11.09.2025 | 09:22
274
OLIMLIK UMRBODDIR
Muhaddislar sultoni Imom Buxoriyning “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay” degan hikmati, mana, oradan 12 asr o‘tgan bo‘lsa ham, o‘z dolzarbligini yo‘qotmadi. Sakson yillik umrim davomida bu so‘zlar haqiqat ekaniga guvoh bo‘ldim. Prezidentimiz farmoniga binoan “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlangan kunlarimda ortda qolayotgan umr va ilm yo‘lim haqida ko‘p o‘yladim. Bu manzilga olib kelgan ba’zan ravon, ba’zan chaqirtikonli yo‘llarni qayta bosib o‘tganday bo‘ldim.

Men 1945-yilda Toshkent shahrida, oddiy ishchi oilasida tug‘ilganman. Bolaligim o‘ta og‘ir yillarga to‘g‘ri keldi. Zamon qanchalar murakkab va nozik bo‘lmasin, ota-onam bilim olishimga katta e’tibor qaratdi. 1970-yilda Toshkent davlat universitetining Sharq fakulteti arab tili bo‘limini muvaffaqiyatli bitirdim. Soham bo‘yicha yangi bilimlarni egallash va tajriba oshirish maqsadida bir necha yil Misr va Iroqda tarjimonlik qildim. Misr Arab Respublikasining Ayn ash-Shams universitetida o‘qituvchi bo‘lib ishladim.
Vatanga qaytgach, to‘plagan ilmimni ToshDU Sharq fakultetining arab filologiyasi kafedrasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetini rivojlantirishga yo‘naltirdim. Hozirgi kunda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi dotsenti lavozimida ishlab kelmoqdaman.
Olim sifatida zamonaviy arab adabiyoti va islomshunoslik yo‘nalishida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordim. 2002-yilda “Hozirgi zamon Suriya romanchiligining rivojlanish xususiyatlari va asosiy yo‘nalishlari (Xanna Mina ijodi misolida)” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildim. 2004-yili “Osiyo va Afrika mamlakatlari xalqlari adabiyoti” ixtisosligi bo‘yicha dotsentlik unvonini oldim.
Mustaqillik yillarida dunyoga keng yo‘llar ochilgani sharofati bilan qator xalqaro ilmiy konferensiyalarda ishtirok etdim. Xususan, “YUNESKO kafedralarining yubiley konferensiyasi” (Parij), “Siyosiy strategiyalar: Fundamentalizmga qarshi kurash” (Germaniya), “XXI asrda musulmon dunyosi” (Istanbul), “Musulmon mamlakatlarida ta’lim tizimi” (Istanbul), “Islom madaniyati” (Makka) kabi xalqaro anjumanlarda ma’ruza qilish baxtiga musharraf bo‘ldim.
Bugun esa O‘zbekistonning o‘zi qator xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarga munosib mezbonlik qilmoqda. Buning uchun Vatanimizda barcha sharoitlar yaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi “Diniy ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Toshkent islom universiteti va O‘zbekiston islom akademiyasi negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. 2025-yil 21-aprel kuni esa muhim hujjat, O‘zbekiston Prezidentining “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni qabul qilinib, unga muvofiq, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi deb qayta nomlandi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilgari tariximizda bo‘lmagan ulkan va noyob loyihadir. Markaz ilmiy-ma’rifiy va diniy-ma’naviy infratuzilmaning yangi innovatsion shaklini o‘zida mujassam etgan xalqaro platforma bo‘lib, uning asosiy vazifasi buyuk ajdodlar merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” g‘oyasini ommalashtirish hamda xalqimizning o‘tgan davr va Yangi Renessans zamonidagi yutuqlarini chuqur tadqiq qilishdan iborat.
O‘z sohamdan kelib chiqadigan bo‘lsam, dunyo Mahmud Zamaxshariy avlodlaridan ko‘p narsa kutadi, o‘zbekistonlik olimlarning chiqishlari arab tili mutaxassislarini doim o‘ziga jalb qilib kelgan. Bu bejiz emas. Zero, Mahmud Zamaxshariy (1075–1144) Markaziy Osiyodan chiqqan eng mashhur tilshunos, mufassir va adibdir. U arab tili rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning ishlari nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun islom olamida arab tili ilmining asosiy manbalaridan bo‘lib xizmat qilgan. Olimning “Al-Mufassal fi san’at al-i’rob” asari arab tili grammatikasining eng mukammal qo‘llanmalaridan biridir. Unda nahv (sintaksis) va sarf (morfologiya) qoidalari tartibli va tizimli ravishda izohlangan. Bu kitob keyingi grammatiklarga asosiy manba bo‘lib xizmat qildi.
Zamaxshariy arab tilidagi lug‘at boyligini, badiiy uslublarni chuqur o‘rgangan. U arab adabiyotida qo‘llanilgan so‘z san’atlarini tartibga soldi va ilmiy asos bilan izoh berdi. Bobomiz “Asos al-balag‘a” (“Balog‘at asosi”) lug‘atini tuzgan. Bu lug‘at arab tilidagi so‘zlarning ma’nosini faqat quruq izoh bilan emas, balki adabiy misollar va iboralarda qo‘llanishi bilan keltiradi. Shuning uchun asar arab tili o‘qitishda, xususan, adabiy tilni o‘rganishda asosiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan. Va shu bois u arab olamida “tilshunoslarning imomi” sifatida ulug‘lanadi. Biz ana shunday bemisl xazinaga munosib vorislik qilishimiz kerak.
Arab tili va adabiyotini o‘rganish bizga buyuk tariximizni teran anglashga, haqiqatni aniqlashtirishga yordam beradi. Chunki arab tilining Markaziy Osiyo ilm-fani, adabiyoti va madaniyatiga ta’siri juda keng va ko‘p qatlamli bo‘lgan. Xususan, arab adabiyotidagi qasida, marsiya, qit’a, ruboiy kabi janrlar Markaziy Osiyo adabiyotida keng tarqaldi. Qur’on va hadislar asosida yozilgan tafsir, hadis, fiqh asarlari adabiy-nazmiy uslubga ham kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Nasrda maqoma janri, she’riyatda madhiya va hamd an’analari paydo bo‘ldi. Qur’ondagi balog‘at va badiiyat (go‘zallik, so‘z o‘yinlari, metafora, tashbeh, saj) Markaziy Osiyo shoirlariga ulkan ilhom manbayi bo‘ldi. She’riyatda arab aruz vazni keng yoyildi. Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy kabi shoirlar aruzda ijod qildi.
Buxoro, Samarqand, Xorazm, Farg‘ona ilmiy markazlarga aylangan davrda arab tili ilm-fan va falsafaning xalqaro tili bo‘ldi. Beruniy, Forobiy, Ibn Sino, Xorazmiy, Farg‘oniy kabi allomalar o‘z asarlarini arab tilida yozgan. Bu asarlar keyinchalik Yevropa Uyg‘onish davriga ham ta’sir ko‘rsatgan. Fikrimni ulug‘ jadid Mahmudxo‘ja Behbudiyning maqolasidan olingan parcha bilan davom ettirsam: “Biz turkistoniylarg‘a turkiy, forsiy, arabiy va rusiy bilmoq lozimdur”. Bu qatorda arab tilining sanalishi sababi ko‘pchilikka ma’lum. Birinchi va Ikkinchi Renessans davridagi ilmiy va badiiy adabiyotlarning katta qismi arab tilida yozilgandir. Arab tilini bilgan olimlar bu merosni asl nusxada o‘qib, tadqiq qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa o‘z tarixiy ildizlarimizni chuqurroq anglashga yordam beradi.
Yana bir faktni ta’kidlashni istardimki, arab tili BMT rasmiy tillari safidan joy olgan. Bu ham ushbu tilning strategik ahamiyatidan darak beradi. Shu ma’noda, bugun O‘zbekistonda ilm-fan sohasiga, xususan, arab tili va adabiyotiga ilmiy yondashuv yangi bosqichga ko‘tarildi. Olimlar uchun barcha sharoitlar muhayyo qilinib, faqat ilm bilan shug‘ullanishga jalb qilindi. Bunday keng qamrovli islohotlar davrida “Endi nuroniy bo‘ldik, qolganini yoshlar qilaversin”, deb chetda turish yaramaydi. O‘qituvchi nafaqaga chiqishi mumkin, lekin olim hatto, ta’tilga chiqmaydi. Uning faoliyati umrboddir.
Abdulhay ABDULLAYEV,
“Imom Buxoriy” ordeni sovrindori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-sentyabrdagi 36-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



