11.08.2025 | 15:35
494
KO‘NGIL – XAZINA, KO‘NGIL – BALO
“Ko‘ngil – Tangrining taxti”, deb yozadi Yunus Emro. Bu “taxt” adabiyotning abadiy mavzusi bo‘lib kelmoqda. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam asarlarida ko‘ngil motivi o‘zgacha ahamiyat kasb etadi. Bir qaraganda, jaydari, qo‘rs ko‘ringan qahramonlarning go‘zal ko‘nglini, ajib hislarini qalamga oladi adib.
Qahramonlar tasvirini chizishda adib shaxsiyatidagi ko‘ngilchanlik, ta’sirchanlik bo‘rtib turadi va bu o‘quvchida hamdardlik hissini uyg‘otadi. Yozuvchi buni atayin qilmaydi, o‘ylab topmaydi, balki bu sifatlar aslida uning tabiatida, fitratida bor. Uning, deylik, “Pakananing oshiq ko‘ngli” asarida ham gap qahramonning pakanaligida emas, oshiq ko‘nglida.
Yozuvchi oshiq ko‘ngilni shunday ta’riflaydi: “Lekin – ko‘ngli!.. E, bu bir boshqa dunyo ekan. Ko‘ngil – podsho. Ko‘ngil – xazina. Ko‘ngil – balo”. Yozuvchi uchun ko‘ngil – ilohiy makon, uning hududi cheksiz, sirlari maxfiy.

“NOSTANDART” OBRAZLARNING INJA TUYG‘ULARI
Erkin A’zamning “Zabarjad”, “Suv yoqalab”, “Shovqin” asarlari qahramonlari hech kimga o‘xshamaydi – “nostandart”, qoliplarga sig‘maydi: beg‘araz, samimiy, ammo quv va shumligi o‘ziga yetar darajada. Jamiyatga moslasha olmaydigan, hammabop bo‘la olmaydigan o‘jar, o‘r, qaysar… Asarda qahramon xato qiladi, noto‘g‘ri ishga qo‘l uradi, ko‘nikilmagan yo‘llarni tanlaydi, aqli istamagan yumushlarni boshlaydi, ammo uni yomon ko‘rib qolmaysiz.
Yozuvchi qahramonlarining bilib-bilmay, istab-istamay maqsad yo‘lida tentirashi, g‘ayritabiiy, aqldan tashqari qilayotgan “hunar”lari, qiliqlari ajablanarli bo‘lsa-da, nima uchundir ularga baribir xayrixoh bo‘laveramiz, ishonaveramiz, ular bilan birga kuyib-pishamiz, yaxshi ko‘raveramiz…
Ular jamiyat bilan munosabatda bayroq ko‘tarib shiorlar orqasida yashamaydi, balki avvalo ko‘ngil inqilobini afzal biladi.
Adib qahramonlari noodatiy qarashlari va o‘zini tutishi bilan mulohazaga chorlaydi. Bu qahramonlar, qay yo‘sinda bo‘lsa-da, sizning qalbingizga sekingina kirishi yoki his-tuyg‘ularingiz tirqishidan mo‘ralashi mumkin.
SHOHSATR VA BADIIY NIYAT
Lev Tolstoyning “Asar gohida bir satr uchun yoziladi” degan so‘zlari badiiyatning javharini anglashga yordam beradi. Mana shu javhar g‘oya bilan birikib ketadi. Ijodkorning asl maqsadi shu satrlarga joylangan bo‘ladi.
Zehn solib qaralsa, ayrim asarlarda ana shu kalit so‘zni topish mumkin ekan. Biz bu so‘zga shartli ravishda “shohsatr” deb nom berdik. Erkin A’zam asarlariga shu nuqtayi nazar bilan yondashib, o‘sha shohsatrni topish umidida yozuvchi asarlaridagi ba’zi o‘rinlarga diqqat qaratdik.
Dastlab “Zabarjad” qissasini olaylik. Asar “indamas” (o‘z oti o‘zi bilan – S.T.) va Zabarjadning xufyona uchrashuvi bilan boshlanadi. Yo‘q, buni suhbat deb ham bo‘lmaydi. Chunki bunday epizodlarda so‘zlovchi-javrovchi bir kishi – u ham bo‘lsa Zabarjad. Bizningcha, qissa aynan mana shu suhbat uchun yozilgandek… Bor gap shu yerda aytiladi. Qolgani yozuvchi maqsadini oydinlashtirish, kuchaytirish, bo‘rttirish, asoslash, dalillash uchun xizmat qiladi. Qissa boshidanoq asar kodi imo-ishoralar orqali beriladi.
Tanishtiruvning o‘zi ham savol, ham javob: “Zabarjad degan bir… qiz deymizmi endi, juvonmi…” Endi uning qalbiga chuqurroq razm solish uchun “ichkarisi tomon mo‘ralasak: “Ko‘nglidan kechgani esa bunday: “Shugina kerakmidi sizlarga? Mana, tamom! Ko‘nglingiz joyiga tushdimi, jonim? Battar bo‘ling!” Shu o‘rinda Zabarjadda ikkilanish, bo‘linish yuz beradi: aql va ko‘ngilning mojarosi. Biri ikkinchisiga iddao qiladi. Ammo afsus-nadomat bormi bu “ta’na-malomatda”? Bizningcha, qaytaga “yaxshi bo‘ldi, o‘zim o‘zimdan qutuldim”, deydi. O‘z-o‘zidan qutulish – tutilishmi? Ko‘ngil aqlga izoh beryaptimi yoki aql ko‘ngilga yupanch bo‘lmoqchimi?
KO‘NGIL MULKI SOTILMAYDI!
Asar sahnalaridan birida Zabarjad tarvuzning “yuragi”ni ajratib olib “do‘stining og‘ziga majburlab” tiqishi bejiz emas. Bu kabi epizodlar asarda talaygina. Ammo qissa matnida ochiq aytilganidan aytilmay qolgani ko‘p. Zabarjadning o‘zi tashabbus ko‘rsatib pinhona uchrashuv tashkil qilmaganda, “indamas”ning jur’ati yetarmidi… Qishloqdagi yigitchaga qarata “Yurakka buyurib bo‘larkanmi, ukajon” deydi. Bu qizning hayotdan topgan va o‘zi iqror bo‘lgan, bilgan haqiqati, falsafasi!
Yozuvchi suhbatlardan birida shunday deydi: “Zabarjad” qissasining dastlabki nomi “Mulk” edi. Zabarjadning bir gapi bor: “Mulk sotilmaydi. Ko‘ngil mulkini savdoga qo‘yib bo‘lmaydi!” Mana shu jumlada asarning asos mag‘zi to‘liq qamrab olingan.
Erkin A’zam doimo “indamas”ni (“Zabarjad”) parda ortida tasvirlaydi. Farhodda (“Shovqin”) esa aksincha. Vika nima uchun Farhodga bog‘langanini o‘zi anglab yetmaydi, obraz mantig‘i yetarli dalillanmagan. Yozuvchi faqat Farhodning muhabbatini muhim deb biladi, Vika faqat seviladi. Vikaning sevishi aytilmaydi. Ammo ikkinchi taraf ham befarq emasligiga ishora bor, ammo “ko‘rsatilmaydi”.
Zabar, Vika, Dilya… Yozuvchi o‘zi suygan qahramonlarini shunday ataydi. Bu atovda muallifning ham mehr-muhabbatini sezish qiyin emas.
“BO‘YIMDAY BO‘Y TOPDIM-U…”
Erkin A’zamning keyingi asarlaridan biri “Suv yoqalab” deb nomlanadi. Bir vaqtlar rais bo‘lib, amal supasida ko‘p ishlarni ko‘rgan, bilgan Bolta Mardon qishloq bo‘ylab aylanadi. Suv tanqis, suv janjali bahonasida yashagan makonini birma-bir aylanib chiqadi.
Yozuvchining niyati asta-sekin ochila boradi. Bolta Mardondagi “aql” o‘zidan rozi bo‘lsa-da, ko‘ngil kemtik. Kemtiklikni hech narsa to‘ldira olmaydi. Vaqt hukmini o‘tkazib bo‘lgan. O‘zini ko‘ndirib yashashdan zada bo‘lgan inson umri nihoyasida dilidagini tiliga ko‘chirishga majbur. Bundan bu yog‘iga bu armonni ko‘tarish og‘irlik qiladi.
Bolta Mardon yuragidagi bu yukdan qutulish uchun zimmasidagi yukni yelkalaydigan odam qidiradi. Dardni birovga aytib, undan qutulib bo‘larmikin? Aytsa, kimga aytadi? Bu – avvalgisidan ham og‘irroq yumush. Buning uchun ko‘ngil mahrami, sirdosh, “juragi” bor mard bo‘lmog‘i lozim. Oqil ota o‘ylay-o‘ylay bu mardni topadi. U sirga faqat kenja o‘g‘il munosib mahram bo‘la oladi, deb o‘ylaydi. Farzandlar orasidan hali uylanmagan kenjaning loyiq ko‘rilishida ham gap ko‘p… Mana asardagi bizni qiziqtirgan shohsatrlar: “Tag‘in bir gap, o‘g‘lim. Ertaga bir kun orqamda qolmasin-da. Sen endi yosh bola emassan, bilib qo‘yganing ma’qul. Noligan – noshukr deydilar. Enangni aytaman-da, yaxshi xotin. Yuvosh. O‘zim ham undan biror yomonlik ko‘rmadim. Lekin ko‘ngil qurg‘ur he-ech… Bilmadim – nimaga…”
Rafiqasidan hech bir yomonlik ko‘rmagan, bolalarining mehribon onasi, “yuvosh”, mushtipar ayol sadoqatli bo‘lsa-da, ko‘ngilni ko‘ndirish qiyin. Bolta Mardon xalq hikmati bilan aytganda, “bo‘yiday bo‘y topdi-yu, ko‘ngliday ko‘ngil topmadi”… Aql bilan ko‘ngilning murosaga kelishi, ko‘ngilga buyurish, majburlab itoatda saqlash oson emas. Ko‘ngil tubidagi dardlarning yuzaga qalqib chiqishi, kimnidir sog‘inishini, ko‘ngli nimadir tusashini Bolta Mardonning o‘zi anglay olmay halak.
KO‘NGILNING “SHOVQIN”I TINARMIDI?!
“Shovqin” romani qahramoni Farhod Ramazon “qulog‘i”dagi shovqinni yo‘qotish ilinjida yurt kezadi. Hayotidan o‘zini, o‘zligini qidirish, kechmishini taftish etish orqali Farhod ko‘ngil royishini topadi. U bir muddat Vika bilan uchrashadi, guyoki qidirganini topganday bo‘ladi. Topib ham ko‘ngil deganlari tinchimaydi-da. Xotirasida iz qoldirgan hislar iskanjasida umrguzaronlik qilayotgan Farhod ikki dunyo oralig‘ida yashaydi. Real hayotda tuppa-tuzuk amaldor, oilasi, bola-chaqasi bor to‘kis odam. Ammo ichkaridagi “shovqin” uning tinchini buzadi, oromini oladi. Ko‘ngilni davolab bo‘larmikin?.. Farhod o‘zini qiynagan so‘rovlarga javob topish uchunmi, olisga – o‘tmishga yo‘l oladi. Hadik-xavotirlarni bosib o‘tib, Farhod Farhodovich bilan yuzma-yuz kelishga kuch topadi. Farhod Ramazon jamiyat tomonidan qabul qilingan axloq me’yorlari bilan kelisha olmaydimi? Isyon deb ataganimizni mana shu an’anaviy tutumlarga nisbatan deb ham qabul qilish mumkin.
Shu vaqtgacha Farhod ko‘ngil g‘alayonlarini bosim bilan ushlab turishga muvaffaq bo‘ladi. Isyon qo‘zg‘olonga yo‘l beradi. Majburiyat ostida zo‘rlab bostirib turilgan alanga tobora shiddat olib, lovillab, gurillab ketadi. Gurillagan olov yo‘lidan chiqqan narsalarni ham o‘zi bilan olib ketadi. Olovda yonayotgan narsaning nima ekani ahamiyatsiz. Bu asardagi shohsatrni mana shu lavhada deb bildik: “Qarang, hayot o‘zi g‘ala-g‘ovur shovqinga to‘la-ku, to‘g‘rimi? Ko‘ngilni o‘ylang, ko‘ngilni avaylang, inim. Ko‘ngil – o‘zingizniki, qolgan shovqin-suron esa dunyoga tan. Odamzodning millati har xil bo‘lishi mumkin, lekin uning o‘zi yagona, bir nusxalik xolos! Ko‘ngil ham shunday – bittagina, yakka-yagona”.
* * *
Umuman olganda, Erkin A’zam qahramonlari uchun Ko‘ngil rozi oldidan barchasi o‘tabersin! Ular uchun muhimi – ko‘ngil rozi, yurakka quloq tutish. Zabarjad, Bolta Mardon, Farhodning qarashlari ma’lum ma’noda muallifning qarashlarini o‘zida aks ettiradi. Nazarimizda, bu o‘y-fikrlar muallifning ham hayot haqidagi falsafasi, iqrori. Zotan, har bir badiiy asar yozuvchining o‘zi anglagan va shuni ma’qul bilgan hayot falsafasining aksidir.
Sanobar TO‘LAGANOVA
“Jadid” gazetasining 2025-yil 8-avgustdagi 32-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
69
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
587
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
585



