18.09.2025 | 12:20
985
MILLAT TOLEYIDA PORLAGAN YULDUZ
O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov xotiralari
Bir kuni ustozim Shukur Burhon “O‘tir moshinaga!” dedi. Ketdik. Hech qachon so‘ramasdim qayerga deb, u kishiyam aytib o‘tirmasdi. Ulug‘vor binoga keldik. Yaxshi qo‘riqlanar ekan, ustozni tanib yo‘l berishsa ham, menga shubha bilan qarardi qo‘riqchilar. “Shogirdim!” dedi ustoz savolga o‘rin qoldirmaydigan qilib. Oltinchi qavatga ko‘tarildik. Ustoz bir eshikni dadil ochib kirdi, ortidan ergashdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xona to‘ridagi keng-mo‘l stol ortida Sharof Rashidov o‘tiribdi.

– E, Shukur aka! – degancha qo‘lini yozib kela boshladi Sharof aka.
– E, Sharofjon! – deya istiqboliga yurdi ustoz va ikkalasi quchoqlashib ko‘rishdi. Hol-ahvol so‘ralgach, davlat rahbariga meni tanishtirdi. Keyin bir chetdagi stulga o‘tirib ikki dahoning suhbatiga quloq berdim.
– Men hozir Maqsud Shayxzodaning tragediyasida Mirzo Ulug‘bekni o‘ynayapman. Xalq yaxshi qabul qilyapti! Odamlar kelyapti. Shu, Shayxzodaga aytsangiz-da, Amir Temur haqida bitta asar yozib bersa, o‘ynasam, – dedi Shukur Burhon.
Sharof Rashidov mamnun qiyofada eshitib o‘tirgandi. Ustozning taklifidan keyin peshonasiga mushtini tirab uzo-o-oq vaqt haykalday qotib qoldi. Hamma jim. Keyin shikasta ovozda:
– O‘shanday yorug‘ kunlar ham kelar… Sabr qiling… – dedi.
U paytlar Amir Temur nomi qatag‘onga uchragan, u haqda ilmiy ish olib borgan Ibrohim Mo‘minovday tabarruk zot ham bosimlar ostida yashar edi. Sharof Rashidov akademikni jon-jahdi bilan himoya qilayotgan paytlar ekan. Agar Sohibqiron obrazi sahnaga olib chiqilsa, Maqsud Shayxzoda ham, Shukur Burhon ham qaltis vaziyatga tushib qolishi mumkinligi, ularni himoya qilishga kuchi yetmay qolishini o‘ylab siqilgandi yurt otasi.
Shukur aka hammasini tushundi. Lekin mashinaga o‘tirar ekan, qizishib ketdi: “Bu qanaqa zamon?! Amir Temur haqida spektakl qo‘yish mumkin bo‘lmasa!” Shukur Burhonning gavdasi butun mashinani silkitib yubordi, ovozidan temir-tersaklar, oynalar zirillab ketdi…
Agar Shukur aka o‘ynaganda, Amir Temur obrazi bo‘yicha katta bir maktab qoldirib ketgan bo‘lardi. Ulug‘ amirni Tesha Mo‘minov ham, men ham, Yoqub Ahmedov ham, Tolib Karimov ham o‘ynadik… U Temurbek emas! Agar Maqsud Shayxzoda yozib, Shukur Burhon o‘ynaganida – ana u Amir Temur bo‘lardi! Afsuski, shunday bebaho san’at asari yaratilishiga mustabid tuzum yo‘l bermadi. Ustozlar birin-ketin o‘tib ketishdi…
* * *
1971-yili Ilinskiy degan rejissyor ukrain filmi uchun Toshkentda ko‘rik o‘tkazdi. Eskadron komandiri Ergash Sobirov roli uchun men ham qatnashdim-da, javobi chiqmasdan Farg‘ona viloyatiga gastrolga jo‘nab ketdim. Bir mahal telegramma bordi vodiyga. Ko‘rikdan o‘tganim, to‘xtovsiz Ukrainaga yetib borishim kerakligi qisqa va aniq qilib yozilgan edi. Nima qilishni bilmay qoldim. Bunaqa uzoq safarga chiqmaganman hali, bu yog‘i xizmat safari vaqtida teatrni tashlab ketish… Oxiri Shukur Burhonga yorildim. Ustoz teatr direktori Iskandar Musabekovdan ruxsat olib berdi. Duo olib aeroportga chiqdim. Borsam, chipta yo‘q. Ortga qaytdim. Shukur akaga vaziyatni tushuntirdim. O‘ziga xos salobat va vazminlik bilan “Hm” degancha o‘ylanib turdi-da, grimxonaga kirib ketdi. Kostyum-shimlarini kiyib chiqib, men bilan Farg‘ona aeroportiga bordi. Kassadagi qizga qarab:
– Menkim, Shukur Burhon – “Narodniy artist SSSR”, – dedi guldurak ovoz bilan.
Keyin Kiyevga bitta bilet so‘radi, “Yo‘q” degan javob bo‘ldi. “Unda Moskvaga bering”, dedi. U yoqqa ham bilet tugagan ekan. “Iye”, dedi ustoz qalin qoshlarini chimirib, keyin “Toshkentga ikkita bilet!” dedi shart kesib. Hayron bo‘ldim, balki o‘zi ham mening bahonamda uydagilarni ko‘rib qaytsa kerak-da, deb o‘yladim.
Poytaxtga uchib bordik, aeroport rahbariyatining xonasiga pasportimni olib kirib ketdi. Ko‘p o‘tmay Kiyevga bitta, Farg‘onaga bitta chipta ko‘tarib chiqdi. O‘sha paytda yosh boladay irg‘ishlaganim ham, yig‘lab yuboray deganim ham esimda. Ha, yana xijolat ham bor edi. Shukur aka aeroportning o‘zida mening qornimni to‘qladi. “U yoqdagilarga o‘zbek aktyorlarining kimligini bildirib qo‘ygin!” deb ruhlantirdi-da, o‘zi to‘g‘ri vodiyga uchib ketdi. Na uyiga bordi, na boshqa joyga.
To‘rt yarim soat uchgan bo‘lsam, xayolimda faqat “Ustoz nega bunday qildi?” degan savol aylanardi. Hozirgacha ham bu olijanoblik sirini izlayman. Xayolimda esa javob savolning o‘zida, hatto boshida turganini his qilaman: “Ustoz!”
* * *
Shukur Burhon sahnada o‘ynashni emas, yashashni yaxshi ko‘rardi. Hatto, gapirmagan vaqtida ham u rolda bo‘lardi. Ustoz sahnada tomoshabinga teskari turgan bo‘lsa ham, odamlar Shukur akaning yuzi qanday holatda, ichidan nima o‘tyapti, hammasini sezib turardi. U kishi ijro etgan rollar uchun baquvvat yurak kerak edi. Ustoz vafot etganida, bir shoir: “Gavda-ku, lahadga kirdi. Ammo yurak qanday sig‘di ekan u yerga?!” deya bejiz yozmagandi. Ma’nosi shunaqa edi.
Shukur aka ayniqsa Mirzo Ulug‘bek rolini o‘ynaganida, yuragining bor kuchini sarflardi. Bir kun gap orasida ustoz menga sinovchan qarab turdi-da, “Senga kelajakda Mirzo Ulug‘bekni o‘ynataman”, dedi. Ko‘ngil uchun “Ha, nasib” deb qo‘ydim-u, o‘ylab ketdim. “Ustozning xayoli biroz… Men qanaqa qilib Ulug‘bekni o‘ynayman? Shukur Burhon o‘ynayotgan rolni-ya! Yo‘q, yo‘q…”
U paytlar ustozlarimiz o‘lmaydiganday tuyulardi bizga. Yana rol uchun raqobat juda kuchli edi. Qolaversa, tarbiya shunaqa bo‘lgandiki, o‘zi loyiq bo‘lmagan rolga o‘zini hurmat qilgan aktyor qo‘l urmasdi. Ustozning o‘zi bu borada boshqalarga namuna edi.
Bir kuni statsionarga borsam, ustoz “Otello”dan bir parchani ko‘rsatib berdi. Tasavvur qiling, grimsiz, libossiz, dekoratsiyasiz, shunchaki, shifoxonaning oq devorli xonasida “Ro‘molcha sahnasi” qo‘yilardi. Fikrimni so‘radi. Hayratimni aytdim. “Yo‘q, buni Abror Hidoyatov maromiga yetkazgan. U darajaga chiqara olmasam, o‘ynamayman bu rolni!” dedi qat’iy. Ustoz olamdan o‘tdi. Vaqt suvday oqib ketdi.
…Bir kuni Samarqandga davlat arboblaridan biri tashrif buyuradi. Teatrga kiradi. “Repertuarda Mirzo Ulug‘bek siymosi bormi?” deb so‘raydi. Yo‘qligini bilgach, “Bu qanaqasi bo‘ldi? Qirq yil Movorounnahrni so‘ragan, astronomiyani dunyoga o‘rgatgan odamga bag‘ishlangan spektakl yo‘qmi? Qo‘yilsin!” deydi. Shu bilan Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasi olinib, Olimjon Salimov rejissyor etib tayinlanadi. “Bosh rolni kim ijro etadi?” degan savol o‘rtaga tashlanadi. “O‘zbekistonda Ulug‘bekni o‘ynaydigan artist yo‘q-ku!” deganlar bo‘lgan, boshqa davlatdan aktyor chaqirish masalasi ko‘rilgan. “Bo‘lmaydi! O‘zbek xalqining ajdodini boshqalar qiyomiga yetkazolmaydi. Shukur Burhonning shogirdlaridan topilsin!” degan buyruq bo‘lgan “yuqori”dan. Xullas, meni tanlashdi.
Bordim. Qo‘limga 44 varaq she’riy matn berildi. 44 varaq! Uni yodlash bir tomon bo‘lsa, nazmiy ohangda ruhiyatini ochib berish bir tomon edi. Rozi bo‘lishga bo‘ldim-u, shu desangiz, bir satr ham miyamga kirmaydi. Na uyquda halovat bor, na yeb-ichishda. Oxiri bo‘lmadi, uyga qo‘ng‘iroq qilib, xotinimga “Bo‘ldi, ketaman teatrdan! Aktyorlik tamom!” dedim. Rafiqam bo‘lsa, “Dadasi, bunaqa xayollarni miyangizdan chiqarib tashlang. Butun Toshkentda “Mirzo Ulug‘bek” qayta qo‘yiladi, deyishyapti. Teatrda o‘tiravermay, ko‘cha-ko‘yga chiqing. Samarqandda aziz ziyoratgohlar ko‘p. O‘sha yerlarga borib, yengillashib keling”, dedi.
Azonda turib mehmonxona derazasidan ufqqa qarasam, bir gumbaz ko‘rindi. Shu joyni mo‘ljal qilib ketaverdim. Borsam, Amir Temur maqbarasi ekan. Farrosh ayol meni tanib, “Erta kelibsiz-da”, dedi-da, kalitni olib, maqbarani ochib berdi. Ko‘chalar tinch, gumbaz ostida teran sukunat. Qabrlar vazmin turibdi. Ichim to‘lib ketdi. Mirzo Ulug‘bek qabriga yaqin borib, cho‘k tushdim-da, Qur’on tilovat qildim. Yig‘layman, oyat o‘qiyman, yig‘layman…
Har kuni saharlab kelishni odat qildim. Yurak ham, oyoq ham shu yerga tortadi, deng. Oxirgi borganimda ziyoratgohning mas’ul rahbari kutib turibdi. “Erkin aka, har kuni kelyapsiz ekan. Spektakldagi rolingizni ham eshitdim. Bugun sizni xilxonaga – Mirzo Ulug‘bek qabrining boshiga olib tushaman”, dedi. Meni yolg‘iz qoldirib, chiqib ketdi.
Endi ichimdan bir yig‘i otilib chiqdi, nari-berisi yo‘q. Mirzo Ulug‘bekdan ruhiy madad so‘ray boshladim. Shu lahzada qulog‘im ostida ustozim Shukur Burhonning: “Senga kelajakda Mirzo Ulug‘bekni o‘ynataman!” degan ovozi yangrab ketdi. Birdan yaqin tarix jonlandi ko‘z o‘ngimda. Endi yig‘i to‘xtagan, ongim tiniqlashib, maqsadim ayonlashgandi. Muborak qabrga termilar ekanman, dilimdan o‘tganini tilimga chiqardim: “Bobojon! Men sizning aziz siymongizni gavdalantirishga munosib emasman. Buni tan olaman. Lekin yurt ulug‘lari qo‘ymayapti. Ustozimning hurmatidan menga ishonch bildiryapti. O‘zim uchun so‘ramayman, Shukur Burhonning pok xotirasi, sharafi uchun shu rolga kirishmoqchiman. Rozi bo‘ling mendan, bobojon!”
Qur’on o‘qib, teatrga ketdim. Yigirma kunda 44 varaq matnni yodlab, spektaklni o‘ynab, premeralarni o‘tkazib qaytib keldim. Keyin Toshkentda, Andijonda qo‘yildi bu spektakl. Ko‘rganlar iliq fikrlar bildirdi. “Ustozingga rahmat!” dedi. Ustozimning qabriga bordim-u, hammasini Shukur Burhonga so‘zlab berdim…
Shukur Burhon buyukmidi? Buyuk edi. Buning dalili shuki, ustozdan keyin uning darajasidagi aktyor ko‘rmadi o‘zbek teatri. Hozir ham yo‘q…
Agar Shukur Burhon bo‘lmaganida, milliy teatrimiz san’atida butun boshli bir necha avlod shakllanmay qolib ketardi.
Ustozning oxirati obod bo‘lsin! U kishi Omon Matjon ishora qilganday, xalq peshonasidagi yulduz edi.
Otabek BAKIROV yozib oldi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-sentyabrdagi 37-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



