25.12.2024 | 11:59
398
ISLOHOTLAR QO‘NGʻIROTGA QO‘R BERDI
Mamlakatimizning eng yirik va eng olis Qo‘ng‘irot tumanini xalq orasida O‘zbekistonning “shimoliy darvozasi” deb aytishadi. Qo‘ng‘irot tumani hududi Ustyurt platosi hisobiga 7 million 600 ming gektardan ziyod. O‘zbekistonning Shimolga boradigan asosiy xalqaro yo‘li ham shu yerdan o‘tgan. Yurtda boshlangan islohotlar hudud aholisining kundalik turmushida o‘z natijalarini ko‘rsata boshlaganiga ancha bo‘ldi. Bugun bu yerda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlarni ko‘z ko‘rib, ko‘ngil quvonmasligi mumkin emas.

Qo‘ng‘irot shahridan Qozog‘iston bilan chegarasigacha masofa bor-yo‘g‘i 360 kilometr. Boshqa davlatlar bilan chegaradosh bo‘lishning o‘ziga yarasha yaxshi va yomon tomonlari bor. Masofa yaqinligi tufayli oyiga arzimas 200-300 dollar topish uchun ishlagani chiqib ketadiganlar ko‘p. Shu mahalgacha qo‘ng‘irotliklarning 80 foizi Qozog‘istonga yumush izlab ketardi. Natijada o‘zining yurtida bitmagan qancha ish qolib ketayotganini tasavvur qilib olavering. Mahalliy hokimiyat bu noxush vaziyatni o‘zgartirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rmoqda.
Xususan, Mang‘istovgacha bo‘lgan 240 kilometrlik yo‘lni betonlash ishlari boshlanganda, asosan mahalliy ishchilar jalb qilindi. Shuningdek, ishsizlarni ma’lumoti va mutaxassisligi, xohishiga ko‘ra ishga joylashtirish masalalarini ham asta-sekin hal etish boshlandi. Bu borada tuman aholisining ma’lumoti, mutaxassisligi va ishsizlik sababiga oid to‘liq axborot to‘plandi.
Albatta, kimga ish taklif qilsang, sanoat sohasida ishga joylashtirishni so‘raydi. To‘g‘ri, Qo‘ng‘irotda istiqlol yillari qurilgan juda katta kimyo kombinati bor. Biroq u aholi maskanlaridan ancha olisda – Ustyurt platosida joylashgan. Bu kombinat talabgorlarning hammasini ishga qabul qilolmaydi.
Biroq yangi ochilib, ishga tushirilayotgan tuz karyerlarida hali ishchilar uchun barcha sharoit yaratilgan emas. Yangi ishga kirganlar Ustyurtda – dala sharoitida yashashi kerak bo‘ladi. Ayniqsa, ishchi kuchiga muhtojlik sezilayotgan tuz karyeri yonida uy ham, biror dov-daraxt ham yo‘q. Odamlarning huvullagan kenglikka borib ishlagisi kelmaydi. Shuning uchun ish so‘raganlarning birovi qorovul bo‘laman desa, yana biri haydovchilik qilaman deydi, boshqasi farroshlikni so‘raydi.
Har kimga o‘zi so‘ragan ishni topish mushkul, biroq ish bilan ta’minlash muammosini manzilli tashkil qilsa, arzirli natijaga erishish mumkin. Shunda tuman mas’ullari Qo‘ng‘irotning hali ishga solinmagan boyliklariga e’tibor qaratishdi. Gap shundaki, Qo‘ng‘irotda tuz konlari ko‘p, ular qariyb 110 ming gektar maydonni egallab yotibdi. Tuz – qo‘ng‘irotliklarga Allohning ne’mati, qancha ko‘p kavlab olsangiz, joyi yana to‘laveradi. Tuz konlari bitmas-tuganmas xazina ekanini tushuntirib, undan kengroq foydalanish bo‘yicha mamlakat rahbariyatiga takliflar kiritildi.
Jumladan, “Borsa kelmas” konining yonida 50 gektar yerda kichik sanoat zonasi tashkil etish reja qilingan. Tadbirkor tuzni shu joyda qadoqlab, tayyor yoki yarim tayyor mahsulot ishlab chiqaradi. Bu reja amalga oshsa, Qo‘ng‘irotdagi kichik korxonalarda kamida uch barobarga o‘sish bo‘ladi. Shunda ham 110 ming gektar tuz konining atigi 10 foizidangina foydalaniladi. Qolgan 100 ming gektarni ham o‘zlashtirish va foydalanish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
Bu boradagi takliflar hukumat tomonidan ma’qullangan. Tuz sanoati rivojlantirilsa, tuman iqtisodida juda katta o‘sish bo‘ladi. Ishsizlik ham sezilarli darajada barham topadi.

Tuman hududi juda bepoyon ekani tufayli, bu yerda ichki yo‘llar, xususan, ularning ko‘pi nochorligi masalasi ham aholining doimiy noroziligiga sabab bo‘layotgan edi. Muammoni yechish uchun avval uning ko‘lamini bilib olish kerak. Shu bois birinchi navbatda ichki yo‘llar xatlovdan o‘tkazildi – qayerni joriy ta’mirlash, qayerni asfaltlash kerak, qayerga tosh-shag‘al to‘ksa ham bo‘ladi, shular o‘rganib chiqildi. Eng avval 60 kilometr yo‘l tegishli qaror asosida tuzatildi.
– Mahallama-mahalla yurib, ko‘cha va yo‘llarni o‘lchab chiqdik, – deydi Qo‘ng‘irot tumani hokimining matbuot kotibi Guliston Qarajanova. – Hisob-kitobini aniqlashtirdik. Jami ichki yo‘llarimiz 733 kilometrni tashkil etdi, shundan 511 kilometri tuproq yo‘l bo‘lib chiqdi. Ichki yo‘llarning 70 foizi talabga javob bermas ekan. Bosqichma-bosqich deyarli barcha ko‘chalarni asfaltladik.
Shu yerda bir narsani aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Prezidentimizning tadbirkorlarni ko‘paytiraylik, ular har ishimizga kamarbasta bo‘ladi, degan gaplarida hikmat bor ekan. Tadbirkorlar bilan kengashlarimiz bor. Tadbirkorning vaqti nafaqat ularning o‘zlari, balki jamiyat uchun ham muhim. Tadbirkor tortinmay dardini ayta olishi kerak. Ana shunday kengashlarning birida 40 kilometr yo‘l masalasini o‘rtaga tashladik. “Biz yonilg‘iga ketadigan xarajatni ko‘taraylik. Siz bizga yordam bering”, dedik. Chunki qum-shag‘alni Qoratovdan olib kelish kerak. Qoratov esa bizdan qariyb 200 kilometr uzoqda joylashgan. Bir “KamAZ” shag‘al olib kelish to‘rt yarim million so‘mga tushar ekan. Baraka topishsin, bir ovozdan “muammo yo‘q, keragicha tashib beramiz” deyishdi. Birovi 20, boshqasi 50 bor qatnab, keltirib berishdi. 40 kilometr yo‘l tadbirkorlar himmati bilan yaxshilandi. Birortasi qo‘shimcha bir tiyin so‘ramadi. Yaqinda Qoraqalpog‘iston bo‘yicha ichki yo‘llarni yaxshilash uchun davlat byudjetidan ham mablag‘ ajratildi. Albatta, bundan Qo‘ng‘irotga ham ulush bor. Yana 156 kilometr yo‘limiz shu mablag‘dan ta’mirlanadi.
Matbuot kotibining tadbirkorlar himmatidan suyunganicha bor. Tuman markazidagi o‘n gektardan oshiq qarovsiz joy ham ularning madadi bilan katta bir bog‘ga aylandi. Sal avvalroq bu joyga bir nechta noqonuniy bino ham qurilib, bog‘ maydoni kichrayib ketgan ekan. Bitganlariga tegilmadi, lekin endi qurilish boshlayman, deb turganlar hokimiyatga chaqirilib, tushuntirish ishlari olib borildi. Tuman aholisi madaniy hordiq oladigan joy bo‘lishi kerakligi aytildi. Bog‘ maydoni qonuniy tartibda qaytarib olindi. Ammo tuprog‘ining tarkibi buzilgan, nihol qadab bo‘ladigan emas edi.
Yana tadbirkorlar yordamga keldi. 2000 reys unumdor tuproq keltirib to‘kildi. Qaytadan bog‘ tashkil qilindi. Bog‘ ichidagi Yoshlar sayilgohida o‘quv markazlari, hordiq chiqarish uchun yashil zonalar, umuman yoshlar uchun nima kerak bo‘lsa, hammasi tashkil etildi.
Bugun bu yerda zamonaviy Yoshlar markazi va uning yonida Ma’naviyat va ma’rifat markazining 52 ming jildlik katta kutubxonasi ishlab turibdi. Qolaversa, tadbirkor Islom Xudoyberdiyev tashabbusi bilan Yoshlar markazining ichida ham shinam kutubxona tashkil etildi. Bu yerga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘zbek va jahon adabiyotiga oid badiiy kitoblar sovg‘a qilindi. Bir so‘z bilan aytganda, tashlandiq, qarovsiz bog‘ yoshlar uchun muhtasham mutolaa xiyoboniga aylanish arafasida.
Islohotlar faqat bandlik va obodonlashtirishdan iborat emas, albatta. Yaqindagina Qo‘ng‘irotda xususiy maktab qurilishi boshlangan edi, allaqachon ishga tushish arafasiga keldi. Temir yo‘llar tizimiga qarashli foydalanishga yaroqsiz holatga kelgan basseyn, futbol maydoni va sport zali jadal ta’mirlanmoqda.
Shu o‘rinda, tumanda bo‘layotgan o‘zgarishlar ayniqsa yoshlarni ilhomlantirib yuborganini alohida ta’kidlash kerakka o‘xshaydi. Xizmat safarim vaqti tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Muxtor Murtazoyev bir ibratli voqeani so‘zlab berdi:
– Sizga hali yigirmaga ham to‘lmagan bir yigitcha haqida gapirib bermoqchiman. U bilan tanishuvimiz juda qiziq bo‘lgan. Yoshlarga yer ajratish payti u bizni hol-jonimizga qo‘ymadi. Ozroq yer berdik. Pomidor ekib, o‘sha yili 80 million atrofida daromad topdi. Keyingi mavsumda kattaroq yer berdik. U bugun besh gektar yerda dehqonchilik qilib, oilasini boqyapti. Ro‘zg‘oridan ortgan daromadni jamlab, yengil avtomashina sotib oldi. Uyida parranda boqadi. Undan ham foyda ko‘rayotir. Hovlisining bir burchagida moʻjazgina issiqxona qurgan. Yaqinda yoshlarga eksportbop mahsulotlar yetishtirish uchun yana yer ajratganda, yosh dehqonlarga o‘sha yigitchani ustoz qilib qo‘ydik. Tomorqadan daromad topish bo‘yicha mahorat darslari o‘tyapti. Ikki yil ichida tuman yoshlarining lideri bo‘lib oldi. Kooperatsiya tashkil qilgan, uni ham o‘zi boshqaradi.
Tumanda, ijtimoiy himoya tizimi ham yangicha struktura asosida ishlayotgani tufayli aholini elektr energiya, gaz va suv bilan ta’minlash holati yaxshi tomonga keskin o‘zgardi. Qishloq va ovullarda istiqomat qiladigan 8 ming xonadonga suyuq gaz yetkazib berilmoqda, tuman markazi 100 foiz tabiiy gaz bilan ta’minlangan.
Tumanda ichimlik suvi bilan bog‘liq yechimini kutayotgan masalalar ham ko‘p edi. Tarmoqlar eskirgan, ta’mirtalab bo‘lib qolgandi. Mamlakat rahbarining qarori asosida Qo‘ng‘irot tumanidagi 22 ta mahallaga yangidan suv quvuri tortiladigan bo‘ldi. Bunga ketadigan mablag‘ esa Osiyo taraqqiyot banki tomonidan qoplanishi belgilangan.
Qo‘ng‘irotda 226 ta ko‘p qavatli uy bor. U boshqa tumanlardan ko‘p qavatli uylar soni ko‘pligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun kuz va qish oylariga tayyorgarlik bu yerda biroz qiyin kechadi. Sababi, bu uylarning ko‘pi eski. 39 ta buzilishi kerak bo‘lgan uyning 29 tasi Qo‘ng‘irot shahrida joylashgan. Shular navbati bilan buzilyapti. Uy egalarining xohishiga qarab, o‘ringa o‘rin yoki kompensatsiya puli berilmoqda. Eng olis hudud sanalgan Jasliqda ham 30 xonadonga mo‘ljallangan to‘rtta besh qavatli uy qurilishi boshlab yuborildi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakat islohotini Qo‘ng‘irot timsolida kuzata turib, olib borilayotgan ishlar ko‘lami faqat va faqat xalq manfaatiga xizmat qilayotganiga yana bir marta amin bo‘ldik. Islohotlar “shimoliy darvoza”gacha yetibdi, deb o‘yladik.
Muhayyo PIRNAFASOVA
“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-dekabrdagi 52-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
107
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614


