Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.10.2024 | 09:51

img329

QAQROQ CHO‘LDA GURKIRAGAN GUL

Samarqandning serg‘ayrat qizi Sabohat Azimovaning rizq-u nasibasini taqdir sha­mo­li Mirzacho‘lga sochgan ekan. Turmush o‘rtog‘ining ishi bilan qaqragan cho‘lda, muattar gul bo‘lib tomir yoygan noziknihol kelinchak bugun nuroniy yoshda. Umri­ning sokin davriga kelgan bo‘lsa-da, hamon jo‘shqin, hamon harakatchan.

U hayotining 40 yilini shifokorlikka bag‘ishladi. Payariq markazida yashovchi otasining quroldosh do‘sti talaba qiz – Sabo­hatni Mirzacho‘ldagi sutni qayta ishlash zavodida ishlayotgan o‘g‘li Nuriddin Mardiyevga kelin qildi. Biroz o‘tib, ikki go‘dagi bilan Sabohat ham erining ortidan kelib, internaturani tuman tibbiyot birlashmasining ichki kasallik­lar bo‘limida tugatadi. O‘sha kunlarini u shunday xotirlaydi:

– Ishim nihoyatda ko‘p. Murg‘ak bolalarim bilan juda qiynalardim. Ayniqsa, qizim injiq va yig‘loqi edi. Farrosh ayol qarashgan qizimga. O‘g‘limni esa Yusuf aka degan zavod qorovuli ko‘tarib yurardi. Bir narsani aytay, sharoitim qanday bo‘lishiga qaramay, o‘quvchilik davrimda ham, talabaligimda ham biror soat darsdan, faoliyatim davomida biror kun ishdan qolmaganman. Faqat ilmiy ishim chala qolib ketdi. Oilaviy tashvishlar va ishga o‘ralashib davom ettirolmadim.

Yosh oila Mirzacho‘lda astoydil ishladi. Nuriddin aka zavod direktori lavozimiga ko‘tarildi. 1987-yilda mamlakatga go‘yoki maxsus topshiriq bilan kelgan Gdlyan va Ivanovning “qora quyuni” Sabohat opaning shirin turmushiga ham chang soldi, umr yo‘ldoshi tergovga tortildi. So‘roq jarayonlarida sirdaryolik “raispolkomga pora berdim, deb aytasan”, degan qat’iy ­talab qo‘yildi. Uchinchi farzandiga homilador Sabohat o‘n kun Mirzacho‘l va Gʻallaorol orasida sargardon bo‘ladi. Har qancha qiyin kechsa-da, eri vijdonida rost turib, bir begunohga uyushtirilayotgan fitnaga bosh qo‘shmaydi. O‘sha raispolkom ham, Nuriddin aka ham qamoq­dan ozod bo‘ladi va shundan so‘ng oila tinch-xotirjam ­yashashadi, ishlashadi.

Yillar o‘tib, Sabohat opa Jizzax viloyat reabilitatsiya shifoxonasiga terapevt vrach bo‘lib ishga kirdi. Shu orada u ham maktab o‘quvchilari, ham tibbiyot kol­leji talabalariga dars berdi, ham poliklinikada ishladi. 2009–2013-yillarda esa viloyat reabilitatsiya shifoxonasini boshqardi.

Afsuski, atrofdagilarning hammasi ham yutuqlaringni to‘g‘ri qabul qilavermas ekan. Sabohat opaning ishlaridan kir qidiradiganlar topila qoldi. Bosh shifokorlik o‘rni uchun zimdan kurash bosh­landi. Opaning ustidan turli bo‘htonlar uyushtirilib, yuqori organlarga yumaloq xatlar bitildi. O‘z mehnatiga halol, sohasining bilimdoni, kuchli mutaxassisligi, buning ustiga hisob-kitob masalalarida ham o‘tkirligi uchun qayta-qayta o‘tkazilgan tekshiruvlar uning halol ishlab kelayotganini isbot etdi, xolos.

– Qirq yil ishladim, minglab odamni davoladim, yuzlab shogirdlar tayyorladim. Guldan boshqa sovg‘a olgan emasman. Halqumim toza bo‘lgani uchun ham ortimdan uyushtirilgan fitnalar yuzimni yanada yorug‘ qilaverdi, – deydi uning o‘zi.

Opa nafaqaga chiqqach, Mirzacho‘lda dastlab ishlagan tuman tibbiyot birlashmasi­ning ichki kasalliklar bo‘limiga qaytib, terapevtligini davom ettirdi. Tez orada mamlakatda xususiy tadbirkorlik uchun ochilgan imkoniyatlar uni yana ruhlantiradi. “Ibn Sino izdoshi” nomli mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyatini yo‘lga qo‘yib, ishni o‘zi yuritdi. Avval boshida shifokorlik, hisobchilik, hatto farroshlikni ham o‘zi bajardi.

Viloyat rahbarlaridan birini ko‘pdan qiy­nayotgan dardga birgina muolaja bilan davo topgani xayrli bir ishning boshla­nishiga sabab bo‘ladi. Shifokori sabab davo topgan bemor unga faoliyatini kengaytirish yo‘lida g‘oya beradi. Sabohat opa zukko ayol emasmi, dastavval bu g‘oyani amalga oshirish uchun mavjud huquqiy asos­larni o‘rganib chiqadi. Tashlandiq binoni tenderda yutgach, uni qayta ta’mirlash uchun uch yuz million so‘m kredit oladi. Binoni kapital ta’mirlash uchun qurilish firmasiga pulni o‘tkazadi. Biroq firibgar firmaga aldanib qoladi. Sudma-sud yugurib, o‘tkazgan kre­dit pulini qaytarib ololmaydi.

Sabohat opa tushkunlikka tushmadi. Bor-u yo‘g‘ini sarflab, buzib qayta qurmoq­chi bo‘lgan xaroba binoni u yoq-bu yog‘ini epaqaga keltirdi, ko‘ngli to‘lib-to‘lmay ishni boshlayverdi. “Ibn Sino izdoshi” nomli xu­su­siy klinikani ishga tushirdi. O‘n besh ish o‘rni yaratdi. Tibbiy xizmatning deyarli barcha turlari bo‘yicha mutaxassislarni jamlab, ish boshladi.

Payariqning Tomoyrot qishlog‘ida tug‘ilgan qahramonimiz ota-onasining o‘qimagan bo‘lsa-da, ziyolilar kabi hayot kechirganini alohida ta’kidlaydi. “Otamni ishiga nisbat berib, ko‘pchilik “Burhon pochtachi” derdi. Urush ko‘rgan otam sakkiz qiz tug‘gan onam­ni o‘g‘il ko‘rmadik, deb ko‘zini yoshlatgan emas. Xudo suyib, to‘qqizinchi bo‘lib ukamiz tug‘ildi”, deydi u.

“Burhon pochtachi”ning qizi ilmga tash­nalikni otaning qonidan, onaning joni­dan yuqtirdi. Maktabni oltin medal bilan, tibbiyot texnikumini ham, institutni ham qizil diplom bilan tugatdi. Sabohat opa maktab davrini eslar ekan:

– Eng a’lochi o‘quvchilar safida bo‘lgan­man. Aniq fanlarga qiziqishim balandli­gi­ni anglagan matematika muallimimiz dam olish kunlarida meni Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan oliy matema­tika kurslariga olib borar, kelajakda olima bo‘lishim uchun astoydil rahnamolik qilardi. Shifokorlikka qiziqishim meni tibbiyot bilim yurtiga yetakladi. Umidi puchga chiqqanidan xafa bo‘lgan ustozim arazlab, Samarqand davlat tibbiyot institutining talabasi bo‘lgunimga qadar salomimga alik olmay yurdi. 1978-yilda oliy o‘quv yurtiga eng yuqori kirish bali bilan qabul qilindim. Mandat bo‘ladigan kuni oilamiz uchun quvonch va musibat birga keldi. 13 yashar eng kichik singlim shu kuni og‘ir xasta­likdan vafot etdi. Onamning qistovi bilan mandatga ketdim. Aslida o‘qishga kirishim aniq edi. Chunki asosiy fan – ximiyadan imtihonni beshga topshirgandim. Otam bilan onam musibat ustida ham meni o‘ylashgan, “o‘qishga kirdim”, degan xursandchilikni his etishimni istashgan. Ko‘pchilik mandatdan o‘tolmadim, deb yig‘lasa, hammani hayratda qoldirib men ham yig‘lab chiqdim. Bir ko‘zimdan quvonch, bir ko‘zimdan alam yoshlari oqdi…

Bilim olishga mukkasidan ketgan, har jabhada qat’iyat bilan qadam tashlagan Sabohat opa ikki o‘g‘il, bir qizni tarbiyaladi, o‘qitdi, uyli-joyli qildi. Qolaversa, jizzaxliklarning ham ijtimoiy, ham siyosiy hayotida kamarbasta. Xalqqa qilgan xizmatlari munosib e’tirof topib, 2021-yilda I darajali Salomatlik ordeni bilan taqdirlandi.

Sabohat Azimova bilan suhbatim yuragim­ga nur tushirdi. Jamiyatning qahramonimiz kabi “o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas” ayollari bor ekan, hayot davom etaveradi. Xalq xizmatidan baxt topgan shifokor ayol bugun Mirzacho‘l kengliklari­da hayot atalmish go‘zal bog‘ barpo etib, o‘zi­ning va hamyurtlarining umrini baxt-u quvonch­ga burkayotir…

Muhayyo PIRNAFASOVA

“Jadid” gazetasining 2024-yil 25-oktyabrdagi 44-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599