Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.10.2025 | 09:30

img412

MILLATNING YURAGI

Ayni kunlarda butun xalqimiz, taqdir taqozosi bilan boshqa o‘lkalarda qo‘nim topgan millionlab millatdoshlarimiz uchun tom ma’noda quvonchli ayyom – O‘zbek tili bayrami shukuhi kezib yuribdi.

Til masalasi millat uchun doimo kun tartibida turadi. Bir paytlar bu mavzu shunchaki til uchida muhokama qilinib, so‘ng bir chetga surib qo‘yilardi. Faqat keyingi yillardagina til qadri millat va vatan qadri qadar yuksaldi. Chunonchi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Yangi O‘zbekistonda davlat tilining nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, samarasini bera boshladi.

Bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida joriy yilning 20-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Tarixiy hujjat mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish, ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish tizimini takomillashtirish, uning sofligini saqlash va muntazam boyitib borish, zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash, xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini kengaytirish, yurtimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning davlat tilini o‘rganishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi huquqiy asoslar mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Qur’oni Karimda “Alloh insonni yaratdi, unga bayonni o‘rgatdi”, deb marhamat qilinadi. Ya’ni, Yaratgan insonga dastlab nutqni, so‘zlashni o‘rgatgan. Adabiy tilimiz asoschisi, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ham “Insonni so‘z ayladi judo hayvondin”, deya so‘zning mo‘tabarligini e’tirof etadi. Jadid harakatining atoqli namoyandasi Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda, har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oyinayi hayoti – uning ona tili va adabiyotidir. Milliy tilni yo‘qotmoq – millat ruhini yo‘qotmoq bilan barobardir.

Bugun jahonda geosiyosiy jarayonlar shiddat bilan o‘zgarayotgan, har bir xalq o‘zligini saqlab qolishi uchun qizg‘in kurash ketayotgan vaziyatda ona tili tengsiz qurol va qalqon sifatida maydonga chiqmoqda.

Mustamlaka, tobelik va mutelikdan xalos bo‘lish orzusidagi elatlar mustaqillik sari qadam, avvalo, ona tilini e’zozlashdan boshlanishini anglab yetmoqdalar. Ayniqsa, bizning xalqimiz bu haqiqatni o‘zining ozodlik yo‘lidagi mashaqqatli kurashlari misolida boshdan kechirganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Istibdod davrlarida millat ruhini milliy til vositasida ko‘tarishga bo‘lgan urinishlar shafqatsizlarcha bostirildi. Xalqni uyg‘otmoqchi bo‘lgan ma’rifatparvar insonlar “millatchi” tamg‘asi bilan qatag‘on qilindi. Ona tilimizda bitilgan minglab durdona asarlar yoqildi, til ravnaqiga xizmat qiluvchi dargohlarga o‘t qo‘yildi. Bular bosqinchilik va mustamlakachilik siyosatining sinalgan usuli edi. Chunki ona tilidan faxrlanib, uni qadrlay boshlagan millatni uzoq vaqt tutqinlikda ushlab turish mumkin emas edi.

O‘tgan asrning 80-yillari oxirlarida xalqimiz milliy istiqlol sari muhim qadam tashladi. Ya’ni, mamlakatimizda o‘zbek tilining nufuzini oshirish, unga davlat tili maqomini berish bo‘yicha harakatlar boshlandi. 1989-yilning 21-oktyabrida “Davlat tili haqida” qonun qabul qilindi. Keyinchalik O‘zbekiston Konstitutsiyasida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi qat’iy belgilab qo‘yildi. Davlat tilining sofligini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Atamashunoslik qo‘mitasi tashkil etildi. 1993-yilda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida” Qonun qabul qilindi.

1995-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Davlat tili haqida”gi Qonunda uning tatbiq etilishini nazorat qilish biron-bir maxsus tuzilma zimmasiga yuklatilmagani, 2003-yildan boshlab Atamashunoslik qo‘mitasi faoliyatining tugatilgani davlat tili rivojiga bo‘lgan e’tiborning bir muddat susayishiga olib kelgani ham haqiqat.

Barcha sohalarda bo‘lgani kabi taraqqiyotimizning yangi bosqichida ona tilimizga e’tibor kuchaydi, tilimiz yana e’zoz va qadr topa boshladi. Jumladan, O‘zbekiston Prezidentining 2019-yilning 21-oktyabrda imzolangan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingan kun – 21-oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni deb e’lon qilindi.

Yana bir muhim jihat, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa yuksak xalqaro minbarlarda o‘zbek tilida nutq so‘zlamoqda. Xalqimizning bashariyat oilasidagi munosib o‘rnini namoyon etayotgan bunday muhim voqelik milliy g‘ururimizni osmon qadar yuksaltiryapti.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, ona tilimizning ildizlari tasavvurimizga ham sig‘maydigan olis tarixga borib taqaladi. Bu fikrga isbot so‘raydiganlar bundan o‘nlab asrlar ilgari bitilgan qadim O‘rxun-Enasoy yodgorliklari-yu, “Qutadg‘u bilig”, “Devonu lug‘atit turk” singari yozma obidalarga qarasin. Beruniy, Xorazmiy, Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek kabi o‘nlab buyuk siymolarni eslasin. Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Sohibqiron Amir Temurning “Tuzuklar”ini yodga olsin. “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Boburnoma” singari o‘lmas asarlarning teran mohiyatiga nazar tashlasin.

Eng muhimi, bu til sohibi bo‘lgan buyuk millatimiz bugun aynan o‘z ona tilida yangrayotgan da’vatlarga munosib tarzda uyg‘onmoqda. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, biz Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz.

Ona tilimizning betakror bilimdoni va jonkuyari, ardoqli shoirimiz, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov: “Ona tili umummillat mulkidir, demak, til oldidagi mas’uliyat ham umummilliydir”, deya bejiz ta’kidlamagan. Ona tilimizni shu tabarruk tuproqda yashayotgan, o‘zbekman deya faxrlanadigan har bir shaxs qadrlamog‘i, hurmat qilmog‘i lozim.

Bugun respublikamiz prokuratura organlari ham davlat tili oldidagi mas’uliyatni chuqur his etgan holda ish olib bormoqda. Ayni paytda, tizimda joriy qilingan yangi tartibga ko‘ra, prokurorlar qaysi qonun ijrosini tekshirishidan qat’i nazar, avvalo, bu muassasada davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya qilish holatini majburiy ravishda o‘rganadilar, shundan so‘ng asosiy masalaga o‘tadilar. Bu qoida Bosh prokuratura reglamentida ham alohida mustahkamlab qo‘yilgan.

Birgina joriy yilda prokuratura organlari tomonidan davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablarini buzish bilan bog‘liq 4 mingdan ziyod holat aniqlandi. Ularning asosiy qismi ish yuritishda o‘zbek tilining imlo qoidalariga rioya qilmaslik, ichki hujjatlarni qabul qilishda davlat tili talablarini buzish, tashqi reklamalar va axborot matnlarida til me’yorlaridan chetga chiqish bilan bog‘liq. Bunday tekshirishlar natijasida davlat idoralariga 200 ga yaqin taqdimnoma kiritildi, qonun talabini buzgan 100 dan ortiq shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, joylarda mingga yaqin targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Lekin, kezi kelganda shuni ham aytish kerakki, ona tilimizni asrash va nufuzini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan bu choralar hali yetarli emas. Zotan, kundalik hayotimizda davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzish, tilga hurmatsizlik holatlari hamon kuzatilmoqda. Albatta, tilga oid qonunbuzilishlarga nisbatan tegishli huquqiy baho berib borish bizning kundalik vazifamizdir. Bu boradagi faoliyatimiz kuchayib borishiga shubha yo‘q. Biroq, til qoidalarining buzilishiga, ya’ni millat sifatida borligimiz va boqiyligimizga raxna solayotgan holatlarga ko‘pchiligimiz ko‘nikib qolayotganimiz afsuslanarli.

Ayniqsa, millionlab kuzatuvchisi, o‘quvchisi, tomoshabini bo‘lgan internetdagi, ommaviy axborot vositalaridagi poyintar-soyintar chiqishlarga jamoatchilikning keskin munosabatini shakllantira olmayapmiz. Go‘yoki bunday chiqishlarni xuddi shunday bo‘lishi kerakdek qabul qilyapmiz. Ona tilimizda savodsizlarcha, tilga va elga, bebaho ma’naviy merosimizga hurmatsizlarcha kuylanayotgan qo‘shiqlarning “ajabtovur” matnlarini-ku, izohlamasak ham bo‘ladi. Yoshlarimiz esa, ona tilimizning qudrati va jozibasini buyuk allomalarimiz ijodining durdona namunalari misolida emas, ko‘proq ana shu saviyasiz “asar”lar timsolida tasavvur qilmoqda. Bizningcha, bu ona tilimiz bilan bog‘liq va tobora chuqurlashib borayotgan eng katta muammolardandir.

Bu muammolarga yechim bormi? Albatta, bor. Buning uchun barchamiz o‘zgarishni o‘zimizdan boshlashimiz kerak. Xususan, huquq-tartibot organlari faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, avvalo, har bir prokuratura xodimi, ayniqsa, yosh mutaxassislar davlat tilida to‘g‘ri va xatosiz yozish uchun o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirish, so‘z boyligini kengaytirish, nutq madaniyatini rivojlantirish borasida doimiy izlanishi shart.

Ikkinchidan, huquqni muhofaza qilish Akademiyasida xodimlarni davlat tili qoidalariga o‘rgatishga qaratilgan masofaviy o‘quv kurslari tashkil qilinadi. Ushbu kurslarda hujjatlarni davlat tilida to‘g‘ri rasmiylashtirish, qolaversa, notiqlik san’atini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarur.

Uchinchidan, prokuror nazorati hujjatlarini tayyorlashda o‘zbek tili qoidalariga qat’iy rioya etishimiz lozim. Prokuror yozgan hujjat, sodda qilib aytganda, boshqa davlat organlari xodimlari uchun namuna vazifasini o‘tashi kerak.

To‘rtinchidan, davlat tiliga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati ta’sirchanligini yanada oshirish talab qilinadi. Bunga mas’ul bo‘lgan tarkibiy tarmoqlar til to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosi ahvolini doimiy o‘rganib, aniqlangan muammolar to‘g‘risida hukumatga muntazam taklif va axborotlar kiritib borishi zarur. Bu orqali prokurorlarimizning davlat tiliga hurmati va Vatanga sadoqatiga ham baho berib borish mumkin.

Davlat tili bilan bog‘liq masalalar yechimi doimiy e’tiborni talab qiladi. Yuqorida qayd etilganidek, biz avvalo tizimimizning o‘zida davlat tilining nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Bu borada, prokuratura organlari xodimlari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinayotgan til bo‘yicha tanlovlarning ahamiyati katta bo‘lmoqda. Bu yil ham “Til yashasa – millat yashaydi!” mavzusida o‘tkazilgan tanlov qizg‘in kurashlar, do‘stona va samimiy raqobat muhitida kechdi. Tizimimizning 500 nafardan ziyod xodimi qatnashgan tanlovning quyi bosqichlarida 60 nafarga yaqin xodim g‘olib deb topildi va respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, 12 nafar hamkasbimiz g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Eng muhimi, mazkur tanlov xodimlarimizning ma’naviyati, ona tilimiz, o‘zbek va jahon adabiyoti haqidagi bilimlari yuqori ekanini namoyish etdi. Ular ona tilimizning cheksiz imkoniyatlarini chuqur anglashlarini kuzatib mamnun bo‘ldik. O‘zbek tilida bitilgan mumtoz va zamonaviy asarlardagi g‘oyalar, badiiy vositalar ahamiyati hamda mohiyatini soha mutaxassislariga xos tarzda tahlil qilib berishdi. Ko‘plab xodimlarimiz o‘z ijod namunalarini ham hakamlar hay’atiga taqdim qilishdi. Bu jihatlar xodimlarimizning dunyoqarashi va tafakkuri kengayib, el-yurtga sadoqati, farzandlik mas’uliyati oshayotganini namoyon etdi.

Muhtaram Prezidentimiz haqli ravishda ta’kidlaganidek, o‘zbek tilining beqiyos imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, uning jahon miqyosida nufuzi va jozibadorligini oshirish uchun hali oldimizda ko‘plab vazifalar turibdi. Avvalo, yuksak taraqqiy etgan demokratik davrlarda bo‘lgani kabi davlat tili butun jamiyatni, tili va millatidan qat’i nazar, barcha fuqarolarni yagona xalq sifatida birlashtirishga xizmat qilishi zarur. Bu borada ortiqcha ehtiros va hissiyotlarga berilmasdan, vazminlik bilan ish tutish lozim.

Ma’rifatparvar shoir Cho‘lpon yozadiki, ona tili – millatning yuragidir, yurak urishdan to‘xtasa, hayot ham to‘xtaydi. Zero, davlat tili faqatgina soha mutaxassislarining emas, balki ko‘pmillatli butun xalqimizning birgalikdagi sa’y-harakatlari, aql-zakovati, ma’naviy-ma’rifiy salohiyati, vatanparvarlik fazilatlari bilan ravnaq topadi. Milliy til ravnaq topsa, pirovardida, mustaqilligimiz ham abadiy, milliy taraqqiyotimiz ham barqaror va bardavom bo‘ladi.

Nig‘matilla YO‘LDOSHEV,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori

“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-oktyabrdagi 43-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596