Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.05.2026 | 09:35

img1059

QADIM QISHLOQ NOMINI QAYTARAYLIK!

O‘z tarixiy nomini tabiiy ravishda yo‘qotadigan, shuningdek, subyektiv tarzda yo‘qotiladigan geografik obyektlar mavjud. U yoki bu joyning o‘sha yerda yashovchi aholi tomonidan turli sabablar bilan tashlab ketilishi va bora-bora nomning iste’moldan chiqishi uning unutilishiga va shunga muvofiq ravishda tarixiy toponimning ham yo‘qolishiga, buning ortidan esa ushbu joy bilan bog‘liq tarixning barham topishiga sabab bo‘ladi. Subyektiv ravishda yo‘qoladigan joy nomlari shu makonda istiqomat qilayotgan aholi talabi va hukumat qarorlari bilan tarixiy toponimning boshqa nom bilan almashtirilishi oqibatida yuz beradi.

Tarixiy toponimni boshqa nom bilan almashtirish holatlari sovet siyosatidan qolgan “meros”. O‘rta asrlarda kamdan kam joy nomi biror-bir hukmdor farmoni, qarori, og‘zaki yoki yozma topshirig‘i bilan shakllantirilgan yoki almashtirilgan. Shunday qilinganda edi, bizgacha yetib kelgan tarixiy joy nomlarida qanchadan qancha chalkashliklar yuz bergan bo‘lardi. Joy nomlarining paydo bo‘lishi, transformatsiyasi, yashovchanligi hech kimning aralashuvisiz sodir bo‘lib kelgan tabiiy jarayon hisoblanadi. Yangi paydo bo‘lgan aholi punktlariga nom berish esa bundan mustasno.

Dunyoning ko‘plab gumanitar ta’lim muassasalarida tarixiy toponimlarni o‘rganadigan va o‘rgatadigan sohalar, tadqiqot natijalarini e’lon qilib boradigan nufuzli ilmiy jurnallar mavjud. Toponimikada davlat siyosati aks etadi va u bir jihatdan davlat siyosatining targ‘ibotchisi hamdir. Toponimikaning ushbu jihatini biz chor imperiyasi va sovet davrida boshimizdan kechirdik. Ko‘plab mahalliy, tarixiy joy nomlari ruscha, sovetcha nomlar bilan almashtirilgan. Masalan, Chernyayevka, Skobolev (Farg‘ona), Soldatskaya (Toshkent viloyatidagi Quyi Chirchiq tumani markazining sovetcha nomi), Sverdlov (Buxoro viloyatidagi Jondor tumanining sovetcha nomi), Sovetskaya (Buxoro shahridagi Arabon ko‘chasining sovet davridagi nomi), Fizkulturnaya (Buxoro shahridagi Xo‘ja Bulg‘or ko‘chasining sovetcha nomi)… Yana yuzlab misollar keltirish mumkin.

Tarixiy toponimlarni zamonaviy yoki boshqa muvofiq deb topilgan nomlar bilan almashtirish jarayoni, afsuski, hamon davom etmoqda. Istiqomat qilayotgan aholining joy nomini  almashtirish to‘g‘risidagi istak va talablarini inobatga olish tegishli me’yoriy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan. Biroq masalaning ma’naviy-ma’rifiy  jihatlari shunday noo‘rin talablarni ilgari surishdan voz kechish kerak emasmikan, degan fikrga chorlaydi.

Keling, gapning indallosiga o‘taylik. Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi asrlar davomida “Xargo‘sh” deb atalib kelgan joyning bugun kutilmaganda “Xayrxush”ga aylanishini qanday tushunish mumkin?

Bu eski nomni yangilagan ma’murlar tez fursatlarda sodda xalq orasida soxta etimologiyani ham tarqatib ulgurishdi. Nima emish, Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy Xoja Bahouddin huzurlariga borsalar, muridlari ana shu qishloqqacha kuzatib kelar, Xoja Bahouddin Naqshband Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy huzurlariga borsalar, pirlari G‘ijduvondan shu qishloqqacha u zotni kuzatib kelar va har gal shu yerda xayr-xo‘sh qilishar ekan…

G‘ijduvoniy milodiy 1103 yili tug‘ilib, 1179 yili vafot etgan. Naqshband u kishidan naqd 215 yil keyin, ya’ni 1318 yili tug‘ilib, 1389 yili vafot etgan-ku. Ular qanday bir-birlarining huzurlariga borib kelishadi?

Bu g‘ayriilmiy versiya. Xalq asrlar mobaynida bu joyni “Xargo‘sh” ataydi. Bu soxta etimologiya “xayrxush” so‘zining talaffuz qilinishi jihatidan o‘ziga o‘xshash yoki yaqin bo‘lmagan “xargo‘sh”ga aylanib qolganini ilmiy izohlab bera olmaydi. “Xargo‘sh” atamasining tarixiyligi hech qanday ortiqcha isbot talab qilmaydigan haqiqat. Bu nom o‘sha hududning tabiiy, geografik, gidronimik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda qo‘yilgan.

Zarafshon daryosi hozirgi Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani bilan Buxoro viloyatining Vobkent tumani chegarasidagi Duoba degan joyda ikkiga bo‘lingan. Shu yerdan to‘g‘riga oqqan suv “Shohrud”, o‘ngga qarab oqqan suv “Qorako‘ldaryo” deyilgan. Ana shu Qorako‘ldaryoning chap qirg‘og‘iga yaqin yerda Xargo‘sh qishlog‘i joylashgan.

Qadim-qadimdan har qanday daryoning ikki qirg‘og‘idagi ancha-muncha joy bo‘sh qoldirilgan. Ya’ni, u yerga uy-joy solish, ekin ekish mumkin bo‘lmagan. Chunki daryo to‘lib-toshib oqqan mahallarda har qanday uy-joy va ekinzorni bosib ketadi. Daryoning ikki qirg‘og‘i odatda yulg‘unzor-u chimzoru tikanzorga aylangan. Mahalliy xalq bunday joylarni “adoq” der edi. Bu “obod, ya’ni yashaladigan, ekin ekiladigan joyning adog‘i, ya’ni,  oxiri”, degan ma’noni anglatgan. Qorako‘ldaryoning ikki qirg‘og‘idagi adoq to Amu-Buxoro kanali o‘tkazilgan davr, ya’ni o‘tgan asr 60-yillari o‘rtalariga qadar boricha saqlangan edi. Keyin o‘zlashtirilib, ekinzorlarga aylantirildi. Adoqlarda yovvoyi tabiat, jumladan, hayvonlar ko‘payishi uchun juda qulay imkoniyat bor edi. Bu hududlarda yaqin-yaqinlargacha shoqol, tovushqon, ya’ni yovvoiy quyon va tustovuqlar juda-juda ko‘p edi.

Taxmin qilish mumkinki, mazkur qishloqqa “Xargo‘sh” deb nom qo‘yilishining asosiy sababi shuki, bu yerda bir paytlar tovushqon juda ko‘p bo‘lgan. Tojik tilida tovushqon “xargo‘sh” deyiladi.

Tovushqonning qulog‘i katta-katta bo‘lgani uchun xalq unga shu nomni bergan. Chunki “xar” so‘zining bir ma’nosi “katta”ni anglatadi. Masalan, katta tosh “xarsang” deyiladi, “sang” “tosh” ma’nosini anglatadi, vassaning kattasini “xarvassa” deyishadi.

Xargo‘sh qishlog‘i 2018-yilgacha rasman shu nom bilan atalib kelgan edi. 2018 yildan boshlab unga “Paxtakor” nomi berildi, 2020 yil sentyabrdan boshlab esa “Xayrxush” deb yana o‘zgartirishdi. Xargo‘sh qishlog‘i nomini “Xayrxush” nomiga o‘zgartirish tarafdorlari tojikcha “xargo‘sh” qo‘shma so‘zidagi “xar” omonimini o‘zlaricha “eshak” deb tushunib, undan “eshakning qulog‘i” ma’nosini chiqarishgan. Buni, tabiiyki, qishloq ahli uchun haqorat, deb hisoblashgan.

O‘rni kelganda aytib o‘taylikki, mumtoz o‘zbek tilida “tovushqon” so‘zi ham, “xargo‘sh” so‘zi ham bir ma’noda ishlatilavergan. Buyuk Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonidagi bir baytning o‘zida ham unisini, ham bunisini ishlatadi:

Tovushqon uyqusi andin olib hush,
Sog‘inib dilbaridin xobi xargo‘sh.

Xargo‘sh – Buxoroning uzoq o‘tmishga ega tarixiy qishloqlaridan. U sharif shahar atrofidagi muhim iqtisodiy va madaniy markazlardan hisoblangan. Eng muhimi, bu qishloqdan taniqli olimlar yetishib chiqqan. Manbalarda bu qishloq nomi qadimiy toponim sifatida ko‘p uchraydi.

Jumladan, Xargo‘sh X-XX asr tarixchi-geograflari, Xatib al-Bag‘dodiy, Abdulkarim as-Sam’oniy kabi o‘nlab muarrixlarning tarixiy asarlarida zikr etilgan.

1841-1842-yillari Chor Rossiyasi ofitseri Konstantin Butenyov boshchiligidagi missiya tarkibida Buxoro amirligiga safar qilgan rus sharqshunosi Nikolay Xanikov (1819–1878) esa o‘zining 1843-yili nashr etilgan “Buxoro xonligi tavsifi” kitobida Buxoro atrofidagi Xargo‘sh qishlog‘ida har haftaning payshanba kunlari bozor bo‘lishini ma’lum qilgan.

Bulardan tashqari, badiiy adabiyotda ham Buxoro atrofidagi Xargo‘sh qishlog‘i nomi eslatiladi. Jumladan, Buxoro diyoridan yetishib chiqqan mashhur yozuvchi Sadriddin Ayniyning “Sudxo‘rning o‘limi” qissasida asar qahramoni Qori Ishkambaning qarzdorlaridan pul undirilgach, tilmoch bilan sud ijrochisining Xargo‘sh qishlog‘idagi ishlarni ham bitirib olish uchun o‘sha yoqqa jo‘naganliklari aytiladi.

Demak, tarix yozma shaklda qishloqning asl nomini tasdiqlab turibdi. Biz Buxoro viloyatining joy nomlarini qayd etish va tartibga solishga mutasaddi shaxslarni “Xayrxush qishlog‘i” degan sun’iy nomdan voz kechib, bu joyni yana qaytadan “Xargo‘sh qishlog‘i” deb rasmiylashtirishlari zarur, deb o‘ylaymiz.

Sultonmurod OLIM, professor
Halim TO‘RAYEV, professor
Komiljon RAHIMOV, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 15-maydagi 20-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img103

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img615

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img611