19.12.2025 | 15:19
1916
JADIDSHUNOSLAR SARDORI
Dunyo olimlari umumjadid harakati yuzasidan mulohaza yuritadigan, ilmiy tadqiqotlar olib boradigan bo‘lsa, Begali Qosimov nomini, asarlarini aslo chetlab o‘ta olmaydi. U jadid harakatini keng ko‘lamda, butun ta’sirlanuv omillari, yo‘lboshchilari, asosiy g‘oyalari, geografik ko‘lami, mashhur shaxslarigacha tadqiq qilishga ilmiy quvvati yetadigan benazir olim edi.

Begali Qosimov sovet zamonida ilm uchun eng murakkab va qaltis mavzuni – jadidlar davrini tanladi. Buning uchun olimga qat’iyat va jasorat lozim edi. Bu paytda jadidlarning g‘oyalari, orzu-niyatlari haqida bilgan va anglaganlarining barini ochiq yozish ham imkonsiz edi. Domlaning to‘plagan manbalari va ayrim yozgan maqolalari o‘z muhlatini kutdi. Begali Qosimov bu haqda shunday yozadi: “Mening deyarli barcha tadqiqotlarim istiqlol g‘oyasining adabiyotda ifodalanishi yo‘nalishida edi. Shuning uchun ularning aksariyati mustaqillik davrida bosilib chiqdi”. Domla bu davrdagi asarlarni hijjalab tadqiq etdi, ko‘plarini joriy imloga o‘girdi, jadidlarning ruhini shod qilib, tarixiy xizmatlari qadrini baland ko‘tardi.
Begali Qosimov jadid adabiyoti xususiyatlarini tadqiq qilar ekan, albatta, o‘zbek adabiyotiga ta’sir qilgan omillarga to‘xtalib o‘tdi. Haqiqat qiyosda yorqinroq ko‘rinadi. Busiz mumkin emas. Fitratning hayoti va ijodiy merosini Istanbuldagi tahsilidan ajratib qarab bo‘lmaydi. Mahmudxo‘ja Behbudiyni o‘rgana turib, domla, albatta, G‘aspralini, ularning mushtarak g‘oyalari va uchrashuvlarini esga oladi. Ismoil G‘asprali ijodini o‘z vaqtida Begali Qosimovdan ko‘ra teranroq, chuqurroq tadqiq etgan olim yo‘q edi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Olim “Tarjimon” gazetasini batafsil o‘qib chiqdi. Shu mavzuda maqolalar yozdi. Ismoil G‘aspralining “Tanlangan asarlar”ini o‘zbek tilida nashrga tayyorlashda faol ishtirok etdi.
Olimning XX asrning 80-yillarida yozgan maqolalarida o‘zbek-tatar adabiy aloqalarining boy tarixi qamrab olingan. Begali Qosimov Qozon universiteti kutubxonasidan 1527-yili Boburning o‘g‘li Kamronga yozgan maktubini topib, ilmiy muomalaga olib kirgani ma’lum. Kutubxonada XVI asrdan XX asr avvaligacha bo‘lgan davrga oid noyob adabiy qo‘lyozmalar, o‘zbek-tatar folklorini o‘rganishning uyg‘un jihatlariga tegishli manbalar saqlanayotganidan xabar beradi. Qozonda bosmaxona ish boshlagach, o‘zbek-chig‘atoy adabiyotiga oid namunalar nashr etilganini ham olim yozgan asarlardan bilib olish mumkin. Begali Qosimov o‘z asarlarida Shahobiddin Marjoniy, Rizouddin Faxriddin, Abdulla To‘qay, Abdurashid Ibrohim, Aliasqar Kamol, Zohir Begiyev va boshqa tatar ma’rifatparvarlari ijodini o‘zbek adabiyoti bilan qiyoslab o‘rgandi. Tatarlar chiqargan “Sho‘ro”, “Vaqt”, “Ulfat” kabi gazeta va jurnallarni jiddiy tadqiq etdi. “Tatar matbuoti va Turkistonda jadidchilik” nomli maxsus maqola ham yozdi.
Mavzuni birinchi manbalardan batafsil o‘rganib chiqqani uchun Begali Qosimov jadidlar davri adabiyoti to‘g‘risida juda erkin yozadi. Umumjadid adabiyoti ummoniga sho‘ng‘ib, undan noyob dur-u javohirlar teradi va o‘quvchilarga taqdim etadi. Ayni paytda, o‘zi ham jadid ijodkorlarining an’analarini davom ettirib, yo‘l esdaliklari, xotira va kundalik ko‘rinishida asarlar bitadi.
Professor Begali Qosimov Berlin, Olmaota, Qozon, Istanbul, Anqara, Bog‘chasaroyda bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy anjumanlarda ma’ruzalari bilan qatnashdi. Jadidlar faoliyatiga oid maqolalari Fransiya, AQSH, Turkiya, Qrimda bosildi. “Milliy uyg‘onish” kitobi turk tiliga tarjima qilinib, Anqarada nashr bo‘ldi. Olim faoliyati davomida nemis, turk, qozoq, tatar, rus va boshqa chet ellik hamkasblari bilan ilmiy hamkorlikda ishladi. U yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘ldi, jumladan, 1993-yili Yassaviy nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlandi, 1997-yil Turkiya Otaturk kultur markazi faxriy a’zosi, 1998-yili Turkiya Otaturk Arashtirma tadqiqot markazi muxbir a’zosi bo‘ldi. Uning kitoblariga X.Mennigulov, Ahmad Sevgi, S.Nagayev, J.Zaynullin kabi olimlar iliq munosabatlarini bildirdi.
Istiqlol yillarida Begali Qosimov faoliyatida adabiy aloqalar yo‘nalishida yangi sahifalar ochildi. U o‘zbek-turk adabiy aloqalari bo‘yicha tadqiqotlar olib bordi. Maxsus darslik, qo‘llanmalar yozish, antologiya, ensiklopedik so‘zliklar tuzish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. Domlaning “izlab-izlab topgan” qimmatli adabiy manbalari juda ko‘p ilmiy tadqiqotlar uchun asos bo‘ldi, oliy o‘quv yurtlaridan tortib maktab darsliklarigacha kirib bordi.
O‘zbek adabiyoti qanday qiyinchilik bilan dunyoga yo‘l topayotgan bo‘lsa, o‘zbek adabiyotshunoslarining yozganlari ham dunyo bilan bo‘ylashish uchun yo‘lga osongina chiqayotgani yo‘q. Avvalo, xorijlik tadqiqotchilar, soha mutaxassislari olimning qalamini tanib, bilimini tan olishi lozim. Begali Qosimov iste’dodli adabiyotshunos, o‘zbek adabiyoti va madaniyatining bilimdoni sifatida xalqaro miqyosda e’tirof etilgan olim edi. Deylik, yaqinda amerikalik jadidshunos Adib Xolidning “Turkistonda jadidchilik” kitobi bizda nashr bo‘ldi. Xorijlik bu fidoyi olim o‘z kitobida Begali Qosimov asarlaridan unumli foydalanganiga guvoh bo‘ldim.
Domla O‘zbekistondagi arxiv va noyob fondlarni juda yaxshi bilar edi. Sarg‘aygan gazeta va jurnallarning changini yutib, qoraytirilgan tarixni aql nuri bilan yoritdi, tarixiy shaxslarning millat fidoyilari ekanini dalillar bilan isbotladi. O‘z vaqtida Begali Qosimov Mahmudxo‘ja Behbudiyga nisbatan “karvonboshi” ta’birini qo‘llagan edi. Domlaning o‘zi jadidshunoslik sohasining karvonboshisi, chin ma’noda, jadidshunoslar sardori edi.
Bahodir KARIM,
professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-dekabrdagi 51-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



