Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.07.2026 | 16:30

img1082

ISLOM MOLIYASI: ZARURATMI YO IMKONIYAT?

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, akademik Nurislom TO‘XLIYEV bilan suhbat

– Domla, yaqinda O‘zbekistonda islom banklari faoliyati to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Siz iqtisodchi olim sifatida bu voqeani qanday baholaysiz?

– Bu, shubhasiz, mamlakat moliya tizimidagi muhim voqealardan biri. Men bu qonunni faqat diniy yoki axloqiy nuqtayi nazardan emas, sof iqtisodiy mantiq jihatidan ham dolzarb, deb bilaman. Qonunga muvofiq, islomiy moliya xizmatlari ikki turda – to‘liq islom moliyasi tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi banklar va tijorat banklardagi “islom” darchalari orqali ko‘rsatiladi. Muzoraba, vakala, murobaha, salam, mushoraka va islomiy ijara bo‘yicha olti turdagi xizmatlar ko‘rsatilishi mumkin. Albatta, bu jarayonda, oddiy banking xizmati bilan chegaralanmasdan, takoful va sukuk bozoriga kirib borishni nazarda tutish lozim.

– Islom banklari, aslida, an’anaviy banklardan ko‘pam farq qilmaydi, deb hisoblaydiganlar ham yo‘q emas. Bu borada nima deysiz?

– Darhaqiqat, yakuniy moliyaviy natija nuqtayi nazaridan bu ikki tizim o‘xshash ko‘rinadi. Lekin iqtisodiy mohiyati jihatidan farqi katta. An’anaviy bankda pul – mahsulot (tovar), foiz – uning narxi. Islom banklarida esa pul vosita, xolos, asl obyekt – real aktiv. Bu faqat nazariy emas, balki xatarlar taqsimlanishi, balansning tuzilishi va iqtisodiy muvozanatga ta’siri nuqtayi nazaridan juda jiddiy amaliy farqdir.

Dunyo amaliyotida, ayniqsa, ayrim mamlakatlarda, islom banklari qobig‘i saqlanib, mazmun-mohiyati yo‘qolgan holatlar kuzatilgan va kuzatilmoqda. Buni ham ochiq aytish kerak. Bunda asosiy himoya vositasi – mustaqil va vakolatli Kuzatuv kengashlaridir. Ular faqat nomiga emas, amalda huquqiy vakolatga ega bo‘lishi, mahsulot (xizmat)larni chuqur tekshirishi va bozor ishtirokchilariga hisobot berishi kerak. Islom banklari nufuzi boshidan to‘g‘ri shakllansa, xatolarni tuzatish oson bo‘ladi. Boshidan noto‘g‘ri ketsa, ishonch tiklanmaydi.

– Islom banklarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday aniq foydasi bor?

– Men bu borada uchta asosiy yo‘nalishni ko‘raman.

Birinchisi, investitsion imkoniyatlar. Islom moliyasi bozorlari, xususan, Ko‘rfaz mamlakatlari, Malayziya jahonning eng yirik likvidlik manbalaridan biri. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy investorlarning O‘zbekiston moliya bozoriga kirishga qiziqishi katta. Natijada mamlakat bank tizimiga 1 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritilishi mumkin. Biz ularning tajribasi va pullarini sarmoya sifatida jalb qilishimiz kerak.

Ikkinchi jihat aholini bank-moliya tizimiga faol jalb qilish bilan bog‘liq. O‘zbekistonda hali ham aholining katta qismi bank xizmatlaridan chetda. Islom banklari ularni jalb qilish uchun muhim vosita bo‘lishi mumkin.

Uchinchisi – raqobat. Islom bank tizimi bilan bir qatorda, an’anaviy banklar ham xizmat sifatini yaxshilashga majbur bo‘ladi. Bu esa umumiy tizim uchun foydalidir.

– Siz uzoq yillar mamlakat iqtisodiyotini ichidan kuzatib kelyapsiz. Islom bank faoliyati bo‘yicha qonun “pishib yetilgan” paytda qabul qilindimi yoki biroz kechga qoldikmi, nima deb o‘ylaysiz?

– Iqtisodiyotda “vaziyat yetilishi” uchun odatda uchta omil kerak: siyosiy iroda, bozor talabi va institutsional tayyorgarlik. O‘zbekistonda bugun shu uch omil bor.

Siyosiy iroda – davlat investitsiya iqlimini yaxshilash, islom kapitalini jalb qilish strategiyasida islom banklari faoliyatini tashkil qilish haqida aniq yozilgan. Yangidan ishlab chiqilgan 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida islomiy moliyaning huquqiy asoslarini yaratgan holda, uchta tijorat bankida islomiy moliya xizmatining yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

Bozor talabi – mikromoliya sohasida islom moliyasi mahsulotlariga katta qiziqish kuzatilmoqda. Islom moliyasi tamoyillariga muvofiq bo‘lgan moliyalashtirish hajmi oshib bormoqda. Birgina 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida mikromoliya tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan islomiy moliyalashtirish hajmi 11,2 milliard so‘mni tashkil etgan. Ko‘rsatilgan xizmatlarning asosiy qismi – 70 foizga yaqinini murobaha bitimlari, 19 foizini muzoraba va 12 foizini islomiy ijara tashkil etadi. Ular orasida jismoniy va yuridik shaxslar mavjud, Toshkent shahri va Namangan viloyati faol.

Institutsional tayyorgarlik – Markaziy bank bir necha yil davomida tayyorgarlik ishlarini olib bordi, me’yoriy baza yaratildi. Shuning uchun bu qonun tasodifiy yoki kech emas, o‘z vaqtida qabul qilingan, deb o‘ylayman.

Qonun – bu faqat ruxsat: u nima qilish va nima qilmaslik kerakligini belgilab beradi. Asosiy ish endi boshlanadi: malakali xodim-mutaxassislar tayyorlash, maxsus kuzatuv kengashlarini tashkil etish, audit tizimini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlar va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va boshqa vazifalar bor.

Iqtisodchi sifatida, birinchi navbatda mutaxassislar tayyorlash masalasiga e’tibor qaratish kerak, deb o‘ylayman. Bugun mamlakatimizda shariat va moliyani bir vaqtda chuqur biladigan mutaxassislar soni kam. Shu bo‘shliqni tezda to‘ldirmasak, qonun yaxshi bo‘lsa ham, amaliyot qiyin kechishi mumkin. To‘g‘ri, hozir O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi islom iqtisodiyoti va moliyasi sohasida malakali kadrlar tayyorlash hamda moliyaviy savodxonlik borasida mamlakatimizda tayanch oliygoh sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu yerda boshqa ta’lim yo‘nalishi bilan bir qatorda, islom iqtisodiyoti va moliyasi yo‘nalishida bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlar tayyorlanmoqda, dasturlar, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yaratilmoqda. Lekin bu hali juda kam, albatta.

– O‘zbekistonda islom bank-moliya tizimi rivoji oldidagi eng katta to‘siq-muammolar qaysilar va ularni qanday hal qilish mumkin?

– Bu yerda uchta asosiy to‘siq bor, deb bilaman.

Birinchisi, yuqorida aytganimdek, xodimlar-mutaxassislarning tanqisligi. Islom moliyasi – bu o‘ziga xos soha. Islom huquqi va iqtisodiyot-moliya sohasini bir vaqtda bilish talab etadi. Bugun mamlakatimizda shu ikki yo‘nalishni chuqur biladigan mutaxassislar kam. Yechimi – oliy o‘quv yurtlari va xalqaro tashkilotlar, AAOIFI, IIFM, INCEIF kabi institutlar bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir. Malayziya, Bahrayn tajribasini o‘rganish, o‘zimizda sertifikat dasturlarini ishga tushirish zarur.

Shuni e’tiborga olib, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida davlat granti asosida “O‘zbekistonda islom kapital bozorini shakllantirish metodologiyasini yaratish” fundamental loyihasi bajarilmoqda. Loyiha doirasida “O‘zbekistonda islom kapital bozorini shakllantirishning ilmiy-nazariy asoslari” monografiyasi, “Qur’oni Karimdagi iqtisodiy-moliyaviy masalalarga doir oyatlar” kitobi va “Islom moliyasi” izohli lug‘ati shakllantirildi. Bundan tashqari, “O‘zbekistonda islom kapital bozorining shakllanishi: tendensiya va tahlillar” monografiyasi nashrga tayyorlandi. Bunday tadqiqot va adabiyotlar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi.

Ikkinchisi moliyaviy savodxonlik muammosidir. Aholining katta qismi islom bank faoliyati haqida yo umuman tasavvurga ega emas yoki noto‘g‘ri tushunadi – uni “foizsiz kredit” deb tasavvur qiladi. Mijoz mahsulot mohiyatini tushunmasa, uning imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalana olmaydi. Bu muammoning yechimi tizimli ma’rifat – ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va ta’lim muassasalari orqali maqsadli tushuntirish ishlarini olib borishdir.

Uchinchisi – soliq va huquqiy muhit. Qonun qabul qilindi, lekin ikkilamchi me’yoriy asos hali to‘liq shakllanmagan. Xususan, oldi-sotdi amaliyotlari ketma-ketligi bilan bog‘liq soliq masalalari, mol-mulk reyestri masalalari, Kuzatuv kengashlarining huquqiy maqomi – bular yechimini kutayotgan masalalardir. Bu sohada qonunchilikni tezda takomillashtirish, tartibga soluvchi idoralar va amaliyotchilar o‘rtasida doimiy muloqot mexanizmini yo‘lga qo‘yish zarur.

O‘zimancha yillardan beri talabalarga iqtisodiyotdan saboq berib kelaman, tajribamdan bilaman: eng yaxshi qonun ham, eng yaxshi mahsulot ham, agar odamlar uni tushunmasa, samara bermaydi. Moliyaviy savodxonlik – bu, tizimning “yoqilg‘isi”, xolos. U tizimni harakatga keltirish uchun zarur. Men savodxonlikni oshirish ishini kamida uchta qatlamda olib borish kerak, deb hisoblayman.

Birinchi qatlam – ommaviy ma’rifat. Bu yerda asosiy vosita – oddiy til. Islom moliyasini tushuntirishda ko‘pincha arabcha atamalar to‘siq bo‘ladi. Odamlarga avval masalaning mohiyatini tushuntirish kerak, so‘ngra atamalarni berish lozim. Bunda televideniye, ijtimoiy tarmoqlar – barcha imkoniyatlardan foydalanish kerak. Ayniqsa, yoshlar uchun qaysi format qulay bo‘lsa, o‘shani qo‘llash yaxshi samara beradi.

Yana bir muhim jihat – ishonch masalasi. Odamlar ma’lumot olishi uchun, avvalo, manbaga ishonishi zarur. Shuning uchun savodxonlik ishini davlat, banklar va mustaqil ekspertlar birgalikda olib borishi muhim. Agar ma’rifat faqat banklardan kelsa, odamlar uni reklama deb qabul qiladi.

Xullas, savodxonlik bir martalik kampaniya emas, uzoq muddatli strategik ish. Bu ishni bugun boshlamasak, ertaga tizim barpo bo‘lishi mumkin, lekin uni ishlatadigan ongli mijoz bo‘lmaydi.

Ikkinchi qatlam – tadbirkorlar uchun maqsadli ta’lim. Aholi umumiy ma’lumotga muhtoj bo‘lsa, tadbirkor amaliy bilimga muhtoj bo‘ladi. Unga “Islom moliyasi nima?” emas, “Mening biznesim uchun qaysi mahsulot mos, qanday rasmiylashtiraman, soliq nuqtayi nazaridan qanday bo‘ladi?” degan savollarga javob kerak. Shu sababli tadbirkorlar uchun alohida seminar va treninglar, misol va keys-stadilar asosida tuzilgan qo‘llanmalar zarur. Tadbirkorlar assotsiatsiyalari, Savdo-sanoat palatasi kabi tashkilotlar bu ishda asosiy hamkor bo‘lishi kerak.

Uchinchi qatlam – ta’lim tizimiga integratsiya. Bu – eng uzoq muddatli, lekin eng ta’sirchan yo‘l. Agar islom moliyasining asoslari maktab va kollej dasturlariga kirib borsa, o‘n yillarda savodli avlod yetishib chiqadi. Iqtisodiyot, tadbirkorlik, huquq fakultetlarida islom moliyasi bo‘yicha kurslar joriy qilish nafaqat savodxonlikni, balki soha uchun kadrlar tayyorlashni ham ta’minlaydi.

– O‘zbekistonda islom moliyasi faqat bank faoliyati yoki mikromoliya tashkilotlari bilan cheklanib qoladimi yoki boshqa imkoniyatlar ham bormi?

– Juda o‘rinli savol. Afsuski, ko‘pchilik islom moliyasini faqat islom banklari sifatida ko‘radi. Aslida, islom moliyasi ancha keng ekotizim. Bank va mikromoliya bu ekotizimning faqat bir qismi, xolos.

Birinchisi, islom kapital bozori, xususan, sukuk. Sukuk – shariatga muvofiq obligatsiyalardir. Yo‘llar, elektr va suv ta’minoti kabi davlat infratuzilma loyihalarini sukuk orqali moliyalashtirish mumkin. Bu byudjetga og‘irlikni ortmasdan, Ko‘rfaz va Malayziya investorlarini jalb qilishning samarali yo‘lidir. Ayniqsa, “yashil sukuk” (ekologik loyihalar doirasida) bugun dunyoda juda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Ikkinchisi, takaful, ya’ni islom sug‘urtasi. Sug‘urta bozori O‘zbekistonda zaif rivojlangan. Takaful esa an’anaviy sug‘urtaga muqobil tizim sifatida katta potensialga ega. O‘zaro kafolatlashuv tamoyiliga asoslangan bu tizim aholiga tushunarliroq va qabul qilishga osonroq bo‘lishi mumkin.

Uchinchisi, islom investitsiya jamg‘armalari (fondlari). Shariatga muvofiq, aksiya fondlari, qo‘shma investitsiya fondlari investorlarga halol investitsiya imkoniyatini beradi. Bugun dunyoda shariat asosida boshqarilayotgan aktivlar hajmi 150 milliard dollardan oshgan. O‘zbekistonda bu bozor amalda yo‘q, bu esa katta bo‘shliq mavjud, degani.

To‘rtinchisi, ijtimoiy islom moliyasi: vaqf va zakot institutlari. Bu yo‘nalish odatda kam tilga olinadi, lekin iqtisodiy ahamiyati juda katta. Vaqf, mulkni jamiyat manfaati yo‘lida vaqf etish tizimi tarixda maktablar, madrasalar, kasalxonalar, infratuzilmani moliyalashtirgan. Bugun Turkiya, Malayziya, Bangladesh vaqfni zamonaviy investitsiya vositasiga aylantirishga muvaffaq bo‘lmoqda. O‘zbekistonda vaqf institutini zamonaviylashtirish nafaqat diniy, ayni paytda ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ham katta imkoniyatdir.

Xullas, islom moliyasini faqat “foizsiz bank” deb tasavvur qilish xato. O‘zbekiston oldida to‘liq islom moliyasi ekotizimini qurish imkoniyati bor. Buning uchun strategik tafakkur, izchil siyosat va malakali mutaxassislar zarur.

– Agar siz shu mavzuda uchta muhim tavsiya berishingiz lozim bo‘lsa, ular kimlarga qaratilgan va nimalardan iborat bo‘lardi?

– Avvalo, davlat organlari va tartibga soluvchi tizimga shoshilmasdan, lekin izchil ish yuritishni tavsiya etgan bo‘lardim. Islom bank-moliya tizimini bir kechada yo‘lga qo‘yib bo‘lmaydi. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, Malayziya va Bahrayn kabi eng muvaffaqiyatli mamlakatlar bu yo‘lni o‘nlab yillar davomida bosqichma-bosqich bosib o‘tgan. Shuning uchun asosiy vazifa puxta me’yoriy asos yaratish, Kuzatuv kengashlarining mustaqil va vakolatli bo‘lishini ta’minlash, AAOIFI me’yorlariga e’tibor qaratish, tezlikdan ko‘ra sifatga ustuvorlik berishdan iborat.

Ikkinchi tavsiyam banklar va moliya muassasalariga oid. Islom bank tizimini “yangi mahsulot” emas, alohida biznes modeli sifatida qabul qilish zarur. Mutaxassislar tayyorlashga sarmoya kiritish, kerak bo‘lsa, xorijdan islom huquqi va islom moliyasi bo‘yicha mutaxassislarini jalb qilish, mahsulotlarni shaklan emas, mohiyatan shariatga muvofiq tarzda ishlab chiqish talab etiladi. Faqat shakl saqlanib, mazmun yo‘qolgan tizimlar oqibatda ishonchni ham yo‘qotgan va orqaga qaytgan.

Uchinchi tavsiyam ilm-fan va ta’lim muassasalariga tegishli. Bu – eng muhim va eng kam e’tibor qaratilayotgan yo‘nalish. Agar biz o‘n yil ichida sohada o‘zimizning yuksak malakali mutaxassislarimizni tayyorlay olmasak, islom bank tizimi doimo tashqaridan import qilingan bilim va mutaxassislarga tayanib qoladi. Shuning uchun universitetlarda mustaqil islom moliyasi yo‘nalishlarini kengaytirish, tadqiqot markazlarini tashkil etish va xalqaro akademik hamkorlikni faollashtirish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.

– So‘nggi savol: o‘n yildan keyin O‘zbekiston islom bank-moliya tizimini qanday ko‘rasiz?

– Men optimistman, lekin realist optimist. Bu masalada taxminlarim quyidagicha: joriy yilda ikki yoki uchta bankda islom darchalari ishlashni boshlaydi; o‘n yil ichida O‘zbekiston moliya tizimida islom bank-moliya tarmog‘i taxminan 5-6 foizlik ulushga ega bo‘lishi mumkin; besh yil ichida Islom kapital bozori (sukuk) rivojlanadi va davlat infratuzilma loyihalarini islom moliya vositalari orqali moliyalashtira boshlaydi.

Lekin bularning barchasi xodimlar tayyorlashga, kuzatuv nazorati sifatiga va xalqaro integratsiyaga – AAOIFI, IIFM kabi tashkilotlar bilan hamkorlikka bog‘liq. Agar shu uch omilga jiddiy e’tibor berilsa, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda islom moliyasining mintaqaviy markaziga aylanishi mumkin.

Jahongir IMOMNAZAROV suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 3-iyuldagi 27-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img105

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img616

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img612