Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


14.04.2025 | 15:05

img715

“BUNDAY YAXSHI ODAM KAM BO‘LADI”

1922-yil kuzida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi mutasaddilari 55 nafar istiqbolli yoshlarni zamonaviy fan va texnologiyalarni o‘rganish maqsadida Germaniyaga o‘qishga yuboradi. Kelajakda yurti taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shishi kutilgan, biroq kutilmaganda juvonmarg ketgan yoshlardan biri Bahovuddin Aminjonov edi.

Bahovuddin 1904-yili Buxoro shahrida mudarris xonadonida tavallud topgan. Otasi Aminjon Ziyovuddinov “Yosh buxoroliklar” partiyasining faollaridan bo‘lib, Buxoro tarixiga oid kitoblar bilimdoni edi. 1914-yili yosh tarixchi olim Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on Buxoro hududiga ilk marotaba kelganida uning uyida yashab, maslahatlar olgan edi. Aminjon Ziyovuddinov 1920-yili tashkil etilgan Buxoro Xalq Respublikasida qator nufuzli vazifalarda ishlagan. 1921-yili siyosiy maqsadda Buxoro zaminiga kelgan Zaki Validiy yana Aminjon Ziyovuddinov xonadonida mehmon bo‘ladi. Bu esa uning Buxoro siyosiy hayotida mavqeyi yuqori bo‘lganidan dalolat beradi.

Bahovuddin dastlab jadid maktabida savod chiqarib, so‘ng madrasa ta’limini olib fors, arab tillarini mukammal egallaydi. Buxoro hukumati tomonidan Germaniyaga yo‘llangan talabalar uchun mas’ul etib tayinlangan Olimjon Idrisiyning ma’lumotiga ko‘ra, Bahovuddin Germaniyada bir qancha vaqt davolanishga majbur bo‘ladi.

U o‘zi bilan borgan o‘quvchilar orasida o‘ta iqtidorliligi bilan ajralib turardi. Avvaliga u Aziz Xo‘ja, Sattor Jabbor, Vali Qayum bilan Doktor Fekkelmanning xususiy o‘rta maktabida ta’lim oladi. Shundan so‘ng Berlin universitetining tibbiyot fakultetida o‘qishni davom ettiradi. Bahovuddin talabalik yillarida faqat mutaxassisligi yuzasidan ilm olish va tajriba orttirish bilan cheklanmay, talabalar o‘rtasida qilgan ma’ruzalarida sovet hukumatining O‘zbekistonda olib borayotgan yer islohoti, tumanlashtirish kabi tadbirlar o‘zbek xalqining asrlar davomida shakllangan an’anaviy turmush tarzi hamda qadriyatlariga qarshi yo‘naltirilganini isbotlashga intiladi.

Qahramonimiz Vatanda mavjud og‘ir iqtisodiy-ijtimoiy ahvoldan yaxshi xabardor edi. Ayniqsa, o‘sha vaqtlarda mintaqada sil va boshqa yuqumli kasalliklar avj olib ketgan, sovet davlatida esa unga qarshi kurash uchun na pul, na tibbiy xizmat ko‘rsatish muassasalari va na bir tayinli siyosat bor edi. Shuning uchun Bahovuddin Turkiston matbuotining to‘ng‘ich nashri bo‘lgan “Yer yuzi” jurnalidagi o‘z chiqishlarida inson sog‘lig‘i uchun eng zarur va eng kamxarj yo‘l sifatida jismoniy tarbiya masalasini ilgari suradi. U maqolalaridan birida xalqqa murojaat etib yozadi: “Tan harakatlarining bizga tegadurgon foydalaridan biri va muhimi insonning nafas olish apparati (o‘pka, yurak)ga, umuman nafas olishg‘a va qon yurishiga bo‘lg‘on ta’siridir. Biz tan harakatlari qilib a’zolarimizni ishlattirganimizda ularga ko‘prak havo, to‘g‘riroq aytganda havoning 5 dan bir bo‘lagi bo‘lgan “muvallid ul-hamuza” (kislorod) g‘ozi (gazi) kerak bo‘ladir va buni esa biz o‘pkamiz orqali olamiz. Biz qancha ko‘p tan harakati, ispurt qilsak, shuncha ko‘p nafas olamiz. Bu esa bizning foydamizdir. Biz tomoshag‘a chiqib bir-ikki chaqirim yursak, nafas olishimiz odatdagidan ikki yarim misli ortadir. Uzoqroq vaqt, bir, ikki soat yursak, to‘rt-besh misli, agar tog‘larga chiqsak, olti misli, tez chopsak, o‘n ikki misli ortadir… Yurish, chopish, tog‘ga chiqish kabi harakatlar bilan ixtiyorsiz ko‘proq nafas olish o‘rniga, o‘zimiz uydan tashqariga chiqib qattiq-qattiq nafas olsoq ham bo‘ladi… O‘pkamiz kuchlik bo‘lsa, har xil yomon kasalliklarning mikro‘blari (qurt) o‘pkamizga kirganda unda jon ola olmaydir va o‘pkamiz bu mikro‘blar bilan muvaffaqiyatlik sur’atda kurashadir. Bu kasalliklarning biri va eng yomoni tubirkulo‘z (sil)dir. O‘pka kuchlik va sog‘ bo‘lganida bu mikro‘blar hech narsa qila olmaydirlar va biz sog‘ qolamiz. Mana, tan harakatlari vujudni, o‘pkalarimizni sog‘lom qiladir, har xil kasallarga muqobala qilishda qurollangan bo‘ladir” (“Yer yuzi” jurnali, 18-son, 1927-yil 14-yanvar).

Yuqoridagi maqoladan yana bir narsani anglash mumkinki, Bahovuddin turkistonlik boshqa talabalar qatori ona tilini yot so‘zlardan ham imkon qadar himoya qilishga tirishadi. Maqolalariga baholiqudrat ruscha, nemischa yoki lotincha, umuman Ovro‘pa so‘zlarini kiritmaslikka harakat qiladi. Fikrini sof o‘zbek tili imkoniyatlari doirasida uqtirishga intiladi.

1928-yili sovet hukumati Bahovuddinga o‘qish uchun stipendiya berishni to‘xtatadi. U mavjud vaziyatda turkistonlik talabalarning yetakchilari Ahmad Naim, Sattor Jabbor, Said Ali Xo‘jaga maslahat soladi. Ular tahsilni tugallash maqsadida mablag‘ topish imkoniyatlarini qidira boshlaydi. Shundan so‘ng Ahmad Naim Polsha elchixonasiga borib, Bahovuddin Aminjonovga o‘qishini tugatishi uchun yordam so‘raydi. Ular buni SSSRning Germaniyadagi vakolatxonasidan yashirishga qaror qiladilar. Chunki bu paytda SSSR vakolatxonasi talabalarning hamma harakatlarini kuzatuvga olib, ularni ta’limni tugatmasdan qaytarib yuborish uchun barcha choralarni ko‘rayotgan edi. Bahovuddin 1929-yil yanvar-fevral oylarida Varshavada bo‘lib, Polsha hukumatidan yordam olishga erishadi. U quvonchli xabar bilan Berlinga keladi, biroq voqealardan xabar topgan sovet ma’murlari uni kuch bilan Vatanga qaytarib yuboradi. Bahovuddin 1931-yili O‘rta Osiyo tibbiyot institutida o‘qishni yakunlashi bilan Yaltadagi “O‘zbekiston” sanatoriysiga yo‘llanma oladi.

1932-yildan “O‘zbekiston” sanatoriysida bosh shifokor bo‘lgan Bahovuddin o‘zining ilmi, rahbarlik salohiyati bilan butun jamoaning hurmatini qozonadi. 1935-yil oxirida Moskvaga ilmiy konferensiyaga borgan yosh olim Bahovuddin Aminjonov 1936-yilning fevralida sanatoriyga qaytadi. Biroq uning ortidan xat kelib, ishdan olinadi va Toshkentga yuboriladi. U Toshkentga kelib respublika silga qarshi kurashish dispanserida ish boshlaydi. Qisqa vaqtda bu jamoada ham katta hurmat qozonadi. Bahovuddin endigina 33 yoshni qarshilaganida, ya’ni 1937-yil yanvar oyida uni sovet jallodlari yo‘qlab keladi…

Bahovuddin Aminjonov 1922–1929-yillarda Germaniya va Polshada o‘qigan, “Mustaqil Turkiston” aksilsovet tashkilotining a’zosi, Polsha razvedkasiga josuslik maqsadida yollangan, degan tuhmatlar bilan qamoqqa olinadi. Ortidan turmush o‘rtog‘i Tanzila va uch yashar qizi Suriya qon yig‘lab qoladi.

Dastlabki so‘roqdanoq uning tahsilni tamomlash maqsadida pul topish uchun Polshaga borishi voqeasi zo‘r aksilsovet faoliyat sifatida ko‘riladi. NKVD “ijodkor”lari tomonidan tayyorlangan so‘roq bayonnomasiga ko‘ra, “Mustaqil Turkiston” aksilsovet tashkiloti 1928-yoki 1929-yil boshlarida talabalar Ahmad Naim, Said Ali Xo‘ja, Sattor Jabbor, Ahmadjon Ibrohimov, Bahovuddin Aminjonov, Afzal Abusaidov tomonidan tuzilgan. Uning a’zolari majburiyatlarini Afzal Abusaidov aytib turgan va Sattor Jabbor o‘z qo‘li bilan yozib chiqqan. Tashkilot ustavi tayyor bo‘lgach, barcha talabalarga yetkazilgan va ular o‘zlarini tashkilot a’zosi sifatida tan olib, o‘z hayotini Vatan ozodligi uchun baxsh etishga qasam ichadilar.

So‘roqlar davomida qahramonimizning Berlin shahri, Shyoneberg tumani, Xauptshtrasse ko‘chasi, 96-uyda yashovchi Artur Merkshga qo‘ng‘iroq qilgani, Germaniyada o‘qiyotgan do‘sti Afzal Abdusaidga xat yozgani, 1931-yili Sattor Jabbor Germaniyadan kelib, eng avval Bahovuddinning uyiga borgani kabi holatlar josuslik faoliyati sifatida talqin etiladi. Holbuki, Bahovuddin Said Ali Xo‘ja, Ahmad Naim, Afzal Abdusaid bilan 1922–1925-yillari sug‘urta jamiyati rahbari Merkshning uyida ijarada turgan. Ular yillar davomida yaqin do‘st bo‘lib ketgan va Artur Merksh Bahovuddinga “uyingga eson-omon yetib borsang, albatta, qo‘ng‘iroq qilib qo‘y”, deb tayinlagani uchun bir marta sim qoqqan edi.

1937-yil 26-iyunda Bahovuddin Aminjonov Toshturma kasalxonasidan sobiq Ittifoq NKVD bosh komissari Yejov nomiga ariza yo‘llaydi. Unda hech bir aybi yo‘q holda qamoqqa olingani, tergovlar noqonuniy tarzda, to‘liq zulm ostida olib borilganini yozadi. 1937-yil 29-apreldan buyon tuberkulyozning o‘ta og‘ir formasi bilan kasallanib, ikki oydan buyon turma kasalxonasida yotgani, bu yerda kun sayin o‘limi yaqinlashayotganini ma’lum qiladi. U yoshligi va kelajakda vatan uchun xizmat qilishi mumkinligini, o‘zining tibbiyot xodimi ekanini aytib, tubdispanserda davolanishga ruxsat so‘raydi. Turma kasalxonasida hech bir sharoit yo‘qligini, na vrach, na dori borligini aytadi. Afsuski, yolvorishlar havoga ketib, ariza hech joyga chiqmasdan ishga tikiladi, xolos.

1938-yil 9-oktyabr. Bahovuddin Aminjonov O‘zSSR Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan – Vatanga xiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, josuslik (57-modda), qurolli qo‘zg‘olonga harakat (58-modda), sovet davlatiga qarshi terakt (64-modda) va aksilinqilobiy tashkilotga a’zolikda (67-modda) aybdor deb topilib, unga nisbatan oliy jazo tayinlanadi va qabih hukm o‘sha kuniyoq ijro etiladi.

Keyinchalik Bahovuddin Aminjonov ishi uning turmush o‘rtog‘i Tanzila Ismoilovnaning arizasi asosida 1961-yil 9-yanvar kuni qayta ko‘rib chiqiladi. Bu paytda Samarqand shahridagi fabrikada ishlayotgan Tanzila Ismoilovna so‘roqqa chaqiriladi. U 1932–1936-yillarda eri bilan Yaltada yashagani, NKVD xodimlari tomonidan 1937-yil yanvarda erining qamoqqa olingani va oradan 9 oy o‘tgach uni ham qamashganini, hech bir aybi va sababi ko‘rsatilmagan holda 18 oy davomida hibsda saqlashganini aytadi. “Biror marta so‘roq-savol bo‘lmadi, faqat uzoqdan ikki marta meni Bahovuddinga ko‘rsatishdi, ammo so‘zlashishga imkon berishmadi. Keyin qamoqdan chiqarib yuborishdi”, deydi. Bu sovet tergovchilarining ayblanuvchilar kerakli bayonnomalarga imzo chekishi uchun qo‘llagan “samarali” usuli edi. Bahovuddin Aminjonov haqida “u o‘ta ilmli, vijdonli va madaniyatli inson edi. Uning halolligi haqida barcha tanishlaridan so‘ranglar, axir, ular orasida tiriklari bor-ku!” deb yozadi qahramonimizning ayoli.

1961-yil 17-yanvar kuni so‘roqda respublika silga qarshi kurashish dispanserining direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Shokir Alimov shunday deydi: “1936-37-yillarda Respublika tubdispanserida ordinaturada bo‘lgan edim. Bahovuddinni o‘shanda ko‘rganman. Men bunday bilimdon, mas’uliyatli, talabchan, g‘ayratli va mehribon insonni hech qachon uchratmaganman. U qisqa vaqtda butun jamoaning hurmatini qozonib ulgurgan edi. Bunday yaxshi odam kam bo‘ladi”.

1961-yil 18-aprel kuni sobiq Ittifoq Oliy sudi harbiy kollegiyasi Bahovuddin Aminjonovni asossiz ayblangan deb topib, o‘sha yilning 26-iyulida to‘liq oqladi.

Bahrom IRZAYEV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-martdagi 13-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600