04.06.2024 | 12:29
1019
GAZETA MILLATNING TARJIMONIDIR
Umrning mazmunli fursati (sobiq sovet davrining so‘nggi yillaridan hozirga qadar) Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaning “Nodir qo‘lyozmalar” bo‘limida, arxivlarda o‘tdi. Manbalar shu qadar mo‘lki, o‘rganilishi, tahlil qilinishi zarurki, unga bir bandaning umri yetmaydi… Har gal gazetalarni varaqlaganda “Sadoyi Farg‘ona” nashri taxlami, klishesi, betakror dizayni, sahifalardagi harflar, maqolalar, bitiklar mag‘zidagi g‘oyalar, ularni qalb qo‘ri bilan yozgan mualliflarning nomlari… qisqasi, qadrdonimizni uchratib qolgandek, yo‘q-yo‘q, undan ham aziz insonimiz bilan ko‘rishgandek bo‘laveramiz.

Gazetaning dastlabki sonidagi bitiklardan iqtibos:
“Gʻazeta har millatning tarjimonidurki, bilmag‘on narsalarini anga bildirur va ham ul millatning muddaosini boshqalarga bildirur” (Ashurali Zohiriy. So‘z boshi // “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914-yil 3-aprel).
Bolsheviklar hokimiyatni egallagach, “Sadoyi Farg‘ona”ni tanqid qilgan bo‘lsalar-da, “bu g‘azeta orqasida bir necha yangi qalamlar va tubjoy xalqdan murattiblar (sahifalovchilar) yetishib qoldikim, muni tanisoq, haqiqatni tanig‘on bo‘lurmiz”, deya tan oladilar (Bu haqda qarang: Gazetchi. Farg‘onada tubjoy xalq matbuoti // “Farg‘ona” gazetasi, 1924-yil 5-may).
“Gazetchi” taxallusidagi muallifning fikridagi yangi qalamlardan Hamza va Cho‘lponlar bilan birga Ashurali Zohiriyni alohida ta’kidlash joizdir. Negaki, u Qo‘qonda chiqqan “El bayrog‘i” gazetasiga ham aloqadordir. Bu nashr haqida gapirishdan avval “Sadoyi Farg‘ona”ning to‘xtatilishi xususida fikr.
Abdulla Avloniy yozadi: “Sadoyi Farg‘ona” Xo‘qand shahrida haftada uch marotaba chiqadurg‘on musulmoncha g‘azetadur. Bu g‘azeta 1914-yili Xo‘qanda Obidjon Mahmudov muharrirligida chiqdi. U har jihatdan “Sadoyi Turkiston”dek bo‘la olmadi. Qalam ahllarini o‘ziga jalb qila olmasdan bora-bora to‘xtab qoldi”.
Mazkur maqolaning ham bolsheviklar siyosati ta’sirida yozilganini e’tiborga olsak, vaziyatni biroz o‘zgacha izohlash mumkin. Holbuki, “Sadoyi Farg‘ona” gazetasining kutubxonada saqlanayotgan taxlamidagi oxirgi, ya’ni 1915-yil 6-iyun (123) sonida muharrir nomidan pastroqda “Дозволено военной сензурой” degan yozuv paydo bo‘lgani, shuningdek, ikkinchi sahifadagi bir yarim ustunning bo‘sh chiqqanligi tahririyat harbiy senzura orqali siquvga olinganini anglatadi. Davr matbuotida senzorlar olib tashlagan maqolaning joyini bo‘sh chiqarish ularga nisbatan norozilik hisoblangani tarixiy manbalarda ko‘p bora tilga olingan. Demak, material olib tashlangan, tahririyat xodimlari e’tiroz tariqasida sahifani bo‘sh chiqarishgan, bu esa mustamlakachi senzorlarning qahrini keltirgan va gazetaning navbatdagi soni hech bir e’lonsiz chiqmay qolgan.
Oradan ikki yil o‘tib vaziyat tug‘ilishi bilanoq, aniqrog‘i 1917-yil Rossiyadagi fevral voqealari sabab “Sadoyi Farg‘ona”ning muassisi Obidjon Mahmudov o‘z jamoasi bilan nashr g‘oyalari targ‘ibotini yangi nom bilan davom ettiradi. “Tirik so‘z” deb nomlangan mazkur gazeta maqsadi bitilgan maqolada shunday satrlar borki, undan nafaqat jamoa g‘oyasini, balki “Sadoyi Farg‘ona” gazetasining yopilishi sabablarini bilib olish mumkin: “…faqir 1914 nchi yildan to 1915-yilg‘acha “Sadoyi Farg‘ona” nom g‘azet birlan millatg‘a xizmat qilg‘on edim, ba’zi muomalot, olam necha xil mone’liklar sabab bo‘lub to‘xtab qolg‘on edi… Xalqni uyg‘otmoq uchun munodi qilmoqni (fikr bermoq ma’nosida – tahr.) o‘zumg‘a lozim bildim, ahvoli zamonag‘a qarab ba’zi puxta joylarda eshitkan va bilgon so‘zlarni g‘azet orqalik bildurub turmoqni zarur fahmlab, ya’ni “Tirik so‘z” g‘azetasini chiqarmoqg‘a majbur bo‘ldum. Muddao g‘azet chiqormoqdan foyda qilish yoki boshqa muddao emas, balki faqirni muddaosi mutafriqa fikrlik (tarqoq, turli qarashdagi – tahr.) millatlarni fikrlarini jam’ qilish, millat oralaridagi nafsoniyatlarni yo‘q qilish, ishda, fikrda, maslahatda katta-kichiklarni bir-birlarig‘a yaqinlashturush. Gʻazeta maslaki birlik va ittifoqlik, din-u dunyoviy ishda taraqqiy qilishni asbobidur…”
“Tirik so‘z”ning necha son chiqqani, qachon va qay tarzda to‘xtagani haqida ma’lumot topa olmadik. Lekin uning birinchi soni 1917-yilning 2-aprelida chiqqani va u “haftada uch marta chiqadurgon adabiy, iqtisodiy, taraqqiy” gazeta ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotni Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaning “Nodir qo‘lyozmalar” bo‘limida qolgan yagona nusxasidan bilib oldik. 1917-yil juda murakkab davr bo‘lgani, chor siyosatidan voz kechilgan paytda kutubxonachilik ishlari ham parokanda bo‘lgan. Shu bois bu davrning gazetalari to‘liq saqlanmagan. Ushbu nashr bilan bir vaqtda Toshkentda chiqqan “Turon” gazetasining besh soni saqlangan, shuningdek, oxirgisida oltinchi son uchun materiallar tayyorligi aytilgan. Ustoz Boybo‘ta Do‘stqorayevning “O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi” kitobida “Turon” “ayrim tadqiqotchilarning yozishicha, yigirma son qadar chiqqan”ligi to‘g‘risida ma’lumot bor. Shu bois “Tirik so‘z”ning ham kamida 20 ta soni dunyo yuzini ko‘rgan degan taxminni ilgari suramiz.
Tadqiqot natijalari Farg‘onada matbuot ishi, Obidjon Mahmudov to‘plagan jamoaning gazeta chiqarishni to‘xtatmaganini ko‘rsatdi. Bu borada yana Abdulla Avloniyga murojaat qilamiz.
“El bayrog‘i” gazetasi. U 1917-yili Qo‘qon muxtoriyati vaqtida chiqib, shiori “Yashasin Muxtoriyat!” edi. Bo‘lat Soliyev va Ashurali Zohiriylar muharrirlik qilishgan. Qo‘qon muxtoriyati tor-mor qilingach, gazeta ham chiqishdan to‘xtadi”.
Bu fikrda ham biroz xatolik mavjud. “El bayrog‘i” gazetasi 1917-yil 8-sentyabr (1-son)dan chiqa boshlagan. Shunday ekan, Turkiston muxtoriyati e’lon qilinishiga hali vaqt bor. Nashr shiori dastlab “Yashasun qo‘shma xalq jumhuriyati!” bo‘lgan va Turkiston muxtoriyati e’lon qilingach esa “Yashasun Turkiston muxtoriyati” tariqasida o‘zgargan.
“El bayrog‘i” gazetasining 18(1918-yil 26-yanvar)-soni Alisher Navoiy nomidagi kutubxonada taxlamning so‘nggi soni bo‘lsa-da, uning davom etganligini “Idoradan javob”dan bilib olish mumkin: “Iskubilifda, markaziy sho‘ro raisi Mirodil afandig‘a: keladurg‘on numrada bosilur”.
Qolaversa, shu yilning 19-fevrali (Turkiston muxtoriyatining qonga botirilishi)gacha yana uch haftadan ziyod vaqt bor. Gazetaning haftada ikki marta chiqishini nazarda tutsak, uning jami 24 ta son chiqqanini chamalash mumkin.
Xulosa qilib aytganda gazetaning muassis-u muharrirlari, nomi o‘zgaradi, lekin bu jamoalarda har doim bog‘lovchi mehvar vazifasini millat fidoyisi Ashurali Zohiriy bajarib turadi. Xalqlarga erkinlik berish, barchani o‘qitish, ozodlik g‘oyasiga sodiq qolgan bu jamoaning gazeta sahifalarida muhrlagan maqolalari fikrimizga dalildir.
Bolsheviklar hokimiyatga o‘rnashgach “El bayrog‘i”ni “Mehnat bayrog‘i”ga (“Hurriyat”ni “Kambag‘allar tovushi”ga) o‘zgartirishgan. “Mehnat bayrog‘i” mas’ul muharriri Ibrohim Rashid ekanligi, shiori bolshevikcha “Birlashing, butun dunyo mehnatkashlari!” bo‘lishidan qat’iy nazar bunda Ashurali Zohiriyning ishtiroki ham aniqlandi (Ashurali Zohiriy. Yana imlo atrofida // “Mehnat bayrog‘i” gazetasi, 1921-yil 10-mart). Maqolada eski muammo ko‘tarilgan bo‘lib, muallif: “To‘g‘risini aytganda imlomiz hali ham bir yo‘lg‘a qo‘yilmag‘on”ligidan shikoyat qiladi va o‘z taklif hamda mulohazalarini bildiradi.
1917-yil fevral voqealaridan keyin chop etilgan “Tirik so‘z” (1917-yil 2-aprel), “El bayrog‘i” (1917-yil 8-sentyabr)dan “Mehnat bayrog‘i”gacha bo‘lgan davrda chop etilgan gazetalar xronologiyasida ketma-ketlik mavjud, ya’ni biri yopilsa, ikkinchisi ochilgan.
“Mehnat bayrog‘i” 1921-yil may oyidan “Farg‘ona” deya o‘zgartiriladi. Biz uning 1921-yilning 29-may sonini o‘rganganimizda tahririyat manzili “Mehnat bayrog‘i” gazetasi manzili bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi: “Ho‘qandda 25-oktyabr ko‘chasi xonai matbuot”. Shiori biroz o‘zgargan: “Birlashing, butun dunyo mehnatkashlari! Yashasun Sharqda obodliq!” 1924-yil 29-noyabr (227) soniga kelib Sharqning obodligi masalasi kun tartibidan tushirilgan ko‘rinadi: “Birlashingiz butun dunyo yo‘qsullari”.
“Yangi Farg‘ona” gazetasi (1926-yil 1-yanvar (489)dagi 1-sonidagi sanoqqa ko‘ra haqiqatan ham u “Farg‘ona”ning davomi. Manzil ham o‘sha: “Ho‘qandda 25-oktyabr ko‘chasi, xonai matbuot”.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha, 1926-yildan sovet jurnalistikasining ikkinchi bosqichi boshlanib, 1938-yilda senzuraning rasman o‘rnatilishi bilan tugaydi. Bunda bolsheviklar partiyasining OAVga ta’siri kuchayib borishi kuzatiladi. Mavjud hokimiyat matbuot va radio rahbarlariga “mehnatkashlarni kommunistik ruhda tarbiyalash, partiya an’analarini xalqqa singdirish” vazifasini yuklaydilar. Biz “Farg‘ona”ning “Yangi Farg‘ona”ga aylangani sababini shunda ko‘ramiz.
Eng asosiysi, bu nashrlarning boshlanish nuqtasi “El bayrog‘i” emas, “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi ekanligidadir. Buni yuqorida nomlari zikr etilgan shaxslar, jamoa, birlashtiruvchi va bog‘lovchi g‘oya bilan asoslashga harakat qildik.
Xulosa shulki, jadid bobolarimiz mehnati, ularning o‘z g‘oyalari uchun qurbon bo‘lishgani har qanday soxtalashtirilgan tarixni tiklash uchun katta asosdir.
Halim SAIDOV,
O‘zJOKU professori, filologiya fanlari doktori
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 31-may | 23-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



