10.01.2025 | 12:18
1169
Oybekning “Navoiy” romanidan iqtiboslar
Oybekning ushbu romanida Navoiyning hayot yoʻli, oʻsha davrdagi hayot va murakkab siyosiy voqealar aks ettirilgan. “Navoiy” tarixiy-biografik roman janrining nodir namunasidir. Roman voqealari 18 yoshli yigit – Alisher Navoiyning Samarqanddan Hirotga qaytishi bilan boshlanadi va Navoiy hayotining eng samarali va eng sermazmun davrlarini qamrab oladi. Asar voqealari Navoiyning oʻlimini aks ettirish bilan yakunlanadi. Asarda Navoiy tarjimai holining asosiy bosqichlari hayot haqiqatiga mos holda yorqin tasvirlangan. Asarda Navoiyning olijanob fazilatlari, ajoyib xislatlari, Vatan, xalq va adabiyot oldidagi buyuk xizmatlari birin-ketin ochilib boradi.

So‘fi so‘g‘on yer, topilsa yo‘g‘on yer.
Ajab Hirot ekan! Xalvofurushi ham shoir, kabobpazi ham shoir…
Shoir so‘zning musiqiysiga, hatto fikrning musiqiysiga chuqur kirmog‘i kerak.
Kitoblar orqali asrlar bilan, ming yillar bilan, qadim faylasuflari, olimlari, shoirlari bilan suhbatlashish mumkin.
Dunyoda kitob o‘qimoqdan, tafakkurdan, she’r aytmoqdan o‘zga zavqbaxsh mashg‘ulot yo‘qdir.
Ko‘nglingiz har chog‘ el muhabbati bilan labo-lab to‘lsin, har ishga bel bog‘lar ekansiz, elning manfaat va zaruriyatini o‘zingiz uchun bir mezon, deb biling.
Elga xizmat qilgan kishining e’tibori, qadri qiymati oshar.
Yaxshilik bilan nom qoldirmoqning o‘zi ulug‘ mukofotdir.
Davlat arboblari aql va adolatni shior qilsalar, xalqni parvarish etsalar, hayotning zangini oltinga aylantirmoq mumkin.
Shikoyat qilmoq kerak podshohga, shikoyat.
Agar ho‘kizning shoxlari eshakda bo‘lsa edi, u o‘z yoniga hech kimni yo‘latmas edi.
Biz shul toifadanmizki, ular ilm uchun chekilgan har qanday mashaqqat va mahrumiyatni hayotning ulug‘ ne’mati, deb bilurlar.
Dunyoda uch nimarsa uch nimarsasiz qoim bo‘lmagay: mol – betijorat, davlat – besiyosat, ilm – bebahs.
Bahs asnosida fikrlarning zarbalaridan haqiqatning chaqmog‘i yong‘usidir.
Haq so‘zni aytgan og‘izlarni tosh bilan qonatmoq emas, haqiqat tamalini qulatmoqqa ko‘tarilgan qo‘llarni kesmoq zarur.
Bu idorani shiraga o‘ch chirkin pashshalardan tozalamoq zarur!
Xalq bilan bo‘lg‘usi muomalada qilichga emas, adl kuchiga suyanmoq, xalqni jabr-zulmdan qutqarmoq lozim. Zero, xalq shundog‘ bir daryoyi azimki, u toshsa, aning mavjidan na shoxning qasri, na darveshning kulbasi qolur, u shundog‘ bir o‘tki, uning bir uchquni tutashsa, na xashakni qo‘yar, na falakni… Bas, yaxshilik qilmoq kerak: elning, yurtning baxti barqaror bo‘lsa, saltanat ham bexatar bo‘lur.
Kitoblar meni yupantirmoqda, bo‘lmasa, yurtga kelgan falokatlarni ko‘rib, jinni bo‘lishim muqarrar edi.
Ulug‘likka intilsangiz, har qadamni ehtiyot bilan bosing.
Usta bo‘lsang, ofat daryosida suzib, sohilga salomat yetarsen, bo‘lmasa, qa’riga botarsen!
Tunsiz kun yo‘q, dog‘siz lola yo‘q!
Bu e’tirozingizni muhokama qildik, ammo dalillaringizni haqiqatdan uzoq ko‘rdik.
Vazifangizga tamom ixlos bilan kirishgaysiz, shogirdlaringizning ko‘ngliga ma’rifat ishqini solg‘aysiz, mol-davlat uchun ilmingizni sotmangiz. Inson uchun ko‘ngilning sofligi, boyligi kerak.
Yigit uchun mardlik, qahramonlikdan o‘zga ulug‘roq, oliyroq bir fazilat bormi?
Vaqtida ogohlantirmoq – do‘stlarning ishi.
Chaqmoq qancha balandda chaqnamasin, egri bo‘lgani uchun, albatta yerning qa’riga borur. Shamki, to‘g‘ri, adildir – kuysa ham boshdan-oyoq nur bo‘lib kuyur.
Xalq bir podadir. Podani yo‘lga solmoq uchun cho‘ponga yolg‘izgina mutahkam gavron kerak.
Bu dunyoning zavq-safosiga nodon odam beriladi. Qadaming ostiga qara, minglarcha ko‘zlar termuladi! Sen ularni ko‘rmaysen, ammo ko‘ngilning ko‘zi ularni juda ravshan ko‘radi.
Siz hali yosh yigitsiz, mansab poyasida balki yuqorilashursiz. Shu so‘z xotiringizga naqshlanib qolsinki, elga bu yo‘sinda muomala va xizmat qilmoq oqillarning ishi emas.
Inson ruhi uchun haqiqiy zavq mutolaadir.
Aql va adolatning yorug‘ kunduzini, zulm va jaholatning qora tunini hech bir ilm tarix kabi ravshan ko‘rsata olmagan.
El moliga uzatilgan qo‘llarni kesmoq kerak! Agar navkarlar, amaldorlar chigirtkaga aylansalar, tez kunda el gadoy to‘rbasini bo‘yniga osur, bir misqol kumushsiz xazinada sichqonlar bazm qurur.
Alhamdulillo, bizning mamlakatda hukumat mavjud! Hukmdor mavjud, qonun va huquq mavjud. Har kimki bir jinoyat qilibdi, tahqiqlangandan keyin o‘z qilmishiga yarasha jazoga tortilmog‘i kerak. Aks xolda, mamlakatning idora etmoq aslo mumkin emas. Bu kabi ishlarga hech kim uchun alohida huquq va qonun bo‘lmog‘i mumkin emas.
Kishi bir marta sevadi.
Daryo palid menashavad az dahani sak! (Tarjimasi: Itning og‘zi tekkani bilan daryo suvi iflos bo‘lib qolmaydi).
Ishqda fidokorlik – ulug‘ fazilat, yoringning qilmashi ishq, vijdon va aql oldida g‘oyat maqbul, shoyon taajjub ishdir.
Navoiyning yaxshi bir bayti bor, ma’nosi shunday: «Yomonlardan yaxshilik kutmoq hayvon shohida gul unmagini orzu qilmoq bilan barobardir!»
Rasmiy ta’zim va salomdan so‘ng, suv bilan olovday dushmanlar, so‘zlasha boshladilar. Ularning so‘zlari, har vaqtdagi singari, ilk totishda shiringina tuyulib, taxiri so‘ngroq bilinadigan doriday edi.
Hayotda muqarrarlik lozim. Bu – yolg‘iz sa’iy-g‘ayrat bilan muyassar bo‘lur.
Taqdir quyuni bizni bu yerlarga keltirib tashlabdi, bas, sabr-bardosh lozim.
Zamonamizda shunday kishilar borki, ular do‘stlar orasidagi samimiyatni buzishni hunar qilib olganlar.
Kitoblar odamzodning fikr durlarini to‘plab, ularni asrlarga qoldiradilar.
Biz va siz bir hovuch tuproqqa aylanurmiz, lekin kitoblar, tunj va toshdan yasalgan haykallar kabi abadiy saqlanurlar.
Go‘zal niyatlar, ulug‘ maqsadlar qarshisida hech qanday monelikning bo‘lishi mumkin emas.
Haqiqiy inson o‘z ajizini iqror qilmoqdan zavq olur.
Olimlik shuhrati uchun kitob yozmoq shart emas.
Biz hammamiz insonmiz, hammamizda ham nuqson bor. Aks holda, biz farishta, olam jannat bo‘lur edi.
Sizdan shu narsani orzu qilamenki, hammangiz ilmlarni ulug‘ va sof ko‘ngil bilan o‘rganingiz va ularning rivojiga hayotingizni bag‘ishlangiz.
Haqiqiy ilm falak mushkullarini hal qilmoqqa, sirlarni kashf etmoqqa yo‘l ko‘rsatur.
Aqlning kuchiga ishoningiz, sizga har vaqt u rahbar bo‘lsin.
Besh-o‘n kitobni ko‘rib, olimlik da’vosi bilan lof urmoqdan saqlaningiz!
Fikrlarning sayri sayohati uchun qog‘ozlar tolmas qanotlar kabidir, ular tog‘dan ham, dengizdan ham uchib o‘tgusi!
Xursandchilik tiriklikning ziynatidir.
Dilga kelgan fikrni tilga ko‘chirmoqda hamisha ehtiyot shart!
Joningizdan qilcha umidingiz bo‘lsa, endi tilingizni kesing, tamom gung bo‘ling!
Munofiqlar haqiqatdan qo‘qadirlar. Haqgo‘ylik ulug‘ fazilatdir.
Podshohga yaqin turmoq, og‘zini ochgan ajdahoga yaqin turmoq bilan barobar!
Razillarni sharmanda qilmoq ham behuda, chunki ko‘mirchining yuzi qaro, jallodning ko‘zi qon bo‘lganidek, razillarning razolati ular uchun ulug‘ jazo va ayni sharmandalikdir.
Oqillarning ishi xatolarni tuzatmoqdir.
Sizda yalqovlik bor, ana shu balodan qutulishingiz kerak, inim.
Haqiqatan, bobolar xato aytmaganlar: «Suv keltirgan xoru zoru, ko‘za sindirgan aziz!»
Jonimdan kechishga, jonimdan aziz va shirin bo‘lgan vatandan bosh olib ketmoqqa rozimen, ammo haqiqat so‘zini ichimda bo‘g‘olmaymen!
Alisher Navoiyning qahri ham, rahmi ham samimiy. Har vaqt samimiy.
Zolimlar borki, farishta to‘nini kiyadilar. Shayxlar borai, bang hayolotni elga karomat, deb sotadilar. Johillar borki, kitob qo‘ltiqlab olimlikni da’vo qiladilar. Mamlakat boshida tili bilan dili bir bo‘lgan, yolg‘iz xalq manfaatini o‘ylagan, oliy ruhli, pok vijdonli insonlar turmas ekan, hayot sabzasi tobora so‘lur.
Mehru muhabbatni idrok etmoqdan ojiz farzandning bo‘yniga tayoq urmoq otaning vazifasidir.
Mutolaadan zarar ko‘rgan emasmiz.
Jamiki muqaddasotdan XALQ so‘zi aziz va ma’nodordir.
Otang bolasi bo‘lma, el bolasi bo‘l, deganlar.
Men tig‘im bilan, siz o‘z ilmingiz bilan xalqqa, yurtga xizmat qilaylik.
Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



