Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.07.2026 | 16:14

img1801

MEHNATGA TUHMAT

Saidg‘ani Abduqayumov 1884-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘n sakkiz yoshida rus-tuzem maktabini a’lo baholar bilan tamomlagan. Bu paytda yangicha bilimli yoshlarga xususiy savdo firmalarining eshigi ochiq edi. U ham tengdoshlari kabi mehnat faoliyatini ishchi sifatida boshlaydi. 1905-yil kuzagidagi inqilobiy namoyishlar va tartibsizliklar guvohi, hatto, ishtirokchisiga aylanadi. Oradan ko‘p o‘tmay, 1906-yilda “E.Sindel” firmasiga ishga kiradi. Eng gullagan yoshlik chog‘i shu yerda o‘tadi. 1911–1917-yillarda Xitoyning Sinszyan o‘lkasida – Xami, Xoshan, Urumchi, Qoshg‘ar, Gʻulja va Chuguchak shaharlarida bo‘ladi, u yerdagi firma idoralarida ishlaydi. Bu yillar uni chiniqtirdi: savdo ishlarining ichki qoidalari, iqtisodiy munosabatlar va moliyaviy hisob-kitoblarni puxta egalladi.

1917-yilgi Oktyabr voqealaridan keyin Saidg‘ani Abduqayumovning davlat va jamoat ishlaridagi faolligi yanada kuchaydi. 1917-1918-yillarda Toshkentda sovet xodimlari ittifoqini tashkil etishda qatnashib, uning raisi bo‘ldi. Ayni vaqtda Toshkent shahar deputatlari soveti ijroiya qo‘mitasi apparati a’zosi sifatida faoliyat yuritdi. 1918-yili kooperativ raisi, 1919-yil yanvar-iyun oylarida Toshkent ijroiya qo‘mitasining oziq-ovqat bo‘limi mudiri, iyul oyidan 1920-yil oktyabriga qadar esa kommunal xo‘jalik bo‘limi mudiri vazifalarida ishladi.

1920-yildan boshlab ish faoliyati moliya tizimi bilan chambarchas bog‘landi. Avvaliga Sirdaryo viloyati moliya bo‘limi raisi etib tayinlandi. Bir vaqtda viloyat ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Toshkent sovet xodimlari kasaba uyushmasining xazinachisi, Toshkent Eski shahar ijroiya qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Ko‘p o‘tmay Eski shahar partiya qo‘mitasining mas’ul kotibi, so‘ngra 1921-yil iyuniga qadar Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qildi.

So‘ng yana Sirdaryoga qaytarilib, viloyat ishchi-dehqon inspeksiyasi mudirligiga qo‘yildi. Turkiston ASSR Moliya xalq komissarligi hay’ati a’zoligini ham gardaniga yuklashdi. Shundan keyin qisqa muddatlarda Turkiston Moliya xalq komissarligi Markaziy soliq boshqarmasi rahbari, Turkiston qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi raisi o‘rinbosari, Moliya xalq komissarligi hay’ati a’zosi, Turkiston Respublikasi Kooperatsiya ittifoqi prezidiumi a’zosi va moliya qismi mudiri bo‘ldi.

1923-yildan Saidg‘ani  Abduqayumovning faoliyati Buxoroga tomon yo‘nalib, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) moliya noziriga o‘rinbosar, birinchi o‘rinbosar, bir yil o‘tmay moliya noziri etib tayinlanadi. U davlat byudjeti, soliq siyosati, moliyaviy nazorat, davlat muassasalarini mablag‘ bilan ta’minlash hamda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish ishlariga rahbarlik qiladi. Fuqarolar urushi, inflyatsiya, ishlab chiqarishning pasayishi va yangi davlat tizimi shakllanayotgan bir sharoitda moliya sohasini boshqarish katta tajriba va mas’uliyat talab qilardi. Shu ma’noda, yosh respublika iqtisodiy barqarorligini ta’minlashdagi xizmatlari unga davlat arbobi rutbasini ham berar edi.

1924-1925-yillarda u Markaziy Osiyoda milliy-hududiy chegaralanishni amalga oshirish komissiyasi tarkibida ishladi. Jarayon yakunlangach, 1925–1927-yillarda Tojikiston SSR Moliya xalq komissari lavozimiga tayinlandi. 1933-yilda O‘zbekistonga chaqirib olinib, Aloqa xalq komissarligi tizimiga o‘tkazildi. Ammo bu yillarda Vatanga qaytganlarning birortasi baraka topmadi. Chunki sovet davlatining qatag‘on mashinasi murvatlari tish qayrab, harakatga kela boshlagandi. Sovetlar har qanday yuksak xizmatga ham, martabali obro‘ga ham tupurgan, Stalin malaylari qo‘llariga “xalq dushmani” yorlig‘ini tutganicha, birin-ketin millat elitasining peshonasiga yopishtirish payiga tushgandi.

1937-yil 4-dekabr. S.Abduqayumovga nisbatan O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi Davlat xavfsizligi boshqarmasi xodimi jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qiladi. Hujjatdagi asosiy ayblov shunday edi: “1923–1925-yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi moliya noziri bo‘lib ishlagan vaqtida “Milliy ittihod” aksilinqilobiy millatchi tashkiloti a’zosi bo‘lgan hamda xorijiy davlatlardan biri manfaati yo‘lida josuslik faoliyati bilan shug‘ullangan”. U ertasigayoq №26/20-sonli order asosida Toshkent shahri Dmitrov ko‘chasidagi 3-uyda hibsga olinadi.

Tergovning dastlabki kunlaridanoq Saidg‘ani Abduqayumovning barcha ko‘rsatgan xizmatlari axlat qutisiga uloqtirilib, qariyb yigirma yil avvalgi siyosiy qarashlari va aloqalari kun tartibiga qo‘yiladi. Tergovchilar uni avvalo “Milliy ittihod” tashkiloti bilan bog‘lashga urinadi. Shundan so‘ng kimlar bilan yaqin munosabatda bo‘lganini aniqlashga kirishadi. U Fayzulla Xo‘jayev, Muhiddin Tursunxo‘jayev, Sa’dulla Tursunxo‘jayev, Porso Xo‘jayev, Qori Yo‘ldosh Po‘latov va Munavvar qori Abdurashidov kabi davlat va jamoat arboblarini yaxshi taniganini, ular bilan xizmat munosabatlarida bo‘lganini bildiradi. Tergov bayonnomasida bu shaxslarning keyinchalik “aksilinqilobchi millatchilar” sifatida fosh etilgani alohida ta’kidlanadi. Qatag‘on davrining eng mudhish jihatlaridan biri ham shu ediki, kechagina davlat ishonchiga sazovor bo‘lgan, birga xizmat qilgan rahbarlarning nomlari tergovchilar qo‘lida bir-biriga qarshi soxta ayblovning “isbot”iga aylantirilardi.

Tergov materiallarining keyingi sahifalarida so‘z 1918-yil voqealariga buriladi. Saidg‘ani Abduqayumov o‘sha davrda eserlar partiyasi safida bo‘lgani, partiya topshirig‘i bilan bolsheviklarning qurolli guruhlarini qurolsizlantirish ishlarida qatnashganini bayon qiladi. Hatto, telefon stansiyasini qo‘riqlayotgan 10-15 nafar bolshevikni qurolsizlantirganini ham tan oladi. Stalincha tergov uchun esa vaqt va tarixiy sharoitning ahamiyati yo‘q edi. Qariyb yigirma yil avvalgi voqealar ham inson taqdirini hal qiluvchi “dalil”ga aylantirilar, kechagi siyosiy kurash sahnalari esa bugun “aksilinqilobiy jinoyat” sifatida talqin etilardi. Uning ko‘rsatmalari ham xuddi shu tarzda o‘ziga qarshi qurolga aylantirildi. Bundan tashqari, u Xitoy konsulligi bilan noqonuniy aloqada bo‘lgani, konsullik xodimlari bilan yig‘ilishlar tashkil etgani, ushbu uchrashuvlarda sovet hokimiyati siyosatini qoralagani va kelgusi urushda uning mag‘lub bo‘lishini bashorat qilgani bayon qilinadi.

1936-yilga oid ayblovlarda esa Abduqayumov o‘z mahallasi aholisi orasida aksilinqilobiy, tuhmatomuz targ‘ibot olib borgani, Sovet Ittifoqida ocharchilik va vayronagarchilik haqida provokatsion mish-mishlar tarqatgani, sovet hokimiyati siyosati milliy respublikalardagi xalqlarni yo‘q qilishga qaratilgan deb baholagani hamda Fayzulla Xo‘jayevni maqtagani ko‘rsatilgan. Ayblov xulosasi yakunida Saidg‘ani Abduqayumov qurol va 159 dona o‘q-dorini noqonuniy saqlaganlikda ham ayblangan. Unga nisbatan O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasiga ko‘ra ayblov ilgari surilgan va jinoyat ishi Ichki ishlar xalq komissarligining maxsus “uchligi”ga yuborilgan. 1938-yil 4-fevralda 54 yoshli Saidg‘ani Abduqayumov 10 yilga mehnat-tuzatuv lageriga hukm qilingan. Afsuski, uning keyingi taqdiri haqida arxiv hujjatlarida hech qanday ma’lumot saqlanib qolmagan. Ayanchli jihati, bir umr mehnat qilgan odamning xizmatlari jaholat sababli yana mehnat bilan “taqdirlandi”.

“Yovuzlik hamisha shafqatsizlik va zaiflikdan kelib chiqadi”, degan gap bor. Shafqatsiz tuzum kuchli bo‘lgani uchun emas, aksincha, zaifligi ortidan, haqiqatdan qo‘rqqani uchun oydinlarni qatag‘on qildi. Vaqt esa soxta ayblovlarni chetga uloqtirib, haqiqatlarni yuzaga chiqarayotir. Saidg‘ani Abduqayumovning nomi ham ana shu haqiqatlar bilan birga o‘zimizga qaytdi.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 17-iyuldagi 29-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599