Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.04.2024 | 13:56

img7437

“JALOLIDDIN” DRAMASI HAQIDA

XORAZM BAHODIRINING SALOMI

Atoqli shoir va dramaturg Maqsud Shayxzoda qalamiga mansub “Jaloliddin Manguberdi” tarixiy dramasi 1943-yili Hamza nomidagi O‘zbek akademik drama teatrida sahnaga qo‘yiladi. Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqning jangovar ruhini ko‘tarish maqsadida sovet hukumatining ijtimoiy buyurtmasi sifatida, lekin yuksak badiiy mahorat bilan yaratilgan ushbu asar keng jamoatchilikka, birinchi navbatda, frontga jo‘nab ketayotgan askarlarga namoyish etilib, tomoshabinlar orasida zo‘r muvaffaqiyat qozonadi.

Akademik shoir Gʻafur Gʻulom mazkur spektakldan olgan hayrat va hayajonlarini “Jaloliddin” dramasi haqida” nomli maqolada ifoda etib, asarga yuksak baho beradi.

Ammo 1945-yili nemis-fa­shist bosqinchilari ustidan g‘alaba qozonilganidan so‘ng, ya’ni Stalinning “eshagi loydan o‘tib” bo‘lgani­dan keyin “Jaloliddin Manguberdi” spektakli ham, uning muallifi ham kommunistik mafkura dohiylari uchun nafaqat keraksiz bo‘lib qoladi, balki ashaddiy dushmanga aylanadi. 1946-yili ushbu spektakl siyosiy jihatdan xato asar deb topiladi va sahnadan olib tashlanadi. Maqsud Shayxzoda esa o‘tmishni ideallashtirishda ayb­lanib, keskin qoralanadi va 1950-yili hibsga olinib, 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi. U oradan besh yil o‘tib, Stalin vafotidan so‘ng ozod etiladi.

Sovet davlatida hukm surgan munofiq va makkor siyosat, chidab bo‘lmas bedodlik tufayli Maqsud Shayxzoda va uning qadrdon do‘sti Gʻafur Gʻulom­ning qanday cheksiz iztirob va g‘am-tashvish girdobida qolganliklarini hatto tasavvur qilish ham qiyin.

Yaqin o‘tmishimizda yuz bergan bu kabi fojiali voqealar bizning bugungi erkin va ozod kunla­rimizning qadriga yetishga, milliy istiqlolimizni yanada mustahkamlashga da’vat etishi bilan beqiyos darajada ahamiyatlidir. Chunki ustoz Gʻafur Gʻulom ta’biri bilan aytganda, “Xorazm bahodirining salomini zafarning ulug‘ kuniga biz eltayotirmiz”.

TAHRIRIYAT

…Taxminan yetti-yu chorak asr burun O‘rta Osiyo Chingiz istilosiga duchor bo‘ldi. O‘lkani qon va olov bosdi. Tinch va obod shaharlar kul va tutunga aylandi. Butun muqaddas ot haqoratlandi. Mo‘g‘ul qilichi beshik­dagi go‘dak­larni ham qonga beladi. Ochko‘z mo‘g‘ul talamagan na saroy qoldi, na kabutarxona… Katta davlat hukmdori mag‘rur Muhammad Aloviddin Xorazmshoh mo‘g‘ul bo‘roniga muqovimat ko‘rsa­tishdan ojiz qoladi. Irodasizlik, o‘z harbiy boshliqlariga e’timodsizlik va oradagi murosasizliklar, fitnalar orqasida tojdor idora jilovini qo‘ldan chiqaradi. Mo‘g‘ul otryadlari ta’qib etib, unga biron joyda qo‘nim imkoniyatini bermaydilar. Nihoyat, vahshiy bir orol­da qochqin shoh kafansiz ko‘miladi. Bu umumiy to‘zg‘inlik va dahshatli falokat zamonlarida Jaloliddin, xalq, vatan, erk bayroqdori kabi qasos qilichini ko‘tardi. Muhammad Aloviddinning bu o‘g‘li haqiqatan ajo­yib yigit edi. Tabiat unga o‘tkir aql, olijanob, mardona yurak va jo‘shqin g‘ayrat nasib etgan edi. Razil bosqinchilarni, manxus talovchilarni yurtdan quvmoq uchun Jaloliddin tarqoq qo‘shinlardan, ona Vatan uchun kurashga otilgan xalq ommasi kuchlaridan bir musht yasash­ga bel bog‘laydi. Hamisha bahodir­ning yostig‘i tosh, jangovar oti yo‘ldosh bo‘ladi. U balogar dushmanni bosadi, chekinadi ham, uradi, uriladi ham, lekin mo‘g‘ullar bilan kurashda o‘z harbiy nomusi va sharafiga bir tomchi dog‘ yuqtirmaydi aslo. Uning aqliga, sohibi tadbirligiga, mardonavor ishlariga shaytoniy takabburlik cho‘qqisiga mingan Chingizning o‘zi ham tan beradi. Yaqinda Hamza nomidagi O‘zbek davlat akademik drama teatrida shoir Shayxzodaning “Jaloliddin” dramasini tomosha qildik. Ko‘zlarimiz qarshisida uzoq moziy jonlandi. Butun o‘lkani dahshatli va mash’um zilzila kabi titratgan vahshiylar istilosi hamda vatan o‘g‘illarining erk, mustaqillik, nomus va sharaf uchun boshlagan fidokorona kurashi yorqin, ma’nodor dramatizm bilan to‘la, hayajonli kartinalarda gavdalanadi. Shoir Shayxzoda o‘z dramasida qahramonlik taronasini kuy­laydi. Bu qahramonlikning jonli ruhi – Jaloliddin. U sahnada ilk ko‘rinishi va ilk so‘zlari bilan diqqatni bog‘laydi, yuraklarda mehr uchqunlarini chaqadi va bundan keyingi voqealar girdobida xorazmlik bu yigit o‘z siymosining ma’naviy go‘zalligi bilan tomoshabinni sehrlaydi. Xorazmshohning tillakoriy saro­yida to‘y. Jaloliddinning suyukli sing­lisi Sultonbegim uzatilayotir. Sho‘x yalla, baxtga, ishqqa doir xayollar… Bi­roq mo‘g‘ul elchilari falokatning sovuq bo‘roni bilan kiradilar. Xorazmshohni taraddud va qo‘rquv yoqalaydi. Vazirlar unga haybarakallachi. Lekin valiahd Jaloliddin – bahodirlikni o‘tkir aql bilan bezagan bu ajoyib yigit vaziyatni darhol ang­laydi. Dushmanning kuchi va o‘salligi unga ma’lum. O‘g‘il otani kurashga undaydi va o‘zi jang maydoniga vatanning uzoq sarhadlari­da dushmanni bo‘g‘moqqa chiqishga tayyorday, faqat Xorazm hukmdori bu samimiy, olijanob botirning toza g‘oya­larida qandaydir adabsizlik va isyon uchqunlarini sezadi. Jaloliddin bir onda toj-taxt huquqidan mahrum etiladi. Yurtning, katta davlatning istiqboli, taq­diri hali ko‘zi yumuq chaqaloqqa topshiriladi. Dramaturg tarixiy vasiqachilikka emas, tarixiy jarayonning haqiqiy mazmunini, uning ichki ma’nosini badiiy tajassumlashtirishga intilgan. Haqiqatan, voqealar jarayonida Xorazmshoh saltanatini ichdan kemirgan, darmonsizlantirgan va uni falokatlarga ichdan tayyorlagan yashirin kuchlar, omillar sirtga bo‘rtib chiqadi. Jaloliddin valiahdlik tojini oddiy qalpoq kabi olib yerga qo‘yadi. “Koshonalardan chodirni yaxshi ko‘rgan”, qilich va qalqon do‘sti o‘z siymosida ulug‘ insoniy fazilatlarni timsol etadi. U shunqorning qanotlari – erkdan: inson uchun hamma ehtiyojlardan erk ba­land va go‘zaldir. U deydi:

Kishi tug‘ilmaydi boshda toj bilan,

Tug‘ilar erklikka ehtiyoj bilan.

Asarda Jaloliddin oxirigacha shu erk ishqi bilan yonadi. Vatan, el erki uchun dahshatli janglar girdobiga kiradi. Uning vatanparvarligi toj-u taxt, e’tibor dag‘dag‘asidan ozod, asl vatan o‘g‘lining fidokorligidir. Bu onaga mehr kabi samimiy va pokdir:

El, o‘lka sog‘ bo‘lsin, toj kelib ketar! Mo‘g‘ul otlari vatan gulzorlarini top­tarkan, eski teraklar qularkan, Jaloliddin o‘z ishqiga – ona Vataniga sodiq qoladi. Uning uchun bo‘ysunishdan o‘lim afzal: “Chinor sinar – egilmas!” Jaloliddin uchun kurashda yagona kuch manbai – xalq ommasidir. Xalq ham uni sevadi, ajoyib bahodir, aqlli sardorning obrazida yurtning salomatligini, nomus va sharafini, qora bo‘rondan so‘ng tug‘ilajak yorqin kunduzni ko‘radi. Xalq qahramoni sodda Elbars pahlavon bilan Jaloliddin orasidagi muhabbat, sadoqat, ishonch behad jozibador quvvatga egadir. Bahodirligi bilan tarixda o‘lmas nom, abadiy so‘nmas shon qozongan mashhur Temur Malik – Xo‘jand mudofaachisi ham olijanob mardona yuragining butun mehri, ishonchi bilan o‘z sardoriga marbut va sodiqdir. Jangovar umri­ning har bir kuni dostonlarga sazovor Temur Malik vatan yo‘lida odamzod tob bermas qiynoqlarga chidaydi. Chingiz Jaloliddinning temir iroda­sini sindirishdan va jang maydon­lari­da ro‘yirost, uzil-kesil yengishdan ojiz. Balandparvoz shunqorni o‘z qonli panjasiga ilmoq niyatida qari tulki fitna to‘rini keng yoyadi. Jaloliddin izini ta’qib etadilar. Yeng uchida xanjarlar, guldastalar ichida zaharlar asl umrni kesishga muhayyo. Jaloliddin obrazi asarda to‘laqonli, jonli va ulug‘vor obrazdir. So‘zi, harakati va butun siymosi bilan romantik ko‘tarilma ruhli bahodir ayni zamonda haqiqiy odamiylik xislatlaridan bahramand. Uning dushmanga nafrat bilan qaynagan yuragi sodda cho‘pon nayidan goho eriydi. U do‘stlarini, yaqinlarini sog‘inadi, yurakni qandaydir g‘ashlik va hasrat bilan to‘ldiruvchi tushlar ko‘radi. Singlisi Sultonbegimni erkalaydi, unga hazillashishdan zavqlanadi… Sultonbegim siymosida Shayxzoda g‘oyat barkamod obraz yarata bilgan. Husn, aql, jasorat, olijanoblik bu ayolda ajoyib garmonik bir kull tashkil etgan. Falokatli kunlarda ona-Vatanni tark etmakka majbur bo‘larkan, Sultonbegim chuqur hasrat va samimiyat bilan deydi:

Garchi erdim Xorazm qasriga bezak.

Baxtiyorman bu yerda qolsam    kanizak.

Sultonbegim uchun eri keltirgan quti-quti bezaklardan mo‘g‘ul xarob etgan go‘zal Samarqandning bir parcha g‘ishti ming afzal. Baxtsiz Sultonbegim umrining yana bir tragediyasi shundaki, uning eri Badriddin eng qabih, olchoq bo‘lib chiqdi. Badriddin vatanparvarlarning muqaddas ishiga ne-ne xiyonatlar qilmaydi! Chingizning etigi­ni yalab, uning qonli qo‘lidan toj kiy­makni umr g‘oyasi qilgan bu makkor o‘z qolipiga tushgan kuchli obrazdir. Badriddin u davrdagi saroy doiralari va kiborlarning axloqini, intilishini mukammal ifodalaydi. Sultonbegim najot qirg‘og‘ini topadi. Bu – uning bahodir og‘asi, vatan, erk uchun jang maydoni. Go‘yo sevgi, nash’a, baxt uchun yaratilgan bu nafis Xorazm chechagi qilich yalang‘ochlab, otlarda uchadi. Go‘zal, ko‘rkam sochlaridan bahodirlarning otlariga ayil yasash­larini orzu etadi. Go‘yo og‘a-singil kurashda bir-birlarini ilhomlantiradilar. Sultonbegim shaxsida vatan va el qizi obrazi chaqnaydi. Shayxzoda katta, salmoqdor obraz­lar va xarakterlar yaratgan. Oling, ta­rixchi Nasaviy: pok vijdonli dono olim asarga yuksak, ulug‘ bir kuch bag‘ish­laydi. Jaloliddin kurashida go‘yo qilich bilan ilm birga harakat qiladi. Bir qo‘lda qalam, bir qo‘lda qilich, qo‘ltig‘ida kitob bilan shahid bo‘lgan donishmand qahramonlikka doir kitobini batamom tugatishni kelajak nasl­larga – bizga vasiyat etadi. “Jaloliddin” dramasi kompo­zitsiyasi pishiq, dramatik to‘qinish­larga boy bir asar. Voqealar jonli va shiddatli ravishda inkishof etiladi. Intriga kuchli, o‘tkir va original. Drama fikr va hikmatga boy, baland ruhli, baquvvat she’r bilan yozilgan. “Jaloliddin” talantli shoir­ning ilk dramatik asari. Shuning uchun, tabiiy hamma kartinalar, epizodlar bir tekis kuchga, badiiy chuqurlikka ega, deyish qiyin. Lekin shunisi muhaqqaq­ki, “Jaloliddin” o‘sayotgan o‘zbek dramaturgiyasida, shubhasiz, muhim hodisadir. O‘zining fikriy va badiiy to‘lqinligi, yuksakligi jihatidan “Jaloliddin” bizning dramaturgiyamizda yuqori poya­ni ishg‘ol etadi. “Jaloliddin” davrimizga g‘oyat hamo­­hang; Ulug‘ Vatan urushi yillari­da, sovet xalqlarining qahramonligi mislsiz gullagan davrda botir ajdodlarning shonli ishlari yurak­larni iftixor bilan to‘ldiradi, tomirlarda yalovbardorlik tuyg‘ularini mavjlantiradi, qonli chirkin fashizmni yakson qilish uchun muazzam kurashimizda yangi zafarlar va shonlar cho‘qqisiga ilhomlantiradi. Jaloliddin xalq qahramonligining o‘lmas­li­giga, uning zafariga chuqur ishonch bilan: “U kunga salom!” deyarak, sah­nadan ketadi. Xorazm baho­diri­ning salomini zafarning ulug‘ kuniga biz elta­yotirmiz.

Ko‘pdan buyon uzun umrli, fikriy va badiiy salmoqdor sahna asarlarini orzu qilar edik. “Jaloliddin” bu orzumizga javob berishga qodir. Shoir Shayxzodani, Hamza nomidagi O‘zbek davlat akademik drama teatri ijodiy kollektivi­ni bu go‘zal asar bilan qutlaymiz.

Gʻafur GʻULOM

1945, fevral.

“Jadid” gazetasi 2024-yil 8-mart 11-soni


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600