19.05.2025 | 09:51
848
JASORATNING TIRIK YODNOMASI
Poytaxtimizda qad rostlagan muhtasham “Gʻalaba bog‘i” o‘zining boy ma’naviy qimmati, tarixiy nafasi, yodgorlik va timsollari, shuningdek, xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi matonati va g‘alabaga qo‘shgan beqiyos hissasini mujassam etgani bilan aholi, ayniqsa, yoshlar orasida tobora ommalashib bormoqda.
Xo‘sh, yangitdan bunyod etilgan ikki majmua haqida nimalarni bilamiz? Undagi nozik ramzlar va milliy qadriyatlar nimalarda aks etadi? Keling, shular haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

“Xotira nuri” memorial yodgorligi
“Xotira nuri” loyihasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida Ikkinchi jahon urushida qatnashgan hamda front ortida fidokorona mehnat qilgan o‘zbekistonlik qahramonlar sharafiga barpo etildi. Mazkur kompozitsiya urushda qozonilgan Gʻalabaning 80 yilligi munosabati bilan yaratilgan bo‘lib, uning asosiy g‘oyasi – suronli damlarning tirik guvohlari bo‘lgan fidoyi insonlarning jasorati, saboti va vatanparvarligini abadiylashtirish, kelajak avlod xotirasida barqaror saqlashdan iborat.
“Gʻalaba bog‘i” bugungi kunda zamonaviy san’at, ilg‘or texnologiya va tarixiy merosni uyg‘un tarzda jamlagan betakror madaniy maskan sifatida yurtdoshlar va mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda. Ushbu yodgorlik nafaqat milliy xotiramiz ramzi, balki zamonaviy san’at va tarixiy haqiqatlarni mustahkam uyg‘unlashtirgan holda, avlodlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik vazifasini ham bajaradi.
Bog‘ – ajdodlarimiz jasoratiga bo‘lgan shukronalik va hurmat, hayot va tinchlikning qadri, avlodlar davomiyligi ramzi sifatida milliy o‘zligimizning tirik timsoli bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.
Majmuaga tashrif buyurgan har bir kishi bu yerda yoshlik va keksalikni eslatuvchi ikki qush timsolini ko‘radi. Ma’lumki, qush o‘zbek madaniyatida hayot, umid va qayta tug‘ilish ramzi. Bu timsol humo qushi bilan bog‘liq bo‘lib, milliy birlik va tinchlikni anglatadi.
Qushlarning qanotlari faxriylar xotirasi, ularning hayot yo‘li va saboqlari yozilgan kitob sahifalarini ifodalab, uni kelajak avlodlarga yetkazishga ishoradir.
Majmua atrofida gullar bilan bezatilgan maydon esa xursandchilik, hayotga muhabbatning ramziy ifodasidir.
Ushbu monumentning ramziy kitob shaklidagi sahifalarida quyidagicha bitiklarni o‘qiymiz:
“Qo‘rquv yonimizda edi, lekin Vatanga muhabbat kuchliroq edi”.
“Ha, qo‘rqinchli edi. Lekin chekinishga yo‘l yo‘q, ortimizda Vatan bor edi”.
“Har bir qadam og‘riq berardi, lekin, ortga yo‘l yo‘q”.
“Men bolalarim urushsiz yashashini orzu qilardim”.
“Mukofot uchun emas, Vatan uchun, bolalarimiz uchun jang qildik”.
“Millat fidoyilari” bog‘i
Mustaqillik yillarida Vatan himoyasi yo‘lida jon fido qilgan harbiylar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida “Gʻalaba bog‘i” tarkibida “Millat fidoyilari” bog‘i ham barpo etildi.
Kompozitsiya Davlat bayrog‘ida tasvirlangan yarim oy va 12 ta yulduz ko‘rinishida joylashgan. Yarim oyning old tarafidagi favvoradan sharshara ko‘rinishida suv oqib turadi, orqada farzandini harbiy xizmatga kuzatgan ota-ona siymosi va uning ikki yon tarafida kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari va xodimlari barelyefi o‘rnatilgan.
Yarim oyning orqa tomonida haykallar kompozitsiyasi joylashgan bo‘lib, uning markaziy qismida 50–60 yoshlar atrofidagi ota va ona timsoli aks etgan. Bu timsol orqali Ota-Ona mehr va sadoqat ramzi sifatida tasvirlangan.
Kompleksning orqa qismida o‘rnatilgan arka muqaddas qadriyatlar va shafqat ramzi. Tishlangan non esa o‘zbek oilasining farzandiga bo‘lgan umidi, mehri va intizorligi bo‘lib, “Oy borib, omon qayt!” degan xalq duosini yodga soladi.
Arkaning chap tomonida xizmat burchini o‘tayotgan farzandning maktublari tasvirlangan bo‘lib, ular orqali ota-onaga bo‘lgan mehr, halol xizmat va sadoqat ifodalanadi.
O‘ng tarafda Sherdor madrasasi bezaklaridan ilhomlanib yaratilgan sher timsoli joylashgan. Bu timsol jasorat va o‘z so‘zining ustidan chiqadigan xalq farzandlarining ramzi.
Ota ortidagi chiroq umid va o‘chmas xotira ramzi sifatida alangalanib turadi. U xalq xotirasida abadiy yonib turadigan muhabbat va fidokorlik timsolidir.
Mehrob oldidagi milliy uslubda ishlangan ikki ustun – milliy g‘oyalarga suyangan davlatning tayanchi, Ona haykalining chap orqa tomonida joylashgan beshik – vatanparvar va jasur farzandlar tarbiya topgan muqaddas uy muhitini ifodalaydi. Yoniga taxlangan ko‘rpa-to‘shaklar esa ota-onaning farzandiga bo‘lgan umidi, tinch va farovon hayoti haqidagi orzu-armonlar jamlanmasidir.
Ushbu majmua ona yurtimizga uyushtirilgan terrorchilik xurujlariga qarshi kurashda, shuningdek, o‘z harbiy burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan askar va ofitserlarning qutlug‘ nomlari va o‘chmas xotirasini abadiylashtiradi.
Ota va Ona haykalining chap tomonida Mudofaa vazirligi harbiylari tasvirlangan. Ular chin ma’noda Vatan himoyasining to‘laqonli ramzi.
Harbiy uchuvchi katta leytenant Shermuhammad Ashirov qiyofasida harbiy-havo kuchlari gavdalansa, uning yonida o‘qchi kichik serjant Yunus Oxunov obrazida hujumga shaylanib turgan jangchi surati namoyon.
Markazdagi serjant Ulug‘bek Barnoyevning yuzidagi shijoat, ishonch va boshqaruvchanlik qobiliyati Vatan himoyasining markaziy tayanchi sifatida sadoqatni ifodalaydi. Leytenant Sayyor Sadinovning belidagi avtomat, sokin va hushyor jangchi ruhiyatini ochib beradi. Jangchi-feldsher serjant Qahramonjon Madolimov misolida esa najotkorlik, ruhiy madad tasviri aks etgan.
Majmua fon qismida tasvirlangan tog‘lar – mamlakatimiz barqarorligi va tabiiy himoyasi ramzi bo‘lib, samolyot, vertolyot va tanklar yurtimizning harbiy qudrati, strategik salohiyatidan darak beradi.
Kompozitsiyaning keyingi qismida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarini, ayniqsa “Mehr” operatsiyasida faol ishtirok etgan mard o‘g‘lonlarni ko‘rishingiz mumkin. Ular Suriyadagi urush o‘chog‘ida qolgan ota-onasiz bolalarni Vatanga olib kelishdek yuksak missiyani bajargan qahramonlar sifatida jonlanadi. Shuningdek, ikki nafar prokuratura xodimi – huquq-tartibot tizimiga xos professionallik, xolislik tamoyillarini namoyon etadi.
Kompozitsiyaning navbatdagi qismidan sud tizimi va bojxona organlari xodimlari obrazlari joy olgan. Sud xodimi chap qo‘lida kitob, o‘ng qo‘lida sud taxtachasini ushlab turgan holda tasvirlanib, u qonun ustuvorligi, bilim va xolislik mas’uliyatini ifoda etadi.
Uning orqa fonidagi adolat ramzi – tarozi tasviri sud xodimining qaror qabul qilishdagi adolati, sadoqati tamsili. Shuningdek, Davlat bojxona qo‘mitasining to‘rt nafar xodimi, xususan podpolkovnik Malika Karyagdiyeva alohida e’tirofga loyiq. U bojxona tizimidagi ilk ayol xodima sifatida jonkuyarlik va fidoyilikning timsoli.
Kompozitsiyaning o‘ng qanotida – Ota-Ona siymosining yonida, Ichki ishlar vazirligi xodimlari tasvirlangan. Chap tomonda polkovnik Bahodir Hoshimov mardonavor qiyofasi, sinchkov nigohi bilan ko‘rinish beradi.
Sapyor esa maxsus himoya kiyimida tasvirlanib, u portlash va xavfli holatlarga qarshi kurashdagi jasorat namunasidir. Qurol ko‘targancha o‘q o‘tkazmaydigan kamzul kiygan askar hushyorlik va jangovar tayyorgarlik ifodasidir. To‘rtinchi askar esa himoya qalqoni, yuzida niqob hamda o‘q o‘tkazmaydigan zirhli libosda.
Beshinchi joydagi patrul-post xizmati xodimi – jamiyat tinchligi va xavfsizligini ta’minlashdagi doimiy hushyorlik va sadoqat ramzi.
Kompozitsiyaning navbatdagi qismida Milliy gvardiyaning to‘rt nafar askari timsol sifatida gavdalangan. Ularning qiyofasi, jasorati orqali qonun ustuvorligi, jamiyat xavfsizligi va tinchligi yo‘lidagi sadoqat ifodalanadi.
Undan keyingi haykallar Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlariga bag‘ishlangan. Ularning mustahkam irodasi va diqqat bilan yondashuvi Vatan oldidagi sharafli mas’uliyatni, qo‘yilgan vazifaga bo‘lgan yuksak sadoqatni ta’kidlaydi.
Kompozitsiyaning orqa fon qismida Yangi O‘zbekiston bog‘idagi Mustaqillik Stellasi va Oliy Majlis binosi aks etgan bo‘lib, ular davlat suvereniteti, xalq irodasi va siyosiy barqarorlikka ishoradir.
Keyingi qismdan Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlarining haykallari o‘rin olgan. Bu sahna kishida insonparvarlik, mas’uliyat va tezkorlik tuyg‘ularini uyg‘otadi. Har bir obraz – favqulodda holatlarda jonkuyarlik ko‘rsatgan, inson hayotini saqlab qolishga jon-jahdi bilan kurashayotgan qahramonlar haqida so‘zsiz hikoya qiladi.
“Millat fidoyilari” bog‘idagi 12 ta yulduzning bir yon tarafiga mustaqillik yillarida Vatan himoyasi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan 196 nafar vatandoshimiz nomi qayd etilgan. Yulduzlarning ikkinchi yon tarafida o‘rnatilgan 60 dona monitorda esa siz-u bizning tinchligimiz evaziga jonidan kechgan qahramonlar, ularning faoliyati aks etgan foto va video materiallar namoyish etib boriladi.
Xulosa qilib aytsak, “Gʻalaba bog‘i” va “Millat fidoyilari” majmualari mohiyatan Vatan himoyasi yo‘lida shahid ketgan qahramonlar xotirasini abadiylashtirish, yosh avlodda vatanparvarlik, jasorat va sadoqat tuyg‘ularini uyg‘otishga qaratilgan muqaddas maskandir. Har bir haykal, timsol va ramz orqali el-yurtimizning shonli tarixi, milliy qadriyatlari va fidokor farzandlarining hayoti ifodalanadi. Bu majmualar nafaqat milliy xotiramiz, balki bugungi tinchligimiz, ertangi kelajagimiz uchun ham o‘ziga xos betakror saboq sifatida g‘oyat qadrlidir.
Bobur ELMURODOV,
kapitan
“Jadid” gazetasining 2025-yil 16-maydagi 20-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
99
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
136
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
328



