensiyalarini kuzatsin, havoyi kibrni chetga surib, arzon-garov shuhratga uchmay va tez kelib-ketadigan boylik ketidan quvmay, kamtarlik bilan ustozlardan saboq olsin. Ustoz faqat yo‘l ko‘rsatuvchi emas, ruhiy tayanch hamdir.  Men doim aytaman: rassom bir umr shogird bo‘lib qoladi. Chunki o‘rganishning, izlanishning chek-chegarasi yo‘q. Har yangi kun – yangi dars, har yangi asar – yangi sinov. Asl rassomlik esa bu shon-shuhrat uchun emas, balki ichki ehtiyoj uchun ijod qilishdir. Shu bois yoshlar, avvalo, o‘zini tinglashni, o‘z ruhini eshitishni o‘rganishi kerak.

– Ayni paytda O‘zbekiston Badiiy aka­de­miyasining haqiqiy a’zosisiz. Akademik sifatida rassomlikda an’anaviy va zamonaviy uslublar o‘rtasidagi munosabatlarga fikr bildirsangiz. Tasviriy san’atni faqat xoslar emas, keng xalq ommasi ham tushunishi uchun nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

– Bu juda nozik savol, ammo har bir rassom uchun muhim masala. San’at doimo o‘sishda, harakatda. Vaqt o‘tgan sari yangi texnologiyalar, yangi ifoda vositalari, yangi g‘oyalar paydo bo‘ladi. Ammo shu yangilanishlar ichida ildizni unutmaslik, o‘z milliy ruhi, o‘z zamini bilan bog‘liqligini yo‘qotmaslik – rassomning eng katta mas’uliyati. Men uchun milliy ruh – bu tayanch, zamonaviylik esa ifoda vositasi. Ikkisi bir-birini to‘ldiradi, boyitadi. Chunki san’atda faqat yangilik izlab, o‘tmishni unutish – bu ildizsiz daraxtga o‘xshaydi. Ammo faqat an’anaga tayanib, yangilikdan qochish oqibatida rassom to‘xtab qolishi ham hech gap emas. Rassom ana shu ikki qutb o‘rtasida muvozanat topa bilishi kerak.

Menimcha, rassomning eng muhim vazifasi insonni tafakkurga undash, ruhlantirish va hayotning ichki go‘zalligini eslatishdir. Agar rassom yaratgan asar tomoshabinning qalbiga yetib borsa, uni o‘ylantirsa, hayotga boshqacha nazar bilan qarashga undasa, demak, u o‘z burchini ado etgan bo‘ladi. Ijodkor uchun eng ulug‘ mukofot – bu tomoshabinning samimiy rahmati, chin dildan aytilgan e’tirofi. Chunki san’at – yurakdan chiqib, yurakka yetadigan nozik tuyg‘u.

Biroq bugun dunyoda shunday jarayon ketyaptiki, ko‘pchilik muzeylar, san’at ko‘rgaz­malariga borishni istamaydi. Bu manzillar go‘yoki vaqtni mazmunli sarflash uchun munosib emas. To‘g‘ri, hamma ham san’atni chuqur tushunavermaydi, ammo go‘zallikni his qilish uchun uni, albatta, anglash shart emas. Har qanday go‘zallik insonni ezgulikka yetaklaydi. San’atni to‘la tushunmasak ham undan zavq olish, ruhlanish mumkin. Masalan, bir joyda nihoyatda chiroyli gulni ko‘rib qoldingiz: undan bahra olasizmi yo uning nomi, vatani, turi haqida bilmaganingiz uchun ko‘z yumib o‘tib ketasizmi?

San’atdan xabardorlik ziyolilik, madaniylik belgilaridan biri. Shu bois, o‘zimiz uchun bo‘lmasa ham, farzandlarimiz, kelajagimiz uchun san’at bilan hamnafas bo‘lishimiz kerak.

– Mustaqilligimizning 34 yilligi arafa­sida “O‘zbekiston Respublikasi xalq ras­somi” faxriy unvoni bilan taqdirlandingiz. Yuksak unvon bilan tahririyatimiz nomidan muborak­bod etamiz! Ushbu manzilgacha bosib o‘tilgan yo‘l va hayajoningiz bilan bo‘lishsangiz.

– Rahmat. So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekis­tonda ijodkorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar ko‘lami, erkinlik va imkoniyatlar aqlni shoshiradi. Xususan, bozor iqtisodiyoti davrida san’atga, ayniqsa, tasviriy san’atga berilayotgan e’tibor – bu faqat moddiy qo‘llab-quvvatlash emas, balki ma’naviy ishonch, ijodkor shaxsiga chuqur hurmat ramzidir.

Eng avvalo, bugun rassom o‘z fikrini erkin ifoda eta oladi. San’at uchun eng katta yutuq shu. Chunki erkinliksiz ilhom bo‘lmaydi. Endi rassom o‘z g‘oyasini faqat bo‘yoq yoki shakl bilan emas, ichki kechinma, ramz, timsollar orqali ifoda etishga jur’at topmoqda. Bu esa ijodda yangicha ohang, yangicha qarash, yangicha uslubni tug‘dirmoqda.

Bugungi islohotlar natijasida san’at olamining eshiklari tobora keng ochilmoqda. Xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashish, xorijiy rassomlar bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazish, turli mamlakatlarda o‘z ishlarini namoyish etish imkoniyatlari kengaymoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan yaratilayotgan sharoit va berilayotgan e’tibor rassomlarga ilhom bag‘ishlamoqda. Ko‘rgazmalar, tanlovlar, ijodiy uyushmalar, xalqaro loyihalar nafaqat ijodga, balki o‘zni topishga, xalq bilan yanada yaqinlashishga yordam beradi. Menimcha, ijodkor uchun eng katta mukofot – bu ishonch va e’tirofdir. San’atkor o‘z mehnatining qadrini his qilgan joyda fidoyilik bilan ijod qiladi. Biz san’at orqali nafaqat chiroyli manzaralar chizamiz, balki xalq ruhini, zamon ohangi, xalqning orzularini ranglar orqali ifoda etamiz.

“O‘zbekiston xalq rassomi” unvoniga sazovor bo‘lganim haqidagi xabarni eshitgan onimni hayotimdagi unutilmas daqiqalar sifatida eslayman. Bunday e’tirof umrini san’atga bag‘ishlagan inson mehnatining eng oliy mukofotidir. Bu unvonni men faqat o‘zimning emas, balki xalqim, millatim, san’atimiz tarixining e’tirofi deb bilaman. Rassom hech qachon yolg‘iz ijod qilmaydi, uning ortida o‘z yurti, tili, madaniyati, zamon ruhi turadi. Men o‘zimni shu ruh bilan bir butun his qilaman. Shu bois, bu mukofot menga quvonch, ayni paytda katta mas’uliyat yukladi.

– Sarsenbay og‘a, samimiy suhbatingiz uchun tashakkur! Ijodingizga baraka tilay­miz, mo‘yqalamingiz yaratayotgan mo‘jiza­lar soni ortaversin!

Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-dekabrdagi 49-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599