16.09.2024 | 18:12
519
ISROF VA KAMBAGʻALLIK
Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor o‘tkazdi. Ma’lumki, bu yo‘nalishdagi islohotlar 2020-yilda boshlanib, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 11 foizga tushgan. Inson qadri tamoyilini bosh shior qilib olgan jamiyatimiz uchun bu ko‘rsatkich qoniqarli emas. Davlatimiz rahbari keyingi yillar uchun “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi tayyorlanayotganini ma’lum qildi. “Bundan buyon kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi! Hukumatdan tortib, tuman tashkilotigacha barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning kundalik ishi oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish bo‘lishi kerak”, deb ta’kidladi Prezident.

Kambag‘allikni qisqartirish kun tartibiga chiqqan ayni kunlarda jadid bobolarimiz taraqqiyotning eng katta dushmani, deb e’tirof etgan isrof masalasi ham diqqatimizdan chetda qolmasligi lozim. Bunda taom va noz-ne’mat isrofigina emas, balki taqdim etilayotgan vaqt, imkon va imtiyozlar isrofiga ham chek qo‘yish kerakligini barcha birday anglamog‘i darkor.
ISROF NIMA O‘ZI?
“Isrof” arabcha “sarafa”, ya’ni “ishlatmoq”, “sarf qilmoq” o‘zagidan yasalgan. U “hisobsiz tarzda ishlatish”, “haddan oshish” ma’nolarini anglatadi. Isrofga yo‘l qo‘ygan odam berilgan ne’matlarni o‘rnida sarflamagan yoki ehtiyojdan tashqari ishlatgan bo‘ladi. Xo‘sh, biz ne’matlarni istifoda etishda isrofga yo‘l qo‘ymayapmizmi?
CHIQINDIXONADAGI NON
Poytaxtimizning deyarli har bir mahallasida chiqindixona mavjud. Xayriyat, xalqimiz nonni alohida paketga solib tashlaydi. Chiqindixona xodimlari yozda uni oftobga yoyib, quritishadi, keyin uyida jonzot boqayotganlarga sotishadi.
Shunisiga ham shukr. Lekin nega uyda non ortishi kerak? Qotib qoldi ham, deylik. Axir, uni gazning duxovkasida qizartirib olib, iste’mol qilsangiz, bag‘oyat xushxo‘r bo‘ladi-ku. Hatto, tibbiyot ham shuni tavsiya qiladi. Chunki bunda xamirturushning zararli jihatlari kamayadi-da.
Kuzatsangiz, chiqindiga tashlanayotgan nonning katta qismi buxanka. Chunki sifatsiz mahsulot chiqarilgan: yo ichi xom, yo xamir yetilmay yopilgan.
Bizda g‘alla yetishtirish osonmi? 37 millionli mamlakatga qancha g‘alla kerak? Bunday isrof bilan bu muammoni yechish davlatga va xalqqa qanchalar qimmatga tushayotganini kim hisoblab chiqadi?
Suv, elektr energiyasi va gaz ishlatayotganda hech kimning: “Ishlatayotgan bo‘lsam, pulini to‘lab ishlatyapman-da, birovning bu bilan nima ishi bor?” deyishga aslo haqqi yo‘q.
Chunki… Bu dunyoda hech narsa behisob emas.
ISROFNING BIZDAGI TURLARI
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi bir nikoh to‘yida bo‘lgan manzaraning videosi tarqaldi. To‘yxonaga kirib kelgan kelin-kuyov boshidan shu qadar ko‘p pul sochildiki, bunaqasini dunyoning boydan-boy davlati Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham hech kim ko‘rmagan bo‘lsa kerak.
Xo‘sh, pul sochganlar bu bilan nimani isbotlamoqchi bo‘lishdi? Nima, bu pul sochish kelin-kuyovning kelajagini ta’minlab beradimi?
Pul sochganlar buning o‘rniga muhtojlarga himmat ko‘rsatib, ularning og‘irini yengil qilganida edi… Bir qo‘lning berganini ikkinchi qo‘l bilmasa edi… Aslida insonlar mehnati evaziga qo‘lga kiradigan pulni bunday xor qilib sochish ham isrofning bir bema’ni turi emasmi?!
To‘g‘ri, millatimizda nikoh to‘yida kelin-kuyov, sunnat to‘yida to‘ybola boshidan tanga sochish an’anasi bo‘lgan. Masalan, o‘tgan asrning 60–70-yillarida bobo-bibilarimiz sariq tangalarni, ya’ni 1, 2, 3 va 5 tiyinlik chaqalarni yaxshi niyat bilan yig‘ib qo‘yishar, to‘ylarda sochishar edi. Lekin ularning barini jamlab kelsangiz, bir so‘m bo‘lmas edi-da. Albatta, rizqi farog‘, hayoti to‘kin bo‘lsin, degan irim yotgan buning zamirida.
Ijtimoiy tarmoqlarda bir mashhur boy tuflisining ipini boshqa kishiga bog‘latayotgani tasviri ham tarqab ketdi. Axir, dunyoning manaman degan davlatlari rahbarlari ham shunday qilmasa kerak?! Bu nimaning alomati? Mohiyatan har bir odam jamiyatdagi boshqa ne’matlar singari obro‘-e’tiborini ham isrof qilmay yashashi kerak emasmi?! Ortiqcha hasham va dabdababozlikka sarflanayotgan mablag‘lar, ehtimol, qandaydir ma’noda obro‘ isrofi hamdir.
TO‘Y-HASHAM VA ISROF
To‘y-hashamlarimiz jamiyatda nosog‘lom musobaqaga aylanib ketyapti. Dabdabali to‘y-hashamlar bunga qurbi yetmaydigan or-nomusli kishilarni ruhan og‘ir ahvolga solib qo‘yyapti.
To‘g‘ri, hamma zamonda ham bir toifa kishilar qo‘lida ehtiyojlaridan ortiq mablag‘ to‘planib boradi. Qonuniy yo‘l bilan topsa, haloli bo‘lsin – hech kim bunga qarshi emas. Ammo aynan shu boylik to‘y-hashamlarni dabdabali o‘tkazishga sabab bo‘lyapti. Axir, xalqimizning azaliy an’analarida xayr-ehson qilish, mehr-muruvvat ko‘rsatish, muhtojlarga, beva-bechoralarga yordam berish, ularning turar-joylarini obod qilish, el-ulusga xizmat ko‘rsatadigan yo‘llar, ko‘priklar qurish, sarmoyani ishlab chiqarishga sarflab, yangi ish o‘rinlari yaratish, shu tariqa el-yurt o‘rtasida haqiqiy obro‘-e’tibor orttirish ham mumkin-ku.
Xalqning to‘y-ma’rakalarga haddan tashqari berilib ketishi, hatto, ko‘pchilik buni ongli hayotining asl mazmuni darajasida bilib, topgan-tutganining katta qismini shunga sarf etishi isrofdan boshqa narsa emas.
NAVOIY NAZDIDA…
Saxiylik hammaga ma’lumki, xasislik illatining aksi, aniqrog‘i, kishining o‘zida borini birovdan ayamasligiga asoslangan fazilat. To‘y ham aslida, saxiylikdan kelib chiqqan tadbir.
Hazrat Alisher Navoiy nazdida saxovat Allohga shukronalik belgisi. Ammo u shunday nozik narsaki, kishi hushyor bo‘lmasa, saxiylik deb qilgan a’moli baxillik hisobiga o‘tib ketishi hech gap emas:
Necha saxo ashrafi avsofdur,
Mufti agar aylasang, isrofdur.
Aqlki, ta’rif etar avsofni,
Buxl bila teng tutar isrofni.
Inson ixtiyoridagi boyliklarini pala-partish sarflasa, isrofga yo‘l qo‘ygan bo‘ladi. Buyuk mutafakkir, agar kimki nom qozonish uchungina gavhar sochayotgan bo‘lsa, undan baxillik yaxshiroq, deb hisoblaydi. Chunki baxilning qo‘lidagi boylikdan hali boshqalarga foydasi tegishini umid qilsa bo‘ladi. Isrof etilgan boylik esa havoga sovriladi. Xazinang eshigini och, boyliklaringni olib soch-u, lekin o‘z o‘rnida soch, deydi shoir.
Demak, o‘sha Navoiylar zamonida ham dabdababozlik, shuhratparastlik, ta’magirlik, kimo‘zarga, ya’ni nom chiqarish uchun isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish kabi illatlar bo‘lgan va shoir bularni qoralagan.
KIMLAR ISROFGA UNDAYAPTI?
To‘y-hasham, ma’raka-marosimlarimizning tobora odamlar yelkasiga ko‘tarib bo‘lmas yuk bo‘lib tushayotgani balki bejiz emasdir.
Har qanday jamiyatda, jumladan, bozor iqtisodiyoti amalda bo‘lgan mamlakatda ham tarif, ya’ni qandaydir narx-navoning umumiy mezonlari shakllangan bo‘ladi. Masalan, hozirgi paytda dotsent yoki professorning
40 daqiqalik bir soat darsiga qancha haq to‘lash hukumat tarafidan qat’iy qilib belgilangan.
Xo‘sh, xonandaning to‘ydagi 40 daqiqalik xizmati haqini kim belgilaydi? Ochig‘i, xonandaning “birrov”ga kelib-ketishi uchun ming dollardan yuqori haq to‘lash qayoqdan chiqqan? Bir jamiyatda mehnatga haq to‘lash bobida nega yer bilan osmoncha farq bo‘lishi kerak? Bunga kim aybdor? Buning ustiga, nima asosga ko‘ra, san’atkorga ham to‘ychi tarafidan katta haq to‘lanishi, ham yana to‘yda qatnashayotganlar ularga pul qistirishi kerak? Kayf ustida xonanda yo raqqosaga pul qistirayotgan anavi amaki umrida bolasiga bittagina kitob olib berganmikan? Axir, bu hammamiz ko‘zlarimiz bilan ko‘rib turgan ochiq-oshkor isrof emasmi? Eng yomoni, kambag‘allar boyga pul qistiradi. Teskarisi bo‘lishi kerak emasmi?
Bular milliy ma’naviy yaralarimiz. Afsus, hammamiz ko‘rib turamiz-u, malham surkamaymiz…
Rasmiy konsertlarni qarang, dunyo bo‘yicha bir mezon shuki, raqqosa bir konsertda, nari borsa, ikki-uch marta chiqadi, xolos. Bir raqqosa to‘yda ikki-uch soatlab raqsga tushganidan keyin san’atning san’atligi qoladimi?
Bir yevropalik mehmon to‘ylarimizdan birida ishtirok etibdi. Odamlar raqqosani o‘zlariga imlab, unga aroq quyib berib, ichishini iltimos qilishar, evaziga unga pul qistirishar, u esa olgan puli evaziga shu odamga qarab jilpanglar ekan. Afsuski, yevropalik mehmon buni, o‘ta ketgan madaniyatsizlik, hatto, insonning inson tarafidan tahqirlanishi, deb hisoblabdi. Ular buni, umrning isrofi, deb biladi.
Bir ertalabki oshga xorijlik mehmonimni ham olib bordim. Mashinani qo‘yishga zo‘rg‘a joy topdik.
– Mamlakatingiz hali-beri boyib ketadiganga o‘xshamaydi, – dedi u qaytayotganimizda kutilmaganda.
– Nega? – dedim o‘zimni bilmaslikka olib.
– Birinchidan, bunday shohona osh berish to‘ychining belini sindiradi, chunki shu xarajatiga u o‘g‘liga bir yangi biznes ochib berishi mumkin edi. Ikkinchidan, kelgan mehmonlarning mashinasiga sarflangan yonilg‘ining puli oshga ketgan mablag‘dan ko‘p bo‘lsa ko‘pki, kam emas, bu ham katta isrof.
To‘y-ma’rakalarni ixchamlashtirish borasida bundan bir asr burun Buxoroning so‘nggi amiri Said Olimxon qattiq farmon chiqargani, jadid bobolarimiz bu borada qancha meros qoldirgani, sho‘ro davrida ham bu borada katta kurash olib borilgani, mustaqillik yillarida bu bo‘yicha ko‘plab qonunosti hujjatlari – farmon va qarorlar qabul qilingani, komissiyalar tuzilgani, ammo foydasi kam bo‘layotganini aytib o‘tirmadim.
To‘y-hashamlarimizning serxarajat bo‘lishidan manfaatdor kuchlar bor. Ular o‘z xizmatini pullash uchun to‘ychini unga-bunga undayveradi. Yangi-yangi qiliqlar o‘ylab topiladi.
TOMORQALAR ISROFI
Kamina tug‘ilib o‘sgan Buxoroning Vobkent tumanidagi Qirg‘izon qishlog‘ida 50 yil burun 70 tacha hovli bor edi. Qishloq atrofida jamoa xo‘jaligining 70 gektardan ortiqroq ekin maydoni bo‘lardi. Aholi ko‘paya bordi, oilalarga uy-joy uchun yer ajratildi. Hozir qishloq uch baravarlar kengaygan. Tabiiyki, ekin maydonlarining qariyb yarmi uy-joylarga aylangan. Tomorqalar ham aslida, unumli ekin maydoni. Biroq mamlakatimizning hamma qishloqlarida ham tomorqadan unumli foydalanilyaptimi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bahorda Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida tomorqalarning aksariyatida beda bilan makkajo‘xoridan boshqa narsa ekilmayotganini ko‘rib, shunday qimmatdan-qimmat yerlar isrof bo‘layotganini afsus bilan qayd etdilar.
Yoki shahardagi hovlilarni oling. Oldinlari shahar hovlilarida ham o‘rik, olma, nok, anjir, shaftoli, ayniqsa, uzum yetishtirilgan. Hozir aksar shahar hovlilari chiroyli dizayn bilan ko‘kalamzorlashtirilgan, xolos. Albatta, uy sohibini hech kim mevali daraxt ekishga majbur qila olmaydi. Lekin mamlakatimizning umumiy iqtisodiy ahvoli shahar hovlisidagi tap-tayyor maydoncha tugul, bir qarich yerga ham foydali mahsulot yetishtirish payidan bo‘lishni taqozo etmaydimi? Axir, har qarichi oltinga teng yerni isrof qilmasligimiz kerak-ku. Tog‘li o‘lka bo‘lgan Pokistonda odamlar yelkalarida qoplarda tog‘larga tuproq tashib chiqib, ko‘zalarda suv olib borib sug‘orib, bir necha tup pomidor, bodring yoki bulg‘ari ekishar ekan…
Atrof-muhit bo‘yicha BMT dasturi (YUNEP) mutaxassislarining hisob-kitobiga ko‘ra, bugungi kunda har bir odam yiliga o‘rtacha 71 kilogramgacha oziq-ovqat mahsulotini tashlab yuboradi. Bu dunyo bo‘yicha har kuni 1 milliard porsiya ovqat isrof bo‘layotganini anglatadi. Boshqacha aytganda, har yili 1 milliard 500 million tonna oziq-ovqat mahsulotlari chiqitga tashlab yuboriladi. Bu esa bir yilda ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlarining 19 foizini tashkil etmoqda. Buning 60 foizi xonadonlar, 28 foizi umumiy ovqatlanish muassasalari, 12 foizi chakana savdo korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu bilan, birinchidan, isrofga yo‘l qo‘yyapmiz, ikkinchidan, atrof-muhitga zarar yetkazyapmiz. Chunki bu mahsulotlarning aksariyat qismi chirish jarayonida o‘zidan zararli metan gazi chiqaradi, shu tariqa bu Yer yuzida iqlim o‘zgarishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
ENG KATTA BOYLIGIMIZ: QUYOSH, EKIN YERLARI VA SUV
Keling, bu mulohazalardan biroz chekinib, sal “past”roqqa tushaylik. Sergeli tumanining Quruvchi mahallasidagi ko‘chalardan birida suv quvuri teshilib, ikki haftacha yo‘lga suv toshib turdi. Hozir, bilasiz, hovlisidagi bog‘chasini kechasi soat 24 dan oldin sug‘organga, avtomobilini shlang bilan suv sepib yuvganga otning kallasiday jarima belgilangan. Chunki yurtimizda odam soni ortgani sari ichimlik suvi zaxiralari kamayib ketyapti. Bundan bu yog‘i oltindan qimmat bu ne’matni tejab-tergab foydalanishga majburmiz. U holda, nega tuman suv ta’minoti tashkiloti quvurni o‘z vaqtida ta’mirlamadi?
Quvurni ta’mirlamagan ustalar 2022-yil boshidan Sergeli tumaniga Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan katta bir hudud qo‘shilgani, shu sababli ish ko‘lami ko‘payib ketgani, ammo suv tashkilotining shtatlari kengaytirilmagani va moddiy-texnika bazasi kuchaytirilmaganini sabab qilib ko‘rsatishdi.
Aslida isrofning oldini olish bir-ikki yoki uch-to‘rt kishininggina ishi emas, balki bu umummilliy, ya’ni mamlakat miqyosidagi global masala.
KO‘RPAGA QARAB OYOQ UZATISH MOHIYATI
Iqtisodiy jihatdan hali dunyoning rivojlangan mamlakatlariga yetib olishimizga ancha bor. O‘tgan yili yalpi ichki mahsulotimizning jon boshiga taqsimoti 2 ming 676 AQSh dollari miqdorida bo‘ldi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalq va davlat oldiga 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni 4 ming dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydilar. Shu maqsadga erishsak, 6 yildan keyin hozirgi Eronning iqtisodiy darajasiga yetishamiz.
Lekin bu ko‘rsatkich AQShda 81 ming 695, Kanadada 53 ming 371, Yaponiyada 33 ming 834, Germaniyada 55 ming, Fransiyada 44 ming 477, Buyuk Britaniyada 48 ming 866, Italiyada 38 ming 373, Singapurda 84 ming 734, Isroilda 52 ming 261, Birlashgan Arab Amirliklarida 45 ming 321, Rossiyada 13 ming 138, Turkiyada 12 ming 985, Qozog‘istonda 13 ming 136, Turkmanistonda 9 ming 190, Gruziyada 8 ming 120, Armanistonda 8 ming 715, Xitoyda 12 ming 614, Ozarbayjonda 7 ming 155 dollar-da…
Rivojlangan davlatlar aynan isrofning oldini olib, mehnat-mashaqqat bilan topilgan har qanday mablag‘ini aql-idrok, tartib-qoida, me’yor bilan sarflab, ana shunday sekin-astalik bilan yillar mobaynida orttirilgan boylikni ishlab chiqarishga, ilm-fan rivojiga, odamning aqliy salohiyati, ilm-ma’rifati, texnika-texnologiyaga sarflab, imkon qadar qo‘l mehnatini kamaytira borishgach, ana shunday yuksak turmush farovonligiga erishgan.
Shunday ekan, xalq sifatida bugun biz, hatto, bir so‘mimizni ham o‘ylab, foydali, ko‘payadigan maqsadlarda sarflashni o‘rganishimiz kerak. Ammo bu borada hali ko‘p-ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yayotganimiz hech kimga sir emas. Hozir bularning hammasini bir-biri sanashning imkoni yo‘q.
Isrofning kattasi – vaqtni bekor ketkazish. “Bekorchidan Xudo bezor”, degan maqolimiz ham bejiz yaratilmagan. Chunki mehnat-mashaqqat, ya’ni ko‘p vaqt sarflab yetishtirilgan mahsulotlar nobud bo‘layotgani, inson quvvati, umri bekor ketayotgani uchun isrofga qarshi turiladi. Biroq qanchadan-qancha vaqtimizni behudaga sarflayotganimizni kim hisoblab boryapti? Shunday yutqiziqlarimizni pulga chaqsak, qancha bo‘lar ekan? Bu ketishda qachon rivojlangan davlatlarga yetib olamiz?
Iqtisodchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, mamlakatimizda bir yangi ish o‘rnini tashkil qilish uchun o‘rtacha 10 ming dollar kerak. Vaziyatimiz shundayki, ana shu 10 ming dollar to‘plagan har bir boy isrofning oldini olib, pulini yangi ish o‘rinlari yaratishga sarflashi lozim. Bu xayriya emas. Tashkil etgan ana shu yangi ish o‘rni ham o‘ziga qo‘shimcha mablag‘ keltiradi, ham bir fuqaroni ish bilan ta’minlaydi.
Biz islohotlar davrida yashayapmiz. Maqsad – O‘zbekistonimizni rivojlangan mamlakatlar safiga qo‘shish, yuksak darajadagi turmush farovonligiga erishish. Bu borada qanchadan-qancha to‘siqlarni yengishimizga to‘g‘ri keladi.
ISROF QILMASLIK UCHUN HAM ILM KERAK!
Kechagina dunyo aholisi 4 milliard kishidan iborat edi. Yarim asrda ikki karra ko‘payib, 8 milliardga yetdik. Maqolda qoyilmaqom qilib aytilganidek: “Bir tovuqqa ham don kerak, ham suv”. Lekin inson iste’moli uchun zarur resurslar o‘z-o‘zidan ko‘payavermaydi-ku. Shunday ekan, odamzod hamma narsani tejab-tergab ishlatishga majbur. Bu esa har bir qadamni o‘ylab bosishga, hech narsani isrof qilmaslikka, buning uchun har qanday masalani ilman puxta-pishiq holda bajarishga undaydi.
Xullas, sivilizatsiya hamma narsada isrofga chek qo‘yib, iqtisodiy jihatdan har taraflama yutishga, ya’ni har qanday mehnatga sarflanadigan vaqtni qisqartirishga chorlaydi. Masalan, bugun zamonaviy hayotimizni bir jo‘mrakni burasak, sovuq, ikkinchisini burasak, issiq suv oqib turishisiz tasavvur qila olmaymiz. Ana shunda bir jiddiy masala o‘rtaga tushadi: qaysi qo‘l bilan qaysi suv oqadigan jo‘mrakni burasak, isrofning oldini olgan, ya’ni vaqtdan yutgan bo‘lamiz?
Bu shunchaki masala emas. Har kuni nimagadir bir soniyadan ortiqcha vaqt sarflasangiz, bir yilda jami 365/66 soniya yo‘qotasiz. Bu bir yilda 6 daqiqadan ko‘proq bo‘ladi. Dunyoda o‘rtacha yoshni 75 yil deb hisoblasak, bir kishi bir kunda ana shu bir soniyadan yo‘qotgani evaziga umrining 457 daqiqasini, ya’ni 8 soatini isrof qilgan bo‘ladi. Endi bor-yo‘g‘i ana shu bekor ketgan bir soniya tufayli 8 milliard odamning bir ish kuni hech narsa yaratmasligidan kelib chiqadigan ulkan zararni ko‘z oldimizga keltiraylik.
Xo‘sh, sovuq suvni qaysi, issiq suvni qaysi qo‘l bilan burab ochgan samaraliroq? Bu masala dunyoda allaqachon eng oqilona tarzda hal qilingan. Bunda olimlar ikki masaladan kelib chiqishgan. Birinchisi, sovuq suv ko‘p ishlatiladimi yoki issiq suvmi? Tabiiyki, sovuq suv. Ikkinchisi, o‘ng qo‘lni ishlatish qulaymi yoki chap qo‘lni? Jami odamlarning 85 foizi o‘ngaqay, 15 foizi chapaqay. Demak, sovuq suv o‘ng, issiq suv chap qo‘l bilan ochilsa, odamzod vaqtdan yutadi.
Bugun butun dunyo ilmiy asoslangan shu xulosaga amal qiladi. Bizda esa… Keling, Buxoroyi sharifning manaman degan mehmonxonasidagi bir mojaroni aytib beray. Yurtimizga Germaniyadan kelgan bir ziyoratchi soqol olmoqchi bo‘lib, chap qo‘liga mos tarafdagi buragichni burasa, hadeganda issiq suv kelavermabdi. Odatda quvurda to‘lib turgan issiq suv biroz sovib qoladi. Sal-pal oqizib yuborsangiz, issiq suv keladi. Bu gal esa hech issiq suv kelmas, qaytanga, suv sovugandan sovib borar emish. Oxiri mehmonxona ma’muriyatiga qo‘ng‘iroq qilib, shikoyatini aytibdi.
– Bizda har doim issiq bo‘ladi. Nega bunday deyapsiz? Hozir mutaxassis yuboramiz, – debdi ma’muriyat xodimi.
Mutaxassis kelib, buragichni chapga burasa, haqiqatan sovuq suv oqayotgan emish. O‘ngga burasa, issiq suv oqibdi.
– Esiz, esiz! – debdi nemis. – Shunday zamonaviy mehmonxona qurishni o‘rganibsizlar-u, butun dunyoda issiq suv chap qo‘lga qulay tarafdagi buragich orqali ochilishini o‘rganmabsizlar-da. Axir, mening o‘zim qancha toza ichimlik suvini bekordan-bekorga oqizib yubordim. Menga o‘xshaganlar adashib, qanchadan-qancha suvni isrof qilyapti-ku!
Siz: “Faqat bir mehmonxonaning bir xonasida ustalar adashib, issiq suvni o‘ng qo‘l buragichga moslab montaj qilib ketibdi-da, shunga shuncha otago‘ri – qozixonami?” deb o‘ylamang. Yangi qurilib, foydalanishga topshirilgan uylar, mehmonxonalar, ishxonalarga kirib, bir tekshirib ko‘ring. Hammasida shu pala-partishlik. Yangi ko‘chib kirgan kishi endi suv ulangan nuqtalarning qay birida qaysi suv qaysi qo‘l tarafdan ochilishini bir-bir yodlab chiqishi kerak. Aslida, shuning o‘zi qanchalar ortiqcha vaqt va kuch talab qiladi. Bunga ham chidasa bo‘lar, lekin ana shu adashishlar orqali bekor oqib ketgan suvimizni qanday qaytaramiz?
MAS’ULIYAT
Agar O‘zbekistonimiz taraqqiy topishi, bu zaminda hayot abadiy davom etishi, ya’ni bizdan keyin ham abadul-abad bu muqaddas zaminda avlodlarimizning emin-erkin yashashini istasak, bugun hech bir ne’matni isrof qilmaslik, ulardan tejab-tergab, oqilona foydalanishni odat tusiga kiritishimiz zarur va shart. Xullas, isrof – bu dunyoda ham, u dunyoda ham jazosi tayin bo‘lgan bir jinoyat.
Sultonmurod OLIM,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 13-sentyabrdagi 38-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



