18.11.2024 | 12:56
499
O‘ZBEKISTON UCHUN OCHIQ ESHIKLAR
O‘tayotgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navbatdan tashqari arab-islom sammitida ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga, shuningdek, iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan COP29 sammitida qatnashish uchun Ozarbayjonga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston – tinchlik va diplomatiya tarafdori
Joriy haftada jahon hamjamiyati, xususan, musulmon olamining diqqat e’tibori Saudiya Arabistoniga qaratildi. 11-12-noyabr kunlari Ar-Riyod shahrida dunyodagi 50 dan oshiq mamlakat rahbarlari ishtirokida navbatdan tashqari arab-islom sammiti o‘tkazildi. Mazkur yirik xalqaro anjuman musulmon olamida Gʻazo sektori va Livanda yuzaga kelgan beqaror vaziyat yuzasidan yagona pozitsiyani ishlab chiqish masalalariga bag‘ishlandi.
Ma’lumki, Yaqin Sharqda 1967-yilda boshlangan notinchlik shu paytga qadar ma’lum tanaffuslar bilan davom etib kelmoqda. Mintaqadagi harbiy to‘qnashuvlar yarim asrdan ortiq vaqt davomida minglab insonlar, xususan, tinch aholi vakillarining hayotiga zomin bo‘lmoqda. 2023-yilning 7-oktyabrda XAMAS kuchlarining hujumi vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar Gʻazo mintaqasida 44 mingga yaqin tinch aholi qurbon bo‘lgan.
Davlatimiz rahbari doim har qanday qonli mojarolarni faqat tinch yo‘l bilan hal etish siyosatini ilgari surib kelgan. Zotan, muqaddas dinimizda ham tinchlik, do‘stlik, murosa-yu madora yo‘lini tutish targ‘ib qilinadi. Prezidentimiz mazkur sammitda so‘zlagan nutqida bugungi kunda musulmon dunyosi uchun dolzarb bo‘lib turgan masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, Global siyosat kun tartibidagi eng o‘tkir va og‘riqli masala – Falastin muammosiga alohida to‘xtalib: “O‘zbekiston Falastin – Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Bu borada bugungi sammitimizda umumiy siyosiy iroda va birdamlikni namoyon etib, global va mintaqa darajasida samarali mexanizmlar va aniq yechimlar ishlab chiqib, hayotga tezroq joriy etilishiga ishonamiz”, deya ta’kidladi.
O‘zbekiston rahbarining Yaqin Sharqda ro‘y berayotgan xunrezliklarga nisbatan haqqoniy va odilona munosabati anjumanda katta e’tibor bilan tinglandi. Zotan, Falastindagi nohaqlikka jahon hamjamiyatining befarqligi yoxud noxolis nuqtayi nazardan baholashi tuzatib bo‘lmas oqibatlarni keltirib chiqarishi hech gap emas.
Prezident ta’kidlab o‘tganidek, mintaqadagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, xavfsiz gumanitar yo‘laklarni ta’minlash va eng asosiysi – tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari bu universal xalqaro tuzilmaning doimiy e’tibor markazida turishi maqsadga muvofiqdir.
“Aminmanki, bu qadimiy va boy tarixga ega xalq 1967-yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqlidir. Bu borada biz Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etilgan Ikki davlat yechimi uchun global alyans faoliyatini har tomonlama ma’qullaymiz”, dedi o‘z nutqida yurtboshimiz.
Shuningdek, Prezidentimiz Falastin va Livan hududidagi mislsiz gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida davlatlarimiz tomonidan hamda yetakchi xalqaro tashkilotlar doirasida yordam ko‘lamini kengaytirishni, Birlashgan Millatlar Tashkilotining katta tajribaga ega bo‘lgan institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashni, urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashni taklif qildi.

Muqaddas zamindagi nufuzli uchrashuvlar
Musulmon ulamolari orasida muqaddas Islom dini Arabiston yarimorolida nozil qilingan, ammo u aynan Movarounnahrda, bugungi O‘zbekiston zaminida sayqal topgan, degan fikr tez-tez zikr qilinadi.
Darhaqiqat, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Abu Mansur Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband singari ulug‘ allomalar yaratgan buyuk meros bugungi kunda butun islom olamining bebaho xazinasiga aylangan.
So‘nggi yillarda yurtimizda vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni himoyalash, muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2017-yilning 23-iyun kuni Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tarixiy qarorining qabul qilinishi bu masalada qo‘yilgan eng ulug‘ qadamlardan biri bo‘ldi.
Prezidentimiz 2017-yil sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida ham jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa sifatida e’tirof etdi. Mamlakat yetakchisi o‘shanda nufuzli xalqaro minbardan muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralashimizni, ular bilan hech qachon murosa qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi.
Davlatimiz rahbarining arab-islom sammitida ishtirok etib, global mavzuda bildirgan dadil va jur’atli fikrlari O‘zbekiston xalqaro anjuman kun tartibidagi masalalar yuzasidan qat’iy pozisiyaga ega ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Arab-islom sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu muloqotda O‘zbekiston-Saudiya ko‘p qirrali munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Suhbat davomida davlatimiz rahbari Ar-Riyoddagi favqulodda sammit o‘z vaqtida tashkil etilgani va dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Turli darajalardagi faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga, shu jumladan 2025-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqotining ikkinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuvda mintaqaviy masalalar, jumladan, Yaqin Sharqdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan ham fikr almashildi. Ar-Riyodga amaliy tashrif doirasidagi tadbirlar yakunlangach, davlatimiz rahbari Bokuga yo‘l oldi.
Qardosh yurtdagi qizg‘in muLoQOTlar
Davlatimiz rahbari Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 11-noyabr kuni amaliy tashrif bilan Boku shahrida bo‘ldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) tadbirlarida ishtirok etdi.
Ushbu anjuman bugungi kunda butun sayyoramiz ahlini tashvishlantirayotgan iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini bartaraf etish masalalariga bag‘ishlandi. Ta’kidlash lozimki, mazkur yirik anjuman jahondagi 198 mamlakatdan 50 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtirgan.
O‘zbekiston Prezidenti mazkur nufuzli sammit yalpi majlisida nutq so‘zladi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, iqlim o‘zgarishlari bugungi kunda asosiy global tahdidga aylanib, geosiyosiy keskinlikning kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Kambag‘allikka qarshi kurash, oziq-ovqat va energetik xavfsizlikni ta’minlash, ichimlik suvi va resurslaridan foydalanish muammolari kuchayib bormoqda. Iqlim o‘zgarishlari mintaqamizda ham aholining turmush sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida to‘siqqa aylanmoqda.
Prezident mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, O‘zbekistonda uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha keng miqyosdagi islohotlar olib borilmoqda. 2030-yilgacha havoga issiqxona gazi chiqarishni uchdan bir qismga kamaytirish rejalashtirilgan. Bu majburiyatlar 2050-yilga qadar yanada kengaytiriladi. “Yashil” energetika ulushi 40 foizga yetadi.
O‘zbekiston yetakchisi global iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini birgalikda yengib o‘tish maqsadida qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, rivojlanayotgan mamlakatlar duch kelayotgan iqlim xatarlarini tanqidiy tahlil va moliyaviy baholash uchun yetakchi davlatlar, ko‘p tomonlama institutlar va konvensiyalarning texnik va moliyaviy ko‘magini kengaytirish maqsadida Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markaz ta’sis etish taklif qilindi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Daryo ekotizimlarining butunligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash sohasida majburiyatlar to‘g‘risidagi Deklaratsiyani ishlab chiqish tashabbusi bildirildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda o‘simliklarning iqlimga chidamliligini oshirish uchun Genetik resurslarning mintaqaviy bankini hamda dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun BMTning innovatsion agrosanoat xabini tashkil etish taklif qilindi.
Iqlim o‘zgarishlaridan zarar ko‘rayotgan megapolis va shaharlarning barqaror rivojlanishi va yashash uchun qulay sharoitlar yaratish sohasida tajriba va bilim, eng yaxshi amaliyotlar transferi uchun Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tashkil etish hamda uning birinchi forumini Toshkentda o‘tkazish tashabbusi ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, Prezident COP29 mamlakatlari vakillarini kelgusi yili 15-mayda – Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yida o‘tkaziladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global festivaliga taklif etdi.

Ikki safar – yagona maqsad
O‘zbekiston rahbarining hafta davomida amalga oshirgan ikki muhim tashrifi dunyoning ikki nuqtasida, turli masalalarga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, maqsad mamlakatimizning global muammolar yechimida o‘z qarashlari, o‘z qat’iyati va pozitsiyasini ko‘rsatishga qaratilgani bilan ham muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston rahbari shu kunlarda dunyoning deyarli barcha mamlakat rahbarlarini jamlagan ikkita yirik anjumanda ishtirok etib, muhokama qilingan global masalalarga nisbatan o‘z qarashlarini, taklif va mushohadalarini dadil ilgari surdi. Bu Vatanimiz dunyo hamjamiyatining ajralmas va muhim bir bo‘lagi ekanining amaldagi isboti bo‘ldi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonga xayrixoh bo‘lgan bir qator davlatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar, samarali muloqotlar o‘tkazildi. Bu uchrashuvlar, kelishuvlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida o‘z aksini topishiga shubha yo‘q.
Rustam JABBOROV
“Jadid” gazetasining 2024-yil 15-noyabrdagi 47-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
79
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
595
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
593



