Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


04.06.2026 | 16:27

img1407

OYDIN KO‘CHALAR

“Do‘stlik” ordeni sohibi Muxtor ILHOMOV bilan Toshkent shahridagi“Uchtepa” mahallasi ko‘chalarida kechgan gurung

ISHONCH KO‘CHASI

Assalomu alaykum! Mahallamizga xush kelibsiz! 27 yildan buyon shu mahalla fuqarolar yig‘ini raisiman. Saylanadigan lavozimga qayta-qayta loyiq ko‘rilishimga hamkasblarim ham havas, ham hayrat bilan qaraydi. Buning siri bor-yo‘qligiga qiziqadi. Bilasizmi, mahalla raisligi amal emas, xalqqa xizmatkorlik. Kamida to‘rt-besh oilaning og‘irini yengil qilmasam, fuqarolar murojaatlariga yechim topmasam, yoshlar bilan muloqot qilmasam, o‘sha kunni yashalmagan kun, deb hisoblayman.

Bunga idoraning ichki ishlarini ham qo‘shamiz.

Agar bularni faqat rasmiyatchilik uchun bajarsangiz ko‘p o‘tmay hafsalangiz pir bo‘ladi, ishdan ham, hayotdan ham ko‘ngil sovib ketadi. Chunki odamlar o‘z oilasidagilarning hasratini eshitishga toqat qilolmaydi ba’zan. Raislar esa butun mahallani eshitishi kerak. Eshitganda ham quduqday yutib ketish emas, ularga taskin berish, muammosiga amaliy yechim taklif qilish, qo‘lingizdan kelmasa ishning ustalariga yo‘llab qo‘yishingiz, birga yugurib-elishingiz zarur. Charchatadimi? Charchatmasa ham horitadi. Lekin odamlarning bir og‘iz “Rahmat, rais buva!”, “Baraka toping, Muxtor aka!” degan gapidan charchog‘ingiz chiqib ketadi.

Aslida hayotning mazmuni – el-yurtga foyda keltirish, odamlarga kerak bo‘lib yashash ekan. O‘zbekchilikda hayotning ham, faoliyatning ham yakunida bir savol beriladi: “Bu qanaqa odam edi?”. O‘shanda “Yaxshi edi” desalar, men uchun eng katta baxt shu. Buning uchun esa har kuni o‘zimga shu savollarni beraman: “Bugun qanday odam bo‘ldim? Mehnatimdan kimga foyda bo‘ldi? Ertaga qanday ishlarni qilishim kerak?”. O‘zini nazorat qila oladigan odam boshqalarning nazoratidan cho‘chimaydi. Ana shu nazorat xalq ishonchini oqlashda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

CHANG KO‘CHALAR, KENG KO‘CHALAR

Avvallari mahalla raislariga juda qiyin edi. Mahalla degan tuzilma odamlarga yordam berish tugul, raislarini maosh bilan ta’minlay olmasdi hatto. Oyliksiz ishlagan vaqtlarimiz ham bo‘lgan. Xalq mahalla idorasi desa “spravka” beradigan, yog‘ tarqatadigan, er-xotin mashmashasiga qozilik qiladigan joyni tushunib qolgandi. Shukr-ki, keyingi o‘n yilda mahalla tizimi qaddini ko‘tardi.

Kechagidek esimda: 10-15 yil oldin ham taksilar mahalla ichiga kirishdan bosh tortardi. Chunki 30-40 yillab asfalt ko‘rmagan ichki yo‘llar texnikaning azobi, poyabzalning ofati edi-da. Yomg‘ir yog‘sa yo‘l qaysi, chuqur qaysi farqlab bo‘lmasdi. Bu poytaxtdagi holat, endi boshqa hududlar haqida gapirmay qo‘ya qolay. Yoz kunlari ko‘chada yurishdan yurak bezillardi. Chang-tuproq yetmaganday, chiqindilar uyulib, hidi dimoqni yorardi. Qani endi rais bo‘lib, gapingni o‘tkaza olsang. Shuniyam iloji bo‘lmagan. Raislar muomala qilib, yo‘l-yo‘rig‘ini topib mahalla obodligini saqlab turishga harakat qilardi. Uyat bo‘lsa ham o‘ziga to‘q, tadbirkor aka-opalar ozgina bo‘lsa-da qo‘llab yuborarmikan, deb yo‘lga ko‘z tikib o‘tirardik. Endi bu gaplar o‘sha changlar ortida qolib ketdi.

Hozir Toshkent shahridagi deyarli hamma mahallaning ichki yo‘llari asfaltlandi, beton qilindi. Yo‘l bo‘yiga chiroqlar o‘rnatildi. Xonadonlardagi yashash sharoiti tubdan yaxshilandi. Keyingi yillarda elektr toki uzilishlari ko‘rsatkichi keskin tushdi. Obodonlashtirish ishlari tizimlashtirildi. Endi gap faqat odamning ichki madaniyati, jamoatchilik nazoratida qoldi.

O‘zgarishlar moddiy emas, ma’naviy jihatdan ham ko‘zga tashlandi. Bilasiz, mahalla tarixi ming yillarga borib taqaladi. Har bir davrda uni ildizlarini saqlab qolib, yangilash talab etiladi. Muhtaram Prezidentimiz mahalla tizimini yangilab berdi. Bizdan endi faqat ishlash qoldi. Shavkat Miromonovich mahallada mol-mulk solig‘idan tushadigan 10 foiz pulni mahalla byudjetiga to‘g‘rilab berdilar. Bu yildan boshlab 15 foizga chiqdi.

Butun yil mahallani rivojlantirishga bag‘ishlandi. Men o‘sha yig‘ilishda ishtirok etarkanman, ko‘zimga yosh keldi-da. Qachon bo‘lgan bunaqa sharoit mahalla raislariga? Qachon mahallalarimiz bunaqa obod bo‘lgan? Buni xalqimiz ham sezyapti, o‘z ko‘zi bilan ko‘ryapti. Odamlarda “Bo‘lar ekan-ku!”, “Iloji bor ekan-a?!” degan gaplar paydo bo‘ldi.

Bu faqat Toshkentda emas. Butun respublikamiz mahallalari avji o‘zgarish pallasiga kirdi. O‘zim ham hududlarga tajriba almashishga borib turaman. Yo‘lda ham, manzilda ham bir qurilish, bir yangi obyekt ochilishi, yangi gulzor, bog‘ parvarishi ustidan chiqaman. Men o‘ylaymanki, shu yilning oxirigacha mahallalar bundan-da gullab-yashnaydi.

Yurtdagi islohotlar odamlar dunyoqarashi va xatti-harakatlariga ham ijobiy ta’sir qilyapti. Avvallari mahallamizda ozmi-ko‘pmi o‘g‘riliklar, oilaviy ajrimlar qayd etilardi. Lekin, ko‘z tegmasin, to‘rt yildan beri bizning mahalla “yashil” toifada.

BIZNING KO‘CHADAGI TO‘YLAR

Men 2000-yildan, rais bo‘lgan kunimdan boshlab mahallada kimning uyida necha marta to‘y bo‘lganini daftarga yozib kelaman. Nega? Chunki bizda mahalla bilan kengashib to‘y-ma’raka o‘tkazish odati saqlab qolingan. Uch oy oldin chiqishadi ota-onalar to‘y kunini belgilash uchun. “Falon sanaga to‘y qilsak, mahallaning vaqti bormi? Nuroniylarimiz kelarmikan? Maslahat oshiga o‘zlari bosh bo‘lib bersalar” deb. Bu ham bir tarbiya, qadriyat.

Mahallada o‘zgarish qilmoqchi bo‘lgan rais o‘zidan, oilasidan boshlashi kerak. Bo‘lmasa xalq gapingni olmaydi. Yaqinda marhum akamning qizini uzatdik. Yuz kishi bilan to‘y o‘tkazdim. Bir oy oldin qizimni uzatganda ham yuz kishidan ko‘pini chaqirmadik. Bo‘lar ekan. Qaytanga boshog‘rig‘i kam, fayzli tantana bo‘ldi. Boshqalarni ham shunga undayapmiz. Yaxshi gap bilan, tushuntirish bilan maqsadga erishyapmiz.

27 yillik tajribamdan kelib chiqib aytsam, hali biron-bir fuqaro menga kelib: “Sen menga yomon gapirding, sendan noroziman”, demadi. Agar deydigan bo‘lsa, xursand bo‘laman, xato-kamchiligimni tuzataman. Agar mening ish tutumim ma’qul kelmasa, o‘sha kuni ariza yozaman.

Men motivatsiyani bilasizmi kimdan olaman? Yurtboshimizdan! Nimaga? Davlatimiz rahbari mahallaga shuncha e’tibor berib turgandan keyin, ishonchni oqlash kerak. Endi rosa ishlaydigan payt keldi-ku.

SO‘NGGI TOR KO‘CHA

Mahallamizni mukammal deya olmayman, albatta. Hali hal qilinishi kerak bo‘lgan bir nechta masala bor. Yonimizda 47 ta ko‘p qavatli uy tushdi. Ko‘chalarimiz torlik qilyapti: avtomobillarga ham, fuqarolarga ham noqulaylik tug‘diryapti. Ayniqsa, “O‘rikzor”, “Karvon” bozorlari yaqin bo‘lgani uchun mahallaning ichiga avtoulovlarni qo‘yib ketishyapti odamlar. Shu masalalar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga murojaat qilganmiz. Ish olib borilmoqda. Shahar kengashi deputati sifatida o‘zim ham nazoratga olganman. Xudo xohlasa, jarayon nihoyasiga yetib qoladigan bo‘lsa, aholi ham rozi bo‘ladi degan umiddaman. Mana shu ikki-uchta masala hal bo‘lsa, boshqa hech narsa kerak emas. Hammasini Yurtboshimiz qilib beryaptilar-ku. Faqat biz munosib javob qaytarib, borini qadrlab, o‘zimiz ham hissa qo‘shishni o‘ylashimiz kerak.

YANGI KO‘CHALAR

Ramziy ma’noda mahallaning yangi ko‘chalari bu yangi oilalar hisoblanadi. Kelajak ham ularning qo‘lida. Mana, to‘rt yildan beri ajrim yo‘q bizda deb aytdim. To‘g‘ri, har bir oilada kelishmovchiliklar bo‘lib turadi. Nega desangiz, ayrim yoshlarimizda shukronalik yetishmayapti. Hamma narsa birdan bo‘lishini istaydi kelin, kuyov hali oyoqqa turmagan, o‘zini o‘qqa-cho‘qqa uradi… Tezroq shaxsiy uyi, mashinasi bo‘lsa, katta lavozimda ishlasa, yilda to‘rt marta dunyo kezsa… Bu narsalarga sekin-sekin erishiladi, albatta. Uning tagida mehnat yotibdi. Ko‘p qavatli binoga bitta-bitta zina bosib chiqiladi. Manaman degani ham o‘nta pillapoyani bir deganda hatlab o‘tolmaydi.

Shuning uchun biz nuroniylar, ziyolilar, faollar bilan xonadonma-xonadon yurib suhbatlashamiz. Yoshlar oilaga tayyormi – tayyor emasmi, aniqlaymiz. O‘zimizning savollarimiz bor. Bo‘lmasa, ularni oldin tayyorlaymiz oilaga.

Keyinchalik muammo chiqsa, oiladagilarga: “Baraka topkur, to‘yning kassetasini qo‘yib beraymi? O‘sha to‘yda biz endi opa-singilmiz, deb quchoqlashib ko‘rishganlaring esingizdami? Kuyov bola, kelin qizim, qarang, bir-biringizga qanday mehr bilan qarab turibsiz. Uzukka ko‘z qo‘yganday. Ko‘z tegdimi?”, desam o‘zlari darrov tushunadi.

JAHONGA TARALGAN KO‘CHALAR

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning mahalla haqida ajoyib she’ri bor. Ayniqsa, “Mahalladan chiqqan G‘afur G‘ulomlar” degan satrini kitobxonlik, she’riyat kechalarida yoshlarga ko‘p takrorlayman. Shu she’rning yakunida ko‘tarinki band borki, xuddi, bugungi kunni tasvirlaganday:

Shoir emas, jarchi bo‘lsaydim agar,
Kim kelsa derdim men, qaysi sarhaddan:
Mehmon, markazni qo‘y, mahallaga bor,
Bizda mahalladan boshlanar Vatan!

Bugun mahallamizga chet ellik mehmonlar ham tashrif buyuradi. Ular uchun mahalla tizimi qiziq. Xalqimiz urf-odatlari, yashash tarzi, an’analarini saqlab qolayotgani hayratga soladi. Biz ham bemalol ularni qabul qilamiz, oydin ko‘chalarimizni sayr qildiramiz. Chunki bugun hech kimdan uyalmaydigan darajaga keldi sharoitlarimiz. Shu mahalla ko‘chalarida chopib yurgan bolalar sport va fan olimpiadalari, turli sohadagi musobaqalarda jahonga chiqyapti. Shuning uchun mahallamiz ko‘chalari jahon yo‘llariga ulanib ketgan. Bu uchtepaliklar ko‘ngliga tog‘day yuksalgan iftixor bag‘ishlaydi.

Yurtdoshlarimizni ham mahallamiz ko‘chalaridagi “Yashil makon” doirasida tashkil etilgan gulzor va bog‘chalarga gurungga taklif qilamiz. Mana, ko‘ring, havas qiling, bizning mahalla shu, xush kelibsiz, aziz mehmon, deymiz!

Zarnigor IBROHIMOVA yozib oldi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-maydagi 22-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596