Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


14.07.2026 | 16:09

img1189

MONTESSORI FAQAT ZAMONAVIY MAKTABMI?

“Namuna” xalqaro Montessori maktabi asoschisi Muhammad RASUL bilan suhbat

– Bilamizki, yurtimizda Montessori mutaxassislarini tayyorlovchi oliygohlar yo‘q. Siz esa birinchilardan bo‘lib haqiqiy Montessori ta’lim tizimida faoliyat yuritadigan “Namuna” xalqaro maktabini ochgansiz. Bosib o‘tgan yo‘lingiz haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Assalomu alaykum. Dastlab Jahon tillari universitetining ingliz tili fakultetini tamomladim. Keyin Latviyaga magistratura yo‘nalishiga o‘qishga  kirdim. O‘qish bilan bir paytda qisman Montessori maktabida ham ishladim. Montessori metodi, falsafasiga qiziqish shu ondan boshlandi va O‘zbekistonga ham bu metodni olib kirish ishtiyoqida yona boshladim. Chunki Maria Montessori ishlab chiqqan bu metod dunyoning qaysi burchagida bo‘lishidan qat’i nazar har bir bolaga mos keladi.

– Ushbu ta’lim tizimi butun dunyoda mashhur. Hatto, ba’zi davlatlar maktabgacha va maktab ta’lim tizimida  Montessori metodidan to‘liq foydalanishi haqida o‘qiganmiz. Lekin hali-hanuz bu haqda ko‘pchilik to‘la ma’lumotga ega emas. Uning mohiyati va falsafasi haqida  gapirib bersangiz.

– Montessori maktabining eng katta yutug‘i bolaning tabiiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashida.

Bunda asosan, biz mutaxassislar, ya’ni Montessori gidlari kichkintoylarning nafaqat aqliy, balki jismoniy, hissiy va ijtimoiy tomonlama teng rivojlanishiga bor e’tiborimizni qaratamiz. Komil natijaga erishish uchun bizda bola uchun tayyorlangan muhit va yetuk mutaxassis bo‘lishi zarur. Oldindan tayyorlangan o‘qituvchi go‘dakning rivojlanish davrlari, unga qachon nima kerakligi, qanday ayricha qiziqishlari borligini kuzatishi va ularni tahlil qilib, har bir bolaga individual reja tuzishi shart. Biz aytayotgan muhit beshta hududdan iborat. Sinfxonamiz bolalarning ma’nan va jismonan to‘kis rivojlanishiga mos bo‘lishi shart. Ya’ni, mebellar balandligi bolalarning ko‘z darajasi bo‘yicha o‘rnatilib, biror ashyo ular qo‘li yetmaydigan, topolmaydigan, ololmaydigan joyda bo‘lmaydi. Birinchisi, amaliy hayot hududi deyiladi. U yerda kichkintoy hayotiy mashg‘ulotlar – qoshiqni ushlashdan tortib, stolni artishgacha, hech kimning yordamisiz ovqatlanishi, kiyinishi, hattoki ust-boshini o‘zi yuvib dazmollashi, qorni ochgan paytda salat tayyorlab yeyishi mumkin.

– Ko‘pchilikda Montessori bolalarga faqat uy ishlarini qilishni o‘rgatadi, degan tasavvur bor ekan…

– Bu noto‘g‘ri qarash. Bola o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatganda mustaqillik ko‘nikmasi paydo bo‘ladi. Qolaversa, diqqatini ko‘proq vaqt jamlashni o‘rganadi. Ayniqsa, o‘ziga bo‘lgan ishonchi shakllanadi. Ya’ni, hammasini men o‘zim uddalay olaman, hech kimga yalinib o‘tirishim shart emas, xohlagan joyimga bora olaman, degan fikr murg‘akning kelajakda o‘ziga ishongan va mustaqil fikrlaydigan shaxs bo‘lib yetishishiga yordam beradi.

Bizda olma kesish, bir chiziqdan chiqmasdan yurish kabi ko‘plab mashg‘ulotlar bor. Bolalar hovli va pollarni supurishadi, gullarga suv quyadi, ovqatlanish paytida ham dasturxon yozishdan tortib, idishlarni yuvishgacha bo‘lgan barcha ishlarni o‘zlari qilishadi. Bir qarashda bular oddiy uy yumushlariga o‘xshab ko‘rinishi mumkin. Ammo meva kesayotganda bola pichoqni qanday ushlashni, to‘liq bosganda qo‘li, bilagi, barmoqlarini qanday ishlatish kerakligi, qo‘l va ko‘z koordinatsiyasi, kichik va katta motorikasini rivojlantiradi. Bola hamma amaliy hayot materiallari bilan takroriy shug‘ullanishi zarur. Bu miyada yangi neyronlar hosil bo‘lishi va bir-biri bilan ulanishida juda muhim. Montessorida biz bolalarni sabr-toqatga, o‘z-o‘zini nazorat qilishga, bir ishni oxirigacha yetkazishga, takror orqali diqqatni jamlash va mahoratga o‘rgatamiz.

Sensorikada esa beshta sezgi organini nozik charxlaymiz. Bu degani – ko‘zda vizual, quloqda ovoz, tilda ta’m bilan his qilish, burunda olfaktor, qo‘l bilan his qilish sezgilarni faollashtiramiz. To‘g‘ri, bola bularni avvaldan biladi. Lekin biz sensorikada shu mavhum tushunchalarni nomlashga o‘rgatamiz.

Madaniyat hududida esa bola o‘zi yashab turgan joyi, davriga mos, geografiya, san’at, astronomiya, biologiya, zoologiya kabi bilimlarni egallaydi. Hayvon turlari: umurtqalilar, sudralib yuruvchi, sut emizuvchi, suvda va quruqlikda yashovchilarning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganamiz. Botanikada  tabiatni, barglar turi, gullarning nomini o‘rganib, amaliy mashg‘ulotda gerbariylar qilamiz ulardan. Tasviriy san’at namunalari, natyurmort, miniatyura  janrlari va buyuk rassomlarni o‘rganamiz. Kamoliddin Behzod, Pikasso kim bo‘lgani haqida bolalar bilan suhbatlashamiz.

– Siz aytayotgan ishlarni bajarishga kichik yoshdagi bolalarning toqati yetadimi?

– Bolalarimiz hatto, matematika o‘qib ham charchab qoldik, deyishmaydi. Chunki matematika darslarida mavhum narsalar materiallashtirib boriladi. Misol uchun, birlik, o‘nlik, yuzlik va minglikni ifodalaydigan detallar bor. Kichkintoylar uni bemalol ushlab va ko‘tarib ko‘roladi. Hammasi ilmiy asoslangan. Bolalar materiallarimiz yordamida to‘rt yo to‘rt yarim yoshda qo‘shish, ayirish, ko‘paytirishni bemalol o‘rgana oladi.

Yana til maydoni mavjud. Unda kundalik hayotimizda ishlatiladigan so‘zlardan tortib, murakkab so‘zlarni o‘qish va ergashgan qo‘shma gaplarni morfologik bilib olishi mumkin.  

– Demak, Montessori sinfida farzandlarimiz bog‘cha yoshidayoq maktabda o‘rgatiladigan bilimlarni ham egallashi mumkin ekan-da?

– Bu metod shunaqaki, bola ikki yarim yoshda maktabga kelsa,  uch-to‘rt yillik dasturimizni tugatgach, matematikada yetti xonali sonlarni qo‘shib, ayirib, ko‘paytirish, hatto kasr sonlarni ham qo‘shish, ayirish, ko‘paytirish, ona-tilida ergashgan qo‘shma gaplarni tahlil qila olish ko‘nikmasiga ega bo‘ladi. Asosiysi, o‘ziga o‘zi to‘liq xizmat ko‘rsatishi  va boshqalarga ham yordam berolishi mumkin, yashayotgan qit’asi, davlatlar nomini, bayrog‘ini, poytaxtlarini, yaxshi ko‘rgan hayvonlarining turi, xususiyatlarini to‘liq o‘rganadi. 

– Bugun erta rivojlantirish atamasi ota-onalar o‘rtasida urf bo‘ldi. Erta rivojlanish – erta ta’limmi? Ko‘pchilik buni maktab yoshigacha yozish, o‘qishni bilish, deb tushunadi. Bolalarni erta rivojlantirish  bugun qay darajada zarur?

– Odamlarimizda ikki xil fikr bor. Ba’zilar uch yoshgacha barcha bilimlarni berish kerak desa, boshqalar hech narsa o‘rgatmaslik kerak, bola o‘zi rivojlanadi, hech narsa qilish kerak emas, deb hisoblashadi.  Montessori esa moʻtadil tizim. Bizda bola rivojlanishi uchun barcha sharoit yaratilishi lozim.  U xohlasa rasm chizishi, xohlasa o‘ynashi, xohlasa matematikadan misol yecholishi kerak. Muhimi, bola qiziqqan ishi bilan shug‘ullanishi shart. Bunda bolaga faqat yo‘nalish beriladi, kuzatib boriladi. Bosim o‘tkazish, jismoniy va psixologik tazyiqlar aslo mumkin emas.

– Montessori maktabida ko‘p vazifalar o‘yin sifatida o‘rgatilar ekan. O‘yin bilan shunchalik katta natijalarga erishish mumkinmi? 

– Biz doim “ish” deb gapiramiz. Hech qachon: “Bolalar, yuringlar, o‘yin o‘ynaymiz”, deyilmaydi. Montessorida o‘yinchoqlar yo‘q, faqat materiallar bor. Masalan, haqiqiy qaychi, haqiqiy savat, haqiqiy ko‘zalarni ishlatamiz. Bularning hammasi shisha, metall, chinnidan qilingan. O‘z vazifasini bajara olmaydigan narsalarni esa o‘yinchoq deb atash mumkin. To‘g‘ri, bular kattalar nazdida oddiy mashg‘ulot, lekin bolalar uchun haqiqiy mehnat, o‘zini o‘zi qurish, shaxsiyatini yaratish. Bizning maqsadimiz kelajakda olimlarni yetishtirish emas, baxtli, o‘ziga ishongan va keng dunyoqarashli  insonlar tarbiyalash. Montessorichilar ichida buyuk shaxslar ko‘p. Misol uchun, mashhur yozuvchi Gabriel Garsia Markes, facebook hammuassisi Mark Zukkerberg, Jeff Bezos (Amazon), Larry Page (gugl)larni sanash mumkin. Angliya qirollik oilasi qirolicha Dianadan boshlab, barchasi Montessori maktabida tahsil olgan.

Dunyoda oltmish mingta Montessori maktabi bor. Har yili olti millionga yaqin o‘spirin maktabni bitiradi. Ularning hammasi ham mashhur emas, asosiysi, bitiruvchilar o‘z iqtidorini namoyish qilolgan, hayotidan mamnun insonlar.

– Bugun yurtimizda xalqaro maktablar ko‘p. Bu maktablardan  to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirib olish qanchalik o‘zini oqlaydi? Masalan, til, madaniyat masalalari bor…                                 

– Xalqaro maktablar ko‘payishining juda ko‘p yaxshi taraflari bor. Ingliz yoki  rus tilini bola yoshligidan ravon, o‘z ona tilidek o‘rganadi. To‘g‘ridan to‘g‘ri Oksford, Kembrijda o‘qib, xalqaro darajada tadqiqotlar qiloladi. Dunyodagi barcha ilmiy izlanishlar, maqolalardan xabardor bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Xalqaro standartlarda ishlaydigan maktablar birinchi o‘rinda o‘rganilayotgan til va madaniyatni ilgari suradi. Montessorida esa bunday tushuncha yo‘q. Bizning metodda bola qaysi davlatda, qaysi joyda, qaysi davrda tug‘ilgan bo‘lsa, o‘sha davrga moslashishi shart. Bola tug‘ilib o‘sgan qit’a birinchi o‘rgatiladi. O‘sha joydagi fasllar, yashash tarzi, odob-axloq, madaniyat, ota-ona, oila a’zolari bilan munosabat ko‘nikmasi singdiriladi. Bolaning murg‘ak ongi farqni tushunmagani uchun qaysi tilni o‘rgansa, o‘sha madaniyatni qabul qilib oladi. Maktabimizda asosiy til o‘zbek tili, qo‘shimcha ravishda ingliz va rus tillarida ta’lim beriladi. O‘quvchilarimiz O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgani uchun olti yoshgacha birinchi navbatda o‘zbek tilini o‘rganishi shart qilib qo‘yilgan. Bizning tilimiz juda boy. Bu tilni go‘zal qilib ko‘rsatish esa bizning vazifamiz. Agar kichik yoshda o‘zbek tili o‘rgatilmasa, bola hech qachon o‘zbekona fikrlay olmaydi.

– Montessori maktablarida ekran vaqti yo‘qmi?

– Maktabimizda bolalarga gadjetlar berish mumkin emas. Ularning  hayot tarzida dastlabki olti yilda ekran, televizor, kompyuter, telefon, planshet bo‘lmasligi shart. Chunki bular go‘dakning ham aqliy, ham jismoniy, ham hissiy, ham nutqiy rivojlanishiga bevosita zarar ko‘rsatadi. Bola ekran tomosha qilayotganda passiv holatga tushadi va jismoniy rivojlanishi sekinlashadi. Yaqinda virtual autizm haqida o‘qigan tadqiqotimda ekran bolani har xil nevropsixologik og‘ishlarga olib kelishi mumkinligi yozilgan. Natijada diqqat susayishi, real hayotga qiziqmay qo‘yishi, odamovilik va tilda logopedik muammolar paydo bo‘ladi. Sababi, multfilmda ovoz kolonkadan chiqadi, og‘iz ochilib-yopiladi xolos. Bolaning nutqi jonli gaplashgandagina rivojlanadi. Chunki, inson qay tariqa nafas olishi va qayerda to‘xtashini, lab, tish harakatlarini to‘liq ko‘radi.

Bola ekrandagi kadrlarni anglay olmaydi. Oddiy suv quyishni multfilmda o‘ttiz soniyada ko‘rsa, aniq tushunmaydi va qayta-qayta  ko‘rishni xohlaydi. Hayotda ham o‘sha narsani qidirishni boshlaydi, o‘z-o‘zidan harakatlari tartibsiz ko‘rinish oladi. Ekrandagi qahramonlar agressiv bo‘lsa, ularga taqlid qilishni boshlaydi. Masalan, sherga o‘xshab boshqalarga o‘kirishi, tashlanishi mumkin.

– Chet el maktablaridan nimalarni o‘rganish kerak?

– Ulardan birinchi o‘rinda olishimiz mumkin bo‘lgan narsa – bolaga inson sifatida hurmat ko‘rsatish, o‘zi bilan teng huquqli ko‘rish, katta insonlarday gaplashishdir. Murg‘ak go‘daklarga bosim o‘tkazish, makr ishlatish va yolg‘on gapirish mumkin emasligini anglashimiz zarur. Bola jismoniy jihatdan tazyiq o‘tkazmasak ham rivojlanishi, aytganimizni qilishi, o‘sishi, o‘rganishi mumkinligi xorij tajribasida yaqqol ko‘rinadi.  

– O‘tgan asrda millat bolalarini savodli qilishga uringan, maktab ochib darsliklar yaratgan jadidlarimiz faoliyatidan ham xabardormisiz?

– Ha, albatta. Bilasizmi, jadidlarimiz orasida, ayniqsa, Munavvar qori Abdurashidxonov mening idealimdagi qahramonim. Ularning maktab ochishi, o‘quvchilar uchun darsliklar yaratgani, gazeta, teatrlar orqali insonlarga ziyo ulashgani meni qattiq ta’sirlantirgan. Afsuski, barcha niyat, rejalariga erisholmagan bo‘lsalar-da, ularning millat uchun qilgan va qilmoqchi bo‘lgan ishlari katta ahamiyatga ega. Hatto, maktabimizning nomini tanlashda ham ularga tayanganmiz. Munavvar qori Toshkentda ochgan yangi usul maktabi keyinchalik “Namuna” nomini olgan. Biz ham maktabimiz kelgusida ochiladigan o‘zbek Montessori maktablariga namuna bo‘lsin, degan yaxshi niyat bilan shu nomni tanladik. Latviyadan qaytishimga sabab ham o‘zbek bolalarining yuqori sifatli ta’lim yo‘nalishidan foydalanishiga o‘z hissamni qo‘shish edi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Siz tilga olgan millat oydinlari uchun armonga aylangan “ta’limi komil” nisbasiga yetishishingizga tilakdoshmiz.

Muyassar IBROHIMOVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 10-iyuldagi 28-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img105

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img616

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img612