27.04.2025 | 11:33
761
TURKISTON VA OZARBAYJON JADIDLIK HARAKATI TAMSILCHISI
XX asrning boshlari ijtimoiy-siyosiy va adabiy-madaniy muhiti o‘zigacha kechgan davrlardan va hozirgi kundagi holatdan jiddiy farq qiladi. Dunyo o‘zining bir qator ilmiy va ijtimoiy sohadagi yutuqlari bilan modern zamonga qadam tashlagan kunlardan to oradan yuz yil o‘tib jadidlik harakati g‘oyalari endi demokratik bir muhitga ko‘chdi. Istiqlol davri erkinliklari tufayli barcha turkiy xalqlarning yaqinlashuvi aspektida madaniy va hamkorlik aloqalarida mazkur g‘oyalarning amaliy ifodasini kuzatish mumkin. Bu jarayonda o‘zbek, ozarbayjon, turk, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq, turkman va boshqa xalqlarning faolligi tufayli integratsiyalashuv jarayoni birmuncha tezlashdi.
Ayniqsa, adabiyot har doimgidek yetakchilik rolini zimmasiga olgani, “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jilddan iborat adabiyotlar nashri o‘zbek tilida chop etilayotgani boshqa turkiy xalqlar hayotida ham muhim hodisa sifatida e’tirof etilayotir.

Ozarbayjon maorifchilari Mirzo Fatali Oxundzoda, H.Zardobiy, A.Husaynzoda, A.Og‘ao‘g‘li, o‘zbek jadidlari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, turk yangi adabiyoti namoyandalari M.A.Yurdaqul, Y.Oqjo‘ra, Ziyo Ko‘kalp va boshqalarning o‘zaro hamkorligi natijasida umumturk jadidlik harakati dunyodagi taraqqiyparvar kuch o‘laroq tanildi.
Bugun ham ushbu harakat Uyg‘onish adabiyotining tamal toshini qo‘ygan hodisa sifatida baholanmoqda. Mana shu hamkorlik rishtalarini bog‘lab turgan siymolar tufayli umumturk adabiyoti jahon adabiyotining muhim bir uzviga aylandi. Shunday olimlardan biri Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti Ozarbayjon-Osiyo adabiy aloqalari bo‘limi mudiri, filologiya fanlari doktori Badirxon Ahmadlidir.
Olimning dastlabki ishi “Sobit Rahmon satirasi” deb nomlanib, unda satira nazariyasi ishlangan edi. Sovet davrida satirani faqat o‘tmish adabiyotiga nisbatan qo‘llanilishi, zamonaviy adabiyot esa yengil yumor bilan kifoyalanishi shart bo‘lgan davrda qahramonimiz nafaqat Sobit Rahmon satirasi, balki ozarbayjon satirasining taraqqiyot yo‘llari haqida “Ozarbayjon satirasining inkishof muammolari (1920–1980)” dissertatsiyasini yoqladi. Uning har ikki tadqiqot ishi ham monografiya tarzida chop etildi. Olim “Vatan ovozi”, “Ozarbayjon o‘rdusi“ gazetalarida faoliyat ko‘rsatgan davrda ham ilmiy faoliyatdan uzoqlashmadi. Boku Slavyan va Hazar universitetlarida ma’ruzalar o‘qidi. Nizomiy nomidagi Adabiyot institutida hozirga qadar bo‘lim mudiri va professor o‘laroq faoliyat ko‘rsatmoqda. “Bir Istiqlol yo‘lchisi” monografiyasida 1938-yili nohaq qatl etilgan adabiyot tarixchisi Amin Obidiyning murakkab faoliyatini yoritdi. Olim adabiyot tarixi bilan birga folklorshunos, oxundzodashunos bo‘lganini ilmiy manbalar asosida isbotladi. Uning “Gültəkin” taxallusida yozilgan antibolshevik ruhdagi asarlarini tahlil etish bilan birga shoirning “Tanlangan asarlar” (2007), “Ozarbayjon turklarining adabiy tarixi” (2016), “Ozariy adabiyoti tarixi” (2021) asarlarini nashrga tayyorlab chop ettirdi.
Professor Badirxon Ahmadlining “XX asr ozarbayjon adabiyoti: tendensiyalar va muammolar” monografiyasi (2015) milliy adabiyotning barcha jihatlarini qamrab olgani bilan xarakterlanadi. Tadqiqotda muallif davr adabiyotining asosiy yo‘nalishlari, janrlar tarkibi va ijodkorlar uslubi, qolaversa bu adabiyot deyarli barcha adabiy turlarda sobiq ittifoq tarkibidagi adabiyotlarning hech biridan qolishmas, balki turkiy xalqlar adabiyoti uchun namuna bo‘larlik jihatlarga ega ekanligini ko‘rsatib bergan. Tadqiqotda realizm, ma’rifiy realizm, tanqidiy realizm, sotsrealizm kabi “izm”lar bag‘rida ozar adabiyoti taraqqiy etgani adabiy siymolar kontekstida tahlil etilgan. Boshqa tadqiqotlardan farqli o‘laroq muallif Jumhuriyat davri adabiyotini ilk daf’a tahlilga tortib, adabiy jarayon masalalari, madaniy muhit, nasr, she’riyat va dramaturgik asarlar kabi yo‘nalishlarda yangi ozarbayjon adabiyotiga asos bo‘lganini ko‘rsatdi.
Muallif tiklagan monografiyada yuz yillik adabiy hayot, tendensiya va muammolar tasnifotiga yangi ilmiy qarash bilan yondashilgan. Bunday yangi nazariy qarash XX asr adabiyotini davrlashtirishda ko‘zga tashlanadi. XIX asr oxiri XX asr boshlariga nisbatan “milliy harakat davri” sifatida yondashilgani, uning nazariy asoslari va adabiy faktlarini shu jihatdan tahlilga tortgani bu fikrni asoslaydi. “Molla Nəsrəddin” jurnali va uning adabiy harakati”, “Ozarbayjon satirik matbuoti va milliy o‘ziga xoslik muammolari”, “Fuyuzot” va fuyuzotchilik konsepsiyasi”, “Proletar matbuotida ijtimoiy fikr shakllanishi muammolari” kabi bo‘limlar sarlavhalarining o‘ziyoq tadqiqot ilmiy ko‘lamini ko‘rsatib turibdi. “Ozarbayjon adabiyotida romantizm bosqichi va uning adabiy-estetik tamoyillari”, “Tanqidiy realizm bosqichi: genezisi va taraqqiyot tamoyillari”, “Ma’rifatchilik harakati va maorifchi realistik adabiyot”, “Jumhuriyat adabiyoti: milliy istiqlol g‘oyalarining tashakkuli” kabi masalalar tahlili bu davr adabiyotining boyligini ko‘rsatadi. Shuningdek, monografiyada milliy adabiyotning shakllanishidan tortib uning yetuk ta’sirlantiruvchi adabiyot darajasiga erishuviga qadar bosib o‘tgan murakkab adabiy yo‘l chizib berilgan.
Professor Badirxon Ahmadli ilmiy faoliyatining muhim jihatlaridan biri “Ozarbayjon muhojirot adabiyoti: shakllanishi, muammolari va shaxsiyatlari” (2017) masalasiga o‘rin berilganidir. Bu monografiyada ham izchil nazariy fikrlar vositasida ta’kidlanib, ilk daf’a legion adabiyoti muhojirlik adabiyotining bir qanoti sifatida ko‘rsatilgan.
Qurbon Saidning “Ali va Nino” romanining tadqiq etilishi va unga milliy adabiyot tarixidan o‘rin berilishi tadqiqotning ilmiy yangiligini ochiq anglatib turibdi.
Ma’lumki, XX asr boshlari milliy adabiyotlardagi taraqqiyot turkchilik, islomchilik va modernlashuv o‘zanlarida kechgan. Muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lgan turkchilik asr boshlarida M.A.Yurdiqul, A.Husaynzoda, A.Og‘ao‘g‘li, Y.Oqjo‘ra kabi ijodkorlarning adabiy faoliyatida ochiq ko‘rinadi. Bu muammo Badirxon Ahmadli ilmiy faoliyatining alohida qismini tashkil etadi. Olimning “Turkchilikning nazariy va tarixiy aspektlari” (2019) monografiyasida 150 yildan ortiq davr mobaynida turkiy milliy adabiyotlar o‘tgan yo‘l ochiqlangan. Monografiyada bu uchlikning muayyan taraqqiyot yo‘li, istiqomat faoliyati va davomiyligiga ega ekanligi adabiy asarlar misolida ko‘rsatib berilgan. Milliy adabiyotda turkchilik o‘rni va vaqti bilan Hasanbey Zardobiy, Ismoilbek G‘asprali, Z.Ko‘kalp, M.Rasulzoda va boshqalar ijodida taraqqiy etgani ilmiy ishda aniq ifodasini topgan.
Professor Badirxon Ahmadli Ozarbayjon-Osiyo adabiy aloqalar bo‘limining mudiri o‘laroq Nizomiy nomidagi Adabiyot institutida keng ko‘lamda Osiyo xalqlari adabiyoti tadqiqoti ishlariga rahbarlik qilmoqda. Ma’lumki, sobiq ittifoq davrida ham, postsovet zamonlaridan ham Osiyo xalqlari adabiyoti Yevropa va Amerika adabiyoti darajasida tadqiq etilmagan. Holbuki, zamonaviy Osiyo adabiyotini tanish, uning yangiliklaridan bahramand bo‘lish barcha milliy adabiyotlarni yangi g‘oya, muammo va badiiyat bilan boyitishi tabiiy. Yaponiya, Koreya, Pokiston, Hindiston, Xitoy, Malayziya, Indoneziya adabiyotlaridagi yangiliklarni tadqiq etish orqali milliy adabiyotning boyishi va rang-baranglashuviga sabab bo‘layotgan omillar izlanishi va ularning ozarbayjon adabiyoti bilan mushtarak rishtalarini aniqlash, adabiy aloqalar samaradorligini o‘rganish ushbu bo‘lim amalga oshirayotgan izchil faoliyatdan darak beradi. Bu yo‘nalishda professor Badirxon Ahmadli “Rabindranat Tagor: Yangi Hindiston manifesti” (2021) monografiyasida hind xalqining benazir adibi ijodiy faoliyatini tahlil etibgina qolmay, uning turkiy xalqlar adabiyotiga ta’siri xususida ham so‘z yuritgan. Shuningdek, olim tadqiqotlaridan afg‘on adibi Xolid Husayniy, yapon adibi Xaruki Murakami, pokistonlik Muhammad Iqbol, koreyalik ijodkor Kim Jiha va boshqa osiyolik yozuvchilar ijodiy faoliyati ham muhim o‘rin olgan. Osiyo xalqlari adabiyotiga bag‘ishlangan ikki xalqaro konferensiya tashkil etib, uning materiallarini “Osiyo adabiyoti tadqiqotlari” (2024) nomli kitob holida nashr ettirgani bu boradagi izlanishlarning amaliy samarasidir.
Professor Badirxon Ahmadli umrining 25 yildan ortiq davrini muallimlikka bag‘ishlab, Boku Slavyan universiteti, Hazar universiteti va boshqa ilm dargohlarida o‘qigan ma’ruzalari asosida uch jildlik “XX asr Ozarbayjon adabiyoti” darslik-monografiyasini e’lon qildi. Bu fundamental tadqiqotda XX asr adabiyotining inkishof yo‘li, adabiy hodisalari va shaxsiyatlar yangi nazariy prizmadan o‘tkazilgan. Shuningdek, u ushbu yo‘nalishda dastur va qo‘llanmalar yaratib, yangi ozarbayjon adabiyotining joriylanishiga muhim hissa qo‘shdi. O‘zbekistonda o‘tkazilgan ilmiy anjumanlar: O‘zbekiston Milliy universitetida, Farg‘ona va Navoiy davlat universitetlarida, shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2023, 2024-yillarda tashkil etilgan O‘zbekiston jadidlik harakatiga bag‘ishlangan simpoziumlarda hamda o‘nlab xalqaro ilmiy anjumanlarda umumturk adabiyotida jadidlik – yangilanish to‘lqinlari haqida ilmiy ma’ruzalar qilgan.
E’lon qilgan maqolalari orqali ozarbayjon yangi adabiyotining xususiyatlarini targ‘ib etgan bo‘lsa, ozar matbuotida “O‘zbekistonda zamonaviy jadidlik ilmiy harakati” (“Ədəbiyyat qəzeti”, 2024-yil 15-may), “O‘zbek adabiyotshunosligining patriarxi” (“525-qazet”, 2024-yil 7-iyun) maqolalari orqali o‘zbek adabiyoti va adabiyotshunosligining Ozarbayjonda tanilishiga hissa qo‘shib kelmoqda. Ayniqsa, olimning “Sirojiddin Sayyid poetik dunyosi” maqolasi o‘zbek shoirining turkiy dunyoda e’tibor topishida muayyan hissa bo‘ldi. Professor Badirxon Ahmadlining o‘zbek adabiyoti va ma’naviyatini targ‘ib va tadqiq etishdagi xizmati yuksak baholanib, O‘zbekistonda “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Professor Badirxon Ahmadlining Markaziy Osiyo xalqlari, jumladan, qozoq, qirg‘iz, turkman adabiyotiga doir o‘nlab maqolalari borki, ular asosida olimning ilmiy diapozoni kengligi, turkiy xalqlar adabiyoti ravnaqiga samarali ta’sir ko‘rsatayotganini payqash mumkin. Shu ma’noda, Badirxon Ahmadli nafaqat o‘zbek adabiyotining, balki barcha turkiy xalqlar adabiyotining ham do‘stidir. Turkiston va Ozarbayjon yangi adabiyotining tamsilchisi bo‘lgan professor Badirxon Ahmadlini tavalludining 70 yilligi bilan butun o‘zbek olimlari nomidan samimiy tabriklaymiz.
Hamidulla BOLTABOYEV,
filologiya fanlari doktori, professor
Yashar QOSIMBEYLI,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-apreldagi 16-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
79
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
595
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
593



