Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.06.2026 | 15:15

img1178

KIM HAQ?

“Aholining boy tabaqasimi, quyi qatlami aholisidanmi, farqi yo‘q, kimning xonga arzi bo‘lsa, istagan kuni hech qarshiliksiz xon hazrat, ya’ni Muhammad Aminxon  huzuriga borib, arzini ayta oladi. Agar dunyoviy masala bo‘lsa, xonning o‘zi hukm chiqaradi, agar shar’iy bo‘lsa, qozikalonga murojaat qiladilar. Zakotdan tashqari hech kimsadan biron narsa undirilmaydi, moliga tegmaydilar. Zakotni mulkning qirqdan biri tarzida oladilar. Oldi-sotdi muomalasi, soliq kabi sohalarda zo‘rlik ishlatilmaydi. Xonning o‘zi shaxsan minadigan uch-to‘rtta oti va bir xachiri bor. Bir necha xos navkarlari xon xizmatida turadi. Oshxonasining kecha-yu kunduzgi xarajati juda oz miqdorda bo‘lib, xon ovqat tanlab o‘tirmaydi, nima pishirilsa, shunga qanoat qilaveradi. Ortiqcha dag‘dag‘asi yo‘q. Xon libos kiyishda boshqa odamlar kabi bo‘lib, kamtarligi tufayli dabdabali kiyimlarni yoqtirmaydi. Hazrat xonning faqat bosh kiyimigina farq qilib, qizil movutdandir. Boshqalarniki esa qizil bo‘lmagan movutdan…”

Ushbu iqtibos 1851-yili ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni barqarorlashtirish, eronlik asir, tutqun-qullarni ozod etish muzokaralarini olib borish maqsadida Eron hukmdori Nosiriddinshoh tomonidan Xiva xoni Muhammad Aminxon huzuriga elchilik maqomida yuborilgan Rizoqulixon Hidoyatning “Saforatnomayi Xorazm” (“Xorazm safari kundaligi”) asaridan olindi.

“Xon xazinasi foydasiga to‘plangan soliqlardan tashqari aholidan yig‘ib olingan mablag‘lar, ayniqsa, joylarda davlat amaldorlari uchun daromad manbayi bo‘lib xizmat qildi. Bundan tashqari, davlat amaldorlari o‘zlariga qarashli yerlarda dehqonlarni ishlatib, ekspluatatsiya qilib daromad olar edilar. Xon ma’muriy sud ishlari va harbiy ishlar yuzasidan cheksiz despotik hokimiyatga ega edi. Xonlikdagi sud ishlarida vahshiylik va o‘zboshimchalik hukm surdi. Xon va uning amaldorlari oddiy xalqdan zo‘rlik bilan tortib olingan turlik soliq va boshqa mablag‘lar hisobidan dabdabali hayot kechirishar, fuqarolarning arz-dodlarini eshitadigan odam yo‘q edi”.

Bu iqtiboslar esa 1957-yilda chop qilingan ko‘p jildlik “O‘zbekiston SSR tarixi”ning ikkinchi kitobidan keltirildi.

Xo‘sh, kim haq? Xonlikdagi haqiqiy ahvolni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, guvoh bo‘lgan Rizoqulixon Hidoyatmi yoki bu davrni oradan bir asrcha vaqtdan so‘ng tarixga raqam qilgan tarixchilarmi?

Rizoqulixon Hidoyat oddiy amaldor – shoh elchisigina emas, balki mashhur shoir, adib va ma’rifatchi, noshir sifatida o‘z zamonasida butun Sharqda taniqli edi. O‘zi bir qator tarixiy asarlar yozgan, devon tartib bergan, noshir sifatida Tehronda “Qobusnoma”, “Tuzuki Temuriy” kabi qimmatbaho asarlarni, Rumiy, Nosir Xisrav devonlarni chop qilgandi. Ogahiy hazratlari Rizoqulixon Hidoyat qalamiga mansub ko‘p jildlik “Ravzat us-safoyi Nosiriy” asarini o‘zbekchaga tarjima qilgani bejiz emas.

Rizoqulixon o‘ziga yuklatilgan masalani hal qilish uchun xonlikda to‘rt oydan ko‘proq yashaydi, bir necha marta xon qabulida bo‘ladi. Bo‘sh vaqtlari xonlik aholisi turmush tarzi, iqtisodiy ustqurmalar, odamlarning o‘zaro munosabatlari, saroy amaldorlari va oddiy xalq yashashlari orasidagi farq va o‘xshashliklar, sud tizimini sinchkovlik bilan o‘rganadi. Uning nazaridan  hatto hududda yetishtiriladigan turli mevalar, pishiriladigan taomlar ham chetda qolmagan.

Eng e’tiborli tomoni, xonlikda tutqinlikda yashayotgan o‘ttiz ming nafarga yaqin eronliklarni ozod qilish bo‘yicha xon bi-lan olib borilgan muzokaralar natijasiz tugaydi. Ham elchi, ham adib o‘laroq Rizoqulixon Hidoyat samarasiz tashrifidan pushaymonlik tuygani xonlikdagi ayrim holatlarga bildirgan salbiy qarashlarida aks etadi. Ammo, tan olish kerak, u ko‘rganlarini ochiq-oydin, yolg‘onlarsiz qog‘ozga tushiradi, ayrim holatlarni o‘zaro taqqoslab, Xivada adolatli tuzum amaliyotda ekaniga tan beradi. 

Yana mazkur asarida muallif yerlik xalq fe’l-atvori haqida qiziq ma’lumot keltiradi: “Xorazmda odamlarning bir-biri bilan urishishi, janjal chiqarish, o‘g‘irlik qilish, yolg‘on gapirish, yasama qasam ichish yoki oldi-sotdida so‘zidan qaytish, g‘irromlik, degan gaplar mutlaqo yo‘q. Odamlar bir-birlari bilan urishmaydigina emas, balki ovozini balandlatib, baqir-chaqir qilishmaydi, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi”.

Raiyatning shirinso‘z muomalasini bir tomondan qonun ustuvorligi, ikkinchi tomondan asriy qadriyatlar ta’siri, uchinchi tomondan tarbiya hosilasi, deb tushunmoq kerak.

…Oradan bir muchal vaqt o‘tib xonlikka kelgan vengriyalik olim Herman Vamberi “O‘rta Osiyoga 1863-yilgi sayohat” yo‘lnomasida yozadi: “Peshin namozidan keyin xon tashqariga chiqadi va ayvonda o‘tirib arz tinglaydi. Arzga kelgan xotin-u erkak va bolalar har xil kiyimda, hatto yarim-yalang‘och holda bo‘lsa ham xon oldiga kirgizadilar. Kirgan kishi xonning oldiga juda yaqin borib, o‘zini bemalol tutib, arzini aytadi. Xonga e’tiroz bildiradi, ba’zan hatto xonning bir imosi bilan jallod qo‘liga tushishini bilsa ham, u bilan bahslashib qoladi…”

Vamberi kelgan paytda Rizoqulixon Hidoyat ko‘rgan, ta’riflagan xon vafot etib, bu orada ikki marta xon almashgandi. Ammo, ko‘rinib turibdiki, xonning raiyat arzini tinglash bo‘yicha amaliyotda bo‘lgan tartibi o‘zgarmagan.

Vengriyalik mashhur olim va sayyoh o‘z asarida xon saroyidagi ko‘pgina tartib-qoidalarga ham e’tibor qaratgan va uni ajablantirgan holatlar – hukmdorlar yashash tarzida Ovrupada ko‘rganlari kabi ortiqcha dabdababozlik, hashamat yo‘qligini hayrat bilan bayon qilgan.

Ayni o‘sha davr – o‘n to‘qqizinchi asrning birinchi yarmida xonlikka turli maqsadlarda kelgan rus olimlari, sayyohlari esdaliklaridagi ko‘pgina o‘rinlar eronlik va vengriyalik hamkasblari yo‘lnomalariga mos tushadi.

Xo‘sh shunday ekan, keyingi “tarixyozarlar” “zulmkor tuzum”, “ayovsiz ekspluatatsiya”, “adolatsiz boshqaruv”, “son-sanoqsiz soliqlardan ezilgan xalq”, “sud tizimidagi vahshiyliklar” kabi ibora-yu ta’riflarni qayerdan oldi? Muntazam yuritilgan va hozirgacha bir qismi saqlangan xonlik arxividagi hujjatlar bu kabi holatlar haqida guvohlik bermaydi-ku!

Akademik M.Yo‘ldoshevning 1959-yil chop qilingan “Xiva xonligida feodal yer egaligi va davlat tuzilishi” asari aynan xon arxivi hujjatlari tadqiqotiga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, muallif sho‘ro mafkurasi ta’siri, balki bosimi ostida xonlik tuzumini butunlay qora bo‘yoqlarda tasvirlagan. Ayrim o‘rinlarda asl haqiqatlar chala haqiqatlarga aylantirilib, rad etib bo‘lmas fakt va raqamlar teskari mazmunda sharhlangan. Afsuslanarlisi, keyinchalik ushbu ta’rif-u tasniflar bor bo‘yicha maktab darsliklariga ko‘chib o‘tadi va yurt so‘ragan xon-u amirlar “olabo‘ji” qilib ko‘rsatiladi. Tariximizni yozgan o‘zga millat vakillarini qo‘ya turaylik, xon zamonini ko‘rgan, hech bo‘lmaganda ota-bobosidan eshitgan o‘zimizning tarixchilar “xonning xachir minishi”ni tasavvurlariga sig‘dira olmagani ajablanarlidir.

To‘g‘ri, xonlik tuzumini mutlaq fozillikka nomzod, deya olmaymiz. Hamma zamonlar, barcha tuzumlarda ozmi-ko‘pmi adolatsizliklar ro‘y bergani, bularning aksari shaxslar bilan bog‘liqligi bor gap. Insoniyatning “o‘g‘risiz jamiyat” tuzish orzusi hali hamon orzuligicha qolmoqda. Ammo…

Xonlikda yagona qamoqxona – Ko‘hna Ark yonidagi zindon bor-yo‘g‘i o‘n besh nafarcha jinoyatchiga mo‘ljallangani, aksar vaqtlarda unda bir-ikki mahkum saqlangani ham haqiqat. Bu xonlikda jinoyatchilik kamligi, jazo muqarrarligi tamoyili hamisha amalda bo‘lganining yaqqol isbotidir.

Endi e’tiboringizni boshqa bir manbaga qaratamiz. “Turkestanskiy kuryer” gazetasining 1911-yil 184-sonida Xiva xonligi bosh vaziri Islomxo‘janing maqolasi chop qilingan. Unda shunday fikrlar bor: “Men shahar hunarmandining o‘g‘liman, o‘z otamning izidan bormoqchi edim. Lekin Xudo menga yaxshi bosh bergan va madrasada mening qobiliyatim ko‘zga tashlandi. Lekin bir hodisa mening taqdirimni boshqa yo‘lga solib yubordi. 13 yashar bolalik vaqtimda qishloqda, tog‘amning uyida mehmon bo‘lib turgandim. Bir kuni shu joyga soliq yig‘uvchilar keldi. Ular kelishi bilan shunday hodisalar boshlandiki, ularni so‘zlab berish mumkin emas. Shu vaqtda men bu dahshatli soliq yig‘uv usulini o‘zgartirish uchun, qanday bo‘lsa ham, “katta amaldor” bo‘lishga qaror qildim”.

Islomxo‘ja chor hukumati xonlikni istilo qilgan 1873-yilda tug‘ilgan. Demak, u 1886-yillarda o‘zi guvoh bo‘lgan voqealarni bayon qilgan. Rizoqulixon Hidoyat va Herman Vamberi ta’riflagan “adolatli tuzum” nahot chorak asrning nari-berisida barham topgan bo‘lsa? Xuddi shunday.

Ma’lumki, Xiva xonligi bilan chor hukumati o‘rtasida 1873-yil avgustda tuzilgan “Gandimyon shartnomasi”ga ko‘ra xonlik bosqinchi tarafga o‘z davri uchun juda katta bo‘lgan miqdorda tovon to‘lashi belgilangandi. Tovon pulini raiyatdan ixtiyoriy yig‘ish iloji yo‘qligidan kuch ishlatishga to‘g‘ri kelgan. Bu zo‘ravonlik bilan tovon puli undirish tariximizga “Golovachyov qirg‘ini” nomi bilan kirgan. Ayni shu “kuch ishlatish” asriy qaror topgan adolatning ildiziga bolta urgan…

Islomxo‘ja ota-bobolaridan eshitganlari – xonlikda asrlar-ki amalda bo‘lgan adolat tamoyillari barbod bo‘lgani holatini tilga olmoqda. O‘zi amaldor bo‘lish orqali o‘sha adolatni qayta tiklamoqchi bo‘lganini yashirmayapti. Sayyidlar avlodidan bo‘lgan, islomiy va qadim sharqona qadriyatlar ruhida tarbiya topgan inson bu so‘zlari bilan mustamlaka ostida qolgan xonlikda adolat mezonlari buzilganini afsus bilan qayd etmoqda, aslida.

Islomxo‘ja keyinchalik jadidlar harakatiga qo‘shiladi, xonlikni to‘la qayta isloh qilish uchun kurashadi, o‘n ikki bobdan iborat islohotlar loyihasini amaliyotga aylantirishga kirishadi, ammo bosqinchilar panohida mo‘may daromadga mazaxo‘rak bo‘lib olgan bir guruh insofsiz amaldorlar tazyiqiga uchrab, 1913-yil avgustda sirli ravishda o‘ldiriladi.

Keyin yurt buziladi – turli inqiloblar sodir bo‘ladi, odamlar “oq” va “qizil”larga ajratiladi, o‘g‘il otaga, ini akaga tig‘ ko‘taradi, bir-birovni sotib jonni asrash rusmga kiradi. Yurt tarixini yozgan olimlar bevosita va bilvosita guvoh bo‘lganlari – tizimli amalga oshirilayotgan dahshatli qatag‘onlardan ko‘z yumib, moziyga sang‘ib ketadi va turli afsonalar to‘qiydi hamda shu afsonalarga olomonni ishontiradi ham.

Yuqorida bir o‘rinda olti yuz ming nufuzli aholi yashaydigan xonlikda atigi bitta zindon bo‘lganini eslatgandik. Qarangki, 1910-1912-yillarda xonlikda ko‘p o‘rinli alohida zindonga mo‘ljallangan bino qurilgan. Demak, mustamlaka davriga kelib jinoyatchilik asriy adolatning buzilishi tufayli ko‘paygan.

…Xachir mingan xonlar esa ertaklarda mazaxlanuvchi shaxslar sifatida gavdalantiriladi, xolos.

Ro‘zimboy HASAN

“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-maydagi 22-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596