02.07.2025 | 12:31
1864
MILLATNING UMUMDARSXONASI
27-iyun – mamlakatimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Zotan, 1906-yilning aynan mazkur sanasida Munavvar qori Abdurashidxonov boshchiligida Ismoil Obidiy muharrirligida o‘zbek jurnalistikasi tarixida ilk milliy nashr – “Taraqqiy” gazetasiga asos solingan. Bu millat ziyolilarining erk va mustaqillik uchun kurash yo‘lidagi birinchi so‘z minbari edi.

Milliy matbuotga asos solingunga qadar Behbudiy kabi turkistonlik ziyolilar Ismoilbek Gʻaspralining “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan g‘oyaga asoslangan “Tarjimon” (1883–1914) gazetasining muxlisi va muxbiri bo‘lishdi. Turkiston ziyolilari gazetani o‘qish bilan birga, o‘zlari ham xabar, maktub va maqolalari bilan qatnasha boshladi. Xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Oxund mulla Mavdud Ohimov, Mirhusayn Mirrahimov, Abduqodir Shakuriy, Hoji Muin, Qozi Ziyouddin Mahmud ibn domla va mudarris Fayzrahmat kabi qalam ahllari bu borada faollik ko‘rsatdi. XX asr boshlarida vujudga kelgan yangi o‘zbek adabiyotining bir avlodi shu gazetani o‘qib ulg‘aydi, fikri ochildi, millatni tanidi, erkni qo‘msadi.
1905-yil chor hukumati oktyabr manifestini e’lon qildi. Matbuot va so‘z erkinligiga berilgan bu hujjat Rusiya musulmonlarining ijtimoiy-siyosiy qarashlarini butunlay o‘zgartirib yubordi. Ana shu asnoda birinchi o‘zbek gazetasi – “Taraqqiy” nashrdan chiqdi. Uning shiori “Najot: maslakda sabot, to‘g‘rilikda ijobat” bo‘lib, nashr mahalliy aholiga milliy zulm nimaligini, chor imperiyasining mustamlakachilik boshqaruvi mohiyatini anglatishga harakat qildi. “Tarjimon” bu yangilikni birinchilardan bo‘lib qutlab, “Turkistonning bunday taraqqiyparvar bir gazetaga ko‘pdan beri ehtiyoji bor edi”, deb yozdi. Gazeta sahifalarida “Maqsad va maslagimiz”, “Toshkand, 14-iyun”, “Toshkand, 20-iyul”, “Toshkand, 12-avgust”, “Bizning jahl – jahli murakkab”, “Madrasalarg‘a oid”, “Kadetlar kimlar?” kabi bir qator muhim ijtimoiy-siyosiy masalalarga oid maqolalar bosildi. Tez orada gazeta xalqning sevimli nashriga aylandi. Chor ma’murlari xalq tafakkurida yangi ijtimoiy fikr uyg‘otishga intilayotgan “Taraqqiy”ning 20 ta soni chiqqach, tezda musodara qilib, Ismoil Obidiyni qamoqqa olishadi. Shu tariqa, milliy matbuotimizning to‘ng‘ich gazetasi chiqishdan to‘xtadi. Lekin u o‘zidan keyin paydo bo‘lgan ko‘pgina milliy gazetalarga yorqin yo‘l ochib ketdi.
Matbuot maydonida “Xurshid”, “Shuhrat”, “Tujjor”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Najot”, “Hurriyat”, “Oyina” nomi bilan bir qator nufuzli nashrlar yuzaga keldi. Bular orqali jadid ma’rifatparvarlari maorif, adabiyot va san’at sohalarini isloh qilishga, xalqning ma’rifiy, huquqiy madaniyatini oshirishga harakat qildilar.
Tarix sahifalarida milliy uyg‘onish, millatning o‘zligini anglashdek murakkab bir jarayon yuzaga keldiki, u matbuotning zimmasiga bosh islohotchi bo‘lishdek mas’uliyatli vazifani yukladi. Shuning uchun ham mazkur davr publitsistikasining ruhi va mazmunini yangi islohotlar, milliy ozodlik, vatan istiqboli uchun kurash kabi ilg‘or g‘oyalar tashkil etadi. Bu yo‘lda Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvar qori Abdurashidxonov, Ubaydulla Asadullaxo‘jayev, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Is’hoqxon Ibrat kabi ziyoli, ma’rifat darg‘alari butun Turkiston o‘lkasini kurashga chorladi. Va bunda milliy matbuotdan yangi islohotlarni amalga oshirish maslagida bosh minbar sifatida foydalandi.
Ular ilgari surgan mafkurada shunday muhim ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va iqtisodiy masalalar ko‘tarildiki, yillar, salkam bir asr vaqt o‘tgan bo‘lsa ham bu umumbashariy g‘oyalar o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi. Jumladan, zamonaviy ilm-fan taraqqiyoti, ilg‘or texnologiyalardan foydalanish, islom dinini qotib qolgan aqida va bid’atlardan tozalash, xotin-qizlar savodxonligi, milliy adabiyot, matbuotni shakllantirish masalalari chuqur va keng tahlil etildi.
Jadidlar matbuoti, publitsistikasining shakllanish va rivojlanish bosqichlari XX asr boshlarida Turkistonda kechgan o‘ta murakkab hamda ziddiyatli ijtimoiy-siyosiy voqealar bilan bevosita bog‘liq. Ya’ni, tarix sahifalariga jadidlik harakati va jadidlar nomi bilan kirgan ilg‘or tafakkurli oqimning milliy matbuotni shakllantirishdagi buyuk xizmati alohida ahamiyatga ega. Ular matbuotni millatning umumdarsxonasi, fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yo‘lida xizmatchi bo‘lmog‘i uchun baland tutdilar. Gazetalar orqali xalqni keng tafakkurli bo‘lishga, atrofga ochiq nazar bilan boqishga o‘rgatish, ularni ma’naviyatli, ma’rifatli qilishdek ezgu maqsad yo‘lida bir vosita deb qarashdi.
Yirik jadidshunos Begali Qosimov “Jadidlik ham ijtimoiy, ham siyosiy, ham madaniy harakatdir. Shuning uchun ijtimoiyki, u jamiyatning barcha qatlamlarini jalb eta oldi, milliy uyg‘onish ideologiyasi bo‘lib xizmat qildi. Shuning uchun siyosiyki, u mustaqillik uchun kurash olib bordi… U madaniy harakat ham edi – adabiyotni yangiladi, matbuot va teatrchilikni yo‘lga qo‘ydi, maorifda esa “yangi maktab konsepsiyasi” bilan chinakam inqilob yasadi”, deydi.
Turkiston jadidlarining dasturi “hurriyat, ozodlik, tenglik, adolat, haqiqat” kabi muhim g‘oyalarni o‘zida ifoda etdi. Eng avvalo, mamlakatda qoloqlik va xurofotni yengish; taraqqiyotning yangi usullarini yaratish, milliy davlatchilik boshqaruv tizimini barpo etish; konstitutsion hokimiyat asosida erkin jamiyat tuzishdan iborat edi. Toshkentda birinchi o‘zbek advokati Ubaydulla Asadullaxo‘jayev bosh muharrirligida chop etilgan “Sadoyi Turkiston” gazetasi esa jadidlar tuzgan Turkiston Muxtoriyati konsepsiyasining g‘oyaviy minbari bo‘lgan.
Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Cho‘lpon, Hamza, Mirmuhsin Shermuhammedov, Abdulla Qodiriy, Nushiravon Yovushev, Fuzail Jonboyev, Hoji Muin, Shokirjon Rahimiy kabi qalam ahli “Matbuot – bosh islohotchi bo‘lishi kerak, matbuot – millat oyinasidir, ma’rifat – millatning hayot-mamoti, huquqiy savodxonlik – taraqqiyotimiz asosi” kabi ilg‘or g‘oyalarni ilgari surdi. Jadidlar milliy matbuot sahifalarida: “…har bir mamlakat xalqining taraqqiy va tanazzuli, hayot va mamoti maktab masalasiga bog‘liqdir” yoki “Bizning bu jaridamiz Turkiston maktablarining ahvolini isloh va huquqini mudofaa maqsadi-la chiqarilganlig‘i uchun bunda eng ko‘b bahs qilinadurg‘on masala va eng muhim sanaladurg‘on maqola shul maktab to‘g‘risida bo‘lur”, deya aniq maqsad va maslagini e’lon qildi. Ular qashshoqlik, fikriy turg‘unlikni ma’rifatsizlik oqibati deb bildilar.
Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov birinchilardan bo‘lib, yangi usul maktablari tashkil etdi va o‘quvchilar uchun darsliklar yozdi. Ikkinchi qadam milliy adabiyot masalasi bo‘ldi. “Xalq foydalanurlik yangi asarlar yo‘q. Nashr qiluvchilar ham yo‘q. Yoshlarimizdan XX asr mevasini kutmak uchun butun asoslari ila isloh qilinmak lozim”, deya shakllanajak yangi adabiyot maydoniga katta umid bilan qaradilar.
Uchinchi muhim masala milliy matbuotni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish masalasi bo‘ldi. Matbuotga tayangan jadidlik harakati mahalliy aholi vakillari orasida jamiyat boshqaruvini yaxshi tushunadigan ziyolilar qatlamini shakllantirdi. Ular “Ehtiyojotimizni muzokara qilmak maqsadi ila matbuot sahifalari ochildi. Holbuki, millatda bo‘lgan qo‘rqinchli kasalliklarni har vaqtda anglab, alarga shifo izlamak milliy matbuot vazifasidur. Uning huquqiga tajovuz qilmakka hech kimning haqi yo‘qdur”, deya matbuotning muhim vazifasini belgilab berishdi.
1907-yil 11-noyabrdagi “Tujjor” gazetasining 11-sonida Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Gazet nadur?” sarlavhali maqolasi chop etilgan. Muallif maqolada matbuotning, xususan, gazetalarning jamiyat hayotidagi muhim o‘rnini chuqur tahlil etgan. Behbudiy chop etilayotgan milliy nashrlar butun bir millatniki ekanligini alohida ta’kidlab, sarmoyador boylardan ko‘mak va yordam berishlarini so‘raydi: “Majalla bizniki emas, millatnikidur. So‘ylanaturgan so‘zlar shaxsiy emas, umumiydur, g‘ururiy emas, diniydur”.
E’tiborli jihati, jadidlarimiz milliy matbuot zimmasiga “Musulmon jaridasining vazifasi o‘zining sahifalarini millat uchun ahamiyati bo‘lmag‘on va xalq saviyasi ko‘tarmagan xabarlardan saqlamak, har narsadan oldda millatni maqsad tutib, shuni ko‘rmak, shuni tushunmakdur”, degan yuksak vazifani qo‘yadi.
Samarqand jadidlik maktabining yorqin namoyandasi Said Rizo Alizoda esa matbuotni xalqni uyg‘otuvchi, kurashga chorlovchi vosita, deb bilgan. U o‘zining maqolalaridan birida “Muallim va muharrir millatning ikki qo‘lidur” deb yozadi.
Jadid publitsistlaridan qolgan bebaho meros Turkiston xalqlari o‘tmishining nodir sahifalaridir. Ularning ilg‘or g‘oyalari asrlar osha avlodlarga yetkazilishi zarur bo‘lgan dasturilamal deyishimiz mumkin.
Xalqimiz yuz yildan oshiq mustamlaka mafkurasi zug‘umida yashagan bo‘lsa-da, jadid ziyolilari undirgan nihollar bugun bo‘y cho‘zmoqda. Prezidentimizning islohotlari bois bugungi jurnalistlarga so‘z erkinligidek noyob ne’mat nasib etdi. Matbuot o‘z asl o‘zaniga qaytib, millat o‘zligini qayta topdi. Yangi O‘zbekistonimiz jadid bobolarimiz orzu qilganidek, taraqqiyot maydoni sari dadil odimlab borayotir.
Sayyora HALIMOVA,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
“Jadid” gazetasining 2025-yil 27-iyundagi 26-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



