20.05.2025 | 16:57
663
“MENIKI, SENIKI, UNIKI” EMAS, BARCHAMIZNIKI
Yashil iqtisodiyot degani bu faqat daraxt ekish yoki chiqindini qayta ishlash emas. Bu, eng avvalo, resurslarni tejash, ekologik toza texnologiyalardan foydalanish va iqtisodiy yutuqlarni tabiatga zarar yetkazmagan holda qo‘lga kiritish demakdir. Biroq, afsuski, bu tushuncha hanuzgacha ko‘pchilik ongida chuqur joy olganicha yo‘q. Ayrim yurtdoshlarimiz hali-hanuz eski, tabiatga zararli usullardan voz kechishga shoshilmayapti. Bu holat o‘z-o‘zidan ekologik savodxonlik darajasi bilan bevosita aloqador.

Tabiatimizda tabiatga nisbatan loqaydlik tobora tomir yoyib borayotganga o‘xshaydi. Negadir bu hol bilan har kuni, ana boring, bugun ertalab ham yuzlashgandekman. Yo‘l chetiga ekilgan-u qarovsizlikdan qurib-qovjirab borayotgan noyob qrim archasi, to‘g‘ridan to‘g‘ri yelim paketga tiqmajon qilib derazadan uloqtirilgan aralash axlat, qishda to‘tiyo-yu hozir yonib qolgani sezilmaydigan ko‘cha chiroqlari…
Bir qarashda oddiy, kundalik manzaralar – ko‘z ko‘nikkan bu tasvirlar ortida chuqur ijtimoiy va ma’naviy muammolar yotibdi. Taassuf, biz qachonki jiddiy ekologik falokatlar, xavotirli statistik ma’lumotlar taqdim etilgan mahaldagina yoqa ushlashga o‘rganib qoldik. Bu illatning nomi nima?
Har bir insonning tabiatga nisbatan ehtiyotsizligi, arzimasdek tuyulgan beparvoligi jamlanib, ulkan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Biz o‘z xudbinligimiz, tanballigimiz, kaltafahmligimiz, farosatsizligimizni oqlaydigan turli-tuman ro‘kachlar o‘ylab topishga ustamiz. Hashar kunlari ko‘chamizdagi ariqcha chetiga qadalgan ko‘chatga bir qultum suv quyishga yaramay, vaqtimiz tig‘iz ekanini pesh qilamiz. Aslida kun uzog‘i telefonga qo‘shqo‘llab yopishib, bargni bargga, mevani mevaga xillab, “uchmunchoq” o‘ynab “slot” o‘yini uchun soatlab behuda vaqt sarflashga erinmaymiz. Ochig‘ini aytsam, internet olami va real hayot orasidagi biz kabi ovoralar shaxsiyatida inert tuyg‘u – hozirgi soniya bilan yashash, odamovilik, xonanishinlik, virtual bangilik jamlanmasi tez sur’atda shakllanib boryapti. Ana shu dardi bedavoga chalingan “zed” avlod ertaga vatan va millat taqdiri uchun qayg‘uradigan, yurtini himoya qila oladigan, farzandlariga tarbiya berishga layoqatli qatlam sifatida shakllana oladimi? Biz bugun ana shu haqida bosh qotirishimiz kerak. Menimcha, bu muammoning ma’lum ma’nodagi yechimini yana o‘sha virtual olamdan qidirib, yoshlarimiz ruhiyati va qiziqishini inobatga olgan holda milliy mediakontentlar yaratishimiz kerak. Bu borada, avvalo, tabiat bu shunchaki manzara emas, balki tirik organizm hamda ayni paytda bizning tirikligimiz manbayi ekanligini jon-u jismiga singdirib borish taqozo etiladi. Ana shu tariqa ekosavodxonlik asosi yaratiladi, ekomadaniyat shakllantiriladi.
Statistikaga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha 350 million tonna plastik chiqindilar hosil qilinib, shundan 2 million tonnasi suv havzalariga tashlanar ekan. Bu ko‘rsatkich taxminan 0,6 foizga to‘g‘ri keladi. Qiziq, dunyo darajasida olingan bu raqam taqsimoti bizning bag‘rikeng diyorimizga qanday nisbat taqdim etarkan? Chunki istagan suv havzasiga, xohlagan dam olish maskaniga nazar tashlasangiz, o‘ta ayanchli ahvolni ko‘rishingiz tayin. Ma’lumki, bu chiqindi turi yuz yillab chirimaydi. Maydalanib mikroplastikka aylanadi va suv, tuproqqa singib, tirik organizm hayotiga xavf tug‘diradi.
Ilgari bitta sog‘lom daraxt bir kunda to‘rt nafar inson uchun yetarli kislorod ishlab chiqaradi, degan tashviqot tushunchasi bor edi. Bugun ma’lum bo‘lyaptiki, bir inson yiliga taxminan 740 kg kislorodga muhtoj. Daraxt kun davomida, ya’ni quyosh chiqqanidagina ro‘y beradigan fotosintez jarayonida karbonat angidrid yutib, kislorod chiqaradi. Ilmiy manbalarga ko‘ra, bitta sog‘lom daraxt yiliga taxminan 100–120 kg kislorod ishlab chiqaradi. Demak, har birimiz to‘laqonli nafas olishimiz uchun sog‘lom 7-8 ta daraxt zarur ekan. Buni aholi soniga ko‘tarsak, 270 milliondan ortiq og‘och o‘stirishimiz kerak bo‘ladi. “Gazeta.uz” elektron nashri dalolatiga ko‘ra, hozirda mamlakatimizda 250 million atrofida daraxt ko‘klab turibdi. Lekin ularning qanchasi to‘laqonli kislorod manbayi sanaladi-yu, qanchasining o‘zi havoga muhtojligining hisob-kitobi yo‘q. Baharnav, quruq chamalanganida ham 20 million atrofida daraxt taqchilligi yuzaga chiqyapti. Bir daraxt kessang, o‘nta ek, degan naql bugun o‘ta dolzarb ahamiyatga egaligicha qolmoqda.
Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar ham endi nazariy emas, kundalik hayotda o‘zini yaqqol namoyon qila boshladi. Ob-havoning keskin o‘zgarishi qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti, o‘z-o‘zidan inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Nafas yo‘li kasalliklari, yurak-qon tomir xastaliklari, allergiya epidemiyasi va paydo bo‘layotgan ko‘plab virus illatlari ayni nosog‘lom ekologik vaziyat bilan bog‘liq.
Biz muammo va uning oqibatlariga to‘xtalyapmiz. Xo‘sh, yechim qayerda? O‘zimizda! Tabiatni asrash yo‘lidagi eng muhim qadam har kim o‘zgarishni o‘zidan boshlashidadir. Oddiy kundalik odatlarni o‘zgartirish, masalan, suvni tejash, elektr energiyasidan oqilona foydalanish, chiqindilarni to‘g‘ri saralash ekologik holatni yaxshilashda katta ahamiyatga ega. Qayta ishlash mumkin bo‘lgan chiqindilar (plastik, qog‘oz, shisha, metall) alohida yig‘ilsa, qayta ishlashga imkon yaraladi.
Yo‘llarda jamoat transportiga ustuvorlik berish, piyoda yurish yoki velosipeddan foydalanish atrof-muhitga chiqariladigan zararli moddalar miqdorini kamaytiradi.
Har birimizning tabiatni asrashga qo‘shadigan kichik hissamiz umumlashib, ulkan ulushga aylanishi tayin. Bu borada ekomadaniyat niholining ildizi ta’lim va tarbiyaga bog‘liqligi, ya’ni bolalar bog‘chasidan tortib, maktab va oliy ta’lim muassasalarigacha bo‘lgan barcha tizimda yosh avlod ko‘nglida tabiatga mehr uyg‘otish zarurati barchamizga ayon. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: “Farzandlarimizni yoshlikdan boshlab ona tabiatni sevish, uni asrab-avaylash ruhida tarbiyalashimiz kerak. Bu – har bir ota-onaning, har bir pedagogning muqaddas burchidir”.
Davronjon ABDULLAJONOV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 16-maydagi 20-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
79
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
595
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
593



