21.04.2026 | 09:42
855
OG‘IR IZLAR
Mazkur maqola yozilishiga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinovning “O‘zbekistonda sovetlarning qatag‘on siyosati va uning oqibatlari” nomli fundamental asari hamda “Jadid” gazetasida muntazam berib borilayotgan turkum chiqishlari turtki bo‘ldi. Arxivdan bugun biz hikoya qilmoqchi G‘ofur Qosimovning “ayblov” ishi yig‘ma jildini topib o‘rgandik.

G‘ofur Qosimov 1894-yili O‘sh shahrida dehqon oilasida tug‘ilgan, otadan erta yetim qolgan. 1897-yili oila Namangan shahriga ko‘chib keladi. G‘ofur olti yoshdan musulmon maktabida o‘qiy boshlaydi. 12 yoshida yangi usuldagi o‘zbek maktabida tahsilni davom ettiradi. 1908-yilgacha boylar qo‘lida xizmat qilib, asalari boqadi. Inqilobdan keyin Farg‘ona shahrida olti oylik qisqartirilgan pedagogik kursda o‘qib, Namangan shahridagi pedagogik kurslarda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Shundan so‘ng, Namangan shahar xalq maorifi bo‘limi mudiri bo‘lib xizmat qiladi. 1921-yil aprel boshlarida partiya safiga o‘tadi, o‘sha yili Namangan uyezd-shahar ijroiya komitetiga saylanadi va uyezd-shahar militsiya boshlig‘i, uyezd-shahar partiya komiteti mas’ul kotibi bo‘lib ishlaydi.
1922-yil bahorda Qoradaryodagi Kampirravot suv taqsimlovchi tizimning ishdan chiqishi oqibatida Andijonsoy va Shahrixonsoy kanallariga suv kelishi to‘xtab qolgan edi. Respublikada sug‘orish tizimlarini tartibga solish, yangi kanallar qazish muammolari 1923-yil 6-martda Toshkentda bo‘lib o‘tgan irrigatorlarning jumhuriyat kengashida ko‘rib chiqiladi. Kengashda faqat buzib tashlangan inshootlarni ishga solishgina emas, bu borada ilmiy-tadqiqot va loyihalash ishlarini olib borish, malakali mutaxassislar tayyorlash, suv masalasi bo‘yicha qonun ishlab chiqish zarurati ham keng muhokama qilinadi. Shu tariqa 1926-1927-yillarda Shahrixonsoy kanali qurilishi loyihalashtirilib, qurilish trestini boshqarish G‘ofur Qosimovga toshiriladi. Tez orada Farg‘ona oblasti Baliqchi rayonida sug‘orish ishlari tiklanib, Shahrixonda suv taqsimlovchi tarmoq ishga tushadi, suvni tartibga keltiruvchi 25 ta inshoot quriladi, loyiha doirasida Norin daryosidan suv ichadigan Yangiariq kanali qayta ta’mirlanadi.
G‘ofur Qosimov 1924-1925-yillarda Namangan uyezd-shahar “Qo‘shchi” soyuzi raisi bo‘lib ishladi. Shu yillarda 300 ming dehqon qishloq xo‘jalik xarakteriga ega bo‘lgan kooperativ va shirkatlarga a’zo bo‘ldilar. 1923-yili birgina Farg‘ona viloyati bo‘yicha 58 foiz paxta maydoniga chigit aynan shu shirkat va kooperativlar yordamida ekildi. Oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak hamda keng iste’mol mollari ham aholiga imtiyozli baholarda sotila boshlandi. 1923-yildan boshlab paxta yetishtirishdan olinadigan qishloq xo‘jaligi solig‘i bekor qilindi. Aslida, markaz tomonidan berilayotgan imtiyozlar sodda, oddiy o‘zbek paxtakorining arzimas pul hisobiga qaramligini oshirib, o‘lkada paxta yakkahokimligi kundan kun chuqurroq ildiz otishiga olib kelayotgan edi. Xususan, mehnat va mudofaa kengashining 1923-yil 4-avgustdagi qaroriga muvofiq, 10 million pud paxta va 3 million pud tolaning markazga olib ketilishi mazkur siyosatning amaldagi ifodasi bo‘lgan.
Paxta maydonining ko‘payishi don va boshqa oziq-ovqat ekinlarining kamayishiga olib keldi. Natijada, o‘lkada ocharchilik, qimmatchilik yuzaga kela boshladi. Masalan, 1923-yilda Farg‘ona vodiysida misli ko‘rilmagan qimmatchilik, ocharchilik yuz berdi. Bu holni bartaraf etish choralarini izlar ekan, G‘ofur Qosimov qardosh Ozarbayjon Respublikasi ilgari surgan “paxtani to‘liq ravishda Bosh paxta qo‘mitasiga emas, turli Xalq komissarliklari bo‘yicha tarqatish tashabbusi”ga xayrixohlik bildirdi. Keyinchalik esa Kavkazorti Federativ respublikalari o‘z paxtasini chetga – valyutaga sotish imkoniga ega bo‘lgani tinchini o‘g‘rilab, unda jiddiy norozilik uyg‘otdi.
Shu o‘rinda “Nima uchun Turkiston o‘lkasidagi Paxta qo‘mitasi o‘z hududiy mustaqilligi uchun kurashmadi, paxta yetishtirish va sotishda mustaqil siyosat yuritmadi?” degan o‘rinli savol tug‘iladi. Bu borada u qo‘mitaning aksariyati yevropalik bo‘lgan rahbarlari – jumladan, qo‘mita raisi I.Biryushev, o‘rinbosari N.Krishtal va a’zolari F.Dyujev, M.Nikolskiy hamda boshqa hududiy sarmoyadan manfaatdor bo‘lmagan shaxslar tufayli paxtani sotish masalasi amalda markazlashgan Bosh paxta qo‘mitasi ixtiyorida qoldirilgan, degan xulosaga kelgan. Shu bois, paxtachilik sohasi bo‘yicha mahalliy kadrlarni tayyorlash tashabbusi bilan chiqib, o‘zi ham 1928-1929-yillarda Moskvada Oliy partiya maktabi huzuridagi Oliy kolxozlar institutida tahsil olib qaytdi.
Shu davrlardayoq uning mustaqil fikr yuritishi va ayrim siyosiy masalalarda rasmiy qarashlardan farqli pozitsiyasi firqa chinovniklarining g‘ashiga tega boshlaydi. Xususan, mahbus qo‘rboshilarni ozod qilish haqidagi fikri uchun unga hayfsan beriladi.
1929-1930-yillari Namangan rayon paxta soyuzi raisi, 1930-1931-yillari Andijon okrug kolxoz seksiyasi raisi, 1932-yilda To‘raqo‘rg‘on rayon kolxoz soyuzining raisi bo‘lib ishlagan vaqtida G‘ofur Qosimov paxta yakkahokimligi respublikada turli salbiy oqibatlarga olib kelishini oldindan ko‘ra bilgani holda, respublikada ipakchilik sanoatini rivojlantirish taklifi bilan chiqadi. 1932-yil oxirida o‘sha vaqtda respublika rahbari Akmal Ikromov shaxsan o‘zi G‘ofur Qosimovni Toshkentga chaqirib olib, “O‘zbekipak” tresti direktori qilib tayinlaydi.
Bevosita uning sa’y-harakati bilan Farg‘ona shahridagi birinchi 56 qozonli pillakashlik fabrikasi faoliyati kengaytiriladi. 1927–1932-yillar davomida Samarqand, Buxoro va Marg‘ilon shaharlarida shunday fabrikalar qurilishi yakuniga yetadi. 1932-yildan ularda to‘la smenada ish tashkil etishga erishiladi. Shu asosda ipak tolasidan shoyi to‘qish tarmog‘i kengayib, Marg‘ilon, Namangan, Samarqand va Qo‘qon shaharlaridagi fabrikalarda 1937-yilga qadar tabiiy ipakdan turli xil mato-gazlamalar ishlab chiqarildi. Mahalliy xomashyoga asoslangan ushbu mahsulotlar ichki bozor barobarida xorijga ham chiqarildi.
Paxtaga qaraganda kam xarajat, kam mehnat talab qiladigan ipakchilik sohasidagi bu yutuqlar markazning paxta yakkahokimlik siyosatiga zid deb baholanib, qahramonimiz faoliyatiga nisbatan munosabatning keskinlashuviga olib keladi. Ayni shu ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir sharoitda u faqat xo‘jalik va boshqaruv ishlari bilan cheklanib qolmay, ma’naviy-ijodiy izlanishlarga ham e’tibor qaratib, 1935-yilda “Yozi va Zebo” nomli sahna asarini yaratadi.
Biroq uning mustaqil qarashlari va amaliy faoliyati ko‘p o‘tmay siyosiy ayblovlar uchun asos sifatida baholanadi hamda taqdirida hal qiluvchi burilishga olib keladi. 1937-yil 5-avgust kuni G‘ofur Qosimov aksilinqilobiy tashkilot a’zosi sifatida ayblanib, Toshkent shahri Mayakovskiy ko‘chasi 7-uyda hibsga olinadi. 1937-yil 22-23-avgust kunlari tergov qilinib, undan avval “Nashri maorif” tashkiloti, keyin “Milliy ittihod” tashkilotining Namangan filialidagi faoliyati haqida so‘raladi. G‘ofur Qosimov jamiki tuhmat-u bo‘htonni keskin rad etadi.
Biroq “ayb”larni tan oldirishda har qanday qabihlik, jirkanch ishlardan toymaydigan NKVD xodimlari uni yaqindan bilgan, birga ishlagan shaxslarni tergovga tortadi. Shu zayl, “kerakli ko‘rsatmalar” qo‘lga kiritiladi. 1937-yil sentyabr oyining o‘rtalarida o‘tkazilgan tergovlar davomida bir necha shaxsdan olingan ko‘rsatmalarda 1920-yilda Namangan shahridagi Tatarskiy ko‘chasida joylashgan uylardan birida “Nashri maorif” tashkilotiga a’zolikka qabul marosimlari bo‘lib o‘tgani ta’kidlanib, G‘ofur Qosimov ham ushbu tashkilotga a’zo ekani haqida ma’lumotlar keltiriladi. Boshqa ko‘rsatmalarda G‘ofur Qosimov bilan yaqindan tanish shaxslar uni 1918-yildan boshlab aksilinqilobiy tashkilot a’zosi bo‘lgani, hatto Qo‘qon muxtoriyatini tashkil etish jarayonida faol ishtiroki haqida bayon qilishgan.
1937-yil sentyabr-oktyabr oylarida o‘tkazilgan navbatdagi tergovlarda bir necha shaxs G‘ofur Qosimovning partiya va sovet hokimiyati tizimida mas’ul lavozimlarda ishlagani, yuqori lavozimli shaxslar bilan yaqin aloqada bo‘lgani hamda ularning topshiriqlarini o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarib kelgani haqida ko‘rsatmalar berishadi. Tergov jarayonida mahbus gumondor shaxslar bilan yuzlashtirilmagan, ularning “ko‘rsatma”lari qanchalik haqiqat yoki NKVD xodimlari tomonidan to‘qib chiqarilganini bilmagan G‘ofur Qosimov qiynoqlar, azoblar oqibatida “ayblar”ni tan olishga majbur qilingan.
Xavfsizlik xizmati katta leytenanti Miroshnichenko, 4-bo‘lim boshlig‘i Agabekov, bo‘lim yordamchisi Matveyev uni ayblash uchun, jumladan, quyidagicha xulosa tayyorlaydi: “1922-yilda tashkilot markazi rahbari Abdulla Karimov topshirig‘i bilan “Milliy ittihod” filialiga asos soladi. Filial a’zolari To‘raqo‘rg‘on va Chustda xonadonlarda o‘tkaziladigan “GAP” mehmondorchilikka to‘planib, yashirin yig‘ilishlar tashkil qilgan. Aholi o‘rtasida sovet hukumatini ag‘darish, o‘rniga islomiy davlat tuzishni, shariat va qozilik sudlarini tiklashni, ayollarning ozodlikka chiqishi, ularni jamiyatdagi ishtirokini cheklashga doir targ‘ibotlar olib borgan hamda bosmachilarga yordam qilishda faol ishtirok etgan…”
Tergov xulosasida u 1927-yildan aksilinqilobiy o‘ng og‘machilar guruhi tarkibiga kirgani, milliy masalaga doir antisovet harakatlarda ishtirok etgani va boshqalarni ham ushbu guruhga jalb qilgani, 1932-yildan esa rahbarlik lavozimida turib ipakchilik sohasida antisovet targ‘ibot olib borgani, uning rivojiga zarar yetkazgani hamda aksilinqilobiy tashkilotni ma’lumotlar bilan ta’minlab kelgani haqida ayblovlar keltirilgan.
Ayblov xulosasi NKVD uchligi tomonidan 1937-yil 1-dekabrda Oliy sud harbiy kollegiyasiga yuboriladi. Harbiy kollegiya sayyor sessiyasining 1938-yil 4-oktyabr kuni soat 12:15 da boshlangan majlisi atigi 20 daqiqa davom etadi. Mana shu qisqa vaqt ichida G‘ofur Qosimov otuvga hukm etilib, hukm o‘sha kuniyoq ijro qilinadi.
Tabiiyki, u qatag‘onga uchragan damdan boshlab oila barcha haq-huquqlardan mahrum qilinadi, “xalq dushmani”ning oilasi yoki farzandi tamg‘asi bilan uzoq yillar ta’qib ostida yashaydi. Bu paytda uning turmush o‘rtog‘i qaramog‘ida qolgan yetti nafar farzandi – besh qiz va ikki o‘g‘li bor edi. Ammo qatag‘ondan keyingi yillarda oila a’zolari tomonidan qilingan murojaatlarda ular haqida to‘liq ma’lumot uchramaydi. Ayniqsa, ayrim farzandlarning mutlaqo tilga olinmagani ularning taqdiri fojiali yakun topgani, ehtimol, qatag‘on yillarining og‘ir sharoitida vafot etgan bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi.
O‘ktamjon UBAYDULLAYEV,
Andijon davlat universiteti dotsenti
“Jadid” gazetasining 2026-yil 10-apreldagi 15-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



