15.04.2026 | 09:19
735
CHO‘QQILAR SARI
“Osmon ustuni” deb ta’riflangan Tibet tog‘lari yelkalaridagi maktablardan biri dengiz sathidan qariyb besh yarim ming kilometr balandlikda joylashgan ekan. O‘quvchilar sportchilar ham ko‘tarilishga qiynaladigan cho‘qqidagi ta’lim maskaniga har kuni bilim olish uchun chiqib-tushishi hech kimni hayratga solmaydi. Pxumachanglik bilimsevar bolalarning ishtiyoqini na issiq, na sovuq susaytira oladi. Rost, insonda qiziqish va ishtiyoq uyg‘otilsa, u har qanday cho‘qqini zabt etishga qodir.

Bugun mamlakatlar o‘z xalqining intellektual salohiyatini oshirish uchun ta’lim tizimida turli islohotlarni amalga oshirmoqda. Yurtimizda ham o‘quvchilar iqtidor va intilishlariga qarab ixtisoslashgan maktablarda fanlarni chuqur o‘zlashtirmoqdalar.
Bu esa yuksalish yo‘llarida e’tirofga arzirli muvaffaqiyatlarga zamin yaratyapti. Xususan, 2019-yildan boshlab har bir hududning markaziy shaharlarida tashkil etilgan Prezident maktablari mamlakatimiz ta’lim tizimining o‘ziga xos brendiga aylandi. Iqtidorli bolalar uchun maxsus maktablar dunyoning boshqa rivojlangan davlatlarida ham bo‘lsa-da, ularning aynan “Prezident maktabi” nomi ostida faoliyat olib borishi O‘zbekiston tajribasi bo‘ldi.
Ana shunday nufuzli maskanlardan biri Navoiy shahrida bunyod etilgan bo‘lib, ayni paytda bu yerda 168 nafar o‘quvchi xalqaro standartlar asosida ta’lim olmoqda. 28 nafar mahalliy va 9 nafar xorijlik pedagoglarning sa’y-harakatlari bilan bitiruvchilar dunyoning TOP universitetlari talabasi sharafiga erishdilar. Ular Angliya, Avstraliya, Amerika va Osiyo davlatlarining e’tiborli oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirayotgani ota-onalari qatori ustozlarini ham quvontiradi.
– Maktabimiz yangicha baholash tizimiga o‘tgan maktablar sirasiga kiradi. Bundan tashqari, aynan Prezident maktabi boshqa umumta’lim maktablariga ham ushbu baholash tizimini targ‘ib qilish uchun lokomotiv ilm maskani hisoblanadi, – deydi maktab direktori Jo‘rabek Aslonov. – O‘quvchilarimiz xalqaro fan olimpiadalariga chiqyapti. Matematika fanidan Bektosh Ro‘ziqulov, biologiyadan Mashhura Qudratova erishgan qator yutuqlarni misol tariqasida keltirishimiz mumkin. Mana, yaqinda 11-sinf o‘quvchisi Jasminabonu Erkinova tibbiyot va sog‘liqni saqlash fanlari bo‘yicha Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika hududida birinchi o‘rinda turadigan nufuzli universitet – “American University of Beirut Mediterraneo Campus”iga “Bachelor of Science in Psychology” yo‘nalishidagi xalqaro darajadagi grant asosida o‘qishga kirdi. Bu – grant tufayli Jasminabonu to‘rt yil o‘qishi uchun unga 98 ming dollar mablag‘ ajratiladi, demakdir.
Bir kelsa, qo‘sha keladi, degandek, yuqorida nomini tilga olganim – 11-sinf o‘quvchisi Mashhura Qudratova 8-mart bayrami arafasida ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi bo‘ldi. Albatta, o‘quvchilarimizning bunday muvaffaqiyatlari bizni quvontiradi.
Direktor faxrlanganicha bor. 2025-yilning o‘zida Bektosh Ro‘ziqulov WMI (World Matematics Invition) olimpiadasida kumush, AQSHning Nyu-York shtatidagi Xalqaro “Copernicus Matematical Olymhiad 2025”da oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Mashhura Qudratova onlayn tarzda o‘tkazilgan “Neoscience” AQSH olimpiadasida biologiya yo‘nalishi bo‘yicha oltin, 20 ta davlat iqtidorli yoshlari orasida Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan Ochiq Xalqaro Biologiya Olimpiadasining bronza medallariga ega bo‘ldi. Shuningdek, 2026-yilning boshida maktab ham akkreditatsiyadan o‘tib, CIS – Xalqaro maktablar kengashi a’zoligiga kirdi.
– Maktab xalqaro darajada tan olindi, – deydi J.Aslonov. – Mana shuning o‘zi ham bizga katta imkoniyatlarni beradi. Endi o‘quvchilarimiz jahonning eng nufuzli universitetlari grantlarini qo‘lga kiritishlari yanada osonlashadi.
Albatta, Prezident maktablariga o‘qishga kirishning o‘ziga yarasha talablari bor. Chunki 24 o‘rin uchun qariyb ikki ming o‘quvchi hujjat topshiradi. Imtihonlar ham ikki bosqichda o‘tkaziladi. Aniq fan, ya’ni matematika fanidan yuqori ball to‘plagan bolalar Kembrij ta’lim tizimi talablariga ko‘ra, fikr doirasining kengligi va ingliz tili bo‘yicha imtihon qilinadi. Bundan tashqari, bola o‘qishga qabul qilingach, maktabning o‘zida istiqomat qilgan holda ta’lim oladi. Bunda u uy ishlariga yoki boshqa mashg‘ulotlarga chalg‘imay, fikr-u zikri ilm olishdan iborat bo‘ladi.
Navoiy shahridagi Prezident maktabida mavjud o‘quv kuni akademik to‘garaklar faoliyati bilan davom etadi. Har bir o‘quvchida kreativlikni shakllantirish uchun uning qiziqishlari o‘rganilib, o‘ziga mos to‘garaklarga jalb etiladi. Masalan, bugungi kunning eng ehtiyoj katta sohalari – robototexnika va sun’iy intellekt, shuningdek, suzish, san’at yoki nutq madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan to‘garaklar ishlab turibdi. Asosiy e’tibor esa eng zamonaviy ta’lim jarayonida har bir o‘quvchi ongida vatanparvarlik g‘oyasini saqlab qolishga qaratilgan.
Xalqaro toifadagi xorijiy pedagog kadrlarni ishga olish tartibi ham izchil yo‘lga qo‘yilgan. Avvalo, e’tiborli xalqaro saytlarga mavjud bo‘sh o‘rinlar to‘g‘risida ma’lumotlar joylashtiriladi. So‘ngra shu ish o‘rni uchun maktab tizimining talab va ish tartibi yuklanadi. Yuborilgan hujjatlar o‘rganilib, test imtihoni va suhbat o‘tkaziladi. Tanlab olingan xorijiy ustoz Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan tasdiqlanadi. Navoiylik Prezident maktabi o‘quvchilari hozirda Yangi Zelandiya, Filippin, Janubiy Afrika, Keniya va Ruminiyadan kelgan tajribali o‘qituvchilardan ta’lim olishmoqda.
Ha, Prezident maktablari ta’lim tizimiga kirish nafaqat o‘quvchi, balki o‘qituvchilarning ham orzusiga aylandi bugun. Bir so‘z bilan aytganda, kelajak yetakchilarini tarbiyalovchi eng nufuzli ta’lim muassasalari sanaladi bu maktablar. Albatta, 20-30 nafar xohlovchilar orasidan tanlanganlardan bo‘lish oson emas-da.
Maktab pedagoglar jamoasi o‘quvchilari zehniyatida nainki fanlar, balki jamoa bilan ishlash, tadqiqot o‘tkazish va mustaqil fikrlash kabi ko‘nikmalarni ham rivojlantirmoqda. Bu yerda ta’lim olayotganlar startap, IT va ilmiy tadqiqot loyihalari bilan kundan kunga faollashib boryapti. Shuningdek, tashabbus va g‘oyalari, faol harakatlari va izlanishlari bilan mamlakatimiz ta’lim tizimida yuqori o‘rinlarni egallamoqda. Maktabning iqtidorli o‘quvchilaridan biri Mashhura Qudratova bilan suhbatlashib, bunga yana bir bor amin bo‘ldik.
– Ota-onam oddiy odamlar. Otam tez tibbiy xizmatda haydovchi, onam uy bekasi, – deydi Mashhura. – Oilada to‘rt farzandmiz. Akam magistraturani biznes boshqaruvi yo‘nalishida Londondagi South Bank University (LSBU)da tugalladi. Ikki opam ham oliy o‘quv yurtlarida tahsil oladi. Men akamga havaslanib, xalqaro olimpiadalar sovrindori bo‘lishga ko‘proq qiziqardim. Ikkinchi sinfdaligimda otam televizorda Zulfiya mukofoti bilan taqdirlanganlar haqidagi ko‘rsatuvni ko‘rib o‘tirib, onamga “Mening qizim ham bir kun kelib shu mukofotni oladi”, deganlarini eshitib qoldim. Ichimda bir istak uyg‘ongan, lekin katta orzum xalqaro olimpiadalarda o‘rin egallash edi. Prezident maktabida yo‘nalishim bo‘yicha ustozim Zebo opa Ro‘ziqulova men bilan individual shug‘ullandi. Har ikki orzumga erishdim. Zulfiya mukofoti taqdirlash marosimida Prezidentimizga oldimga qo‘ygan maqsadim – Avitsenna Xalqaro Biologiya, Ochiq Xalqaro Biologiya hamda nufuzli 37-Xalqaro Biologiya Olimpiadalarida oltin medalni qo‘lga kiritish ekanini aytdim. Davlatimiz rahbarining: “Ko‘ryapsizlarmi, Mashhura qizim menga uchta oltin medalni va’da qilyapti”, deganlari menga yangi kuch-quvvat berdi. Mana shu va’damni bajarish uchun astoydil harakatdaman.
Biz senga va baxti kulgan tengdoshlaringga ishonamiz, Mashhura!
Muhayyo RUSTAMOVA
“Jadid” gazetasining 2026-yil 3-apreldagi 14-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



