02.06.2025 | 16:15
841
“QOYILMISAN INSONGA, ZAMIN?!”
Bir kun choshgohda do‘stlarim menga shu xabarni yetkazdi: “Olmaotada “Az i Ya”ning ellik yilligi nishonlanarkan. Unda O‘ljas Sulaymonning shaxsan o‘zi ham qatnasharkan. Dunyoning manaman degan olimlari to‘planarkan”. Shu on Bilga To‘nyuquqday sapchib o‘rnimdan turdim. Ochig‘i, “Bu gapni eshitib, tunlar uyqum kelmadi. Kunduz o‘tirgim kelmadi”. Undan so‘ng Bosh muharririmga iltimos qildim: “Boraylik. Yozaylik. Bosaylik”. Ruxsat tegdi. Uchib ketdim.

Xayolimda tanish satrlar aylanadi: “Men tungi shaharlar uzra suzaman…”
Istarali qizning ovozi jaranglaydi: “Hurmatli yo‘lovchilar, samolyotimiz Olmaota shahridagi xalqaro aeroportga qo‘nishga hozirlik ko‘rmoqda…”
Chalg‘imayman, pichirlayman:
“Boqib men samolyot darichasidan,
ko‘raman, azaldan tanishdir ular…”
Ha, avvaldan tanish. Masalan, anavi tog‘lar haqida ming marta o‘qiganman. Pastdagi esa “yilqisi bilan mashhur, qadim qipchoq yeri”. Undagi mo‘jaz shaharda bir paytlar Bella ismli qizcha yashagan. Aynan shu yerda Nazar bovaning bolasi derazaga tosh otib, yig‘lagan. Mambet botir esa zindon darichasidan mana shu burgutsevar osmonga alam bilan tikilgan. Darvoqe, 1961-yilning 12-aprelida Boyqo‘ng‘irdan uchayotgan havo kemasini minglab ko‘zlar shu osmon ostidan fazoga kuzatgan. Undan bir kun avval ushbu olamshumul yangilikni eshitgan “Kazaxstanskaya pravda” ro‘znomasining qiyiq ko‘zli, chapani, shoirtabiat xodimi hayajondan qichqirib yuborgandi: “Qoyilmisan insonga, zamin?!” Va u tuni bilan she’r yozib chiqqandi. Natijada…
Ertasi kuni osmondan she’r yog‘di! Tushunyapsizmi, yuz ming nusxadagi birgina she’r! Ular birin-ketin Olmaotadagi uylar tomiga, ko‘chalariga, Yettisuv dashtining yovvoyi otlarini sug‘oradigan Tentaksoyga, quduqkov Kazbekning sut vishillab toshayotgan qozoniga, Qorabotir va O‘roqbotir aytishuv qilib turgan davraga, xullas, hamma yerga ohista-ohista qo‘ndi. Bir hafta o‘tar-o‘tmas kichik she’r o‘sib-o‘sib, katta doston bo‘ldi. May oyida hayratga to‘la ushbu poemani “oltmishinchi yillar shoiri” Amerikaning Kolumbiya universitetida, iyul oyida Parijda, Sorbonna zalida, keyin dunyoning boshqa yuksak minbarlarida hayqirib o‘qidi. O‘sha kezlarda yosh shoir dengiz bo‘ylaridagi shaharlarning yal-yal yonayotgan chiroqlariga qarab hozirgidek pichirlagani aniq:
“Nyu-Yorkda dostonlar o‘qiyman jo‘shib,
Misrda she’r bitgum anduhim qo‘shib”.
Shu xayollar bilan qanday qo‘nib, qanday joylashib, qanday uxlaganimni bilmay qoldim.
Tong otdi. Pardalarni ochdim. Va…
“…Albatta, men o‘zimni Olmaotada juda qulay his qilaman. Chunki bu tog‘larga muhtojman, intiqman, zorman. Bolaligimdan ertalab turib, derazadan pushti-oq cho‘qqilari bo‘lgan qorli tog‘larni ko‘rishga odatlanganman. Bu yer menga Parij, Moskva yoki Rimdan ko‘ra ming chandon azizroq!”
Shosha-pisha Narxoz universitetining majlislar zaliga yetib oldim. Tumonat odam. Tadbirni Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
Ko‘zlarim sahnada qatorlashib turgan fozil odamlar ichidan tanish chehrani izlaydi. Mana u, turkiy xalqlarning sevimli shoiri, qalbi va tafakkuri qozoq dashtlariday keng olim, o‘z vaqtida yirik tadqiqotlar bilan dunyoni hayratga solgan, mustabid tuzum malaylarini yaxshigina talvasaga solgan va shuning ortidan ko‘pgina tazyiqlarga uchragan jasoratli arbob – O‘ljas Sulaymon!
Bu yoqda “Az i Ya” kitobining ellik yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi. Mavzu: “Turkoslavistikaning tug‘ilishi”. Dehqoncha tushuntirganda “Turkiy va slavyan xalqlarining tili, madaniyati tutashgan nuqtalarni o‘rganuvchi fanning dunyoga kelishi”.
Keyin so‘z YuNeSKO homiyligidagi Madaniyatlarni yaqinlashtirish xalqaro markazi direktori O‘ljas Sulaymonovga berildi. Sezib turganingizdek, u barchaga minnatdorlik bildirdi va ilmiy jamoatchilikni hayratga soluvchi yangilikni – qozoq tilini qadimgi Misr sivilizatsiyasi bilan bog‘lovchi lingvistik gipoteziyani ilgari surdi. Unga ko‘ra, “qozoq tilida so‘zlashuvchilar “Osiris qonuni”ning merosxo‘rlaridir”. Muallif “Osiris” so‘zidagi “os”ni turkiy tillarda mavjud bo‘lgan “os” (o‘smoq) so‘ziga aloqasi bor degan farazga tayanmoqda. Buning qanchalik haqiqatga yaqinligini vaqt va ilmiy izlanishlar ko‘rsatadi.
Shuningdek, anjumanda TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, tojikistonlik taniqli shoir Timur Zulfiqorov, fransiyalik filolog va tadqiqotchi Ketrin Pujol, “Az i Ya” simfonik-konserti muallifi, kompozitor Igor Matsiyevskiy, Rossiya ta’lim akademiyasi a’zosi Vladimir Filippov, Ozarbayjondagi Otaturk markazi direktori, akademik Nizomiy Jafarov va boshqalar “Az i Ya” haqidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Chiqishlarda 1975-yilda nashr etilgan “Az i Ya” kitobi XX asrning dadil ilmiy-poetik eksperimentiga aylangani qayta-qayta ta’kidlandi.
Qizig‘i, shu kungacha dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan asarning qozoqchadagi yangi nashriga Qozog‘iston tennis federatsiyasi pezidenti, taniqli tadbirkor va xayriyachi Bulat O‘temuratov homiylik qilgan. Ushbu yangi nashr va 1970-80-yillarga oid arxiv to‘plami va “Prostor” jurnalining mazkur asarga bag‘ishlangan yubiley sonining taqdimoti anjumanning kulminatsion nuqtasi bo‘ldi, deyish mumkin.
Tadbir doirasida insonparvarlik g‘oyalarini ilgari surgan va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan soha mutaxassislariga jurnalistika bo‘yicha O‘ljas Sulaymonov nomidagi xalqaro mukofot topshirildi. O‘ljas og‘aga esa Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Muhammad Fuzuliy medali taqdim etildi. U faqat xorijiy shoirlarga yuksak adabiy yutuqlar uchun beriladi. Bundan tashqari, qozoq yozuvchisi jahon adabiyoti rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Jahon yozuvchilar tashkilotining Oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Anjumanning keyingi qismida tarix fanlari doktori, professor Ketrin Pujol quyidagi fikrlarni aytib o‘tdi: “O‘ljas Sulaymonov sun’iy intellektdan tez fikrlaydi. Chunki u haqiqiy inson qalbi va tafakkuriga ega yirik shaxs. Masalan, u o‘zining mashhur “Qoyilmisan insonga, zamin?!” dostonida shunday degan: “Sharq yo‘q, G‘arb yo‘q, Ona zamin degan buyuk so‘z bor!” Turli qutblarga bo‘linib ketayotgan bugungi dunyo uchun juda zarur bo‘lgan fikr bu!”
Tadbir o‘tkazilgan zalga kiraverishda O‘ljas og‘aning hayoti, ijodi va faoliyatidan so‘zlovchi ko‘rgazma ham tashkil qilingan. Konferensiya yakunida turkiy slavyanshunoslikni rivojlantirishga oid maxsus bitimlar imzolandi. Yig‘ilish qatnashchilari va xorijdan kelgan olimlarga “Jadid” gazetasining yangi sonlari taqdim etildi.
Men YUNESKOning Olmaotada joylashgan Madaniyatlarni yaqinlashtirish markaziga borib, “Jadid” gazetasida e’lon ilingan sara maqolalar asosida chop etilgan “Tilda, fikrda, ishda birlik” kitobi va haftalikning bir necha sonlarini O‘ljas Sulaymonovga taqdim etdim. Og‘a ko‘p xursand bo‘ldi va o‘zbekistonlik bovurlariga qardoshlik salomi yo‘lladi.
Shahriyor SHAVKAT
Toshkent – Olmaota – Toshkent
“Jadid” gazetasining 2025-yil 30-maydagi 22-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
107
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614



