17.04.2025 | 12:31
389
INNOVATSION YONDASHUV ZARURATI
Umida Tillaboyeva – mehnat resurslarini boshqarish va iqtisodiy tadqiqotlar sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni ilgari surayotgan yosh olimalardan biri. U ayni paytda G. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filialida aspirant va o‘qituvchi. Mehnat bozoridagi muammolarni tahlil qilish hamda O‘zbekistonda innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishga oid yangi strategiyalar ustida ish olib bormoqda. U bilan mehnat resurslarini boshqarishda an’anaviy modellarni qayta ko‘rib chiqish va kimyo sanoatidagi imkoniyatlar haqida suhbatlashdik.

– Umida, suhbatimiz avvalida o‘zingiz va ilmiy tadqiqotlaringiz haqida qisqacha ma’lumot bersangiz.
– Ayni damda “Innovatsion iqtisodiyotda mehnat salohiyatini rivojlantirish va undan samarali foydalanish mexanizmi” (O‘zbekiston kimyo sanoati misolida) mavzusida ilmiy tadqiqot olib boryapman. Asosiy e’tiborim kimyo sanoatida kadrlar boshqaruviga innovatsion yondashuv joriy qilish borasida tizimli mexanizmni takomillashtirish, inson kapitali rivoji, motivatsion ta’lim muhitini yaratish va tez o‘zgaruvchan iqtisodiy sharoitga mos rag‘batlantirish modellarini shakllantirishdan iborat.
Tadqiqotimda mehnat resurslarini boshqarishga doir eng zamonaviy strategiyalar tahlili, inson resurslariga nisbatan gumanistik yondashuv muhim o‘rin tutadi. Negaki, globallashuv va keskin raqobat sharoitida aynan shu yondashuv raqobatbardosh korxonalarning shakllanishiga va har bir xodimning o‘z qadrini his qilishiga imkon beradi.
Bu borada Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va “O‘zkimyosanoat” AJning xalqaro dasturlarida qatnashganim xorijiy tajribani o‘rganish va uni milliy amaliyotga moslashtirishga yordam berdi. Mehnat resurslarini boshqarishda yangi standartlarni shakllantirish hamda strategik, taktik va operativ mexanizmlarni yagona boshqaruv tizimiga integratsiya qilish tadqiqotimning asosiy maqsadlaridan biridir.
– Demak, tadqiqotlaringiz mehnat salohiyatini innovatsion bosqichga olib chiqishga yo‘naltirilgan. Bu siz uchun qanchalik muhim?
– Juda muhim. Chunki zamonaviy iqtisodiyotda innovatsiyalar o‘sishning asosiy omili hisoblanadi. Biroq mehnat resurslari samarali boshqarilmasa, eng ilg‘or texnologiyalar ham amaliyotda samara bermay, faqat g‘oyalar darajasida qolib ketaveradi. Aynan shuning uchun ham inson resurslarini moslashtirish, ish unumdorligini oshirish va ularni iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish borasida izlanishlar olib boraman. Bu strategik ahamiyatga ega tarmoqlar kimyo sanoati uchun ayniqsa ahamiyatli.
– Nega aynan kimyo sanoati uchun?
– Chunki kimyo sanoati nafaqat mustaqil tarmoq sifatida, balki boshqa ko‘plab sanoat sohalari uchun ham asosiy xomashyo va texnologiyalar manbayi sanaladi. U sanoatlashuv jarayonlarini tezlashtiradi, eksport salohiyatini oshiradi, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga sabab bo‘ladi va eng muhimi, ilm-fan rivojiga turtki beradi.
Kimyo sanoati YAIMga qo‘shayotgan hissasi orqali mamlakat iqtisodiy o‘sishida muhim rol o‘ynaydi. Ushbu soha doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar ham ichki, ham tashqi bozorda talabgir.
Bundan tashqari, kimyo sanoati boshqa tarmoqlarga asos, ya’ni, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, yengil sanoat, qurilish, neft-gaz, oziq-ovqat va boshqa minglab tarmoqlar uchun muhim xomashyo manbayi. U hamisha innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib kelgan. Kimyo fanining ilmiy kashfiyotlari orqali yangi materiallar, ekologik toza texnologiyalar, samarali energiya manbalari yaratiladi. Bu esa umumiy taraqqiyotni rag‘batlantiradi.
Qolaversa, kimyo sanoati rivoji ekologik muammolarga yechim topishda eng maqbul variantlarni taklif etishi mumkin. Kimyo sanoati zamonaviy filtrlash, chiqindilarni qayta ishlash, biodegradatsiya texnologiyalari yordamida ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Hozir bu yo‘nalish yurtimizda eng tez rivojlanayotgan sohalardan biri bo‘lib, uni modernizatsiya qilish va yangi texnologiyalarni joriy etish uchun ulkan imkoniyatlar bor. Biroq sohada kadrlar boshqaruvida qator taqchillik hamda malakali mutaxassislar yetishmasligi kuzatiladi. Bu ahvolda barqaror o‘sish haqida faqat orzu qilish mumkin. Shuning uchun mehnat resurslarini takomillashtirish dolzarb vazifa hisoblanadi va men buni tadqiqotimning asosiy maqsadi sifatida belgilab olganman.
– Kimyo sanoatini samarali boshqarish nima uchun bu darajada muhim? Nazarimizda, bu sohadagi ishlar bir maromda ketayotgandek…
– Bu soha xavf darajasi yuqori va murakkab texnologiyalarga asoslangan. Qolaversa, ko‘p sarmoya talab etadigan soha. Tavakkal qo‘yilgan birgina qadam yoki boshqaruvdagi kichik bir xato ulkan vayronagarchiliklarga yoxud mislsiz zararlarga olib kelishi mumkin. Uning samarali boshqaruvi xavfsizlik, inson salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilish uchun ham shart.
Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonlarida qat’iy nazorat, mahsulot sifatini ta’minlash va xalqaro standartlarga moslashish eksport imkoniyatlarini kengaytiradi. Investorlar ana shunday tizimlashgan sohalarga ishonishadi va ko‘proq sarmoya kiritishga moyil bo‘lishadi.
– Ilmiy tadqiqotlaringiz qachondan boshlangan?
– Oliy ta’limni tamomlagandan so‘ng xalqaro iqtisodiyot va tadbirkorlik fanlaridan dars berishni boshladim. Bu esa menga ilmiy izlanishlarga jiddiy kirishish imkonini yaratdi. Ko‘p o‘tmay, kimyo sohasidagi mehnat resurslari masalasi menda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Izlanishlar jarayonida qanday xulosalarga keldingiz?
– Bizda kimyo sanoati rivojlanishi uchun katta imkoniyatlar bor. Fosforit, kaliy tuzlari, oltingugurt, gaz va neft kabi kimyo sanoati uchun muhim xomashyolar bisyor. Organik kimyoviy moddalar ishlab chiqarishda asosiy manba bo‘lgan tabiiy gazga ham, boshqa tabiiy resurslar zaxirasiga ham egamiz. Bundan tashqari, strategik joylashuvimiz qo‘shni davlatlar va yirik bozorlarga chiqish imkonini beradi.
Qishloq xo‘jaligi, qurilish va yengil sanoat uchun mahsulotlar ishlab chiqarish esa eksportni rivojlantiradi. Texnoparklar, erkin iqtisodiy zonalar, maxsus kimyo sanoati hududlari, yangi zavod va fabrikalarning barpo etilishi bu imkoniyatlarning amaliy isbotidir. Navoiy va Farg‘ona viloyatlaridagi sanoat zonalari kimyo sanoati uchun allaqachon strategik ahamiyatga ega bo‘lishga ulgurgan.
Inson kapitali va ilmiy salohiyat borasida ham imkoniyatlar yomon emas. Kimyo va biotexnologiyalar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlovchi oliy o‘quv yurtlarimiz bor. Ilmiy-tadqiqot institutlari sabab ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi rivojlanmoqda. Davlat tomonidan kimyo sanoatini rivojlantirishga oid strategiyalar ishlab chiqilgan. Xorijiy va mahalliy sarmoyalar jalb qilinib, “Uzbekistan GTL”, “Navoiyazot” singari yangi korxonalar ochilyapti. Bu investitsiya va davlat qo‘llab-quvvatlovidan darak.
Biroq kadrlar rivojining aniq tizimisiz haqiqiy innovatsion iqtisodiyotni qurish mushkul, ayniqsa, kimyo sohasida. Avtomatizatsiya va raqamli texnologiyalar yangi malakalarni talab qiladi. Biznes, ta’lim va mutaxassislarni qayta tayyorlashga katta e’tibor qaratish zarur. Ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiya esa juda muhim.
– O‘zbekistonda mehnat resurslarini rivojlantirishda qanday muammolar bor deb hisoblaysiz?
– Eng asosiy muammo – mehnat bozori va ta’lim tizimi o‘rtasidagi nomuvofiqlik. Bitiruvchilar ko‘p holda mehnat bozorining real ehtiyojlariga to‘liq mos kelmaydi. Ayrim sohalarda mutaxassislar keragidan ko‘p, ayrimlarida esa (IT, muhandislik, qurilish, agrar va boshqa) malakali kadrlar tanqis.
Zamonaviy iqtisodiyot raqamli salohiyat talab qiladi, ammo aholining katta qismi bu borada ko‘nikmaga ega emas. Ayniqsa, katta yoshdagi kishilar. Bugun sun’iy intellekt va avtomatizatsiya mehnat bozorini tubdan o‘zgartirmoqda. Bizda esa kadrlarning texnologik o‘zgarishlarga moslashuvi sust. Ta’lim tizimi ko‘p hollarda biznes ehtiyojlaridan orqada qolgan. Yana bir muammo shuki, innovatsion sohalarda yuqori malakali mutaxassislar yetishmaydi.
– Bu muammolarni qanday hal qilish mumkin?
– Eng avvalo, ta’lim tizimi va bozor ehtiyojlari o‘rtasida uyg‘unlikka erishish kerak. Universitetlar, ishlab chiqaruvchilar va davlat organlari o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash – mehnat resurslarini rivojlantirishda asosiy omil shu.
O‘quv dasturlarini bozor talabiga moslashtirib, STEM – fan, texnologiya, muhandislik, matematika sohalariga e’tiborni kuchaytirish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, kasb-hunar ta’limiga investitsiyalar kiritish va amaliy mashg‘ulotlar orqali tajriba berish juda muhim. “Dual education” kabi modellar bu yo‘lda yaxshi samara beradi.
Shuningdek, universitetlar qoshida ilmiy-texnik startaplar, raqamli texnologiyalarni joriy etish, elektron mehnat bozori infratuzilmasini rivojlantirish va davlat tomonidan innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash muhim choralar sirasiga kiradi.
Yangi O‘zbekistonda bu yo‘nalishdagi islohotlar ijobiy harakatlardan darak bermoqda: yosh mutaxassislar shakllanmoqda, startaplar uchun grant va subsidiyalar ajratilyapti; texnoparklar tashkil etilyapti; investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilyapti. Bularning barchasi mehnat resurslarini zamonaviylashtirish, raqamlashtirish va innovatsion siyosatni uyg‘un ravishda amalga oshirishga xizmat qiladi.
– Mazmunli suhbat uchun rahmat!
– Suhbat o‘zim uchun ham foydali bo‘ldi. E’tiboringizdan minnatdorman!
Abdulhamid MUXTOROV suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-apreldagi 15-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



