03.06.2026 | 12:32
1182
MA’NILAR MAXZANI
2026-yilning 22-may kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Milliy kitobxonlik harakati”ga yo‘llanma berib, muhtasham ma’naviy harakatga oq yo‘l tiladi.

1
Baland va hashamatli binolarni mohir ustalar quradi; tirik odamlar yashnatadi. Ayni damda bunday uylarga olimlar, oqillar, donishmandlar va ularning kitoblari nur olib kiradi.
“Milliy kitobxonlik harakati”ga doir bu tarixiy hujjatga ko‘ra kitob o‘qiydiganlar soni tubdan ko‘payishi tabiiy. Chunki bu harakatda kitob o‘quvchilari uchun moddiy manfaat ham ko‘zda tutiladi. Harakat uchun umumiy hisobda 240 ming dollar ajratiladi. Bosh sovrin sohibi 50 ming dollar bilan taqdirlanadi. Qo‘shimcha ravishda ushbu harakatning “Eng faol o‘qituvchi”, “Eng kitobxon maktab”, “Eng kitobxon oila” va e’tiborga molik boshqa jihatlari ham alohida taqdirlanadi. “Milliy kitobxonlik harakati” mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi. Unda umumta’lim maktablarining 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin. Bunday harakatlar ijrosida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi xodimlari, jamiyatning ziyoli qatlami, olimlar, muallimlar, adiblar, kutubxonachilar beqiyos xizmat qiladi.
Yaxshi kitob – ma’nilar maxzani. Yaxshi kitob yolg‘iz odamga eng ishonchli hamroh, beminnat do‘st; nasihatga zarurati bo‘lgan kishiga eng dono maslahatgo‘y…
Haqiqat timsoliga aylangan yaxshi kitoblar, odamning tafakkur olamiga ma’naviy-ruhiy ozuqa beradigan bebaho bitiklar tarixiy davr sinovlaridan o‘tadi. Tabiiyki, bunday umrboqiy asarlarni bir kunda yoki bir o‘tirishda yozish qiyin. Qolaversa, asrlardan asrlarga o‘tadigan, dunyo ahlini o‘z haqiqatlari bilan maftun etadigan kitoblarni yozish har kimning ham qo‘lidan kelmaydi. Qog‘ozni tiriltirish, kitobga ruh va jon baxsh etish – iste’dod egalarining, chinakam olimlarning, qalbi toza adiblarning qismati.
2
Darvoqe, kitob o‘qiganlarning hammasi ham oqil va dono, farosatli va maslahatgo‘y bo‘ladimi? Ko‘p kitob o‘qish bilan maqtanib kibrga ketish, o‘zini boshqalardan baland tutish madaniyatdanmi? Yuzlab, minglab kitoblarni o‘qib uqmaganlar, hayot tarziga, axloqiga, vijdoniga, iymoniga tatbiq etmaganlar borligidan ko‘z yumish haqiqat yuziga teskari boqishdir. Kitobdan olingan bahra “oh-oh” va “o‘h-o‘h”larsiz, ko‘z-ko‘z qilinmasdan ichkarini tozalash, ichkarini nurlantirish uchun yo‘naltirilgani ma’qul ish. Oddiy dehqonning boshoqlagan piyozlari yoki cho‘ponning qo‘ylari bilan qilgan “suhbatlari” – hayot kitobining oltin sahifalari sanaladi. Yuzlab hikmatli kitoblar o‘qigan olimning yaqinlari – ota-onasi, farzandlari, jufti haloli, qarindosh-urug‘i, do‘stlari ko‘ngliga yetkazgan chigitday ozori iymoni toza odamni o‘ksitadi. O‘qigan muqaddas kitobiga amalsiz kimsaning maxsus tayyorlanib, davralar to‘rida “dono”ligi bilan odamlarni lol qoldirish niyatida yolg‘on-yashiqni o‘zidan qo‘shib bulbuligo‘yo bo‘lganidan ko‘ra, go‘yo umrida biror kitobni qo‘liga ushlab ko‘rmagandek, hech narsa o‘qimagandek jim o‘tirib, sukut saqlash ming bora yaxshi. A’lodir…
Inson hayotiga tatbiq qilingan foydali, hikmatli kitoblarning umri har kuni uzayadi. Hayotda dasturga munosib kitob abadiy tirik bo‘ladi. Yashaydi.
Kitob qadrini bilgan olimlardan biri kitoblar dunyosini ummonga o‘xshatadi. Bu “ummon” bag‘riga sho‘ng‘ib, dur-u javohirlar yig‘ish, o‘ziga munosib yo‘l topish, chin dildan bahramandlik baxtiga erishish, tabiiyki, odamning pokiza didga, kitobxonlik madaniyatiga bog‘liq. Aslida, umr bo‘yi mutolaa qilganda ham aniq bir soha yo‘nalishidagi kitoblarni o‘qib tugatish qiyin bo‘ladi. Lekin madaniyatli kitobxon vaqtni g‘animat bilib, dunyo adabiyotining go‘zal namunalarini, shoh asarlarni, albatta, tanlab o‘qiydi. To‘g‘risi, bugungi shiddatli zamonda turli saviyada bosilayotgan ilmiy-nazariy, tarixiy-badiiy kitoblar ana shunday tanlash ehtiyojini taqozo etadi.
3
“Milliy kitobxonlik harakati” xususida, kitobning qadr-qiymati haqida fikr yuritgan mahali o‘z mutolaalarim tufayli yuzaga kelgan hikmatli so‘zlar xayolimda aylana boshladi. Dunyodagi turli tilli minglab, millionlab odamlar go‘zal va boqiy kitoblar tilida dildan suhbatlashadi. To‘g‘risi, umrboqiy kitoblar o‘z muallifi va u mansub millatni dunyoga tanitadi. Shaxsan o‘zim o‘qish jarayonida “Kitob o‘qilmagan kun – yashalmagan umr”, degan hikmatni topdim va unga baimkoni qadar amal qilib yuraman. Menimcha, yaxshi kitoblar mazmuniga muallifning pokiza qalbi, yurak urishi, teran nazari va davr manzarasi muhrlangan bo‘ladi. Shu bois yaxshi kitob yolg‘iz odamga eng ishonchli hamroh, beminnat do‘st; nasihat zarurati bo‘lgan kimsaga eng dono maslahatgo‘ydir. To‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan kitob yolg‘izning do‘sti, musofirning yo‘ldoshi, faqirning boyligi, bemorning tabibidir…
Aslida mo‘tabar kitoblar odamni odamdan, jamiyatni jamiyatdan, hatto tarixiy davrlarni o‘zaro farqlashga yordam beradi. Kitob o‘qib ruhini ma’rifat bulog‘idan oziqlantirgan odam hamma vaqt huzur-halovat va xotirjamlikda faoliyat olib boradi. Prezident tomonidan boshlab berilgan “Milliy kitobxonlik harakati” bugungi ma’naviy-madaniy, adabiy-ilmiy salohiyatni oshirishga, ushbu sohadagi tashkiliy va tashviqiy ishlarni rejali rivojlantirishga yordam berishi tabiiy. Ayniqsa, maktab ta’limida tub o‘zgarishlar bo‘ladi. Uchinchi Renessans voqeligiga mos qalbi butun kashfiyotchilar avlodi maydonga kelishidan umidimiz bor.
Bolalikdan o‘qishga mehr qo‘ygan yoshlar o‘z hayoti uchun kerakli yo‘l-yo‘riqni, bir tomondan, ota-ona va muallimlaridan, ikkinchidan esa, tabiiyki, sohaga oid adabiyotlardan oladi. Kitobdek tabarruk manba yordamida kasbga ham yo‘naltiriladi, bilim zaxirasi to‘planadi. Kitobxonlikni kuchaytirish masalasi kun tartibiga Davlat rahbari tomonidan qo‘yilgani bejiz emas. Buning negizida kitobni bilib tanlash, anglab o‘qish, o‘qib amal qilish turadi.
“Milliy kitobxonlik harakati”ga o‘quvchilar talabida bo‘lgan eng bebaho kitoblarni ko‘p adadda, arzon narxlarda bosib chiqarish va ommaga yetkazish jarayoni ham taalluqli, albatta. Shubha yo‘qki, millatning dovrug‘ini olamga yoyadigan qadriyatlardan biri umrboqiy kitoblardir. Kitobdan bilim, zavq-shavq va bahra olish odamning botinini, ruhini tozalaydi.
4
Kitobxonlikni shakllantirish uchun oila davrasi va maktabgacha ta’lim muassasalari katta ahamiyatga ega. Uylarida televizor ko‘rib o‘tirgan ota-onaning bolalariga kitob o‘qi, deb nasihat qilishlari natija bermaydi. Avval ota-onalarning o‘zi kitobxon bo‘lishi, kitob o‘qib, undagi ayrim epizodlarni gapirib berishlari ma’rifatli oilani shakllantiradi. Bolalikda otam bizga “Kalila va Dimna”dan parchalar o‘qib, turli rivoyatlarni aytib berganlarini hali-hali eslayman. Alisher Navoiy va Maxtumqulidan yod aytgan she’rlarini bugun ham ora-sira yoddan takrorlab yuraman. Rahmatli otam muallim edi. Har kuni sahar ko‘zimni ochgan mahal otamning kitobga tikilib o‘tirganini, yozayotganini, o‘quvchilarga beriladigan navbatdagi saboq uchun tayyorlanayotganini ko‘rar edim. Bizda kitobga mehr-muhabbat shundan paydo bo‘lgandir balki.
Bugun kitob o‘qiyotgandan ko‘ra yozadiganlar ko‘payib ketdi. Ayrim grafomanlardan o‘qigan asarlari surishtirilsa, o‘zlarining o‘quvchi emas, balki yozuvchi ekanini hazil qilib bo‘lsa ham oshkora aytishadi. Odamning qanday kitoblarni o‘qishi va yozishiga qarab, uning kimligi hamda dunyoqarashiga baho berish ham mumkin. Bolalik, yoshlik davrida ko‘p o‘qiganlarning so‘z boyligi ortadi, fikrini aniq va lo‘nda ifodalaydi. Shuningdek, badiiy asarlardan parchalar yod olish ham aqlni charxlaydi; adabiy-estetik did tarbiyasi uchun katta foyda keltiradi. “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Jadidlar izidan” kabi Respublika miqyosidagi ma’rifiy tanlovlarda hakam sifatida qatnashib, shunday tabiatli yoshlarning yil-yildan tarbiya topib borayotganiga shaxsan o‘zim guvohman.
Bu tanlovda qatnashadigan yoshlar shuurida adolatga, xolislikka, ochiq-oydin bahs hosilalariga tugal ishonch paydo bo‘lganidan mamnunman. Chunki kitob olamida g‘irromlik va angishvona o‘yinlari, masxarabozlik va maymunlik tomoshalari o‘zini oqlamaydi. Kitoblar olami – jiddiy, ma’rifatli, madaniyatli, adolatli, haqgo‘y, iymonli, vijdonli, mehr-muruvvatli, mard, oriyatli, jasoratli va shu kabi o‘nlab go‘zal fazilatlarga ega insonlar o‘zaro bir tilda yurak-yurakdan gurunglashadigan begidir, bebaho bir g‘aroyib olamdir. Bu olamga gard yuqmasin!
5
Kasb taqozosiga ko‘ra adabiyotshunoslik kitoblarini ko‘proq o‘qiyman. Ulardan olingan yangi fikrlarni universitet talabalari auditoriyasiga olib kiraman. Demak, ilmiy-nazariy yangiliklarni shu soha qiziquvchilari bilan o‘rtoqlashaman. Agar ularda o‘zim o‘qigan kitoblarga qandaydir qiziqish uyg‘ota olsam, vazifamni bajargan bo‘laman. Talabalarim orasida men tavsiya qilgan kitoblarni o‘qib, keyinchalik dissertatsiya ishlarida foydalanganini ko‘rib xursand bo‘laman. Bilimli, ko‘p kitob o‘qigan ziyolilar o‘ziga ravo ko‘rgan ma’naviyat ne’matlarini boshqalarga ham ilinishlari lozim. Buning tagzaminida hikmat bor. Ilmni qizg‘anish – baxillik va jaholat sanaladi. Ma’rifat talabidagi o‘quvchiga kitob o‘qishning eng unumli va foydali yo‘llarini o‘rgatish lozim. O‘qigan kitoblari to‘g‘risida qisqacha ma’lumotlar yozib qo‘yish, kitob nomi, muallifi, nashr yili va boshqa qirralarini maxsus daftarga qayd qilib borish kitobxonlik madaniyatining bir ko‘rinishidir. Arxivimda bir zamonlar shunday qaydlar yozilgan daftarlarim bor. O‘qilgan kitob izsiz yo‘qolib ketmasligi kerak. Inson hayotining qaysidir o‘rnida yaxshi kitob yordam beradi, albatta.
Kitoblar xotiralarga bog‘lanib ketadi. Kim menga qanday kitob sovg‘a qilgan va kim menga qanday kitobni o‘qish uchun tavsiya qilgan. Bu qiziq masala.
Yoshligimda ko‘p kitob o‘qishga harakat qilar edim. Ammo eng ta’sir qilgani – “Robinzon Kruzo”, zavq va qo‘rqinch aralashib ketgan edi o‘shanda. Yettinchi sinfda o‘qib yurgan paytlarim “Yulduzli tunlar”ni otam sovg‘a qilgan; shundan beri men Boburga va Bobur menga yo‘ldosh. Toshkentga endi kelib, talaba bo‘lgan davrimda “Yillar armoni” kitobiga Abdulla Oripovdan dastxat olganman.
6
Taassufki, juda ko‘plab kitoblar borki, odamlarga foyda bermaydi. Aslida o‘sha kitoblarni yozishga ham zarurat yo‘q edi. O‘qishga umuman ehtiyoj yo‘q. Bunday kitoblarda yangi gap, fikr, mulohaza, ma’lumot, hatto xabar ham anqoning urug‘i. Bu toifa kitoblar allaqanday hisobotlar, ro‘yxatlar, ismlar namoyoni va o‘zini o‘zi ovutish uchun yozilgandek taassurot qoldiradi. Haqiqiy asar, maqola – bular unutilmas muhr. Davr muhri, qalb muhri, yurak muhri, nazar muhridir. Taassufki, bosilgan kitoblar gohida bir kun ham umr ko‘rmaydi. Ammo tinimsiz bosiladi. Muqovalanadi. Do‘konlarga chiqadi. Yoki sadaqaga tarqatiladi. Ko‘pgina kitoblar boshqa kitoblardan ko‘chirib olingan ko‘chirmalar asosida yoziladi. Bunday yasalgan kitoblar uchun ilmoqli bir rukn topib qo‘ydim: “Ko‘rganlarimdan ko‘chirganlarim”, deb. Ayniqsa, adabiy-tanqidiy maqola va kitoblarda, adabiyotshunoslik asarlarida tushunarsiz tushunchalarni tushuntirish o‘rniga tushunarli tushunchalar tinimsiz tushuntiriladi. Gohida hech qanday siri, badiiyati bo‘lmagan romanlardan tadqiqotlar maydonga keladi. Tadiqiqot egalari ilmiy unvonlar oladi.
Bir zamonlar kitoblarni harflab o‘qishgan. Keyin so‘zma-so‘z o‘qishgan. Biror so‘z qoldirib ketilishiga odamning ko‘zi qiymagan. So‘ngra gaplar-jumlalar batafsil o‘qilgan. Biror gap yoki jumla qolib ketsa, o‘sha asarning mazmunidan o‘quvchi to‘la xabardor bo‘lmagan, albatta. Bunday mantiqiy zanjir adabiy matndagi genetik to‘qimalarni o‘zaro mustahkam ushlab turgan. Endi-chi? Ba’zi kitoblarni varaqlab o‘qish mumkin. Kitoblarni boblab, fasllab o‘qish mumkin va ularning tashlab ketilgan sahifalari uchun odam achinmaydi. Balki bunday kitoblarning annotatsiyasi yoki tumor o‘rnida yozilgan shapaloqdek o‘ngso‘z yo so‘ngso‘zini o‘qishning o‘zi kifoya qilsa kerak.
Eng qizig‘i, ayrim kitoblar borki, quruq muqova, yasama shakl, mazmuni muammo, zavq-shavq bilan o‘qiy olmaysiz. Bunday kitoblarda bema’ni ma’ni hukmronlik qiladi.
Yaxshi kitob – ko‘ngil chirog‘i. Yaxshi kitoblar vositasida buxoriylar, termiziylar, samarqandiylar, xorazmiylar, farg‘oniylar, shoshiylar, nasafiylar o‘laroq dunyoga dong taratgan ajdodlarga munosib avlod tarbiyalanadi. Millat dovrug‘ini kitoblar olamga yoyadi. Ma’rifattalab ziyo ahlining dillarini, ko‘ngillarini bir-biriga mustahkam bog‘laydi.
Shu e’tibordan bugun kitoblarni butun vujudi bilan berilib mutolaa qiladigan o‘quvchi-yoshlar va ularning istiqboliga kuyunchak ota-onalar uchun “Milliy kitobxonlik harakati”ning qadr-qiymati beqiyosdir.
Bahodir KARIM,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-maydagi 22-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



