Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


31.07.2026 | 16:26

img1385

MINTAQAVIY INTEGRATSIYA, YANGI TOSHKENT MODERNIZMI

O‘tayotgan haftada O‘zbekiston Respublikasining ichki va tashqi siyosiy hayotida qator muhim voqealar yuz berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning faol ish jadvali, uning energetikadan tortib bunyodkorlikkacha, mintaqaviy hamkorlikdan global madaniy e’tirofgacha bo‘lgan keng qamrovli faoliyati mamlakatning izchil taraqqiyot yo‘li chizgilarini namoyon qiladi.

Energetika sohasidagi strategik vazifalar

Xalqimizda chiroq nafaqat yorug‘lik timsoli, balki hayot bardavomligi, an’ana boqiyligi, xonadon va oila tinchligi kabi o‘nlab tamsilga ega ramz hisoblanadi. O‘zimizdan orttirib, yondosh davlatlarga elektr energiyasi yetkazib berish zamirida ham murosai madoradan ko‘ra mehr-oqibat, hurmat-ehtirom tuyg‘ulari ustuvor. Bugun energetika yorug‘lik va issiqlik qamrovidan chiqib, iqtisodiy hamda ijtimoiy taraqqiyot vositasiga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining bugungi holati, mavjud muammolar va istiqboldagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mamlakatning iqtisodiy xavfsizligi uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etdi. Negaki, energetika – iqtisodiyotning barqarorligi, sanoat va tadbirkorlik rivoji, aholi farovonligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan strategik tarmoqdir. Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda sohaga katta hajmda investitsiyalar jalb qilindi, yangi elektr ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, elektr va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi. Xususiy sektor va xorijiy investorlar ishtirokini kengaytirish uchun zarur huquqiy va tashkiliy sharoitlar yaratildi.

Davlatimiz rahbari tizimda hamon uchrayotgan kamchiliklarni chuqur tahlil qilib, muammolarning asosiy sabablarini ko‘rsatib berdi.

Energetika sohasidagi asosiy masala mablag‘ yetishmovchiligi bilan emas, balki boshqaruv sifati, ijro intizomi, rahbarlarning mas’uliyati va natijadorlikka yondashuvi bilan bog‘liq. Bu esa barchadan yangicha fikrlash, aniq hisob-kitob asosida ishlash, aholi va tadbirkorlar manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yishni talab etadi. Yig‘ilish energetika sektorida tizimli o‘zgarishlarning davom etishidan dalolat beradi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, hududlarning jadal rivojlanishi, aholi sonining tabiiy ortib borishi va iqtisodiy faollikning misli ko‘rilmagan darajada jonlanishi mamlakatning energetika infratuzilmasiga bo‘lgan talabini keskin oshirmoqda.

Zamonaviy sanoat korxonalari, yangi barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari va tadbirkorlik subyektlarining uzluksiz ishlashi to‘g‘ridan to‘g‘ri barqaror va sifatli energiya ta’minotiga bog‘liqdir. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, energetika tizimini shunchaki bugungi ehtiyoj asosida emas, balki kelgusi demografik va iqtisodiy o‘sish sur’atlarini oldindan prognoz qilgan holda strategik rejalashtirish kun tartibidagi eng dolzarb vazifaga aylandi.

Shu o‘rinda Davlatimiz rahbari belgilab bergan asosiy mezonlarga to‘xtalsak. Aholi va tadbirkorlik subyektlariga elektr va gazni hech qanday uzilishlarsiz, belgilangan texnik parametrlar asosida yetkazib berish, energetika infratuzilmasini har bir tuman va viloyatning iqtisodiy rivojlanish sur’atlariga moslashtirib modernizatsiya qilish, elektr va gaz uzatish tarmoqlaridagi texnik va tijoriy yo‘qotishlarni minimal darajaga tushirish, energiya samaradorligini oshirish shular jumlasidan.

An’anaviy yoqilg‘i manbalariga (gaz, ko‘mir) qaramlikni kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini (quyosh va shamol stansiyalari) keng joriy etish izchil davom ettiriladi. O‘zbekistonda quyosh va shamol energetikasi bo‘yicha yirik mega loyihalar amalga oshirilmoqda. Maqsad – energetika balansida “yashil” manbalar ulushini keskin oshirish, gaz resurslarini tejash va qayta ishlash sanoatiga yo‘naltirishdir. Bu bilan bir qatorda sanoat korxonalari va ijtimoiy obyektlarda energiya tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish ommalashtirilmoqda.

Yangi Toshkent – kelajak shahri

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi. Bu tashrif poytaxtning yangi qismi nafaqat turar-joy, balki ilm-fan, ta’lim va sport markaziga aylanayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.

Davlat rahbariga shaharning keng ko‘lamli maketi va raqamli xaritasi asosida qurilishlarning umumiy borishi, yirik obyektlarning o‘zaro joylashuvi hamda navbatdagi bunyodkorlik rejalari haqida axborot berildi. Transport va muhandislik infratuzilmasini qurilishlar bilan uyg‘un rivojlantirish, yashil hududlar va jamoat makonlarini o‘zaro bog‘lash, Yangi Toshkentni poytaxtning amaldagi hududi bilan uzviy bog‘lash masalalari ko‘rib chiqildi.

Yangi Toshkent qurilishining birinchi bosqichi doirasida bunyod etilayotgan Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti kampusida rektorat va ayrim fakultetlar binolarida yakuniy qurilish va pardozlash ishlari olib borilmoqda. Kampus o‘quv binolari, ilmiy laboratoriyalar, axborot-resurs markazi, elektron kutubxona, talabalar turar joylari, sport va madaniyat inshootlarini o‘z ichiga oladi.

Yangi Toshkentning asosiy ilm-fan va ma’rifat maskanlaridan biri sifatida barpo etilayotgan kutubxona binosida qurilish ishlarining 90 foizi bajarilgan va joriy yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. U 30 ming kvadrat metrdan ortiq maydonga ega bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 1 ming 420 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsata oladi. Unda ko‘zi ojiz fuqarolar uchun maxsus sharoitlar ham yaratiladi.

Ellik gektar maydonda barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” universiteti kampusi 10 ming nafar talabaga mo‘ljallangan bo‘lib, ta’lim, ilmiy tadqiqot, innovatsiya va talabalar hayotini yagona muhitda uyg‘unlashtiradi.

55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan zamonaviy futbol stadioni qurilishi 2025-yil noyabr oyida boshlangan bo‘lib, hozirda bunyodkorlik ishlarining 65 foizi bajarilgan. Stadion 2027-yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining asosiy arenasi sifatida xizmat qiladi. U FIFAning barcha talablariga muvofiq qurilmoqda va “yashil energiya”, “aqlli boshqaruv” tamoyillariga asoslangan. Bunyodkorlik ishlarining bunday jadal sur’atlarda olib borilishi Yangi Toshkentni zamonaviy ilm-fan, ta’lim va sport markaziga aylantirishga qaratilgan strategik maqsadlarni aks ettiradi.

Saudiya bilan tibbiyot sohasidagi hamkorlik

28-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi sog‘liqni saqlash vaziri Fahad bin Abdulrahmon al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning jadal rivojlanayotgani, ayniqsa, “ACWA” kompaniyasi bilan yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini alohida qayd etish joiz. Muloqot davomida O‘zbekistonda tibbiyot sohasini raqamlashtirish va modernizatsiya qilish, farmasevtika tarmog‘ini tartibga solish, kadrlar tayyorlash, ko‘p tarmoqli shifoxona barpo etish masalalariga e’tibor qaratildi. Uchrashuv yakunida yangi loyiha hamda tashabbuslarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi. Bu tibbiyot sohasidagi islohotlarning yana bir amaliy qadamidir.

Madaniy meros va jahon e’tirofi: YUNESKO ro‘yxatidagi Toshkent modernizmi

YUNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasining Koreya Respublikasi Pusan shahrida bo‘lib o‘tgan 48-sessiyasida O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega voqea yuz berdi. “Toshkent modernizm me’morchiligi. Markaziy Osiyoda zamonaviylik va an’analar” milliy nominatsiyasi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Bu bilan Toshkentning XX asr ikkinchi yarmiga oid 10 ta noyob me’moriy inshooti xalqaro miqyosda e’tirof etildi.

Ro‘yxatga “Marvarid” turar joy binosi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, “Xalqlar do‘stligi” saroyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Toshkent davlat sirki, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zali, O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyi, “Eski Juva” (Chorsu) bozori, “Kosmonavtlar” metro bekati va “Quyosh” geliokompleksi kabi inshootlar kiritildi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ta’kidlaganidek, bu faqatgina bir nechta binoning emas, zilziladan keyingi Toshkentning qayta bunyod etilishi bilan bog‘liq butun bir davrning e’tirofidir.

Mintaqaviy integratsiya yo‘lida

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 29-iyul kuni amaliy tashrif bilan Ostonada bo‘lishi haftaning muhim tashqi siyosiy voqeasi bo‘ldi. Bu tashrif, shubhasiz, ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi.

Davlatimiz rahbari Ostona shahrida “Kelajak o‘yinlari” uchinchi xalqaro musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Mazkur o‘yinlar an’anaviy sport turlari va ularning raqamli shakllarini mujassam etgan Fijital (Phygital) konsepsiyasiga asoslangan. 29-iyuldan 9-avgustgacha davom etadigan musobaqada 50 dan ortiq mamlakat, jumladan, O‘zbekiston sportchilari ishtirok etyapti.

Prezidentimizning musobaqaning ochilish marosimida ishtirok etishi zamirida chuqur siyosiy va diplomatik maqsadlar yotadi. Bunday yirik madaniy-sport tadbirlari davlat rahbarlariga rasmiy protokollardan  xoli ravishda, erkin va samimiy muhitda ikki tomonlama aloqalarni muhokama qilish imkonini beradi.

Qozog‘iston – O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkorlaridan biri. Ikki tomonlama tovar aylanmasi izchil o‘sib bormoqda va yaqin yillarda uni 5 mlrd. dollardan 10 mlrd. dollargacha yetkazish rejalashtirilgan. Birgalikda qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilyapti. Mashinasozlik (avtomobillarni yig‘ish korxonalari), qurilish, farmasevtika va qishloq xo‘jaligi sohalarida yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Chegara hududida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi tashkil etilmoqda, bu esa bojsiz savdo va ishlab chiqarishni yangi bosqichga olib chiqadi.

O‘zbekiston va Qozog‘istonning kuchlarni birlashtirishi Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy rivojlanishi uchun lokomotiv bo‘ladi. Barcha sohada ijobiy o‘sish kuzatiladi. Va bu xalqlarimiz manfaatlariga to‘la javob beradi. Davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlar bunday yuksak sheriklikning muhim omili bo‘lishi, shubhasiz.

Sport va raqamli texnologiyalar bayrami fonida kechgan oliy darajadagi siyosiy muloqotlar Markaziy Osiyoda tinchlik, iqtisodiy taraqqiyot va mintaqaviy integratsiyani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston: ishonch va pragmatizmga asoslangan yangi davr

Bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida mutlaqo yangi – ishonch, strategik yaqinlik, pragmatizm va o‘zaro manfaatlarga asoslangan ikki tomonlama hamkorlik modeli shakllandi. Oliy darajadagi tashrif esa shakllangan ushbu yangi modelni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tashrifning markaziy mavzularidan biri – savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, sanoat, transport-logistika va energetika sohalaridagi amaliy sheriklikni chuqurlashtirishdan iborat. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar shunchaki muloqot darajasida qolmay, aniq global va mintaqaviy ahamiyatga molik mega loyihalar orqali mustahkamlanmoqda.

Masalan, hozirda qurilishi boshlangan “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li koridori mintaqamizning geoiqtisodiy xaritasini tubdan o‘zgartiradi. Bu loyiha Markaziy Osiyo davlatlariga Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiquvchi eng qisqa muqobil tranzit yo‘nalishini taqdim etadi.

“Qambarota-1” GESi loyihasi esa mintaqamizda suv-energetika balansini saqlash, qayta tiklanuvchi “yashil” energiya ishlab chiqarish va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha ikki davlatning hamkorlikdagi eng asosiy flagman loyihasidir.

Hukumatlararo komissiya va Ekspertlar kengashi yig‘ilishlari siyosiy va iqtisodiy kelishuvlarni tahlil qilish va ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish maydonidir. Tashrif kun tartibidan joy olgan O‘zbekiston madaniyati kunlari ikki qardosh xalqning ko‘p asrlik tarixi, tili, dini va qadriyatlari mushtarak ekanini yana bir bor namoyish etadi. Bunday madaniy va ma’rifiy tadbirlar davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va ahil qo‘shnichilik rishtalarini oddiy odamlar, san’at va adabiyot vakillari darajasida yanada mustahkamlaydi.

Shubhasiz, o‘tayotgan hafta O‘zbekiston Respublikasi uchun ichki taraqqiyot va tashqi siyosiy faoliyatning uzviy bog‘liqligini namoyish etgan, kelajakka qaratilgan muhim voqealarga boy bo‘ldi. Energetika sohasidagi boshqaruv samaradorligini oshirishdan tortib, Yangi Toshkentning ilm, ma’rifat va sport markazi sifatida barpo etilishi, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan strategik hamkorlikning yangi bosqichi va tibbiyot sohasida Saudiya Arabistoni bilan aloqalarning chuqurlashishigacha bo‘lgan jarayonlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning rahbarligida Yangi O‘zbekistonning ko‘p qirrali va shiddatli taraqqiyotini aks ettiradi.

YUNESKO tomonidan Toshkent modernizm me’morchiligining e’tirof etilishi esa mamlakatning nafaqat iqtisodiy, balki madaniy salohiyati ham jahon miqyosida yuksak baholanayotganini ko‘rsatadi.

Iqbol MIRZO

“Jadid” gazetasining 2026-yil 31-iyuldagi 31-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600