21.01.2026 | 12:50
1154
MATEMATIKA – MUVAFFAQIYAT MANBAYI
Suhbatdoshimiz O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Butunjahon Fanlar akademiyasi akademigi, Davlat mukofoti laureati O‘tkir Roziqov ayni paytda O‘zFA V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori o‘rinbosari sifatida faoliyat olib bormoqda. U qariyb qirq yillik faoliyati davomida matematik analiz, algebra va ehtimollar nazariyasining zamonaviy usullari bilan fizik va biologik sistemalarning termodinamikasi va dinamikasi nazariyalarini yaratib, ularni tabiiy fanlarga qo‘llashda muhim natijalarga erishgan. Shu bois, bir qator xalqaro mukofotlarni ham qo‘lga kiritgan. 300 dan ziyod ilmiy ishlari xorij hamda respublikadagi nufuzli jurnallarda chop etilgan. Uning rahbarligida 19 nafar fan nomzodi va 5 nafar fan doktori ilmiy ish yoqlagan.

– Buyuk ajdodimiz Mirzo Ulug‘bek fikricha, “Matematika (riyoziyot) g‘oyat yuksak bir fanki, unda bir olam mo‘jiza yotadi”. “Matematika – fanlarning eng birinchisi hamda barcha fanlar uchun foydali va zarurdir”, deb yozadi ingliz faylasufi Bekon. Shu ma’noda matematika boshqa fanlar va jamiyat taraqqiyotida qanday rol o‘ynaydi?
– Matematika barcha tabiiy fanlarning fundamental asosi va umumiy tili hisoblanadi. Fizika, kimyo, biologiya, tibbiyot, iqtisodiyot, hatto ijtimoiy fanlarda yuz berayotgan jarayonlar matematik modellar orqali ifodalanadi va chuqur tahlil qilinadi. Masalan, zamonaviy biologiyada genetik tarmoqlar, populyatsiya dinamikasi, epidemiologik jarayonlarni matematik tenglamalar va ehtimollik modellarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Tibbiyotda esa diagnostika, tibbiy tasvirlarni qayta ishlash, kasalliklarning tarqalishini bashorat qilish bevosita matematik algoritmlarga tayangan. Mana shularning barchasi zamirida matematik nazariyalar mavjud.
Bugun ko‘p gapirilayotgan sun’iy idrok (SI)ni olaylik. Go‘yoki matematika chetga surilib, SI alohida fan bo‘lib ketgandek. Aslida, uning poydevorida ham matematika turibdi. Hammasi matematik yondashuv orqali amalga oshadi. “Google” dunyodagi eng rivojlangan qidiruv tizimlaridan biri. Uni yaratganlar – matematiklar. Ularning algoritmlari ehtimollar nazariyasidagi Markov zanjirlari degan nazariyaga asoslangan. Men aytayotgan ma’lumot besh yil oldingisi, balki hozir undan ham ko‘proqdir, lekin o‘sha paytning o‘zida bu tizim bir daqiqada 37 ming dollar foyda keltirgan. Bu matematikaning kuchi qanchalik katta ekanligiga bir misoldir.
Bugungi kunda davlat tomonidan ta’limga, ilm-fanga katta e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki rivojlanishni tezlashtirish, iqtisodiy daromadlarni oshirish uchun fan rivojlanishi kerak. Bu rivojlanishning asosi – matematika. Shuning uchun ham, Prezidentimizning dastlabki qarorlaridan biri matematika faniga, Matematika instituti faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan edi. 2019-yilda birinchi bo‘lib matematika alohida e’tibor markaziga qo‘yildi. Natijasini yildan yilga o‘sib borayotgan iqtisodiy ko‘rsatkichlar, olimlarning ilmiy-amaliy yutuqlari, yoshlarning xalqaro olimpiadalardagi g‘alabasida ko‘rib turibmiz.
– Ko‘pchilik matematikani murakkab fan deb hisoblaydi va raqamlar bilan kelisha olmasligini aytadi. Yana boshqalar esa “matematikani bilmasdan ham yashasa bo‘ladi”, “matematika kerak emas”, degan fikrlarni aytadi.
– Matematikaga nisbatan “murakkab fan” degan qarash asosan noto‘g‘ri ta’limiy tajriba va psixologik to‘siqlar natijasidir. Agar bola maktab davrida matematikani tushunmasdan yodlashga majbur bo‘lsa, unda bu fan qo‘rquv va ishonchsizlik manbayiga aylanadi. Natijada “men raqamlar bilan kelisha olmayman”, degan noto‘g‘ri tasavvur shakllanadi.
Masalan, boshlang‘ich sinf matematikasida o‘quvchining tushunishi va bajarishi qiyin bo‘lgan amal – bo‘lish amalidir. Bu amalni o‘quvchi o‘rganadi, lekin yetmasa, nol berish, nol berib vergul ajratish degan joylarini hayot bilan bog‘lash haqida na o‘qituvchi, na o‘quvchi qayg‘uradi. Bo‘lish mavzusidan boshlab sinfdagi ko‘pchilik o‘quvchilarda matematikaga qiziqish so‘na boshlaydi. Chunki bu amalda ishlatiladigan usul hayotimizga aloqasi yo‘qdek.
Aslida, matematika mantiqiy fikrlashni o‘rgatuvchi, inson tafakkurini tartibga soluvchi fan. U iste’dodlilar uchungina emas, balki mehnat qilishga va o‘ylashga tayyor bo‘lgan har bir inson uchun ochiq. Matematikani hayotiy misollar, mantiqiy o‘yinlar, real muammolar orqali o‘rgatish bu munosabatni tubdan o‘zgartirishi mumkin.
Kundalik turmushda matematika insonni tejamkorlikka, mas’uliyatga va kelajakni oldindan ko‘ra bilishga o‘rgatadi. Oila barqarorligi ko‘p jihatdan ana shu hisob-kitobli va oqilona yondashuvga bog‘liq. Etikdo‘z bo‘lishi mumkin, duradgor bo‘lishi mumkin, haydovchi bo‘lishi mumkin – qanday kasb bo‘lishidan qat’i nazar, agar unda matematik fikrlash bo‘lmasa, u o‘z kasbida mukammal bo‘la olmaydi. Matematik mantiqqa tayangan odam esa, albatta, o‘z sohasida yaxshi mutaxassis bo‘ladi. Chunki matematik fikrlashga ega inson har qanday sohada o‘zini ko‘rsata oladi.
Hozir nafaqat maktabda, oliy ta’limda ham bu masala dolzarb. Prezident qarori bilan institutimizda matematika ta’limini rivojlantirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha laboratoriya tashkil qilingan. Respublikadagi barcha matematika darsliklari va adabiyotlari bizning institutda ekspertizadan o‘tkaziladi. Men kitob yozayotgan ustozlarga doim aytaman: masalan, chiziqli algebra bo‘yicha kitob yozsangiz, har bir mavzuning tagiga kamida bitta amaliy tatbiqini ham yozing. Topologik fazo, chiziqli fazo kabi tushunchalar juda abstrakt. Agar talaba ular qayerda va qanday masalalarda qo‘llanishini bilmasa, fan unga begona bo‘lib qoladi.
– Matematika instituti joylashgan bino betakror me’moriy yechim asosida bunyod etilgan. Bu jihatdan uncha-muncha xalqaro ilm dargohlari ham havas qilsa arziydi. Ana shu muhtasham dargohda ichki mazmun qanday, bugungi kunda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Institutimizning faxrlanadigan jihatlaridan biri: bizda dunyo miqyosida tan olingan ilmiy maktablar mavjud. Ehtimollar nazariyasi, matematik analiz, differensial tenglamalar, algebra, matematik fizika yo‘nalishlarida xalqaro miqyosda tanilgan ilmiy maktablarimiz bor.
Bugungi kunda Matematika institutining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, yangi binolar barpo etildi, olimlarning oylik maoshlari bir necha bor oshirildi. Ana shu qo‘llab-quvvatlashlar natijasida hozirda institutimiz xalqaro miqyosda tanilgan ilmiy markazga aylandi. Masalan, institut olimlari har yili kamida 200 ta ilmiy maqolani nufuzli xalqaro manbalarda chop etadi. Bundan tashqari, monografiyalarimiz xorijda, eng mashhur nashriyotlarda chop etilmoqda. Institutimizning uch nafar professori Butunjahon fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi.
Shuningdek, bizda ko‘plab xalqaro konferensiyalar o‘tkaziladi. Xitoy, AQSH, Yevropa davlatlari bilan ilmiy aloqalarimiz mustahkamlandi. Har yili institutimizdan kamida 10-15 nafar olim xorijga borib, ilmiy hamkorliklarda ishtirok etadi. Institutimiz matematikani xalqaro standartlar asosida rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bu yondashuv natijasida yutuqlarimiz ham shunga yarasha bo‘lyapti.
Bizning vazifamiz faqat yangi teorema isbotlash yoki yangi natija chiqarish bilangina cheklanmaydi. Agar dunyoning biror ilmiy markazida matematikaning ma’lum bir yo‘nalishida yangi teorema isbotlangan bo‘lsa, uni o‘rganish va o‘rgatish ham bizning vazifamizga kiradi. Chunki zamonaviy matematika bilan shug‘ullanish uchun o‘zimiz yangilik qilishimiz, boshqalarning yutuqlarini ham chuqur anglashimiz kerak. Dunyo fanining talablarini bilish va ularga mos ishlash zarur.
Albatta, bu yutuqlarning barchasi davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlar, ilm-fanga bo‘lgan e’tibor natijasidir. Biz esa ana shu ishonchni oqlash, ilmiy natijalar bilan javob berishga harakat qilib kelyapmiz.
– Ma’lumotlarga qaraganda, siz yozgan kitoblar dunyoning 200 dan ortiq universitetida ilmiy faoliyat uchun qo‘llanar ekan, asarlaringizdan 4 mingga yaqin iqtibos olingan – bu katta yutuq. Shunday katta natijalardan o‘zingizning ko‘nglingiz to‘ladimi?
– Men hech qachon muvaffaqiyatlarni oxirgi nuqta, “mana endi bo‘ldi”, deb qabul qilmayman. Aksincha, ularning barchasini keyingi yutuqlar uchun navbatdagi pillapoya, yangi bosqich, yangi mas’uliyat deb bilaman. Yutuq insonni to‘xtatishi emas, yanada oldinga undashi kerak, deb o‘ylayman.
Kitoblarimning xorijda o‘qilishiga kelsak, buning birinchi sababi – ularning ingliz tilida yozilganidadir. Bugungi kunda matematika butun dunyoda asosan ingliz tilida o‘qitiladi. Hatto rus tili ham bu darajada global ahamiyatga ega emas. Ingliz tili esa universal ilmiy tilga aylangan.
Ikkinchi muhim sabab – kitoblarimning nufuzli xalqaro nashriyotlarda chop etilganidadir. Masalan, Singapurdagi “World Scientific Publishing” nashriyoti bilan hamkorlikda chop etilgan kitoblarimiz bor. 2025-yilda chiqqan kitobimiz “Gibbs measures in machine learning”, ya’ni sun’iy intellektning eng zamonaviy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan “machine learning” bo‘limiga bag‘ishlangan. Bu nashriyot chop etgan kitoblarni dunyoning yetakchi ilmiy markazlari sotib oladi va faol foydalanadi.
Masalan, Fransiyada matematika bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli ilmiy markazlardan biri joylashgan – “Institute of Advanced Scientific Studies”. Bu institutda doimiy ishlaydigan professorlar soni 20 nafar bo‘lsa-da, har yili dunyoning eng kuchli matematiklarini hamkorlikka taklif qiladi. Mening baxtim shuki, bu institutda to‘rt marta bo‘lganman va har safar to‘rt oydan ishlab, yetakchi olimlar bilan birga ilmiy faoliyat olib borganman.
Bir tomondan, bu juda katta zavq bag‘ishlaydi, ikkinchi tomondan esa yanada mas’uliyat yuklaydi, ruhlantiradi. Bu yutuqlarning yana bir muhim tomoni bor. Masalan, 2013-yilda chiqqan kitobimni ochsangiz, muallif nomi ostida “Institute of Mathematics, Uzbekistan” deb yozilganini ko‘rasiz. Ana shu jihati men uchun juda muhim. Bu so‘zlar zamonaviy matematika sohasida o‘zbek olimlari ham faol ishtirok etayotgani, jahon faniga o‘z hissasini qo‘shayotganining dalilidir. Kitob sof matematika haqida bo‘lsa ham, uni qo‘lga olgan har bir o‘quvchi yoki tadqiqotchi “O‘zbekiston” degan so‘zni ko‘radi. Menimcha, bu nafaqat institutimiz, umuman, O‘zbekiston fanini dunyoga tanitishda juda katta ahamiyatga ega. Inson o‘z mehnatining natijalari e’tirof etilganidan mamnun bo‘ladi.
– Ilmiy faoliyatingizda burilish yasagan eng muhim davr yoki voqea qaysi edi?
– Avvalo, 2002-yil boshida xalqaro ilmiy markazlarda olib borgan tadqiqotlarim ilmiy dunyoqarashimni tubdan o‘zgartirdi. Yetakchi xorijiy olimlar bilan yaqin hamkorlik, zamonaviy ilmiy yondashuvlar bilan tanishish, mustaqil ilmiy fikrlash va yangi yo‘nalishlarni shakllantirish aynan shu davrga to‘g‘ri keladi. Bu tajriba mening keyingi ilmiy faoliyatim uchun mustahkam va barqaror asos bo‘lib xizmat qildi.
Biroq, o‘zbek olimlari, xususan, shaxsiy ilmiy faoliyatimdagi eng tub va ta’sirchan burilish Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans g‘oyalari bilan bevosita bog‘liq.
Fanlar akademiyasining qayta tiklanishi, ilm-fanga e’tiborning keskin oshishi, olimlar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ilmiy muhitni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Aynan shu davrda ilmiy izlanishlarim uchun yangi sur’at, yangi mazmun va keng istiqbol paydo bo‘ldi. Shu ma’noda, bu islohotlar ilmiy faoliyatimni yanada chuqurlashtirish va uni xalqaro miqyosda rivojlantirishga kuchli turtki berdi.
– Qimmatli vaqtingizni ayamaganingiz uchun tashakkur! Sermazmun suhbatimiz mushtariylarimiz ko‘nglidan joy egallaydi, degan umiddaman.
Suhbatdosh:
Vasila HABIBULLAYEVA
“Jadid” gazetasining 2026-yil 9-yanvardagi 2-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



