Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


26.02.2026 | 09:52

img1769

KOMIL XORAZMIY KIM EDI?

Tarixga nazar tashlasak, yurtni ma’rifat orqali ozodlikka olib chiqishga qat’iy bel bog‘lagan jadidlar orasida uch xonlikda katta mavqega ega, yuqori davlat lavozimlarini egallagan insonlar ham bo‘lganini ko‘ramiz. Masalan, Qo‘qon xonligi shahzodasi Fansurullohbek, Buxoro amirligi muftiysi Mahmudxo‘ja Behbudiy, Xiva xonligi bosh vaziri Islomxo‘ja va boshqalarning jadidlarga xayrixohligi harakatning yanada keng tomir yozishiga xizmat qilgan.

…1873-yilning bahorida chor hukumati Xiva xonligi ustiga qudratli qo‘shin bilan uch tomondan bostirib keladi. Dushman yaqinlashayotgani xabari tarqalgan kezlarda vaziyatni qanday bartaraf qilish masalasida saroyda ketma-ket harbiy mashvarat chaqiriladi. Matmurod devonbegi boshliq guruh dushmanga qat’iy qarshilik qilishni taklif qilsa, Pahlavon Niyoz mirzaboshi boshliq guruh sulh tarafdori bo‘lib maydonga chiqadi. Muhammad Rahimxon soniy ikki guruh fikrlarini eshitib, harbiy imkoniyatlari bir qadar cheklanganini bilsa-da, qarshilik qilish tarafdorlarini qo‘llash majburiyatida qoladi.

Zamonaviy qurollarga ega dushman bilan yuzma-yuz muhoraba uzoq cho‘zilmaydi, 1873-yilning may oyida xonlik poytaxti Xiva taslim bo‘ladi, 12-avgust kuni qal’a yaqinidagi Gandimyon qishlog‘ida xonlik va Rusiya imperiyasi o‘rtasida sulh shartnomasi imzolanadi. Tarixga “Gandimiyon shartnomasi” nomi bilan kirgan ushbu hujjatga asosan xonlik vassallikni bo‘yniga oladi.

“Gandimiyon shartnomasi” matnini xonning mirzaboshisi Pahlavon Niyoz Muhammad rus va o‘zbek tillarida yozgan. Fon Kaufman yonida kelgan harbiy maslahatchilar matnga bir qator xonlik uchun og‘riqli tuzatishlar kiritgan.

Hali yov bosib kelayotgan vaqtda saroydagi sulhparvar guruhga bosh bo‘lgan, kuchlar teng emasligi, ortiqcha kuchanish ko‘plab qurbonlar berilishi, qadim qal’adagi me’moriy obidalarga zarar yetishini anglagan Pahlavon Niyoz Muhammad kim edi?

Pahlavon Niyoz Muhammad 1825-yil Xivada mudarris Abdulla oxun oilasida tug‘ilgan. Dastlab saboqni mahalla masjidi qoshidagi maktabda, so‘ng o‘z davrining yetuk ulamolaridan biri bo‘lgan otasidan oladi. Otasi unga arab va fors tillarini puxta o‘rgatadi. Tabiatan iqtidorli, til o‘rganishga qiziquvchan Pahlavon Niyoz Xivada asirlikda yashayotgan askarlardan rus tilini ham o‘zlashtirib oladi. Madrasada tahsil olish jarayonida mumtoz adabiyotga qiziqadi, hazrat Alisher Navoiyni ustod sanab, o‘ziga Komil Xorazmiy taxallusini tanlab, g‘azal va muxammaslar yoza boshlaydi. Bir vaqtning o‘zida xattotlik va musiqa san’atini ham egallaydi.

Keng qamrovli bilimga ega 31 yoshli yigitni Xiva hukmdori Said Muhammad 1856-yili saroyga xattotlik vazifasiga taklif qiladi. Otasi o‘limidan so‘ng taxtga o‘tirgan Muhammad Rahimxon soniy Pahlavon Niyozni mirzaboshi qilib tayinlaydi. 1873-yilda Matmurod devonbegi fon Kaufman tomonidan Kaluga shahriga surgun qilingach, xon Pahlavon Niyozga devonbegi vazifasini beradi. Devonbegi saroyda bosh vazirdan keyin turuvchi eng yuqori mansab hisoblanib, xonlikning barcha iqtisodiy kirim-chiqimlari uning zimmasida edi. Ayni vaqtda, xonlikning barcha hujjatlari aynan devonbegi tomonidan yuritilgan.

Komil Xorazmiy dastlab an’anaviy ishq-muhabbat, may-mahbub mavzularida g‘azallar ijod qilgan bo‘lsa, keyinchalik uning she’rlarida ma’rifatparvarlik g‘oyalari asosiy o‘rin egallay boshlaydi. 1891-yil sentyabr oyida Peterburgga borayotib, Toshkentda to‘xtab o‘tganida, “Turkiston viloyatining gazeti” tahririyati iltimosi bilan “Toshkent” deb nomlangan qasida ham yozadi. Uning bu qasidasi o‘zbek adabiyotida yangi ijtimoiy taraqqiyotni aks ettirgan ilk yirik she’riy asardir.

Aynan ma’rifatparvarlik mavzusidagi asarlari Komil Xorazmiyni jadid harakatiga qo‘shilishga olib keladi. U Islomxo‘ja va boshqa vohalik jadidlar bilan yaqin aloqada bo‘lib, amaliy ishlarga kirishadi. Xivada ilk yangi ko‘rinishdagi maktab ham aynan Komil Xorazmiy tomonidan ochiladi va qisqa muddatda o‘quvchilar soni yuz nafardan oshadi.

Komil Xorazmiy Muhammad Rahimxon soniy bilan Peterburgga borib qaytgach, xonlikda matbaachilikni yangicha bosqichga ko‘tarishga kirishadi va Turkistonda ilk toshbosma Xivada tashkil qilinishi boshida turadi. Toshbosma usulida ilk bora Alisher Navoiy devoni va bir qator tarixiy asarlar chop qilinadi. 1881-yili Komil Xorazmiyning ilk devoni ham toshbosma usulida ko‘p nusxada chop qilingan. U shoir sifatida o‘z davrida g‘oyatda mashhur bo‘lgan. O‘n to‘qqizinchi asrning taniqli tilshunos olimlaridan biri Shayx Sulaymon Buxoriy ham uni XIX asrning peshqadam shoirlaridan biri sifatida tilga olgan.

Jadid Komil Xorazmiyning eng katta xizmati o‘zbek nota yozuvini ixtiro qilishidir. Ma’lumki, bizda mumtoz musiqalar, shu jumladan, “Shashmaqom” kabi yirik asarlar ham yodlash orqali o‘tib kelgan. Musiqaning og‘zaki tarzda avloddan avlodga o‘tib kelishini olqishlagan holda, ba’zida no‘noq musiqachilar tomonidan uning buzib ijro qilinishi holatlari kuzatilganini ham ta’kidlash kerak. Yevropa bu masalani allaqachon hal qilgan – musiqa notasi yaratilib, mumtoz asarlar asl holicha saqlanib qolishi kafolatlangandi.

Komil Xorazmiy Peterburgga borganida teatrga tushadi va sahna asari musiqasini ko‘p kishilik jamoa ijro qilayotgani, ularning oldida nota yozuvlari turganiga e’tibor qaratadi. Opera tugagach, orkestr musiqachilari yoniga borib, ular foydalanayotgan nota bilan qiziqadi. Safardan nota yozuvlarini olib qaytgach, ularni puxta o‘rganadi, o‘zicha Sharq mumtoz musiqalarini ushbu notaga solishga urinib ko‘radi. Ammo o‘sha vaqtda mumtoz musiqalarimiz asosan tanburda ijro qilingani uchun ular yevropacha nota chiziqlariga tushmasligini anglaydi va yangicha musiqa chiziqlari yaratish kerak, degan xulosaga keladi. U “Shashmaqom” turkumidagi “Rost” maqomini o‘zi yaratgan “Tanbur chiziqlari”ga to‘la o‘tkazadi va musiqachilar tezda buni o‘zlashtirib, mukammal ijro qila boshlaydilar.

Komil Xorazmiy yaratgan “Tanbur chiziqlari” o‘z kashfiyotchisi hayot vaqtida saroyda xizmat qilayotgan musiqachilar tomonidan ijro qilinishi yo‘lga qo‘yilgan. Ammo xonlik tugatilishi bilan “Tanbur chiziqlari” unutildi. Bunga sovetlarning aynan yevropacha nota chiziqlarini musiqa san’atiga to‘la tatbiq etishi ham sabab bo‘ldi. Faqat mustaqillik zamonasiga kelib, musiqa mutaxassislari Komil Xorazmiy yaratgan “Tanbur chiziqlari” tadqiqotiga kirishdilar. Ushbu tadqiqotda ishtirok etgan mutaxassislar e’tiroficha, “Tanbur chiziqlari” sharqona mumtoz musiqalarni mukammal ijro qilishda tengsizdir. Zero, “Shashmaqom” turkumiga kiruvchi maqom yo‘lidagi musiqalarni yevropacha notalarga joylashtirish va ijro qilishda bir qator kamchilik va qiyinchiliklar mavjud.

Komil Xorazmiy yoshi va tajribasi jihatdan Xiva jadidlarining eng ulug‘i edi. Shunga qaramasdan, u hatto keksayib qolganida ham, o‘z faolligi bilan fikrdoshlariga ibrat bo‘lgan. Jadidlarning vaqtli matbuotida, “Tarjumon”, “Turkiston viloyatining gazeti” kabi nashrlarda uning ma’rifiy maqolalari va she’rlari ketma-ket chop etib borilgan. Komil Xorazmiy o‘z lavozimidan foydalangan holda, iqtidorli yoshlarni moddiy va ma’naviy qo‘llagan, asarlari chop qilinishiga bosh-qosh bo‘lgan.

O‘tgan asr boshlarida jadidlar elni uyg‘otish uchun vaqtli nashrlar chop qilishga katta e’tibor qaratgan. Ammo Xiva xonligi hududida birorta vaqtli nashr chop qilinmagani sababi nima, degan savol tug‘iladi. To‘g‘ri, Islomxo‘ja bosh vazir vaqtida Xivada gazeta chop qilish harakati bo‘lgan. Bundan oldin Toshkent, Samarqand kabi shaharlarda turli gazetalar muntazam chop qilinayotganini ko‘rgan va ularda muntazam qatnashishga harakat qilgan Komil Xorazmiy ham gazeta tashkil qilish orzusida bo‘ladi. Lekin bu orzular amalga oshishiga xon atrofidagi xalq uyg‘onishini istamagan kuchli guruh qattiq qarshilik qilgan. Islomxo‘janing 39 yoshida qatl qilinishi ortida ham ana shu kuchlar turgani Komil Xorazmiy va boshqa jadidlarning qo‘lini bog‘lab qo‘ygani ayni haqiqat. Jadidlar harakati ta’siri ostida 1914-yilda tashkil qilingan “Yosh xivaliklar” partiyasi vaqtli matbuotga e’tibor qaratmaganini ham ushbu o‘zanlardan izlash kerak.

…48 yoshli Komil Xorazmiyning “sulhparvar siyosati” o‘sha vaqtda xonlikda turlicha talqin qilinadi. Ayrimlar u tutgan yo‘lni ma’qullasa, aksar kishilar uni “sotqin”likda ayblashadi. Xonlik bo‘yniga istibdod zanjirini solgan “Gandimiyon shartnomasi” matnini yozgani uchun unga la’nat toshlari otiladi. Asosan qilich-qalqon, cho‘qmor, piltali miltiq va ibtidoiy ko‘rinishdagi to‘plarga ega xonlik qo‘shini zamonaviy qurollarga ega yov qo‘shiniga qarshi tura olmasligi, oqibatda yurt vayron, qadim qal’alar chilparchin bo‘lishini anglagan Komil Xorazmiy vaqtdan yutish uchun vaqtincha sulhga rozi bo‘lishdan boshqa chora yo‘qligini anglagandir? Bu taklifi xato ekanini bilgan va vaqt kelib ushbu xatosini yuvish maqsadida jadidlar harakatiga qo‘shilgan bo‘lishi, hech shubhasiz. Zero, istibdoddan qutulishning birlamchi yo‘li raiyatni uyg‘otish, ularning ilmli bo‘lishlarini ta’minlashdir. Jadidlar aynan shu yo‘lni tanlagan edilar.

Vaqt hammasini oydinlashtirdi. Komil Xorazmiy yetuk shoir, musiqachi, xattot sifatida tariximizdan munosib o‘rin oldi. Uning xalqimiz oldidagi eng katta xizmati jadidlar harakatiga qo‘shilgani, xonlikda ilk yangicha maktablar tashkil qilgani, o‘z ortidan minglab ongli yoshlarni ergashtira olganida ko‘rinadi.

Ro‘zimboy HASAN 

“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-fevraldagi 8-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600