12.08.2025 | 09:06
747
OLIY TA’LIM ISLOHOTLARI: TANLOV IMKONIYATI KENGAYMOQDA
Dunyoning eng nufuzli oliygohlari asosan nodavlat shaklda faoliyat yuritgani holda, yurtimizda xususiy universitetlar haqidagi tasavvur keyingi o‘n yillikda shakllandi. Albatta, buning turli sabablari, omillari bor. Ammo 2017-yildan sohaga davlat-xususiy sheriklik tamoyili kirib kelgach, ta’limda sifat va samaradorlik, raqobat keskin oshganini ham tan olish kerak.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yilda respublikamiz bo‘ylab 75 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan. Bunda abituriyentlarning o‘qishga kirish ehtimoli qariyb 20/1 nisbatda bo‘lib, ushbu omil iqtidorli yoshlarning oliy ta’lim olish imkonini cheklagani haqiqat. Qolaversa, davlat tasarrufidagi muassasalar o‘rtasida raqobat yo‘qligi dunyoning “TOP-reyting”lariga kirish darajasiga ham soya tashlar edi.
Soha tubdan isloh qilina boshlagach, qisqa fursatda o‘z samarasini bera boshladi. Xususan, 2021-yilga kelib yurtimizda oliy ta’lim muassasalari soni 131 taga, qamrov imkoniyati esa 25 foizga yetdi.
Bunda 2019-yil 8-oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi statistik ma’lumotlar platformasiga ko‘ra, ayni kunlarda o‘zbek oliy ta’lim muassasalari 201 taga yetgan. Shundan 49,75 foizi davlat, 32,32 foizi nodavlat muassasalar hissasiga to‘g‘ri keladi. E’tiborlisi, 953 ming nafardan ortiq talaba davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan bo‘lsa, nodavlat OTMlar 514 ming nafar yigit-qizlarni o‘z bag‘riga olgan. Ushbu raqamlar ham xususiy ta’limning davlat muassasalariga tobora raqobatlasha boshlaganidan darak beradi.
Yana bir jihat. Xususiy oliy ta’lim shaklining rivojlanishi abituriyentlarda tanlov imkonini ham kengaytiradi. Muassasalar esa raqobat muhitida ta’lim sifatini oshirish uchun yuqori malakali professor-o‘qituvchilarni ishga jalb etadi, ilg‘or metodikalarni ta’lim jarayoniga joriy qiladi, zamonaviy texnologiyalarni faol qo‘llaydi.
Shunday ekan, xususiy oliy ta’lim muassasalarining ahamiyati bugun rivojlanish yo‘lidan dadil borayotgan mamlakatlar – jumladan, O‘zbekiston uchun strategik ahamiyat kasb etadi.
Shunga qaramay, bu sohada ham hal qilinishi zarur bo‘lgan ayrim muammolar, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar mavjud. Olaylik, ba’zi xususiy oliygohlar sifatsiz o‘quv dasturlaridan foydalanayotgani yoki tajribasiz kadrlarga tayanib qolgani kuzatilmoqda. Ayrimlari esa yetarli akkreditatsiyaga ega emas, bu bitiruvchilarning kelajakda mehnat bozoridagi pozitsiyasiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Moliyaviy yuklamani ham hisobga olish kerak. Xususiy universitetlarda o‘qish haqi yuqori bo‘lgani sababli ko‘pchilik yoshlar uchun tanlovga maqbul bo‘lmayapti.
Albatta, davom etayotgan islohotlar zanjirida bu jihatlar ham bosqichma-bosqich inobatga olinyapti. Qabul qilingan so‘nggi qaror va farmonlarda, qonunosti hujjatlarida oliy ta’lim tizimida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish ko‘zda tutilgani bejiz emas.
Bunda litsenziyalash jarayonlarining soddalashtirilishi, soliq imtiyozlari berilishi va yer ajratilishidagi to‘siqlarning bartaraf qilinishi fikrimiz tasdig‘idir.
Qisqa qilib aytganda, O‘zbekistonda xususiy oliy ta’lim sektori endigina shakllanmoqda. Bu jarayon hali yo‘l-yo‘riq, tajriba va tartibga muhtoj. Shunga qaramay, xususiy sektorning mavjudligi raqobatni kuchaytiradi, tizimga yangiliklar kiritadi va talabalarga tanlov imkoniyatini yaratadi.
Sir emas, mehnat jamoalarida tobora chuqurlashayotgan raqobat muhiti yuzaga kelgan. Xalqaro maydonda ham kadrlarning yangi avlodidan yuqori kasbiy malaka talab qilinmoqda. Davr har bir oliy ta’lim muassasasidan ham O‘zbekistonimiz, ham mintaqamizdagi qo‘shni davlatlar, ham jahondagi yetakchi davlatlarda mehnat qilishga layoqatli kadrlar tayyorlashni talab qilmoqda. Shubhasiz, bu oliy ta’lim sifatini ta’minlashga bo‘lgan ijtimoiy buyurtma hisoblanadi.
Mamlakatimizning global jarayonlar bilan munosabatlari keskin kengaymoqda. Investitsion muhit faollashmoqda. Ijtimoiy, iqtisodiy sohalarda yangi tarmoqlar, qo‘shma korxonalar paydo bo‘lib, xususiy mulk subektlari rivojlanyapti. Bu jarayon oliy ta’limdan ana shu modernizatsiyalashayotgan iqtisodiyot, takomillashayotgan ijtimoiy sektor talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlashni talab qiladi.
Shu o‘rinda xususiy universitet rektori sifatida o‘z tajribamdan kelib chiqib, ayrim masalalarga e’tibor qaratmoqchiman. Tajribali va yuqori malakali professor va o‘qituvchilar xususiy universitetlarning asosiy boyligi hisoblanadi. Zotan, jahon reytinglarida ham aynan muassasada ta’lim berayotgan muallimlarning salohiyati oliygoh o‘rnini belgilovchi mezon hisoblanadi. Ishga qabul qilishda ularning ilmiy salohiyatiga, shuningdek, xorijiy tillarni bilishi, nufuzli ilmiy jurnallarda maqolalar e’lon qilishi, darslik va o‘quv qo‘llanmalari nashr etilgani, xalqaro “hersh” indeksiga egaligiga jiddiy e’tibor berish darkor.
Ta’lim jarayonida nazariya bilan amaliyotning o‘zaro uyg‘unligiga erishish – bosh masala. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ta’lim jarayonining, ya’ni nazariy bilimlarning amaliyot bilan bevosita bog‘lanishiga alohida e’tibor qaratishni davrning o‘zi talab qilmoqda.
Biz, avvalo, mutaxassislik kafedralari talabalar tanlagan kasbga mos tashkilot, korxona, tadbirkorlik subektlari bilan shartnoma imzoladik. Bunday hamkorlik natijasida tayyorlanayotgan kadrlar o‘zining bo‘lajak ish joyi bilan tanishadi, u yerdagi malakali mutaxassislar tajribasini o‘rganadi. Shu tariqa talaba raqobat muhitida bemalol faoliyat yuritishi uchun zamonaviy kasbiy bilimlarni puxta egallashi zarurligini dildan his qiladi.
Ilmiy tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish, o‘quv jarayonini innovatsiyalar bilan uzviy bog‘lash hamda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish maqsadini xalqaro hamkorliksiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Universitetda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarga Germaniya, Buyuk Britaniya, Latviya, Litva, Estoniya, Indoneziya, Hindiston, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston vakillarini ham taklif etayotganimizning sababi shunda.
Biz tovarlar raqobatbardoshligi haqida ko‘p gapiramiz. Ammo jahon mehnat bozorida ishchi kuchi ham – tovar. Shunday ekan, bugun har qanday oliy ta’lim dargohi vatanparvar, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga majbur. Xususiy oliy ta’lim muassasalariga bu borada mas’uliyat ikki karra ko‘proq tushadi.
Bu mas’uliyatni esdan chiqarishga hech birimizning haqqimiz yo‘q.
Abdusalom UMAROV,
Toshkent amaliy fanlar universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 8-avgustdagi 32-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
83
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
132
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
324



