22.04.2024 | 14:09
673
TOG‘LAR ORTIDA HAYOT BOR!

Suitsid, ya’ni o‘z joniga qasd qilishdek mudhish fojia haqidagi ushbu maqola qahramonlarimizning achchiq qismatiga oid hikoyalar asosiga qurilgan. Bunday sho‘rqismat ayollarni shartli ravishda guloyimlar deya ataymiz. Ayanchli voqelarni tasvirlash orqali o‘quvchining hissiyotlarini junbishga keltirish fikridan yiroqmiz, balki insonni o‘z joniga qasd qilish darajasigacha olib boradigan omillarni ochib berishga harakat qilamiz. Zero, gulday umrining bahorida ayamajuz urgan bu oy qizlarning ayanchli qismati nainki ularning yaqinlari, balki butun bir jamiyatning og‘rig‘i hisoblanadi. Atoqli rus yozuvchisi Dostoyevskiy “Men inson dardining oldida tiz cho‘kaman”, degan edi. Darhaqiqat, odam borki, g‘am-tashvishi, armon-anduhi bor va ular bedavo musibatga aylanmasligi uchun yonimizdagi insonlarning taqdiriga befarq qaramasligimiz kerak.
1-GULOYIM U ammamning qo‘shnisi edi. Qishloq to‘ylarida raqqosalik qilardi. Men bir to‘yda Guloyim charx urib xirom aylagani, eri esa “qistir-qistir”dan tushgan pullarni bemalol yig‘ishtirib olganini ko‘rgandim. Odamlar ularning ikkovini ham yoqtirmas edi. Aslida bir qarashda ular to‘rt farzandi bor binoyidek oila edi. Faqat eri bot-bot Guloyimni ayovsiz kaltaklashga odatlangandi. Devor osha bechora ayolning alamli oh-faryodi eshitilsa-da, hech kim oraga tushmasdi. Bir kuni ammam bebosh qo‘shnisi xotinini 7-sinfda o‘qib yurgan kezlarida o‘g‘irlab kelib, yuziqora qilgani va to‘y-tantanasiz uylanib olgani haqida aytib qoldi. Gap orasida, bu qishloqda Guloyim kabi pokiza, mehnatkash va tartibli ayolni topish qiyin, dedi. Bu – raqsga havasmand ayol haqida men eshitgan birdan-bir yaxshi gap edi. Kutilmaganda radioda Guloyimning eri yo‘qolib qolgani haqida xabar yoyinlandi. Ko‘p o‘tmay uning jasadini Zarafshon daryosidan topishdi. Guloyim gumonlanuvchi shaxs sifatida qo‘lga olindi. Aytishlaricha, tergovda qotillikni amalga oshirish uchun u ikki odamni yollagani, uchalasi birgalikda erini suvqog‘oz bilan bo‘g‘ib o‘ldirganini tan olgan emish. Marhumning yettisi kuni qotillarni voqea joyiga olib kelishdi. Ma’rakaga tumonat odam yig‘ildi. Hatto janozaga kelmaganlar ham Guloyimni tomosha qilish uchun hoziru nozir bo‘ldi. Ayol birgina iltijosi borligi, ya’ni bolalarining diydoriga mushtoq ekanligini ma’lum qildi. Qonun himoyachilari odamlarning noroziligiga qaramay, uning iltimosini bajardi. Guloyim to‘rt bolasini bag‘riga bosganida ko‘ksidan dunyoni titratib yuboradigan dahshatli o‘kirik otilib chiqdi. Bu nolalar zamirida bir ayolning yillar davomida boshiga tushgan jabr-zulmlar alami, tutday to‘kilgan sha’nining yo‘qlovi, xazon bo‘lgan orzularining aytimi bor edi. Ayol o‘n to‘rt yil-u yetti oyga qamaldi. Norasidalar bolalar uyiga topshirildi. Bir necha yillardan so‘ng amnistiyaga tushib, jazoni muddatidan oldin o‘tab qaytgan Guloyim birinchi galda bolalarini yetimxonadan chiqarib oldi. Lekin hayot unga kulib boqmadi. Ish axtarib eshikma-eshik yurdi, hech kim uni yaqiniga yo‘latmadi. Ilgari otarchi deb irganishgan bo‘lsa, endi uni qotil deb yomon ko‘rishdi. Baxtiqaro ona kunlardan birida tun qorong‘isida og‘ilxonada o‘zini osib qo‘ydi…
2-GULOYIM Guloyimning otasi nihoyatda badavlat odam edi. U yolg‘izgina qizini “allada aziz, to‘rvada mayiz” qilib ulg‘aytirdi. Og‘zidan chiqqanini muhayyo qildi. Qizini juda erkalatib yuboryapti, degan gap-so‘zlarni eshitganida ensasi qotib, o‘g‘lim ham, qizim ham shu, bolamga ataganimga boshqaning nima ishi bor, deya lab jiyirdi. Qiz ulg‘ayib, oqi oqqa, qizili qizilga ajralganida qo‘shni qishloqlik Nizomga ko‘ngil qo‘ydi, sevib-sevildi. Bir kuni ishdan kechroq qaytgan ota derazasi tagida ikki yoshning suhbatlashib turganini ko‘rdi. Qizidan yigitning kimligini bilgach, u sening tirnog‘ingga ham arzimaydi, dedi qat’iy ohangda. Tantiq o‘sgan Guloyim ham otasining yuziga tik qarab, men tegsam, faqat shu yigitga tegaman, deb javob qildi. Ota esa g‘azab ustida qizining yuziga ketma-ket shapaloq tortib yubordi. Guloyim o‘krab yig‘lagancha uyga otilib kirib, eshikni ichkaridan tambalab oldi. Allamahalgacha ostonadan nari ketmagan onasini-da xonasiga kiritmadi. Erta tongda eshikni buzib kirgan ota-ona qizining muzday qotgan jonsiz tanasiga duch kelib, dahshatga tushishdi. Guloyim otasiga achchiq qilib sirka ichgan, ehtimolki, qahri qattiq padarini qo‘rqitib qo‘yish ilinjida o‘z hayotiga nuqta qo‘ygan edi. 3-GULOYIM Yolg‘izlik qildi Guloyim. Uni suyaydigan va u suyanadigan aka-ukasi, tog‘a-pochchasi yo‘q edi. Qaynonaning xizmatida o‘n guli so‘ldi. Biri-biridan tildor qayinopalar hech kimi yo‘q Guloyimni nazar-pisand qilishmadi. Kunda-shunda “cho‘qilab ketishdan” tiyilishmadi. Er ham o‘ynoqi chiqdi, yuzing-ko‘zing demay oyimbozlik qildi. Bunga ham qanoat qilmay, Guloyimni urish, xo‘rlashdan tiyilmadi. Ayol juda bardoshli edi, farzandlaridan umid qildi. Bolalarim voyaga yetsa, hammasi yaxshi bo‘ladi, dedi. Ammo dono xalq “otaga qarab ot chopar, onaga qarab to‘n bichar” deb bekorga aytmagan ekan. Ko‘p aziyatlar ichida o‘sgan katta o‘g‘il “psixotropga o‘tirdi”, bezorilar to‘dasiga kirib qoldi. Qimor o‘ynab, butun oilani notinch qildi. Guloyim o‘g‘lini qutqaraman deb qon yutdi. Er va qayinopalarga esa mavzu topilgan, “gusala qochsa, inakni bog‘la”, deb barcha aybni Guloyimning yelkasiga yuklash va uni malomat qilishdan nariga o‘tishmasdi. O‘sha kezlarda mushtumzo‘r er maishatga mukkasidan ketib, piyonistaga aylangan, ikki qizining qismati ne kechishi uning xayoliga ham kelmas edi. Topganini ichib, ro‘zg‘orini kasod qildi. Oilaning mashmashasi tugamadi. Nosog‘lom muhitda o‘sgan bolalarining ozori ham Guloyimni cho‘ktirdi. Alal-oqibat hech kimga hech narsa demay katta yo‘lga chiqdi-yu, shitob bilan kelayotgan mashinaning tagiga o‘zini otdi. Ay-y, Guloyima-a-a!.. Axir huv tog‘larning ortida ham hayot bor edi-ku. Nega o‘z joningga qasd qilishdan boshqa yo‘l qidirmading?.. Nega u tog‘larning cho‘qqilariga olib ketar dovonlarga chiqmading? Siz-chi, ey, yaxshilar? Sizlar nega jim o‘tirdinglar? Qo‘shningizning uyidagi notinchlik nega sizni bezovta qilmadi? Ularning nima deb baqirishayotganiga quloq tutdingiz-u, tashvishlariga bir qur nazar tashlamadingiz. Dunyoda odamgarchilik, mehr-oqibat degan yozilmagan qonunlar ham borligini unutdingizmi? Axir, ijtimoiy tarmoqda bolalari va o‘zini to‘rtinchi qavatdan pastga tashlagan ayolning fojiasiga munosabat bildirdingiz-ku. O‘shanda mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shnilar qayoqqa qarayapti, deb yozgan siz emasmidingiz? Afsuski, biz bugun faqat muhokamalargagina ruju qo‘ydik. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har yili yer yuzida qariyb bir million odam o‘z joniga qasd qilish oqibatida dunyodan ko‘z yumar ekan. Agar inson o‘laroq qalbimizni uyg‘otsak, ana shu bir millionga yaqin odamning hayotini saqlab qolishimiz mumkin-ku. Donishmandning aytishicha, dushmanlardan qo‘rqmaslik lozim, nari borsa, ular seni o‘ldirishi mumkin. Biroq befarq odamlar nihoyatda xatarlidir. Chunki ularning jim va beparvo qarab turishi oqibatida yer yuzida xiyonat va aldovlar, turli razilliklar urchiydi. Toki shunday ekan, dardginangni olay, Guloyim, sen ham o‘zingni qo‘lga ol, bu g‘amlar o‘tkinchi. Axir, senga zimiston bo‘lib tuyulayotgan oyning o‘n beshi, albatta, yorug‘… Axir, sen ham uzoq va baxtli yashashga haqlisan!
Muhayyo RUSTAM qizi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 19-aprel 17-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



