08.08.2026 | 16:32
1985
OYDIN KELAJAKNI KO‘ZLAB…
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, iqtisod fanlari doktori, professor Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV bilan suhbat

– Domla, bilamizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim qamrovini kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, tizimdagi mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, ilm-fanni iqtisodiyot bilan uzviy bog‘lash, ta’lim va tadqiqot integratsiyasini chuqurlashtirish dolzarb vazifa bo‘lib kelayotir. Mana shu o‘zgarishlar samarasini nimalarda ko‘rasiz?
– Keyingi o‘n yildagi o‘zgarishlar ichida eng ko‘p islohot oliy ta’limda bo‘ldi, desak, adashmaymiz. Son va sifat nuqtayi nazaridan tizimda juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Bu xalqimiz hayotida ham yaqqol ko‘rinmoqda. Avvallari 60 ming abituriyent oliy ta’limga kirish imtihonlaridan o‘tardi, bu jami kollej va litsey bitiruvchilarining 9 foizi edi. Ya’ni, ularning o‘ndan biri o‘qishga kirgan. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning keng qamrovli, ortga qaytmas islohotlari natijasida bugun oliy ta’limda manzara butunlay yangi qiyofa kasb etdi.
Birinchi navbatda ta’lim shakli ko‘paytirildi. Yoshlar faqat kunduzgi yo bir muddat sirtqi bo‘limda o‘qigan bo‘lsa, keyin masofaviy ta’limga ruxsat berildi. Bosqichma-bosqich gibrid va dual ta’limga ruxsat berilmoqda. Bu o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Hammasi talabalarning ehtiyoj va taklifidan kelib chiqib belgilanyapti. Natijada maktabni bitirganlarning 44 foizi talabaga aylanyapti.
Bu faqat raqam ortidan quvish yo chiroyli statistika yaratish ortidan hosil bo‘lmadi. Eng muhimi, har doim sifatga birlamchi e’tibor qaratilmoqda. Son va sifat munosabatlarining o‘ziga xosliklari bor. Hozir sifat bosqichiga o‘tdik. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ikki yildan beri barcha oliy ta’lim muassasalariga xalqaro dasturlarni joriy etish, yoshlarga ko‘proq chet ellarda o‘qish imkoniyatini yaratish, professor-o‘qituvchilarning xorijda stajirovkasini tashkil etish, o‘quv darsliklarini zamonga moslashtirish ishlari jadal olib borilmoqda. Xorijiy dasturlarni tanlashda “TOP-300”talikka kirgan universitetlarni ma’qul topganmiz. Bu o‘z navbatida talabaga xalqaro darajada ta’lim olish imkoniyatini yaratib, diplomni qo‘lga olgach, nafaqat O‘zbekistonda, balki chet elda ham ishlash imkoniyatini beradi.
O‘zgarishlar faqat o‘quv dasturlari va moddiy-texnik baza bilan cheklanmaydi. Har yili 15-16 foiz professor-o‘qituvchilar dunyoning yetakchi universitetlarida ishlab kelyapti. Bunaqasi oldin bo‘lmagan. Hamkorlik geografiyamiz ham kengaydi. Yaqin yillargacha atigi yettita davlat bilan xalqaro darajadagi filial ochgan bo‘lsak, keyingi o‘n yilda ularning soni 32 taga yetdi. Bu safda AQSH, Fransiya, Yaponiya, Xitoydan kuchli universitetlar O‘zbekistonga kirib kelyapti. Markaziy Osiyoda o‘ziga xos ta’lim xabiga aylanyapmiz. Yana bir tomoni: ilgari hamkorlik taklif qilgan universitetlar bilan qo‘shma ta’lim loyihasi yoki filial faoliyatini boshlayverganmiz. Endi biz ham talabni kuchaytiryapmiz. Prezidentimiz “TOP-500”talikka kirgan universitetlar uchun sharoit yaratib berilishini aytdi. Shu orqali o‘zimizda, milliy muhitdan uzilmagan holda, yangicha formatda va jahoniy miqyosda fikrlaydigan talabalarni tarbiyalaymiz.
O‘tgan zamonda biz ergashuvchi edik, ya’ni, bor texnikani o‘rganib, shuning orqasidan oliy ma’lumotli bo‘lardik. Hozirgi talab – yangi texnologiyalar yaratishga qaratilgan. Hamma sohada yangicha yondashuv kerak. Buning hammasi keyingi o‘n yilda oliy ta’limga berilgan imkoniyatlarning natijasidir.
– Darhaqiqat, suhbatimizdan avval ham xorijlik hamkorlarni kuzatib qo‘yganingizga guvoh bo‘ldik. Bilishimizcha, har kuni ikki-uch bor shunday muloqotlar bo‘lar ekan. Bu uchrashuvlarda qanday masalalar ko‘rilyapti, qanday hujjatlar imzolanyapti? Bir so‘z bilan aytganda, bundan o‘zbekistonlik yoshlar uchun qanday manfaatlar ko‘zlangan?
– To‘g‘ri, bu safar ikkita davlatning universiteti bilan tegishli hujjatlarni imzoladik.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili dekabr oyida Tokioga rasmiy tashrifi doirasida Yaponiyaning Sukuba, Nagoya, Tottori universitetlari, Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti, Nagoya iqtisodiyot universiteti kabi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining rahbarlari bilan uchrashdi. Nega? Bugungi kunda 2,8 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba Yaponiyaning yetakchi ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. Bu universitetlar mamlakatimiz uchun eng dolzarb bo‘lgan sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar, qishloq va suv xo‘jaligi, “yashil” energiya va barqaror rivojlanish, seysmologiya va “aqlli shahar” texnologiyalari kabi sohalar bo‘yicha mustahkam ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi va yuqori ilmiy hamda pedagogik salohiyatga ega. Xususan, Sukuba universiteti bilan birgalikda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasasini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolangan edi. Ana shu ta’lim dargohi vakillari bu gal yurtimizga tashrif buyurdi.
Ayni Yaponiya tashrifida boshqa davlatlarda kuzatilmagan holat bo‘ldi: Prezidentimiz rektorlar bilan uchrashdi va ular bizga taklif bilan murojaat qilishdi. Ularning niyati shuki, O‘zbekistonga o‘z dasturini olib kirib, shu asosda tanlangan talabalar Yaponiyada o‘qish imkoniga ega bo‘ladi. Natijada yangi texnologiyalar yarata oladigan salohiyatli kadrlar yetishib chiqadi.
Shuningdek, Germaniya vakillari bilan kasbiy ta’lim bo‘yicha muhim hujjatni imzoladik. Ilmiy tadqiqot bo‘yicha chet ellik hamkorlarimiz bilan muhokama o‘tkazdik. Ular qancha ko‘p bo‘lsa, bizda tanlov imkoniyati keng bo‘ladi. Tanlov esa ta’lim sifatini oshirish imkonini beradi. Aytganimday, avval chet el universitetlariga yalinib yurardik, ularning shartlariga ko‘nardik. Hozir endi ikki tomonlama manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish bosqichiga ko‘tarildik. Masalan, xorijiy universitetlarning kontrakti narxlari tushirilyapti. Bularning barchasi yuqori bilim va tajribaga ega mutaxassislarni tayyorlash hamda yoshlarimizning ichki va tashqi mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishini osonlashtirishga qaratilgan. Bitiruvchilar oliy ta’limni tugatgandan keyin vakant joy qidirib yurmasligi kerak. Hozir mehnat bozoriga qaraydigan bo‘lsak, katta raqobat boshlanganini ko‘ramiz. Bu vaziyatda yangi avlod chekiga o‘ziga o‘zi ish o‘rni yaratish yoki atrofidagi yoshlar uchun ham qo‘shimcha ish o‘rni yarata olish vazifasi tushmoqda.
Ikkinchidan, hozir chet elda ta’lim olayotgan yoshlarimiz ham qaytib kelyapti. Bu xalqaro universitetlar ular uchun yaxshi platforma. Ular kelib bizda dars bersa, ko‘rganini yoshlarga tez va oson singdira oladi. Chet el muhitini his qilmasdan turib xorij dasturini o‘qish yaxshi samara bermaydi. Kelganlarning maoshlari to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, ular xorijdagi ish joylaridagiday, balki undan ham ortiqroq maosh olyapti hozir. Agar mutaxassis o‘z ustida ishlasa, yangilik yaratsa, grantlarda qatnashsa, ilmiy unvoniga qarab qo‘shimcha pul berilyapti. Bularning barchasi Davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilgan sharoitdan.
– Tizimda vazir ham ilojsiz qoladigan masalalar bo‘ladi. Ya’ni, masala yechimi bir kishiga yoki moddiy ta’minotga emas, umumjamoaga yoki jamiyatga taalluqli bo‘ladi. Mana shunday masalalardan qaysi biri bugun yuragingizga og‘ir botadi? O‘zgarishlar to‘lqiniga to‘siq bo‘layotgan “tik qoya”lar nimalarda ko‘rinadi?
– Birinchidan, aksar professor-o‘qituvchilarda hamon sovet davrining tor qoliplarga solingan uslublar saqlanib qolgan. Ular belgilangan darsini beradi va maoshini oladi, tamom. Haligacha yoshlarni kreativ fikrlashga, mustaqil ishlashga o‘rgatadigan ta’limni yo‘lga qo‘ya olmayapmiz. Ikkinchidan, hozir ham ko‘pchilik ota-onalar farzandini faqat diplom uchun o‘qitadi. Ana shu ham katta xatolardan biri. Chunki diplom uchun o‘qiyotganlar darsni qunt bilan o‘rganmaydi, topshiriqni yaxshi bajarmaydi. O‘quv dargohiga kun o‘targa kelib-ketadi. Bu esa, o‘z navbatida, bozorga malakasiz kadrlarning kirib kelishiga sabab bo‘ladi. Mutaxassis bo‘lish uchun sohani sevish kerak. Majburan o‘qishga kirgan bolada kasbga mehr bo‘lmasa, u baribir mehnat bozoridan joyini topolmaydi. Hozirgi ota-onalarga aytamanki, farzandga ixtiyor berish kerak. Qaysi joyda o‘qiyman desa, shunga yo‘naltirish lozim.
Uchinchidan, ta’lim jarayoniga tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilikning aralashuvi bor. Masalan, kimningdir farzandi yaxshi o‘zlashtira olmayotgan bo‘lsa, ota-onasi o‘rtaga tushib, baholarini qo‘ydirib beradi. Aslida, bu talabaga ham, ota-onasiga ham, jamiyatga ham zarar. Ertaga ish topa olmasa, yana universitet aybdor bo‘ladi. Muhimi, farzandlarimizni yoshligidan o‘zi qiziqqan yo‘nalishda sekin-asta tayyorlab borish kerak. Maktabda to‘garaklarga yo‘naltirilsa, keyin shu bo‘yicha kollej yoki texnikumni bitirishi mumkin. Ana unda yaxshi ish ham topadi. Hamma ham oliy ta’limda o‘qishi shart emas. Butun dunyoda 70 foiz ish o‘rni texnikumni bitirganlar, o‘rta bo‘g‘in xodimlari uchun mo‘ljallangan.
– So‘nggi yillarda davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalarini bir-biriga zid qo‘yish yoki taqqoslash holatlari ko‘p uchramoqda. Bu boradagi qarashlaringiz qanday?
– Oliy ta’limda yoshlarga tanlov huquqi berilgan. Davlat oliy ta’lim muassasasida klassik bilim beradi. Bilasiz, klassikada talablar ham boshqacharoq bo‘ladi. Xususiy ta’lim muassasalari dasturlari o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkin va yoshlarga ko‘proq imkoniyat beriladi. Gap bunda emas. Hozir davlat va nodavlat oliy o‘quv yurtlariga teng talablar qo‘yilmoqda. Oliy ta’limga kirishda ham, o‘qish jarayonida ham raqamlashtirish hamma joyga kirib kelyapti. Diplomga qo‘yilgan talablar ham bir xil. Bu hammasi bir-biri bilan integratsiyalashgan tizim. Hamma gap abituriyent tanlovida. Kimdir yashash manziliga yaqin joyda o‘qishni istaydi. Kimdir poytaxt yoki viloyat markazlaridagi nufuzli universitetlarni tanlaydi. Hozir O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat tibbiyot universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti eng ko‘p hujjat topshiriladigan dargohlardan.
Qirqqa yaqin universitetimiz nufuzli xalqaro reytinglarda qatnashib, o‘rni yuqorilayapti. Buning natijasida qo‘shni va boshqa davlatlardan ham talabalar kelib o‘qishni boshladi. Masalan, Turkmanistondagi siyosat shundayki, chet elda o‘qish uchun talabaning boradigan universiteti “TOP-1000” talikda bo‘lishi kerak. Shuning uchun hozir “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universitetida chet ellik talabalar soni ortib bormoqda. Demak, boshqa ta’lim muassasalari kelajakda reytingini ko‘tarishga erishsa, mahalliy va xorijiy talabalar soni yanada oshadi.
– Mana, oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari yakunlandi. Bu borada qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
– Birinchisi, yildan yilga test topshirish jarayonini osonlashtiryapmiz. Esingizda bo‘lsa, bundan o‘n yilcha oldin yoshlarimiz 1-avgust kunigacha bir oy hujjat topshirardi. Ungacha qancha qog‘ozbozlik bo‘lardi. Masalan, tibbiy ma’lumotnomasi noto‘g‘ri bo‘lsa, yana tumaniga borib kelardi. Bu narsalarning hammasi yo‘qoldi. Abituriyent uyida o‘tirib hujjat topshiryapti. Qayerda imtihon topshirishni tanlayapti. O‘zining hududida ham imtihon topshirishi mumkin. Oldinlari faqat bitta universitetni tanlardi, hozir beshta yo‘nalishni tanlash huquqi bor. Unisiga bali yetmasa, bunisiga yetishi mumkin. Eng muhimi, hozir o‘zining qiziqqan yo‘nalishi bo‘yicha faqat test topshirib keladi. Keyin universitetni tanlaydi.
O‘tgan yilgi “o‘tish bali”ni ko‘rib, qaysiga o‘zining bilimi to‘g‘ri kelsa, shu yerga topshirsa, ko‘proq grant o‘rinlarga kirish imkoniyati bor. Ya’ni, bu tizim iqtidorli bolalar uchun mo‘ljallangan. Institutga boshida grantga kirish, to‘rt yil shunday davom etadi, degani emas. Agar u o‘qishini susaytirib qo‘ysa, kontraktda yaxshi o‘qigan talaba uchun bu yaxshi imkoniyat bo‘ladi – o‘rin qayta taqsimlanadi. Bu ham talabalar o‘rtasidagi raqobatni shakllantiradigan tizim. Qayerda raqobat bo‘lsa, shu yerda o‘sish bo‘ladi.
Hozir sekin-asta talabalar professorlarni tanlaydigan bosqichga keldik. Kredit-modul tizimida talabalar keyingi o‘quv yilida qaysi professorda o‘qimoqchi bo‘lsa, shu ustozni va fanni tanlash huquqiga ega. Hozir tajriba sifatida ayrim oliy ta’lim muassasasida qo‘lladik. Kamchiliklar qadam-baqadam tugatib borilyapti. Professor-o‘qituvchilarimizning reytingini har yil e’lon qilyapmiz. Bu katta yangilik.
– Ustoz, har bir odamning hayotda o‘z missiyasi bo‘ladi, deyishadi. Faqat uni aniqlab olish kerak ekan. Siz o‘z hayotiy vazifangizni qay darajada uddalayapsiz?
– Har kimning peshonasiga har xil taqdir yoziladi. Menga vazir bo‘lish yozilganmi, demak, mana shu vazirlikka qo‘yilgan talablarni sidqidildan bajarish – mening missiyam. Xalqni rozi qilish, ya’ni, talabalarimizni, ota-onalarni, professor-o‘qituvchilarni rozi qilish, adolatli boshqarish va eng asosiysi, iqtidorli yoshlarni tanlab, ularga o‘sish uchun imkoniyatlar yaratib berish kerak.
Har kuni men birinchi navbatda shu yoshlarning loyihalari bilan qiziqaman va ko‘plab tanlovlar o‘tkazamiz. Shularning ichidagi iqtidorli yoshlarni tanlab, kelajakda ularni xalqaro darajaga olib chiqish, ishlanmalarini amaliyotga joriy etish – mana shunday rejalar bilan yashayapman hozir.
– Demak, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi “Jadid” gazetasi tahririyati bilan iqtidorli talabalar uchun yirik ijodiy ishlar tanlovini e’lon qilgani ham bejiz emas.
– Muhtaram Prezidentimiz yaqinda “Har bir talaba o‘ziga yarasha iqtidor egasi, masalan, u injenerlik bo‘yicha o‘qir, shu bilan birga, yaxshi ashula aytishi mumkin, ularning iste’dodiga imkoniyat beraylik”, dedi. Ana shuni ko‘p o‘yladik. Iqtidorli yoshlar she’rlar yozsa-yu, ularni qo‘shiqqa aylantirsak, yana tanlov o‘tkazsak-da, eng yaxshisini xalqqa taqdim etsak, deb niyat qildik. Shuning uchun gazeta tahririyati bilan hamkorlikda shu tanlovni e’lon qildik.
Tanlovda birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rinni olgan talabalarga pul mukofotlarini beramiz, boshqa mukofotlar ham bor. Gʻoliblarni kelajakda ham qo‘llab-quvvatlaymiz. Mana, “Ovoz” degan ko‘rsatuv bor-ku. Shu dasturga o‘xshash kelajakda “Talaba – talant” degan bir loyiha o‘ylayapmiz.
“Besh tashabbus” loyihasi bejiz ishlab chiqilmagan. Kimdir yaxshi rasm chizadi, kimdir yaxshi ashula aytadi, kimdir sport sohasida kuchli. Sport bo‘yicha musobaqalarimiz joyiga qo‘yilgan. Mana, talabalar o‘rtasida Prezident olimpiadasi o‘tkazilyapti. Shu asosda yosh sportchilarni tanlayapmiz. Iqtidorli talabalarni tarbiyalashda hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Bu tanlov ana shu yo‘ldagi bir qadamdir.
– Ustoz, suhbatimiz so‘ngida yoshlarimizga nima degan bo‘lardingiz?
– Men nafaqat yoshlarga, ota-onalarga ham murojaat qilmoqchiman. Birinchi navbatda bola tarbiyali bo‘lishi kerak. Agar namunali axloq bo‘lsa, bola ta’limni ham yaxshi oladi, kasbni ham yaxshi o‘rganadi. Yaxshi kasb va yaxshi xulqqa ega inson jamiyatda o‘rnini tez topadi. Ishlaydigan yoshlarga aytgan bo‘lardimki, doim tashabbuskor bo‘lish lozim. Yaratuvchan inson kelajakda yomon yashamaydi. Yomon yashayotganlar yo kasbini noto‘g‘ri tanlagan, yo jamoada o‘z o‘rnini topa olmagan, o‘z navbatida ikkov vajga ham asosiy sabab – tarbiya to‘kis bo‘lmagani. Shuning uchun yoshlarimizga maslahatim: bolalikdan maqsadni aniqlab, hamisha to‘g‘ri yo‘lni tanlash kerak.
Fursatdan foydalanib, yana aytmoqchi edimki, oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari va talabalari zimmasida ulkan ishonch mas’uliyati borligini aslo unutib bo‘lmaydi. Sezib turganingizdek, Prezidentimiz millat oldiga Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yish va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga ulush qo‘shishdek oliyjanob vazifani belgilab berganini nazarda tutyapman. Har bir ustoz, har bir talaba, jadid bobolarimiz orzu qilgan oydin kelajakni ko‘zlab, fidoyilik bilan izlanishi, o‘qishi va mehnat qilishi shart deb hisoblayman.
– Samimiy suhbatingiz uchun rahmat.
Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 31-iyuldagi 31-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



